Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 177070 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 33 B


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:22:22

Qalb farishta bilan shayton o‘rtasida ikki tomonga tortilib turadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Qalbda ikki ushlash bor. Biri farishtadan bo‘ladi, bunda yaxshilikni va’da qilish va haqni tasdiqlash bo‘ladi. Kim mana shu narsani topsa, albatta u Alloh subhanahu va taolodanligini bilsin va Allohga hamd aytsin. Yana bir ushlash dushmandan bo‘ladi. Bunda yomonlikni va’da qilish, haqni yolg‘onga chiqarish va yaxshilikdan qaytarish bo‘ladi. Kim mana shu holatlarni topsa, bas, Alloh taolodan shaytoni rojim yomonligidan panoh so‘rasin» (Imom Termiziy rivoyati, hasan). So‘ngra Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam quyidagi oyatni o‘qidilar:

«Shayton sizlarni (agar infoq-ehson qilsangiz), kambag‘al bo‘lib qolishingizdan qo‘rqitadi va fahsh ishlarga buyuradi» (Baqara surasi, 268-oyat).

Hasan Basriy aytadilar: «Albatta u ikkisi qalbda aylanib yuradigan ikki qasddir. Biri Allohdan, ikkinchisi dushmandan. Bir ishni qasd qilgan paytida yaxshilab o‘rganib, agar Alloh taolodan bo‘lsa, uni yurgizadigan, agar dushmanidan bo‘lsa, unga qarshi kurashadigan bandaga Alloh rahm qilsin». Bu ikki hukmronlik o‘rtasida qalb tortilib turganligi uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘minning qalbi Rahmon barmoqlaridan ikki barmoqning orasidadir», dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:23:19

Alloh taolo bo‘lingan holdagi suyak, go‘sht, qon va paydan tuzilgan barmoqdan oliydir. Lekin «barmoq» lafzini keltirishdan murod qalb o‘zgarishining tezligiga va uni o‘zgartirish va harakatlantirishga qodir ekanligiga dalolat qiladi. Chunki siz agar barmog‘ingiz qilgan ishni iroda qilib turgan bo‘lsangiz ham, barmog‘ingiz bilan bir ish qilsangiz, (ishni barmog‘ingizga nisbat berasiz). Alloh taolo ishlarini farishta va shaytonni bo‘ysundirish bilan qiladi. Farishta bilan shayton esa Allohning qudrati bilan qalblarni o‘zgartirishga bo‘ysundirib qo‘yilgandir. Bu barmoqlaringiz ham jismlarni o‘zgartirishda sizga bo‘ysundirib qo‘yilganiga o‘xshaydi.

Qalb asl yaratilgan holatida farishtaning xabarini qabul qilish uchun ham, shayton xabarini qabul qilish uchun ham, biri ikkinchisidan ustun bo‘lmagan holatda, bir xilda qabul qilish uchun salohiyatlidir. Ikkisidan birining ustun bo‘lishi havoyi nafsga ergashish va shahvatlarga mukkasidan ketishdan yoki havoyi nafsdan yuz o‘girish va unga qarshi chiqishdandir. Agar inson g‘azab va shahvat taqozo qiladigan narsalarga ergashsa, unda havoyi nafs vositasi bilan shayton hukmronligi zohir bo‘ladi va qalb shaytonning uyasi hamda qoniga aylanib qoladi. Chunki havoyi nafs shaytonning yaylovi va o‘tlaydigan joyidir. Agar inson shahvatlarga qarshi kurashsa, uni o‘z nafsiga hukmron qilib qo‘ymasa, o‘zining xulqini farishtalar axloqiga o‘xshatsa, uning qalbi farishtalar qarorgohiga va kelib tushadigan joylariga aylanadi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:24:17

Qalb shahvat, g‘azab, hirs va uzun orzu hamda havoyi nafsdan iborat bashariy sifatli narsalardan xoli bo‘lolmas ekan, shayton ham unda vasvasa qilish bilan aylanib yurmoqlikdan to‘xtamaydi. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sizlarning har biringizda bittadan shayton bo‘ladi» (Imom Muslim rivoyati). Shunda «Sizda ham bo‘ladimi, ey Rasululloh?» deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha, menda ham bo‘ladi, lekin Alloh taolo uning zarariga menga yordam beradi. Men omonda bo‘laman, menga yaxshilikdan boshqa narsani buyurolmaydi», dedilar.

