Muallif Mavzu: Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 119291 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 1 Mehmon ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

Laylo

  • Mehmon
Xabarda kelishicha, «Tahorat uchun bir shayton bo‘lib, u Valhon, deb ataladi. Uning yomonligidan Allohdan panoh so‘ranglar», deyilgan (Imom Termiziy rivoyati). Qalbdan shaytonning vasvasasi faqat vasvasa qilinayotgan narsadan boshqa narsani eslash bilan o‘chadi. Chunki qalbda bir narsaning zikri xotirlansa, oldin kelgan narsaning zikri yo‘q bo‘ladi. Lekin Allohdan va Allohga taalluqli narsalardan boshqa har bir narsa shayton uchun makon bo‘lishi mumkin. Alloh zikri bor joydagina uning yomonligidan omonda bo‘linadi. Aniq bilinadiki, Alloh zikri bor joyda shayton uchun joy yo‘q. Biror narsani davolashda ham o‘sha narsaning ziddi qo‘llaniladi. Shayton vasvasalari ziddi (esa gunohdan tiyilish va ibodatga qodir bo‘lishda o‘zida) kuch-quvvat (bor, demoq)dan saqlanib, Allohni eslashdir. Bu esa mana bu so‘zingizning ma’nosidir: «Allohning dargohidan quvilgan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh so‘rayman. Ibodat qilish uchun qodir bo‘lishga ham, gunohdan tiyilishga ham faqat oliy va buyuk bo‘lgan Allohning yordami bilan erishaman».

Bunga esa Alloh zikrini ko‘p qiladigan taqvodorlargina qodir bo‘ladilar. Shayton ular xato qilgan paytlarida qulay fursat poylab, atroflarida aylanadi. Alloh taolo aytadi:

«Taqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biron vasvasa ushlasa, (Allohni) eslaydilar, bas, (to‘g‘ri yo‘lni) ko‘ra boshlaydilar» (A’rof surasi, 201-oyat).

Laylo

  • Mehmon
Mujohid «(Qachon Allohning nomi zikr qilinganda) yashirinib oladigan vasvasachi (shayton)ning yomonligidan panoh berishini so‘rab iltijo qilurman» oyatining ma’nosi to‘g‘risida aytishicha, qalbga yoyilib yotib olgan shaytondir. Agar Alloh taoloni eslasa, shayton siqiladi va uzoqlashadi. Agar g‘aflatda bo‘lsa, qalbning ustiga yana yoyilib yotib oladi. Alloh taolo zikri bilan shayton vasvasasi o‘rtasidagi kurash yorug‘lik bilan zulmat, kecha va kunduz o‘rtasidagi o‘zaro kurashga o‘xshaydi. Ikkisining bir-biriga zidligi borasida Alloh taolo aytadi:

«Ularni shayton egallab olib, ularga Allohni eslashni unuttiradi» (Mujodala surasi, 19-oyat).

Anas roziyallohu anhu aytishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta shayton odam farzandi qalbiga tumshug‘ini qo‘yib turadi, agar u Alloh taoloni eslasa, uzoqlashadi. Agar Alloh taoloni unutib qo‘ysa, qalbini yutib yuboradi», dedilar (Ibn Abud-Dunyo rivoyati, zaif).

Laylo

  • Mehmon
Ibn Vazzox «Agar kishi qirq yoshga yetib tavba qilmasa, uning yuzini shayton qo‘li bilan silab qo‘yadi» (Ibn Vazzox rivoyati), degan hadis haqida aytdilar: «Otam fido bo‘lsin, bu najot topmaydigan kishining yuzidir».

Go‘yo shahvatlar odam farzandining go‘shtiga va qoniga aralashib ketganidek, shaytonning hukmronligi ham go‘shti va qoni ichida yuruvchi hamda qalbning atrofini har tomonlama o‘rab oluvchidir. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta shayton odam farzandining qon yo‘lida yuradi. Uning yo‘llarini ochlik bilan toraytiringlar», dedilar. Chunki ochlik shahvatni sindiradi, shaytonning yo‘li esa shahvatlardir. Qalbning hamma tomonini shahvat qamrab olgani uchun Alloh taolo Iblis haqida xabar berib aytadi:

«U aytdi: «Qasamki, endi meni yo‘ldan ozdirganing sababli mudom Sening to‘g‘ri yo‘ling ustida ularni (Odam bolalarini) kutib o‘tirurman. So‘ngra ularning oldilaridan va ortlaridan, o‘ngu so‘llaridan kelib (to‘g‘ri yo‘ldan ozdirurman)» (A’rof surasi, 16-17-oyatlar).

