Abu Yazid va boshqalar aytadilar: «Bir kitobdan biror narsani yodlab olgan kishi olim emas. Agar u yodlagan narsasini esidan chiqarib, unutib qo‘ysa, johilga aylanib qoladi. Lekin olim ilmini Robbidan qaysi vaqtda xohlasa, yodlamasdan va saboq o‘rganmasdan oladigan kishidir». Bu esa robboniy ilmdir va bunga Alloh taoloning so‘zida ham ishora bordir:
«Bas, bandalarimizdan bir bandani topdilarki, Biz unga O’z dargohimizdan rahmat (ya’ni, payg‘ambarlik) ato etgan va O’z huzurimizdan ilm bergan edik» (Kahf surasi, 65-oyat).
Zero, ilmlarning hammasi ham Allohning huzuridandir. Lekin ba’zisi ta’lim olish vositasi bilan o‘rganiladi. Bu ilmi laduniy, deb nomlanmaydi, balki tashqi odatiy sabablardan boshqa, qalbning ichida zohir bo‘ladigan ilm laduniy, deyiladi. Mana shular naqliy dalillardir. Agar bu xususda vorid bo‘lgan har bir oyat, xabar va asarlar jamlanadigan bo‘lsa, chegaradan chiqib ketadi. Ammo bu holatlarni tajribalar bilan ko‘rilgani ham juda ko‘p, bu narsa sahoba va tobe’inlardan, ulardan keyingi zotlardan ham zohir bo‘lgan. Abu Bakr roziyallohu anhu o‘lim paytlarida qizlari Oisha roziyallohu anhoga «Albatta ikkisi sening ining va singlingdir», dedilar. Xotinlari homilador edi, qiz tug‘di. Abu Bakr roziyallohu anhu homila tug‘ilmasidan oldin qiz ekanini bildilar.