Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 126448 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 33 B


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:01:50

Goho birinchi ko‘ringandayoq tutib qolinadi. Shu holatda sobit tursa, uning saboti goho uzoq vaqtga cho‘ziladi, goho uzoqqa bormaydi, goho esa bunga o‘xshash narsalar asta-sekin qo‘shilib zohir bo‘ladi, goho qo‘shilmasdan bir xil ko‘rinishda to‘xtaydi. Yaratilishdagi va axloqlaridagi tafovutni cheklab bo‘lmaganidek, Alloh taolo valiylarining bu to‘g‘ridagi martabalarini cheklab qo‘yib bo‘lmaydi. Bu yo‘l tomoningizdan bo‘ladigan (qalbni) poklash, soflash va jiloga taqaladi. (Alloh taoloning rahmatini) kutib, unga tayyorgarlik ko‘rish esa keyingi narsadir. Ammo o‘ta zukko va e’tiborli hisoblangan ulamolarning fikriga qarasak, ular ham bu yo‘lning borligini inkor qilishmadi va buning mumkinligini, lekin bu maqsadga kamdan-kam holatlardagina yetishishni bilishdi. Chunki bu ko‘p payg‘ambar va avliyolarning holati edi. Lekin bu yo‘lni notekis, o‘nqir-cho‘nqir, deb hisobladilar va uning natijasi juda sekin yuzaga chiqishini aytdilar. Hamma shartlarini jamlay olishni ham uzoq sanadilar. Ularning fikricha, o‘sha chegaragacha bo‘lgan aloqalarni yo‘q qilish qiyin, agar shular paydo bo‘lsa, bu had yetganda ham uning sabotli bo‘lishi undan ham qiyin. Zero, eng kichik vasvasa hamda fikr ham qalbni buzadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilarki: «Mo‘min qalbining o‘zgarishi qozonning qaynashidagi o‘zgarishdan ham qattiqroqdir» (Imom Ahmad rivoyati).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:02:32

Yana aytadilar: «Mo‘minning qalbi Rahmon barmoqlaridan ikki barmoq (ya’ni, o‘ziga xos bo‘lgan, bizniki kabi jismli emas) o‘rtasidadir» (Imom Muslim rivoyati). Bu urinish asnosida gohida xulq buziladi, aql ham o‘zgaradi, badan kasal bo‘ladi. Agar oldin nafsning riyozati, ilmning haqiqatlari bilan uni tozalash imkoni bo‘lmasa, qalbga har xil buzuq xayollar o‘ralib qoladi. Bu buzuq xayollar qalbdan yo‘q bo‘lib ketguncha qalb ularga ishonib qoladi. Natijada bu ishda zafar topmasdan turib umri tugab qoladi. Bu yo‘lni tutgan qancha-qancha so‘filar borki, bitta xayolda yigirma yillab qolib ketadilar. Agar ular oldin mustahkam bir ilmga ega bo‘lishganida ana shu xayollarining chigal joylari o‘sha zahoti ochilib ketgan bo‘lardi. Bas, ta’lim olish yo‘li bilan shug‘ullanish maqsadga yetishga yaqinroq va ishonchliroqdir. Yana e’tiborli ulamolar bularning misolini go‘yo bir inson ilm o‘rganishni tark qilganiga o‘xshatadilar. Shu bilan birga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham ana shularni ta’lim olib o‘rgangan emaslar. U zot takrorlashsiz va yozishsiz, balki vahiy va ilhom bilan olim bo‘lganlar. Mening ham riyozatim shu darajaga yetsa, bunda doimiylik bo‘lsa, ana shu darajaga yetaman, deyishga o‘xshash gaplarni aytishadi. Qaysi bir inson shu gumonda bo‘lsa, o‘z nafsiga zulm qilibdi, umrini behuda o‘tkazibdi. U go‘yo biron kon topib olish umidida kasb-hunar va dehqonchilik yo‘llarini tark qilgan kishiga o‘xshaydi. Albatta bu holat (ya’ni, kon topilishi) mumkin, lekin juda qiyin ish. Ilm o‘rganishni tark qilib, ilhomni kutib o‘tirish ham xuddi shu kabidir. Tasavvuf yo‘lini tutganlar avvalo ulamolar o‘rgangan narsalarni o‘rganib, ular aytgan narsalarni anglamoqlari lozim. Ana shundan keyingina boshqa ulamolarga ochilmagan narsalarning kashf bo‘lishini kutib turmoqlarining zarari yo‘qdir. Extimol, ana shundan keyingina ularning tirishqoqligi natijasida kashf etilishi mumkin bo‘lar.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:02:55