Qachonki, havoyi nafs taqozo qiladigan narsalar bilan dunyoning zikri qalbda g‘olib bo‘lsa, shayton u yerda joy topib, vasvasa qiladi. Agar Alloh zikriga qaytadigan bo‘lsa, joy torlik qilib, shayton u yerdan ko‘chib ketadi. So‘ngra farishta qalbga kelib, unga yaxshilikni ilhom qiladi. Farishta askarlari bilan shayton askarlari o‘rtasida qalb maydonida bir-biriga hujum qilish to qalb ulardan biriga ochilgunga qadar davom etadi. Qalb qay biri uchun ochilsa, u yerni o‘ziga vatan qilib o‘rnashib oladi. Ikkinchisining u yerga borishi o‘g‘rilik tarzida bo‘ladi. Ko‘p qalblarni shayton askarlari ochib, unga egalik qilib olgan. Natijada qalbga dunyoni ixtiyor qilib, oxiratni tashlashga chaqiruvchi vasvasalar to‘lib ketgan.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:24:38

Shayton askarlari qalbni egallashining boshlanishi shahvatlarga va havoyi nafsga ergashishdir. Ana shundan keyin shayton askarlarini bosib olish imkoni faqatgina havoyi nafs va shahvatlardan iborat shaytonning ozuqasidan qalbni bo‘shatish bilan bo‘ladi. Qalbni obod qilish esa farishtalar izining o‘rni bo‘lgan Alloh zikri bilan bo‘ladi. Jobir ibn Ubayda Adaviy aytdilar: «A’lo ibn Ziyodga qalbimda bo‘ladigan vasvasalardan shikoyat qildim. U kishi: «Albatta uning misoli o‘g‘rilar kirib o‘tib ketadigan uyning misoliga o‘xshaydi. Agar uyda biror narsa bo‘lsa, u bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Agar hech narsa bo‘lmasa, uyni shunday tashlab o‘tib ketishadi», dedilar». Ya’ni, albatta havoyi nafsdan xoli bo‘lgan qalbga shayton kirmaydi. Shuning uchun Alloh taolo aytadi:

«Mening (iymon-e’tiqodli) bandalarim ustida sen uchun hech qanday saltanat-hukmronlik bo‘lmas» (Al-Isro surasi, 65-oyat).

Havoyi nafsga ergashgan har bir kishi Allohning quli emas, balki havoyi nafsning qulidir. Shuning uchun Alloh taolo uning ustiga shaytonni hukmron qilib qo‘ygan.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:26:48

Alloh taolo aytadi:
«(Ey Muhammad alayhissalom), havoyi nafsini o‘ziga «iloh» qilib olgan... kimsani ko‘rganmisiz?» (Josiya surasi, 23-oyat.)

Bu oyatdan ma’lum bo‘ladiki, kim havoyi nafsiga ergashsa, u inson nafsining qulidir, Alloh quli emas.

Shuning uchun Amr ibn Oss Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga «Ey Rasululloh, men bilan namozim, qiroatim o‘rtasiga shayton tushib oldi», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ana shu Xanzab, deb nomlanmish shaytondir. Agar uni sezib qolsang, uning yomonligidan Allohdan panoh so‘ragin va chap tomoningga uch marta tuflagin», dedilar (Imom Muslim rivoyati). Amr ibn Oss aytdilar: «Ana shunday qilgan edim, uni Alloh mendan ketkazdi».