Laylo

  • Mehmon
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Albatta shayton odam farzandi uchun bir necha yo‘llarda o‘tiradi. Hatto Islom yo‘lida ham o‘tiradi. Aytadiki: «O’z diningni va otangning dinini tashlab musulmon bo‘lasanmi?» Inson unga osiy bo‘lib musulmon bo‘ladi. So‘ngra shayton inson uchun hijrat yo‘lida o‘ltiradi. Aytadiki: «Yeru osmoningni tashlab hijrat qilasanmi?» Inson yana unga osiy bo‘lib hijrat qiladi. So‘ngra shayton jihod yo‘lida o‘tiradi. Aytadiki: «Jihod qilasanmi? U jon va molga talofat yetkazadi. Sen urushasan, seni o‘ldirishadi, xotinlaring nikohlanib, moling bo‘lib olinadi». Inson unga osiy bo‘lib jihod qiladi». Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kim mana shunday qilib o‘lsa, Alloh taologa uni jannatga kirgizish vojib bo‘ladi» (Nasaiy rivoyati, sanadi sahih). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (bu hadislarida) vasvasa ma’nosini aytganlar. Ular jihod qiluvchining ko‘ngliga keladigan narsalar bo‘lib, uning o‘ldirilishi, xotinlarining nikohlanib olinishi va boshqa xayollar jihoddan to‘xtatib qo‘yadigan fikrlardir. Bu xayollar ma’lumdir. Demak, vasvasalar mushohada bilan ma’lum bo‘ladi. Ko‘ngilda kechgan har bir narsaning sababi bo‘lib, uni tanitadigan nomga muhtoj bo‘ladi. U sababning ismi shayton, deb atalib, uning odamdan ajralishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Odamlar unga osiy bo‘lish yoki unga ergashish bilan farqlanadilar. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarning har biringiz uchun bittadan shayton bo‘ladi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Batahqiq, bu nav ichki his bilan vasvasa va ilhom, farishta va shayton, tavfiq va muvaffaqiyatsizlik ma’nolari ravshan bo‘ldi. Mana shundan keyin shaytonning zoti to‘g‘risida mulohaza qiladigan kishi shunday o‘ylaydi: shayton latif jism yoki jism emas. Agar jism bo‘lsa, insonning badaniga qanday qilib kiradi? U jism emas, deydi. Bu masala hozir muomala ilmida (ya’ni, zohiriy ilmda) muhtoj bo‘linadigan narsa emas.

Laylo

  • Mehmon
Bu to‘g‘rida bahs qiluvchi kishining misoli kiyimi ichiga ilon kirib olganda, uni qanday yo‘qotishga va zararini daf qilishga muhtoj bo‘la turib, uning rangi, shakli, uzunligi va yo‘g‘onligi to‘g‘risida bahs yuritayotgan kishining misoliga o‘xshaydi. Bu esa johillikning ayni o‘zidir. Yomonlikka undovchi fikrlarga qarshi kurashish lozimligini bildingiz. Bu yomon xayollar shaksiz bir sababdan bo‘lishiga dalolat qiladi. Kelajakda oqibatidan qo‘rqiladigan yomonliklarga chaqiruvchi dushman kim ekanligi bilindi. Dushman ham aniqlandi. Endi u bilan kurashishga kirishish lozim bo‘ladi. Batahqiq, Alloh taolo insonning shayton borligiga ishonib, yomonligidan ehtiyot bo‘lishi uchun O’z kitobining bir necha joyida uning dushmanligini bildirgan:

«Aniqki, shayton sizlarga dushmandir, bas, uni dushman tutinglar! Shak-shubhasiz, u o‘z firqasini (ya’ni, o‘ziga ergashgan kimsalarni) do‘zax egalaridan bo‘lishlari uchun da’vat qilur» (Fotir surasi, 6-oyat).