Ikki maqom o‘rtasini his etib bilinadigan misollar farqi

Bilingki, qalb ajoyibotlari his etib bilinadigan narsalardan tashqaridadir. Chunki qalbning o‘zi ham hisning idrokidan tashqaridadir. Qaysi bir narsani his bilan idrok etib bo‘lmasa, fahmlar ham uni idrok etishdan zaiflashib qoladi, buni faqatgina his etiladigan misollar bilan tushunish mumkin. Biz esa ana shu zaif fahmlarga ikki misol bilan tushunishni yaqinlashtiramiz. Birinchisi - yerda kavlab qo‘yilgan bir hovuz bor, deb faraz qilamiz. Unga atrofidan anhor qazib, suv surib kelishning ham ehtimoli bor. Yoki hovuzning tagini yana chuqurroq qazib, sof va toza suv turadigan joygacha kavlab berish bilan suv paydo bo‘lmog‘i ehtimol qilinadi. Natijada suv hovuzning tagidan o‘zi chiqib qoladi. Bu suv esa juda toza va davomiy bo‘ladi. Goho esa juda ko‘p ham chiqib qoladi. Qalb ana shu hovuzga, ilm esa suvga o‘xshaydi. Beshta his etish a’zolari (ya’ni, eshitish, ko‘rish, hidlash, ushlash va totish) esa anhorlarga o‘xshaydi. Gohida ilmlar zohiriy his etish anhorlari vositasida va mushohadalardan saboq olish bilan qalbga haydaladiki, unga ilm to‘ladi. Bu anhorlar xilvat, uzlat va ko‘zni yumish bilan to‘silib, qalbni poklash hamda undan pardalar qatlamini ko‘tarish bilan ichkarisidan ilm buloqlari otilib chiqquncha uning tubiga intilish mumkin bo‘ladi. Ilm qanday qilib qalbning o‘zidan qaynab chiqadi, vaholanki qalb ilmdan xoli bo‘lsa? Bilingki, albatta bu narsalar qalb sirlarining ajoyibotlaridandir. Uni zikr qilish muomala ilmida (ya’ni, zohiriy ilmda) ruxsat berilmagan, balki zikr qilish mumkin bo‘lgan narsa shuki, albatta narsalarning haqiqati Lavhul mahfuzda yozilgan bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:03:19

Yana muqarrab farishtalarning qalblariga yozilgan bo‘ladi. Go‘yo bir muhandis uy qurilishini avval oq qog‘ozda tasvirlab, keyin ana shu tasvirga ko‘ra uni ro‘yobga chiqarganidek, yer va osmonlarni yaratuvchi Zot ham butun olamning avvalidan oxirigacha bo‘lgan nusxasini Lavhul mahfuzga yozgan, so‘ngra ularni ana shu nusxaga muvofiq yo‘qdan bor qilgan. Avvalgi suratiga ko‘ra yo‘qlikdan borlikka chiqqan bu olamdan his va xayol olamida ikkinchi bir surat hosil bo‘ladi. Chunki osmon va yerga tikilib qaragan kishi keyin ko‘zini yumsa ham, xayolida osmon va yer suratini go‘yo ularga qarab turgandek ko‘radi. Agar yeru osmon yo‘q bo‘lib ketib, ularni ko‘rgan kishining o‘zi qolsa ham, yeru osmon suratini go‘yo ularga qarab turgandek o‘z nafsida topadi. So‘ngra uning xayolidagi asar (ya’ni, iz) qalbga o‘tadi. Ana shunda qalbda his va xayolga kirgan narsalarning haqiqati paydo bo‘ladi. Endi qalbida hosil bo‘lgan narsa xayolidagi olamga muvofiq keladi. Xayolida hosil bo‘lgan narsa esa inson xayolidan va qalbidan tashqarida, o‘z o‘rnida turgan olamga muvofiq keladi. O’z o‘rnida turgan mavjud olam esa Lavhul mahfuzda mavjud bo‘lgan nusxaga muvofiq keladi. Go‘yo olamning mavjud bo‘lishida to‘rt daraja borga o‘xshaydi: Lavhul mahfuzda mavjud bo‘lish jismoniy mavjud bo‘lishdan oldindir. Uning orqasidan haqiqiy mavjud bo‘lish, ya’ni yaratilish keladi. Haqiqiy mavjud bo‘lish orqasidan xayoliy mavjudlik, ya’ni xayoldagi surati keladi. Xayoliy mavjudlik orqasidan aqliy mavjudlik, ya’ni uning surati qalbda mavjud bo‘lishi keladi. Bu mavjudliklarning ba’zisi ruhoniy va ba’zisi jismoniydir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:04:01