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:27:01

Xabarda kelishicha, «Tahorat uchun bir shayton bo‘lib, u Valhon, deb ataladi. Uning yomonligidan Allohdan panoh so‘ranglar», deyilgan (Imom Termiziy rivoyati). Qalbdan shaytonning vasvasasi faqat vasvasa qilinayotgan narsadan boshqa narsani eslash bilan o‘chadi. Chunki qalbda bir narsaning zikri xotirlansa, oldin kelgan narsaning zikri yo‘q bo‘ladi. Lekin Allohdan va Allohga taalluqli narsalardan boshqa har bir narsa shayton uchun makon bo‘lishi mumkin. Alloh zikri bor joydagina uning yomonligidan omonda bo‘linadi. Aniq bilinadiki, Alloh zikri bor joyda shayton uchun joy yo‘q. Biror narsani davolashda ham o‘sha narsaning ziddi qo‘llaniladi. Shayton vasvasalari ziddi (esa gunohdan tiyilish va ibodatga qodir bo‘lishda o‘zida) kuch-quvvat (bor, demoq)dan saqlanib, Allohni eslashdir. Bu esa mana bu so‘zingizning ma’nosidir: «Allohning dargohidan quvilgan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh so‘rayman. Ibodat qilish uchun qodir bo‘lishga ham, gunohdan tiyilishga ham faqat oliy va buyuk bo‘lgan Allohning yordami bilan erishaman».

Bunga esa Alloh zikrini ko‘p qiladigan taqvodorlargina qodir bo‘ladilar. Shayton ular xato qilgan paytlarida qulay fursat poylab, atroflarida aylanadi. Alloh taolo aytadi:

«Taqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biron vasvasa ushlasa, (Allohni) eslaydilar, bas, (to‘g‘ri yo‘lni) ko‘ra boshlaydilar» (A’rof surasi, 201-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:27:43

Mujohid «(Qachon Allohning nomi zikr qilinganda) yashirinib oladigan vasvasachi (shayton)ning yomonligidan panoh berishini so‘rab iltijo qilurman» oyatining ma’nosi to‘g‘risida aytishicha, qalbga yoyilib yotib olgan shaytondir. Agar Alloh taoloni eslasa, shayton siqiladi va uzoqlashadi. Agar g‘aflatda bo‘lsa, qalbning ustiga yana yoyilib yotib oladi. Alloh taolo zikri bilan shayton vasvasasi o‘rtasidagi kurash yorug‘lik bilan zulmat, kecha va kunduz o‘rtasidagi o‘zaro kurashga o‘xshaydi. Ikkisining bir-biriga zidligi borasida Alloh taolo aytadi:

«Ularni shayton egallab olib, ularga Allohni eslashni unuttiradi» (Mujodala surasi, 19-oyat).

Anas roziyallohu anhu aytishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta shayton odam farzandi qalbiga tumshug‘ini qo‘yib turadi, agar u Alloh taoloni eslasa, uzoqlashadi. Agar Alloh taoloni unutib qo‘ysa, qalbini yutib yuboradi», dedilar (Ibn Abud-Dunyo rivoyati, zaif).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:27:56

Ibn Vazzox «Agar kishi qirq yoshga yetib tavba qilmasa, uning yuzini shayton qo‘li bilan silab qo‘yadi» (Ibn Vazzox rivoyati), degan hadis haqida aytdilar: «Otam fido bo‘lsin, bu najot topmaydigan kishining yuzidir».

Go‘yo shahvatlar odam farzandining go‘shtiga va qoniga aralashib ketganidek, shaytonning hukmronligi ham go‘shti va qoni ichida yuruvchi hamda qalbning atrofini har tomonlama o‘rab oluvchidir. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta shayton odam farzandining qon yo‘lida yuradi. Uning yo‘llarini ochlik bilan toraytiringlar», dedilar. Chunki ochlik shahvatni sindiradi, shaytonning yo‘li esa shahvatlardir. Qalbning hamma tomonini shahvat qamrab olgani uchun Alloh taolo Iblis haqida xabar berib aytadi:

«U aytdi: «Qasamki, endi meni yo‘ldan ozdirganing sababli mudom Sening to‘g‘ri yo‘ling ustida ularni (Odam bolalarini) kutib o‘tirurman. So‘ngra ularning oldilaridan va ortlaridan, o‘ngu so‘llaridan kelib (to‘g‘ri yo‘ldan ozdirurman)» (A’rof surasi, 16-17-oyatlar).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:28:17