«Men sizlarga: «Ey Odam bolalari, shaytonga ibodat qilmangiz, chunki u sizlarga ochiq dushmandir. Faqat Mengagina ibodat qilinglar! Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir», deb buyurmaganmidim?!» (Yosin surasi, 60-61-oyat).

Laylo

  • Mehmon
Bandaga dushmanini o‘z nafsidan daf qilish bilan mashg‘ul bo‘lishi lozim bo‘ladi. Uning asli, nasabi, maskani haqida bahs qilish bilan shug‘ullanish zaruriyati yo‘q. To‘g‘ri, nafsidan uni daf qilish uchun o‘zining bir quroli haqida o‘ylab ko‘rishi kerak bo‘ladi. Shaytonning quroli esa havoyi nafs va shahvatlardir. Mana shu qurolining o‘zi butun olamga yetarlidir. Uning zoti, sifati, haqiqatini bilishdan Allohdan panoh so‘raymiz. Farishtalarning haqiqatini bilish esa mukoshafa ilmlariga chuqur kirishib ketgan oriflarning maydonidir. Muomala ilmida uni bilishga ehtiyoj yo‘qdir.

Xayollar (fikrlar) uch xil bo‘ladi: 1) Yomonlikka chaqiruvchi ekanligi aniq bilinadi. Buning vasvasa ekanligi aniq. 2) Yaxshilikka chaqiruvchi ekanligi bilinadi. Buning ilhom ekanligida shak yo‘q. 3) Shubha bilan qaraluvchi. Buning shayton tarafidan yoki farishta tarafidan ekanligi aniq bilinmaydi. Chunki yomonlikni yaxshilik maydonida ko‘rsatish shayton hiylalaridandir. Buning yaxshi-yomonligini ajratib olish juda qiyin. Ko‘p bandalar mana shu bilan halok bo‘lishadi. Chunki shayton ularni yomonlikka ochiq-oydin chaqirishga qodir bo‘lmaydi-da, yomonlikni yaxshilik suratida ko‘rsatadi.

Laylo

  • Mehmon
Go‘yo bir olimga nasihat tarzida «Xaloyiqqa qaramaysanmi, nodonliklaridan o‘liklarga o‘xshab qolishibdi, g‘aflatlari ziyodaligidan halok bo‘lib, do‘zaxga yaqinlashib qolishibdi. Nasihatlaring va ma’ruzalaring bilan halokatdan qutqarib, bu Allohning bandalariga rahm qilsang bo‘lmaydimi? Batahqiq, Alloh senga ko‘ruvchi qalb, fasohatli til va maqbul notiqlikni ne’mat qilib bergan bo‘lsa, qanday qilib Allohning ne’matlariga nonko‘rlik qilasan? Qanday qilib Uning g‘azabiga o‘zingni ko‘ndalang qilasan? Yana qanday qilib ilmni tarqatish va xalqni to‘g‘ri yo‘lga da’vat qilishda sukut qilib turasan?» deydi. Mana shunday va shunga o‘xshash gaplarni uning qalbida qaror toptirish uchun doimiy harakatda bo‘ladi. Uni judayam yumshoq hiylalar bilan insonlarga nasihat qilish bilan mashg‘ul bo‘lishga moyil qiladi. So‘ngra uni insonlarga o‘zini chiroyli ko‘rsatishga, fasohatli lafzlar bilan gapirishga va yaxshiliklarni izhor qilishga (ya’ni, riyo qilishga) chaqiradi. Unga aytadiki: «Agar mana shunday qilmaydigan bo‘lsang, insonlarning qalblaridan so‘zingning mavqei (ya’ni, ta’siri) tushib ketadi, ular haq yo‘lga hidoyatlana olmaydilar». Uning huzurida shularni chiroyli ko‘rsatishda doim qoim bo‘ladi. Hatto bu orada olimning o‘zida riyo aralashmasi, ishlarini xalq qabul qilayotganidan xursand bo‘lish, martaba lazzati, unga ergashayotganlarning ko‘pligi, ilmini ko‘p sanash, xaloyiqqa past nazarda qarash qaror topadi. Natijada bechora olim o‘z nasihatlari bilan halokatga qarab ketib qoladi. Gapirayotganida maqsadini go‘yo yaxshilik, deb o‘ylaydi, aslida esa maqsadi obro‘ qozonish va insonlar oldida maqbul kishi bo‘lmoqdir. Shu sababli o‘zini Alloh huzurida ulug‘ bir maqomda, deb o‘ylagan holda halok bo‘ladi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan mana bu kishilar jumlasidandir: «Albatta Alloh taolo dinda nasibasi yo‘q kishilar bilan ham bu dinni quvvatlaydi» (Nasaiy rivoyati, sanadi yaxshi). Yana bir hadisda quyidagicha aytiladi: «Albatta Alloh taolo bu dinni fojir kishi bilan ham quvvatlab qo‘yadi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Laylo

