Zakariyo ibn Dovud aytdilar: «Abul Abbos ibn Masruq Abul Fazl al-Hoshimiy kasallik vaqtlarida oldilariga kirdilar. Abul Fazl oilali bo‘lib, qaerdan tirikchilik qilib oilalarini boqishlarini bilib bo‘lmasdi. Abul Abbos aytdilar: «U kishining huzurlarida turgan vaqtimda o‘zimga-o‘zim ichimda: «Bu kishi qaerdan tirikchilik qilarkin?» dedim. Menga u kishi: «Ey Abul Abbos, bu past himmatingizni qaytarib oling, chunki Alloh taoloning xufyona marhamatlari bordir», dedilar».
Ahmad un-Naqib aytadilar: «Shibliyning oldilariga kirdim. U kishi: «Sinovdan o‘tding, ey Ahmad», dedilar. Shunda «Nima xabar bor?» deb u kishidan so‘radim. U kishi: «O’tirgan edim, xotirimga sening baxil ekanliging keldi. Sen «Men baxil emasman», deding. Xotirimga yana «Sen baxilsan», degan so‘z keldi», dedilar». Ahmad bu so‘zni eshitganlaridan keyin: «Bugun menga dunyo matosidan biron narsa keladigan bo‘lsa, birinchi yo‘liqqan kambag‘alga berib yuboraman», deb aytdilar. «Shu xayolimni tugatib ulgurmasimdan oldimga xalifa xizmatchilaridan biri kirib keldi va o‘zi bilan ellik dinor pul ham olib kelib, «Bu dinorlarni manfaatlaringizga ishlating», dedi. Bu dinorlarni olib tashqariga chiqdim va bir sartarosh oldida sochini oldirayotgan ko‘zi ojiz kambag‘alni ko‘rdim. Uning oldiga borib, dinorlarni unga uzatdim. Kambag‘al: «Uni sartaroshga bergin», dedi. Men: «Buning hammasi shuncha dinor», dedim. Shunda u kishi: «Sen baxilsan, deb aytmaganmidik?!» dedi. Bas, dinorni sartaroshga uzatdim. Sartarosh esa: «Bu kambag‘al oldimga o‘tirganida undan haq olmayman, deb kelishgandik», dedi. Men bu dinorlarni Dajla daryosiga tashlab yubordim va «Seni (ya’ni, dinorni) kim ulug‘laydigan bo‘lsa, albatta Alloh azza va jalla u kishini xor qiladi», dedim».