Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 177105 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 33 B


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:35:07

Rivoyat qilinishicha, Muso alayhissalomga Iblis yo‘liqib aytdi: «Ey Muso, Alloh taolo sizni elchilikka tanlab olgan va siz bilan gaplashgandir. Men Alloh taoloning gunoh qilib qo‘ygan maxluqlaridan biriman. Tavba qilishni xohlayman. Robbim tavbamni qabul qilishida menga shafoatchi bo‘ling». Muso alayhissalom uning talabiga rozi bo‘ldilar. Toqqa ko‘tarilib Robbilari bilan gaplashdilar. Keyin tog‘dan tushishni xohlaganlarida Robbilari u kishiga «Omonatni ado qiling», dedi. Muso alayhissalom: «Ey Robbim, bandang Iblis tavbasini qabul qilishingni xohlayapti», dedilar. Alloh taolo Muso alayhissalomga vahiy qilib: «Ey Muso, hojatingizni ro‘yobga chiqaraman, Iblisga buyuring, Odamning qabriga sajda qilsin, keyin uning tavbasi qabul qilinadi», dedi. Muso alayhissalom Iblisga: «Hojating ravo qilinadigan bo‘ldi, Odam alayhissalomning qabrlariga sajda qilishga buyurilding, keyin tavbang qabul qilinadi», dedilar. Shunda shayton g‘azablanib kibrlandi va: «Unga tirikligida sajda qilmagan edim, o‘lganidan keyin sajda qilamanmi?!» dedi. So‘ngra Muso alayhissalomga shunday dedi: «Meni Robbingiz huzurida shafoat qilganingiz uchun ustimda haqqingiz bor, bas, uch narsa sodir bo‘lgan paytda meni eslang, o‘sha uch narsada sizni halok qilmayman. Birinchisi - meni g‘azablangan paytingizda eslang, chunki ruhim sizning qalbingizda bo‘ladi va ko‘zim ko‘zingiz ichida bo‘ladi hamda qon yuradigan joylaringizda yuraman. G’azab qilgan paytingizda meni yodingizdan chiqarmang. Chunki inson g‘azablansa, burniga puflab qo‘yaman, u nima qilayotganini bilmay qoladi. Ikkinchisi - meni jangga kirgan paytingizda eslang, chunki Odam farzandi jangga kirgan paytida uning oldiga borib, oilasini va xotin, bola-chaqasini eslataman, hatto u jangni tashlab qochib ketadi. Uchinchisi - nomahram ayol bilan birga o‘tirmoqdan o‘zingizni saqlang, chunki sizni unga, uni sizga yuborguchi elchilaringizman. Oralaringizda doim birga bo‘lib, sizni u bilan, uni siz bilan fitnalantirib qo‘yaman».

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:35:36

Mana shu so‘zlari bilan shayton shahvat, g‘azab va ochko‘zlikka ishora qildi, chunki jangdan qochish dunyoga harislikdandir. Odam alayhissalomga o‘lganlarida sajda qilishdan bosh tortishi - bu hasaddir. Bu qalbga kirish eshiklarining kattalaridandir.

Zikr qilinishicha, ba’zi avliyolar Iblisga: «Odam farzandiga qanday qilib ustun kelasan?» deyishganida, shayton: «G’azab va havoyi nafsga ergashgan paytida uni ushlayman», dedi.

Hikoya qilinishicha, Iblis bir rohibga ko‘ringanida rohib undan: «Odam farzandining qaysi axloqi senga ko‘proq yordam beradi?» deb so‘rabdi. Shayton: «Jizzakilik, chunki agar banda jizzaki bo‘lsa, go‘dak to‘pni aylantirganidek, biz uni aylantiramiz», deb javob bergan ekan.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:35:55

Aytilishicha, shayton shunday derkan: «Odam farzandi qanday qilib mendan ustun kela olardi? Agar rozilik holatida bo‘lsa, kelib qalbiga o‘rnashib olaman. Agar g‘azabli holatida bo‘lsa, uchib boshiga o‘rnashib olaman».

Yana katta eshiklardan biri hasad va ochko‘zlikdir. Qachon banda biror narsaga ochko‘zlik qilsa, uning ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar bo‘lib qoladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Sening bir narsaga bo‘lgan muhabbating ko‘r, kar qiladi», dedilar (Abu Dovud rivoyati, sanadi zaif). Shaytonning qalbga kirish o‘rinlarini esa faqat qalb ko‘zi biladi. Agar qalb ko‘zini hasad va hirs to‘sib qo‘yadigan bo‘lsa, u holda hech narsani ko‘rolmay qoladi. Ana shu paytda shayton o‘ziga qulay fursat topadi. U hirs va shahvatga olib boradigan narsani, garchi u munkar va fahsh narsa bo‘lsa ham, chiroyli qilib ko‘rsatadi.