  • Mehmon
Shuning uchun rivoyat qilinishicha, Iblis alayhilla’na Iso ibn Maryam alayhissalomga ko‘rinib: «La ilaha illalloh, deng», deb aytganida, Iso alayhissalom Iblisga: «Bu haq kalima, lekin uni sening buyrug‘ing bilan aytmayman», degan ekanlar. Chunki shayton shunday yaxshilik ostida firib beradi. Shaytonning mana shu yo‘llar bilan firib berishi sira tugamaydi. Yomonlikni zohiran qilishni yomon ko‘radigan, nafslarining ochiq-oydin gunohga sho‘ng‘ib ketishiga rozi bo‘lmaydigan ulamolar, obidlar, zohidlar, kambag‘al va boylar hamda shular toifasidan bo‘lgan boshqa kishilar ham shaytonning mana shu xildagi firiblari tufayli halok bo‘lishadi.

Tezda kitobimiz oxiridagi «G’urur kitobi»dan joy olgan shayton hiylalaridan zikr qilamiz. Ehtimol, vaqtimiz yetsa, bu xususda «Iblisning firib berishi» deb nomlangan kitob tasnif qilishimiz ham mumkin. Chunki hozir shaharlarda bandalar o‘rtasida, xususan, mazhablar, e’tiqodlar to‘g‘risida shaytonning chalkashtirishi juda tarqalib ketdi. Hatto yaxshiliklardan faqatgina suvrat qoldi, xolos. Bularning hammasi shaytonning firiblari va hiylalariga bo‘ysunilganligi uchundir.

Laylo

  • Mehmon
Endi banda xayoliga kelgan har bir qasd farishta tarafidan yoki shayton tarafidan ekanligini bilish uchun bir to‘xtalib olmog‘i lozim. Yana unga tabiatida bo‘lgan xohish bilan emas, balki qalb ko‘zi orqali chuqur qaramog‘i lozim bo‘ladi. Bu narsalardan taqvo nuri, qalb ko‘zi va ilmning ko‘pligi bilan xabardor bo‘linadi. Alloh taolo aytadi:

«Taqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biron vasvasa ushlasa, (Allohni) eslaydilar, bas, (to‘g‘ri yo‘lni) ko‘ra boshlaydilar» (A’rof surasi, 201-oyat).

Ya’ni, ular uchun muammolar yechilib ketadi. Ammo kim nafsini taqvo bilan rozi qilmay tabiatini havosiga ergashish bilan shaytonning aldovlariga bo‘ysunishga moyil qiladigan bo‘lsa, u holda adashishligi ko‘payib ketadi. O’zi sezmagan holda halokati tezlashib ketadi. Bularning o‘xshashlari to‘g‘risida Alloh taolo aytadi:

«Agar zolim-kofir kimsalar uchun Yerdagi bor narsa va u bilan birga yana o‘shaning mislicha narsa bo‘lsa, albatta ular qiyomat kunidagi azobning yomonligidan, o‘sha (qo‘llaridagi bor narsalarni) to‘lov qilib berib yuborgan bo‘lur edilar. (Chunki u kunda) ularga Alloh tomonidan ular o‘ylab ham ko‘rmagan narsalar - azoblar ko‘rinadi» (Zumar surasi, 47-oyat).