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Albatta shayton odam farzandi uchun bir necha yo‘llarda o‘tiradi. Hatto Islom yo‘lida ham o‘tiradi. Aytadiki: «O’z diningni va otangning dinini tashlab musulmon bo‘lasanmi?» Inson unga osiy bo‘lib musulmon bo‘ladi. So‘ngra shayton inson uchun hijrat yo‘lida o‘ltiradi. Aytadiki: «Yeru osmoningni tashlab hijrat qilasanmi?» Inson yana unga osiy bo‘lib hijrat qiladi. So‘ngra shayton jihod yo‘lida o‘tiradi. Aytadiki: «Jihod qilasanmi? U jon va molga talofat yetkazadi. Sen urushasan, seni o‘ldirishadi, xotinlaring nikohlanib, moling bo‘lib olinadi». Inson unga osiy bo‘lib jihod qiladi». Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kim mana shunday qilib o‘lsa, Alloh taologa uni jannatga kirgizish vojib bo‘ladi» (Nasaiy rivoyati, sanadi sahih). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (bu hadislarida) vasvasa ma’nosini aytganlar. Ular jihod qiluvchining ko‘ngliga keladigan narsalar bo‘lib, uning o‘ldirilishi, xotinlarining nikohlanib olinishi va boshqa xayollar jihoddan to‘xtatib qo‘yadigan fikrlardir. Bu xayollar ma’lumdir. Demak, vasvasalar mushohada bilan ma’lum bo‘ladi. Ko‘ngilda kechgan har bir narsaning sababi bo‘lib, uni tanitadigan nomga muhtoj bo‘ladi. U sababning ismi shayton, deb atalib, uning odamdan ajralishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Odamlar unga osiy bo‘lish yoki unga ergashish bilan farqlanadilar. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarning har biringiz uchun bittadan shayton bo‘ladi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Batahqiq, bu nav ichki his bilan vasvasa va ilhom, farishta va shayton, tavfiq va muvaffaqiyatsizlik ma’nolari ravshan bo‘ldi. Mana shundan keyin shaytonning zoti to‘g‘risida mulohaza qiladigan kishi shunday o‘ylaydi: shayton latif jism yoki jism emas. Agar jism bo‘lsa, insonning badaniga qanday qilib kiradi? U jism emas, deydi. Bu masala hozir muomala ilmida (ya’ni, zohiriy ilmda) muhtoj bo‘linadigan narsa emas.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:28:45

Bu to‘g‘rida bahs qiluvchi kishining misoli kiyimi ichiga ilon kirib olganda, uni qanday yo‘qotishga va zararini daf qilishga muhtoj bo‘la turib, uning rangi, shakli, uzunligi va yo‘g‘onligi to‘g‘risida bahs yuritayotgan kishining misoliga o‘xshaydi. Bu esa johillikning ayni o‘zidir. Yomonlikka undovchi fikrlarga qarshi kurashish lozimligini bildingiz. Bu yomon xayollar shaksiz bir sababdan bo‘lishiga dalolat qiladi. Kelajakda oqibatidan qo‘rqiladigan yomonliklarga chaqiruvchi dushman kim ekanligi bilindi. Dushman ham aniqlandi. Endi u bilan kurashishga kirishish lozim bo‘ladi. Batahqiq, Alloh taolo insonning shayton borligiga ishonib, yomonligidan ehtiyot bo‘lishi uchun O’z kitobining bir necha joyida uning dushmanligini bildirgan:

«Aniqki, shayton sizlarga dushmandir, bas, uni dushman tutinglar! Shak-shubhasiz, u o‘z firqasini (ya’ni, o‘ziga ergashgan kimsalarni) do‘zax egalaridan bo‘lishlari uchun da’vat qilur» (Fotir surasi, 6-oyat).

«Men sizlarga: «Ey Odam bolalari, shaytonga ibodat qilmangiz, chunki u sizlarga ochiq dushmandir. Faqat Mengagina ibodat qilinglar! Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir», deb buyurmaganmidim?!» (Yosin surasi, 60-61-oyat).

Qayd etilgan