Rivoyat qilinishicha, Nuh alayhissalom kemaga chiqqan vaqtlarida, Alloh u kishiga buyurganidek, jonivorlardan ikkitadan - erkak va urg‘ochi qilib oldilar. Kemada o‘zlari tanimaydigan bir keksa kishini ko‘rdilar. Unga: «Nima uchun kirding?» dedilar. U: «Do‘stlaring qalbini nobud qilish uchun kirdim. Ularning qalblari men bilan bo‘lib, badanlari sen bilan qoladi», dedi. Nuh alayhissalom unga: «Chiq bu kemadan, ey Allohning dushmani, chunki sen la’natlangansan», dedilar. Iblis aytdi: «Besh narsa borki, insonlarni ana shular bilan halok qilaman. Senga ulardan uchtasini aytib beray, lekin ikkitasini aytmayman», dedi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:36:09

Alloh taolo Nuh alayhissalomga vahiy qilib: «U uch narsaga sizda hojat yo‘q, keyingi ikkitasini aytsin», dedi. Nuh alayhissalom unga: «U ikki narsa nima?» dedilar. Shayton: «Ular shunday narsalarki, meni yolg‘onchi qilib ham qo‘ymaydi, menga xilof ham qilmaydi. Ana shu ikki narsa bilan insonlarni halok qilaman. Ular hirs va hasaddir. Hasad bilan la’natlandim va quvilgan shaytonga aylandim. Ammo hirsga kelsak, Odam uchun jannatda har bir narsaning ruxsati berildi, faqat bir daraxtning ruxsati berilmadi. Bas, men harislik bilan unga daraxt mevasidan yedirib maqsadimga yetdim», dedi.

Shaytonning katta eshiklaridan yana biri ovqatni garchi u pokiza va halol bo‘lsa ham, to‘yib yeyishdir. Chunki bu shahvatlarni kuchaytiradi. Shahvatlar esa shaytonning qurollaridir.

Rivoyat qilinishicha, Iblis Zakariyo alayhissalomning o‘g‘illari Yahyo alayhissalomga ko‘rindi. Yahyo alayhissalom uning ustida har bir narsa uchun ilmoqlarni ko‘rdilar. Unga: «Ey Iblis, bu qanday ilmoqlar?» dedilar. Shayton aytdi: «Bular shahvatlardir, ular bilan odam farzandiga yetishaman». «Bu ilmoqlar ichida men ham ilinadiganim bormi?» dedilar Yahyo alayhissalom. «Ha, bor. Gohida to‘yganingizda namozda va Alloh zikrida sizga malollik sezdiramiz», dedi Iblis. «Yana bundan boshqa narsa bormi?» dedilar Yahyo alayhissalom. «Yo‘q», dedi shayton. Yahyo alayhissalom aytdilar: «Alloh uchun hamma vaqt taomni to‘yib yemaslikni lozim tutaman». Shunda shayton ham Yahyo alayhissalomga: «Men ham Alloh uchun doimo biron musulmonga nasihat qilmaslikni lozim tutaman», dedi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:36:41

Aytiladiki, insonning ko‘p yeyishida oltita xatar bor: ularning birinchisi - uning qalbidan Allohdan qo‘rqish ketib qoladi. Ikkinchisi -xalqqa rahm-shafqat qilish yo‘qoladi, chunki u hammani (o‘ziga o‘xshab) to‘q deb o‘ylaydi. Uchinchisi - toat qilishga malollanib qoladi. To‘rtinchisi -agar biror hikmatli so‘zni eshitsa, o‘zida halimlik topmaydi. Beshinchisi - agar u nasihat va hikmatni gapirsa, insonlar qalbida o‘rnashmaydi. Oltinchisi - unda har xil kasalliklar qo‘zg‘oladi.

Shaytonning eshiklaridan yana biri jihozlar, kiyimlar va hovli-joy bilan ziynatlanishni yaxshi ko‘rishdir. Chunki shayton ana shu narsalar inson qalbini egallaganini ko‘rsa, u yerda tuxum qo‘yib, bola ochadi. Doim insonni hovlisini obod qilishga, shift va devorlarini ziynatlashga, binolarini keng qilishga chaqirib turadi. Yana insonni kiyim va ulovlar bilan ziynatlanishga chorlaydi. Umri bo‘yi mana shunday narsalar vositasida insonni o‘ziga bo‘ysundiradi. Agar shayton uni shu holatga tushirsa, oldiga ikkinchi bor kelishiga hojat qolmaydi. Chunki bunday ishlarning biri ikkinchisiga ulanib, biri ikkinchisini yetaklab to o‘lgunicha davom etaveradi. So‘ngra nafsi havosiga ergashib, shayton yo‘lida o‘lib ketadi. Bunday narsalarning oqibati kofirlik bilan tugashi xavfi bor. Bundan Allohdan panoh so‘raymiz.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:36:59