Laylo

  • Mehmon
Aytiladiki: «U savob deb o‘ylagan amallari edi, biroq u gunoh bo‘lib chiqdi». Muomala ilmlarining eng beparvo bo‘lingani va bekilib ketgani nafsning aldashi va shaytonning hiylalaridan ogoh bo‘lishdir. Vaholanki, bu ilm har bir bandaga farzi ayndir. Odamlar esa bunga beparvo bo‘lib, o‘zlariga vasvasalarni jalb qiladigan va ustlariga shaytonni hukmron qilib qo‘yadigan, uning dushmanligini va undan ehtiyot bo‘lish yo‘llarini unuttirib qo‘yadigan ilmlar bilan mashg‘ul bo‘lib qolishdi. Endi vasvasalarning ko‘pligidan faqat xayol eshiklarini yopib qo‘yishgina qutqaradi. Uning tashqi eshiklari beshta his etish a’zolaridir, ichki eshiklari esa shahvatlar va dunyo aloqalaridir. Qorong‘i uyda yolg‘iz qolish his etish eshigini to‘sadi. Molu dunyo va ahl-bolalaridan uzilish ichki eshiklardan bo‘ladigan vasvasalar yo‘lini ozaytiradi. Shunday bo‘lsa ham, qalbga joriy bo‘ladigan xayolotlarga botiniy kirish eshiklari ochiq qoladi. Buni esa qalbni faqat Alloh zikri bilan mashg‘ul qilish orqali daf etiladi. Keyin shayton qalbni o‘ziga tortishda, talashishda, Alloh zikridan to‘sishga harakat qilishda bardavom bo‘ladi. Unga qarshi kurashish lozim. Bu kurashish o‘lguncha bo‘ladi. Zero, qay bir inson tirik ekan, shaytondan qutulolmaydi. Batahqiq, kurashish bilan unga bo‘ysunmaslikka va uning yomonligini o‘zidan daf qilishga kuchi yetadigan bo‘ladi. Lekin badanida qon yurib turarkan, bir lahza ham unga qarshi kurashishdan va o‘zini himoya qilishdan behojat bo‘lolmaydi. Chunki inson tirik ekan, uning qalbiga shayton eshigi bekilmaydi va doim ochiq bo‘ladi. Bu eshiklar shahvat, g‘azab, hasad, ta’magirlik, ochko‘zlik va boshqa narsalardir.

Laylo

  • Mehmon
Bularning sharhi tezda keladi. Qachonki, eshik ochiq va dushman xushyor bo‘lsa, bundan faqat qo‘riqlash va kurashish bilan himoyalaniladi. Bir kishi Hasan Basriyga «Ey Abu Said, shayton ham uxlaydimi?» deb savol berganida, u kishi tabassum qilib: «Agar uxlaganida biz rohatda bo‘lardik», degan ekanlar. Demak, mo‘min undan qutulishi mumkin emas. Lekin uni daf qilish va quvvatini zaiflashtirish uchun yo‘l bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta mo‘min kishi o‘z shaytonini sizlardan biringiz tuyasini safarda holdan toydirgani kabi holdan toydiradi», dedilar (Imom Ahmad rivoyati). Ibn Mas’ud roziyallohu anhu: «Mo‘minning shaytoni ozg‘in bo‘ladi», dedilar. Qays ibn Hajjoj dedilar: «Shaytonim menga: «Sening ichingga kirganimda men semiz tuyadek edim, hozir esa chumchuqqa o‘xshab qoldim», dedi. Shunda men undan «Nima uchun?» deb so‘radim. «Alloh taoloning zikri bilan meni kichraytirib yuboryapsan», deb javob qildi shayton». Taqvodor kishilarga shayton eshiklarini to‘sish va uni qo‘riqlash bilan himoya qilish, ya’ni zohiriy eshiklarini va oshkora gunohlarga olib boradigan ochiq-oydin yo‘llarini to‘sish qiyin bo‘lmaydi. Lekin ular shaytonning xufyona yo‘llarida toyilib ketishadi. Chunki ular uning xufyona yo‘llarini qo‘riqlash uchun uning qaerdaligini bilishmaydi.