Ruhoniyining ba’zisi ba’zisidan ruhoniylikda qattiqroqdir. Bu esa ilohiy hikmatdan bo‘lgan marhamatdir. Zero, ko‘z qorachig‘ingizning hajmi kichkina bo‘lsa-da, butun olam va yeru osmonlarning surati juda katta bo‘lishiga qaramay, uning ichiga joylashadi. So‘ngra u (ya’ni, olam) hisda mavjud bo‘lishdan xayolda mavjud bo‘lishga, so‘ngra undan qalbda mavjud bo‘lishga o‘tadi. Lekin faqat ulardan sizga yetgan narsanigina idrok eta olasiz, xolos. Agar olamlarning hammasi uchun o‘zingizda misol bo‘lmaganida qarshingizdagi narsalardan sizga xabar bo‘lmas edi. Qalblarning ichida va ko‘zlarda bunday ajoyibotlarning tadbirini qilib qo‘ygan Zotni har xil nuqson va kamchilikdan poklaymiz. Shulardan keyin ham ularni idrok etishda qancha-qancha qalblar va ko‘zlar ojizlikda qoladi, hatto ko‘pchilikning qalbi o‘zini va o‘zidagi ajoyibotlarni bilmaydigan holatda qoladi.
Endi asosiy maqsadga qaytib aytamizki, qalbda olam haqiqati va surati goho sezgilardan va goho Lavhul mahfuzdan paydo bo‘lmog‘i tasavvur qilinadi. Bu ko‘zda hosil bo‘ladigan holatlarga o‘xshaydi. Ko‘zda quyosh surati gohida unga qaragandan, gohida esa quyosh ro‘parasida turib, uning suratini aks ettirayotgan suvga qaragandan hosil bo‘lish tasavvur qilinadi. Qachonki, qalb bilan Lavhul mahfuz o‘rtasidagi hijob ko‘tarilsa, undagi narsalarni ko‘radi. Ilm Lavhul mahfuzdan qalbga buloqdek qaynab chiqadi. Natijada sezgilar his etgan narsadan iqtibos qilishdan behojat bo‘ladi. Bu esa suvning yer tubidan buloq bo‘lib qaynab chiqishiga o‘xshaydi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:04:18

Qachonki, qalb sezgi yordamida bilinadigan narsalardan paydo bo‘luvchi xayolotiga yuzlanadigan bo‘lsa, ana shu yuzlanishi Lavhul mahfuzni o‘qiy olishidan parda bo‘lib qoladi. Bu anhorda suv ko‘p to‘planib qolsa, u yerdan buloq otilib chiqishini to‘xtatib qo‘yganidek, yana go‘yo quyoshning suratini aks ettirib beradigan suvga qaragan kishi quyoshning o‘ziga qaragan bo‘lmaganidek holatdir. Bunday hollarda qalbning ikki eshigi bo‘ladi. Birinchisi - malakut olamiga, ya’ni u Lavhul mahfuz va farishtalar olamiga ochilgan eshik. Ikkinchisi - mulk va shahodat olamiga bog‘liq beshta sezgi olamiga ochilgan eshik. Shahodat va mulk olami ham malakut olamiga bir qadar o‘xshab ketadi, ammo qalb eshigining sezgilardan iqtibos qilishga ochilishi sizga maxfiy emas.