Uning katta eshiklaridan yana biri insonlardan ta’ma qilishdir. Chunki qalbda ta’ma kuchaysa, shayton doim ta’magir kishini har xil riyolar, firiblar bilan o‘ralashtirib qo‘yadi. U ta’ma kutilayotgan kishida yo‘q sifatlarni bor qilib ziynatlab ko‘rsatish bilan ovora qilib qo‘yadi. Hatto ta’ma qilinayotgan kishi go‘yo ta’magirning ma’budiga o‘xshab qoladi. Doim unga yaxshi ko‘rinish va do‘st bo‘lish hiylalari to‘g‘risida tinmay fikr qiladigan bo‘lib qoladi. Ana shunga yetishish uchun har xil ko‘chalarga kirib chiqadi. Ta’magir holatining eng ozi ta’ma qilinayotgan kishini unda yo‘q sifatlar bilan maqtash va yaxshilikka buyurmasdan, yomonlikdan qaytarmasdan tilyog‘lamalik qilishidir. Safvon ibn Salimning rivoyat qilishlaricha, Iblis Abdulloh ibn Xanzalaga ko‘rindi va u kishiga: «Ey Xanzalaning o‘g‘li, men senga o‘rgatib qo‘ygan narsani yodingda tut», dedi. U kishi: «U narsaga ehtiyojim yo‘q», dedilar. Shayton: «Qara, agar yaxshi bo‘lsa, olasan, yomon bo‘lsa, rad qilasan. Ey Xanzalaning o‘g‘li, Allohdan boshqa kishidan rag‘bat bilan biror narsa so‘rama. G’azablanganingda qay holda bo‘lishingga qara, chunki men g‘azablanganingda senga ega bo‘lib olaman», dedi.

Katta eshiklardan yana biri shoshqaloqlik va ishlarda sobit turmaslikdir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Shoshqaloqlik shaytondandir, xotirjamlik Allohdandir», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo aytadi:
«(Haqiqatan) inson shoshqaloq holda yaralgandir» (Anbiyo surasi, 37-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:38:14

Yana aytadi:
«Inson (Alloh taolodan) yaxshilik so‘rab duoi xayr qilgani kabi (goho siqilgan paytlarida) yomonlik tilab duoibad ham qilur. Inson (mana shunday) shoshqaloqdir» (Al-Isro surasi, 11-oyat).

Yana Alloh taolo Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga aytdi:
«(Ey Muhammad alayhissalom), sizga (Qur’on) vahiysi bitishidan ilgari qiroat qilishga shoshmang (balki farishta Jabroil Alloh tomonidan keltirgan oyatni to‘la o‘qib bo‘lganidan keyingina qiroat qiling)» (Toha surasi, 114-oyat).

Chunki ishlarni avval yaxshilab ko‘rib-bilgandan keyin qilinmog‘i lozim bo‘ladi. Uni yaxshilab ko‘rib-bilish esa taammul va xotirjamlik bilandir. Shoshqaloqlik taammuldan to‘sadi. Yana shoshilingan vaqtda shayton insonga bilmagan tomonidan yomonligini ko‘paytirib yuboradi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:38:48

Batahqiq, Maryamning o‘g‘illari Iso alayhissalom tug‘ilganlarida shaytonlar boshliqlari Iblisning oldiga borib: «Butlarning oyoqlari osmondan bo‘lib qoldi», deyishdi. Shunda Iblis: «Bu ish yangilik, shu yerda turinglar», dedi-da, uchib ketdi. U yer yuzining ikki chekkasigacha ham aylanib chiqdi. Hech narsa topa olmadi. So‘ngra Iso alayhissalomning tug‘ilib bo‘lganlarini ko‘rdi. U kishini farishtalar o‘rab olishgan edi. Iblis shaytonlarning oldiga qaytib kelib aytdi: «Bu kecha bir payg‘ambar dunyoga keldi, chunki biron ayol homilador bo‘lib, keyin tug‘adigan bo‘lsa, albatta uning oldida bo‘lar edim. Ammo bu tug‘ilgan bolada bunday bo‘lmadi. Bu kechadan keyin butlarga ibodat qilinishidan umidlaringizni uzinglar, lekin odam farzandlarining oldiga shoshqaloqlik va yengiltaklik tomonlaridan boringlar».

