So‘ngra besh vaqt farz namozlar va ularning sunnatlariga kifoyalanib, uyning bir burchagida yolg‘iz holda qoladi. Va butun g‘amlardan qalbini bo‘shatib o‘tiradi. Qur’on o‘qish, uning tafsiri haqida taammul qilish va yo bir hadis kitobi yoki boshqa asarlar o‘qish bilan fikrini bo‘lmaydi. Balki xayoliga Alloh taolodan boshqa narsani keltirmaslikka harakat qiladi. Mana shunday xilvatda o‘tirganida qalbini hozirlab, tili bilan doim to‘xtovsiz Alloh, Alloh, deb turadi. Hattoki tilini harakatlantirishdan to‘xtatishga (ya’ni, harakatsiz Alloh, deyishgacha) yetadi. Shunda so‘z (ya’ni, «Alloh» lafzi) go‘yo tiliga oqib kelayotganday bo‘ladi. So‘ng tildan so‘zning asari ketguncha va qalbi doimiy zikr qilib turish holatiga kelguncha bu holatga sabr qilib turadi. So‘ngra qalbdan lafzning surati, harflari va kalimaning holati yo‘qolib, qalbda kalima ma’nosining o‘zigina qoladi, go‘yo undan ajralmaydigan, uni lozim tutuvchi bo‘lgunicha shu holatda bo‘ladi. Shu hadga yetguncha ixtiyor unda bo‘ladi. Vasvasalarni daf qilib, bu holatni davom ettirib turishda ham uning ixtiyori bor. Unda Alloh taoloning rahmatini jalb qilish ixtiyori bo‘lsa-da, lekin u mana shu ishlari bilan Alloh taoloning rahmat shabadalariga ro‘para bo‘ladi. Demak, unga Alloh taolo rahmatidan ochadigan narsasini kutib turmoq qoladi. Payg‘ambarlar va avliyolarga ham Alloh taolo shu yo‘lda rahmatini ochgan. Mana shu paytdagina agar irodasi rost, himmati sof, chiroyli davomatda bo‘lsa, shahvatlari o‘ziga tortmasa, nafsining gapi dunyo aloqalari va tashvishlari bilan uni mashg‘ul qilmasagina, Haq nurlari qalbida yaltiray boshlaydi. Bu nur avvalda sobit turmasdan tez kelib, keyin g‘oyib bo‘lgan chaqmoqqa o‘xshaydi, so‘ngra yana qaytadi, goho bu holat (ya’ni, qaytishi) kechikadi. Agar qaytsa, mustahkam joylashib oladi.