Qalbning ichkari eshigini malakut olamiga va Lavhul mahfuzni o‘qishga ochilishini sezgilardan iqtibos qilmasdan ajoyib tushlar to‘g‘risida va qalb uyquda kelajak narsalardan yoki oldin bo‘lib o‘tgan narsalardan xabardor bo‘lishi to‘g‘risida fikr qilish bilan ishonchli holda bilib olasiz. Albatta ana shu eshik Alloh taoloning zikri bilan mashg‘ul kishilarga ochiladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Mufarridlar ilgarilab ketdilar» (Imom Muslim rivoyati). Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «Mufarridlar kimlar?» deyildi. «Allohning zikri bilan ajrab chiquvchilar. Zikr ulardan gunohlarini to‘kib yubordi. Endi qiyomatda yengil holda keladilar», dedilar (Tabaroniy rivoyati, zaif).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:04:37

So‘ngra Rasululloh yana ularning sifatlari to‘g‘risida Alloh taolodan xabar berib aytadilar: «So‘ngra ularga yuzim bilan yuzlanaman, yuzim bilan yuzlangan kimsaga qaysi narsani bermoqni xohlayotganimni biror kishi biladimi?» So‘ngra Alloh taolo aytadi: «Ularga beradigan narsamning birinchisi - ularning qalblariga nur tashlayman. So‘ngra Men ulardan xabardor bo‘lganimdek, ular Men haqimda xabardor bo‘ladilar». Bu xabarlar (ya’ni, Alloh taolodan xabardor bo‘lish)ning kirish joyi botiniy eshikdir. Payg‘ambarlar va avliyolarning ilmlari bilan ulamo va hukamolarning ilmlari o‘rtasidagi farq shundaki, ularning (ya’ni, payg‘ambar va avliyolarning) ilmlari qalbning ichidan, ya’ni malakut olamiga ochilgan eshikdan keladi. Hikmat ilmi esa mulk olamiga ochilgan sezgilar eshiklaridan keladi. Qalb olamining ajoyibotlari hamda uning shahodat va g‘ayb olami orasida takrorlanishining oxiriga yetish muomala ilmida mumkin bo‘lmaydi. Bular esa sizga ikki olam eshigi orasidagi farqni o‘rgatadigan misoldir.

Ikkinchi misol: ikki amal, ya’ni avliyolar va ulamolar o‘rtasidagi farqni sizga o‘rgatadi. Albatta ulamolar ilmlarning o‘zini qo‘lga kiritishda va uni qalbga jalb qilishga harakat qiladilar. Tasavvuf ahli bo‘lgan avliyolar esa faqat qalblarni jilolash, poklash, soflash va unga sayqal berishga harakat qiladilar. Hikoya qilinadiki, xitoylik va rumlik kishilar podshohlar oldida bir-birlaridan maqtanishib, naqqoshlik va bezakchilik san’ati borasida o‘zlariga o‘zlari katta baho berishgan ekan.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:05:12

Shunda podshoh ularga bir supani topshirib, uning bir tomoniga xitoyliklarning, boshqa tomonida rumliklar esa naqsh solishiga buyruq qildi. Yana ular bir-birlarining ishiga qaramasliklari uchun o‘rtalariga parda tortib qo‘yildi. Uning farmoni bajarildi. Rumliklar hisobsiz darajada har xil ajoyib bo‘yoqlarni ishlatishdi. Xitoyliklar esa biron-bir bo‘yoqsiz ishga kirishib, o‘z tomonlarini faqat sayqallab, unga jilo berishga urinishdi. Rumliklar ishlarini tugatishgan zahoti xitoyliklar «Biz ham tugatdik», deb da’vo qilishdi. Shunda podshoh «Qanday qilib bular bo‘yoqsiz naqsh ishlarini tugata olishdi?» deb ajablanganida ulardan so‘raldi: «Qanday qilib ishingizni bo‘yoqsiz bitirdingiz?» Ular javob qilib: «Sizlarga nima? Pardani ko‘taraveringlar», deyishgan ekan. Parda ko‘tarilganida ro‘paralarida rumliklarning san’ati ajoyibotlari o‘ta yorqin va o‘ta yaltiroqligi bilan o‘z tarafida porlab turardi. (Xitoyliklar turgan taraf esa) ko‘p sayqal berilgani uchun jilolangan oynaga o‘xshab qolgan, ular tomonning husni ziyoda bo‘lgandi. Xuddi shu kabi avliyolarning unda Haq nuri yorqin porlaguncha qalbni poklashga, unga jilo berish va poklashga bo‘lgan intilishlari xitoyliklarning ishiga o‘xshaydi. Ulamo va hukamolarning qo‘lga kiritgan ilmlar naqshini qalbda hosil qilishga bo‘lgan qasdlari esa rumliklarning ishiga o‘xshaydi. Bas, ish qay holatda bo‘lmasin, mo‘minning qalbi o‘lmaydi, o‘lgandan keyin ilmi o‘chib ketmaydi. Uning musaffoligi xiralashmaydi ham.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:05:28