Shaytonning katta eshiklaridan yana biri dirham va dinorlar, turli matolar, ulovlar, yerlardan iborat mollardir, chunki oziqlanish va hojatdan ortiqcha har bir narsa shaytonning qarorgohidir. Insonda yegulikka yetarli narsa bo‘lsa, uning qalbi (har xil tashvishlardan) xoli bo‘ladi. Bir kishi yo‘ldan, masalan, yuz dinor topib olsa, qalbida o‘n xil shahvat paydo bo‘ladi. Ana shu shahvatlarning har biri yana yuz dinorga muhtoj bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:39:04

Topilgan yuz dinor unga kifoya qilmaydi, balki yana to‘qqiz yuz dinorga muhtoj bo‘ladi. Ana shu yuz dinor topilmasdan oldin u behojat bir kishi edi. Endi yuz dinor topilgani uchun o‘zini boy kishiga aylangan deb o‘ylaydi. Batahqiq, endi uy sotib olib, uni obod qilish uchun, bir cho‘ri, uy jihozlari, yana po‘rim kiyimlar sotib olish uchun kerak bo‘ladigan to‘qqiz yuz dinorga ham muhtoj kishiga aylanib qoladi. Bu narsalarning har biri o‘ziga munosib boshqa narsalarni chaqiraveradi. Bu narsalarning oxiri yo‘q. Natijada oxiri jahannamning tubi bo‘lgan chuqurga tushib ketadi. Endi undan boshqa yo‘l yo‘q.

Sobit ul-Banoniy aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar qilib yuborilgan vaqtlarda Iblis o‘z shaytonlariga: «Bir hodisa sodir bo‘ldi, borib nima bo‘lganini bilib kelinglar», dedi (Ibn Abud-Dunyo rivoyati). Ular jo‘nashdi. Va nima bo‘lganini bilishdan ojiz holda qaytib kelishdi. Iblisga bilolmadik, deyishdi. Iblis: «Men o‘zim xabarini bilib kelaman», dedi va jo‘nadi. So‘ngra kelib: «Batahqiq, Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni payg‘ambar qilib yuboribdi», dedi va shaytonlarni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalariga yubora boshladi. Ular noumid qaytib kelishar va: «Bularga o‘xshagan qavm bilan hech birga bo‘lmaganmiz. Ularga endi yetganimizda namozlariga turib ketishadi. Ulardan (biz yetkazgan vasvasalar) o‘chirib yuboriladi», deyishardi. Ularga Iblis: «Hali shoshilmanglar, balki Alloh taolo ularga dunyoni ochib berishi mumkin, ana shunda maqsadimizga yetamiz», dedi».

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:39:16

Rivoyat qilinishicha, Iso alayhissalom bir kuni bir toshni yostiq qilib yotdilar. U kishining oldilaridan Iblis o‘tib: «Ey Iso, dunyoga rag‘bat qilib qoldingizmi?» dedi. Iso alayhissalom boshlari ostidan toshni otib yubordilar va: «Bu ham senga dunyo qatorida», dedilar. Haqiqatan ham uxlaydigan vaqtda yostiq qilish uchun bir toshga ega bo‘lgan kishi dunyodan shayton unga qurol qilishi mumkin bo‘lgan narsaga ega bo‘libdi. Masalan, kechasi namoz o‘qish uchun qoyim bo‘lgan kishining yaqinida yostiq qilishga bir tosh bo‘lsa, ana shu tosh doim uni uyquga va boshiga yostiq qilishga chaqirib turadi. Agar tosh bo‘lmasa, narsa ko‘ngliga kelmaydi va unda uyquga rag‘bat qo‘zg‘olmaydi. Bu gap tosh to‘g‘risida bo‘lyapti, ammo yumshoq yostiqlar, muloyim ko‘rpachalar, yaxshi, toza narsalarga ega kishi bilan shayton qanday munosabatda bo‘ladi!? U Alloh ibodati uchun qachon g‘ayrat qiladi?

Shaytonning yana katta eshiklaridan biri baxillik va kambag‘allikdan qo‘rqishdir. Mana shu narsa insonni infoq-ehson qilish va sadaqa berishdan to‘xtatib qo‘yadi. Uni (mol-dunyo) to‘plashga va alamli azobga chaqiradi. Bu Qur’oni karimda aytilganidek, mol jamlashda bir-biri bilan musobaqalashayotgan kishilarga va’da qilingan azobdir. Xaysama ibn Abdurahmon aytdilar: «Shayton: «Odam farzandi mendan biror marta ustun kelolmadi. Bas, mendan uch o‘rinda hargiz ustun kelolmaydi: unga molni nohaq olishni, haqqidan boshqa joylarga sarflashni va haq bo‘lgan joylariga bermaslikni buyurmog‘imda», deb aytdi». Sufyon Savriy aytdilar: «Shaytonga kambag‘allikdan qo‘rqitishga ko‘ra zo‘r qurol yo‘q. Agar inson shaytonning mana shu qo‘rqitishini qabul qilsa, molni botil yo‘llardan topadi, haq joylarga sarflamaydi, havoyi nafsi buyurgan narsani gapiradi, o‘z Robbiga yomon gumon qiladi».

Qayd etilgan