Laylo

  • Mehmon
Ulamo va voizlarning aldanib qolishlari to‘g‘risida avval ishora qilganimiz bunga misol. Bu yerda mushkullik shundaki, shayton uchun qalbga ochilgan eshiklar ko‘p va farishtalarning eshiklari bittadir. Darhaqiqat, ana shu bitta eshik ko‘p eshiklar bilan chalkashib ketgan. Banda bu holatda xuddi zulmatli kechada yo‘llari ko‘p, lekin qaysisidan borilishi noma’lum bo‘lgan holda sahroda qolib ketgan bir musofirga o‘xshaydi. U yo‘lni faqat aql ko‘zi va yorituvchi quyoshning chiqishi bilan bilishi mumkin. Bu yerdagi aql ko‘zi taqvo bilan musaffo qilingan qalbdir. Yorituvchi quyosh esa Alloh taolo kitobidan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlaridan istifoda qilib olingan, qay biridan borilishi noma’lum bo‘lgan yo‘llarni aniqlab beradigan mukammal ilmdir. Agar musaffo qalb va mukammal ilm bo‘lmasa, shaytonning yo‘llari ko‘p va xufyonadir. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni bir chiziq chizdilar va: «Bu Allohning yo‘li», dedilar. So‘ngra chiziqning o‘ng va chap tomonlariga bir necha chiziqlarni chizdilar. Keyin: «Bu yo‘llarning har birida unga chaqirib turadigan shayton bor», dedilar (Nasaiy rivoyati, sanadi sahih). So‘ngra tilovat qildilar:

«Albatta mana shu Meningto‘g‘ri yo‘limdir. Bas, shu yo‘lga ergashinglar! (Boshqa) yo‘llarga ergashmangizki, ular sizlarni Uning yo‘lidan uzib qo‘yar» (An’om surasi, 153-oyat). (Bunda ana shu chizilgan chiziqlar nazarda tutilyapti.) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shaytonning yo‘li ko‘pligini bayon qilib berdilar».

Laylo

  • Mehmon
Darhaqiqat, shaytonning yo‘llaridan xufyonalari uchun bir necha misollarni zikr qildik. U ulamolar va shahvatlariga hukmlarini o‘tkaza oladigan, zohiriy gunohlardan o‘zlarini tiya oladiganlar aldanib qoladigan yo‘ldir. Endi shaytonning maxfiy bo‘lmagan, ochiq, lekin odamni undan yurishga majbur qiladigan yo‘li uchun ham bir misol keltiraylik. Bunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytgan hadislarni zikr etamiz. U zot sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Bani Isroil qavmida bir rohib bo‘lgan edi. Shayton bir qizning oldiga borib, uni bo‘g‘di. U qizning davosi rohib huzuridaligini qizning yaqinlari qalbiga soldi. Qizni rohib oldiga olib borishdi. U qizni qabul qilishdan bosh tortdi. Lekin ular ibodatgo‘y rohibga yalinib turib olishdi. Shunda uni qabul qilishga rozi bo‘ldi. Uni davolash uchun oldiga borganida shayton kelib, qizga yaqinlik qilishni chiroyli ko‘rsatdi. Oxiri u bilan jinsiy aloqada bo‘ldi. U qiz rohibdan homilador bo‘ldi. Obidga shayton vasvasa qilib: «Endi sharmanda bo‘lasan, hozir oldingga qizning yaqinlari keladi. Bas, qizni o‘ldir, agar sendan so‘rashsa, o‘zi o‘lib qoldi, deb aytgin», dedi.

Rohib qizni o‘ldirib, dafn qildi. Shayton esa uning ahli oldiga borib, rohib qizni homilador qilib, keyin o‘ldirganini va dafn etganini ularning qalblariga vasvasa qildi. Rohibning oldiga qizning oilasi kelib qizlari haqida so‘rashdi. U: «Qiz o‘lib qoldi», dedi. Shunda ular rohibni o‘ldirish uchun ushlashdi. Uning oldiga shayton kelib: «Qizni bo‘g‘ib kasal qilgan ham men, uning oilasi qalbiga (senga olib kelishni) solgan ham men, menga itoat qil, najot topasan. Ulardan seni xalos qilaman», dedi. Shunda rohib: «Nima narsa bilan (senga itoat qilay)?» dedi. Shayton: «Menga ikki bor sajda qil», dedi. Bas, rohib uning uchun ikki bor sajda qildi. Unga shayton: «Men sendan bezorman», dedi» (Ibn Abud-Dunyo rivoyati).