Bunga Hasan Basriy rahmatullohi alayh ham mana bu so‘zlari bilan ishora qilganlar: «Tuproq iymonning do‘stini emaydi, balki u (iymonning do‘sti, ya’ni qalb) Allohga vasila va Unga yaqinlashtirguvchi bo‘ladi». Ammo iymon bilan birga ilmning yolg‘iz o‘zidan hosil qilgan va ilmni qabul qilish uchun tayyorgarlikdan va soflikdan hosil qilgan narsalari ham bo‘lmog‘i kerak. Saodat har bir insonga faqat ilm va ma’rifat orqali bo‘ladi va ba’zi saodatlar ba’zisidan ulug‘ bo‘ladi. Bu boylik faqat mol bilan bo‘lib, dirham egasi ham boy va behisob xazinalar sohibi ham boy, deganga o‘xshaydi. Boylar darajasi mollarining oz-ko‘pligi bilan farqlanganidek, saodatmand kishilarning ham darajasi iymon va ma’rifatdagi tafovutlariga ko‘ra bo‘ladi. Ilmu ma’rifat bir nurdir. Mo‘minlar qiyomat kunida Allohning huzuriga nurlari bilan boradilar. Alloh taolo aytadi:

«Mo‘min va mo‘minalarning oldilarida va o‘ng tomonlarida nurlari (ya’ni, qilgan yaxshi amallari va nomai a’mollari yo‘llarini yoritib) ketayotganini ko‘radigan kunni (eslang)» (Hadid surasi, 12-oyat).

Xabarda rivoyat qilinadi: «Albatta ularning ba’zilariga tog‘ kabi nur beriladi, ba’zilariga undan kichikroq beriladi va hatto bulardan oxirgi kishiga ikki oyog‘ining bosh barmog‘i miqdoricha nur beriladi. Bu nur goh taraladi, goh o‘chib qoladi. Taralgan paytda ikki qadamini oldinga tashlab yuradi, o‘chgan paytda esa turib qoladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:06:00

Sirot ko‘prigidan o‘tishlari ham nurlarining miqdoriga ko‘ra bo‘ladi. Ular orasida ko‘z ochib-yumguncha o‘tib ketadigani, chaqmoqqa o‘xshab o‘tadigani, bulutga o‘xshab o‘tadigani, yulduzlarning uchishiga o‘xshab o‘tadigani va otning maydonda eng qattiq tezlagan holatidek o‘tib ketadigani ham bo‘ladi. «Ikki oyog‘ining bosh barmog‘idek nur berilgan kishi esa yuzi, qo‘li va oyoqlari bilan emaklab, bir qo‘lini tortib, ikkinchisini osiltirib, atrofiga do‘zax olovlari tegib o‘tadi, hatto undan qutulib o‘tib ketguncha shunday bo‘ladi» (Tabaroniy rivoyati, sahih). Bas, bu hadis insonlar iymonda tafovutli ekanlarini ko‘rsatadi. Agar Abu Bakr roziyallohu anhuning iymonlari nabiy va rasullardan boshqa butun olamning iymonlari bilan (tarozida) tortib ko‘rilsa, albatta Abu Bakrning iymonlari og‘ir keladi. Bu bir kishining agar quyosh nuri barcha chiroqlar bilan tortib ko‘rilsa, albatta quyosh nuri og‘ir keladi, degan so‘ziga o‘xshaydi. Har bir insonning iymon nuri chiroqning nuriga o‘xshaydi va ba’zilarining nuri esa shamning nuriga o‘xshaydi. Siddiqlar iymonining nuri oy va yulduzlar nuriga o‘xshaydi. Payg‘ambarlar iymonining nuri quyoshga o‘xshaydi, ufqning surati keng hududli bo‘lishiga qaramay, quyosh nurida ochiq ko‘rinadi. Chiroq nurida esa faqat uyning tor bir burchagi ko‘rinadi, xolos.

Qayd etilgan