Yana aytadilar: «Mo‘minning qalbi Rahmon barmoqlaridan ikki barmoq (ya’ni, o‘ziga xos bo‘lgan, bizniki kabi jismli emas) o‘rtasidadir» (Imom Muslim rivoyati). Bu urinish asnosida gohida xulq buziladi, aql ham o‘zgaradi, badan kasal bo‘ladi. Agar oldin nafsning riyozati, ilmning haqiqatlari bilan uni tozalash imkoni bo‘lmasa, qalbga har xil buzuq xayollar o‘ralib qoladi. Bu buzuq xayollar qalbdan yo‘q bo‘lib ketguncha qalb ularga ishonib qoladi. Natijada bu ishda zafar topmasdan turib umri tugab qoladi. Bu yo‘lni tutgan qancha-qancha so‘filar borki, bitta xayolda yigirma yillab qolib ketadilar. Agar ular oldin mustahkam bir ilmga ega bo‘lishganida ana shu xayollarining chigal joylari o‘sha zahoti ochilib ketgan bo‘lardi. Bas, ta’lim olish yo‘li bilan shug‘ullanish maqsadga yetishga yaqinroq va ishonchliroqdir. Yana e’tiborli ulamolar bularning misolini go‘yo bir inson ilm o‘rganishni tark qilganiga o‘xshatadilar. Shu bilan birga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham ana shularni ta’lim olib o‘rgangan emaslar. U zot takrorlashsiz va yozishsiz, balki vahiy va ilhom bilan olim bo‘lganlar. Mening ham riyozatim shu darajaga yetsa, bunda doimiylik bo‘lsa, ana shu darajaga yetaman, deyishga o‘xshash gaplarni aytishadi. Qaysi bir inson shu gumonda bo‘lsa, o‘z nafsiga zulm qilibdi, umrini behuda o‘tkazibdi. U go‘yo biron kon topib olish umidida kasb-hunar va dehqonchilik yo‘llarini tark qilgan kishiga o‘xshaydi. Albatta bu holat (ya’ni, kon topilishi) mumkin, lekin juda qiyin ish. Ilm o‘rganishni tark qilib, ilhomni kutib o‘tirish ham xuddi shu kabidir. Tasavvuf yo‘lini tutganlar avvalo ulamolar o‘rgangan narsalarni o‘rganib, ular aytgan narsalarni anglamoqlari lozim. Ana shundan keyingina boshqa ulamolarga ochilmagan narsalarning kashf bo‘lishini kutib turmoqlarining zarari yo‘qdir. Extimol, ana shundan keyingina ularning tirishqoqligi natijasida kashf etilishi mumkin bo‘lar.