Laylo

  • Mehmon
Alloh taolo aytadi:
«(Yahudiylarni mo‘minlarga qarshilik qilishga gij-gijlayotgan munofiqlar) xuddi shaytonning o‘xshashidirlar. Eslang, u insonga «Kofir bo‘l», degan edi. Endi, qachonki, (inson) kofir bo‘lgach, (shayton unga): «Albatta men sendan bezorman. Zero, men barcha olamlar Parvardigori bo‘lmish Allohdan qo‘rqurman», dedi» (Hashr surasi, 16-oyat).

Endi shaytonning hiylalariga va rohibni gunohi kabiralarga majbur qilib qo‘yganiga qarang. Bularning hammasi qizni davolash uchun qabul qilishda shaytonga itoat etishdan hosil bo‘ldi va bu oson ishdir. Gohida mana shunday ishni boshlayotgan kishi uni yaxshi va savob ish, deb o‘ylaydi. Havoyi nafsning xufyona ishi tufayli ana shu narsa qalbida chiroyli bo‘lib ko‘rinadi, go‘yo yaxshilikka rag‘bat qilayotgan kishiga o‘xshab unga qo‘l uradi. Natijada ana shundan keyin u qilayotgan ish o‘z ixtiyoridan chiqib ketadi. Bir gunoh boshqa gunohga qarab tortadi. Inson bundan saqlana olmaydi. Allohdan ishlarning avvalini behuda qilib qo‘yishidan panoh so‘raymiz. Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu so‘zlarida ishora bordir: «Kimki (harom) chegarasi atrofida aylanib yursa, unga tushib ketmog‘i mumkin» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Laylo

  • Mehmon
Shaytonning qalbga kiradigan o‘rinlari tafsiloti bayoni

Bilingki, qalb misoli bir qo‘rg‘onga o‘xshaydi. Shayton esa qo‘rg‘onga bostirib kirib, unga egalik qilishni xohlab turgan dushmanga o‘xshaydi. Dushmandan qo‘rg‘onni saqlash uchun faqat uning eshiklari, kiriladigan boshqa joylari, zaif va teshik yerlarini qo‘riqlash kerak bo‘ladi. Eshiklar qaerdaligini bilmagan inson uni qo‘riqlay olmaydi.

Qalbni shayton vasvasasidan himoya qilish vojibdir. U har bir mukallaf bandaga farzi ayndir. Vojib amalga yetish uchun kerakli amallar ham vojib bo‘ladi. Shaytonni daf qilishga kerakli amal uning kirish joylarini bilishdir. Demak, shaytonning kiradigan joylarini bilish ham vojib. Shaytonning kiradigan joylari va uning eshiklari bandaning sifatlaridir. U juda ko‘pdir. Lekin biz so‘qmoq, yolg‘izoyoq yo‘l ma’nosidagi eshiklarga ishora qilyapmiz. Bunday eshiklar shayton askarlari ko‘p bo‘lsa ham, kirishiga torlik qilmaydi. G’azab va shahvat uning katta eshiklaridandir. Chunki g‘azab aqlga hujum qilish, deganidir. Agar aql qo‘shini zaiflashsa, shayton askarlari hujum qiladi. Inson, qachonki, g‘azablanadigan bo‘lsa, shayton uni go‘yo go‘dak to‘pni o‘ynaganidek o‘ynaydi.

 

Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (O'limni eslash kitobi)

Muallif Muslima_subhBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 96
Ko'rilgan: 52771
So'nggi javob 22 Iyul 2008, 09:39:38
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tavba kitobi)

Muallif Musannif AdhamBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 222
Ko'rilgan: 81925
So'nggi javob 20 Sentyabr 2008, 00:41:06
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ro‘za sirlari kitobi)

Muallif AbdulAzizBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 27
Ko'rilgan: 17621
So'nggi javob 29 Sentyabr 2008, 01:35:42
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Zakot sirlari kitobi)

Muallif AbdulAzizBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 65
Ko'rilgan: 27338
So'nggi javob 29 Sentyabr 2008, 02:15:22
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tafakkur kitobi)

Muallif AbdullоhBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 85
Ko'rilgan: 34294
So'nggi javob 31 Yanvar 2009, 02:23:23
muallifi AbdulAziz