Baxillikning sifatlaridan biri mol jamlash uchun bozorlarni kezishga o‘ch bo‘lishdir. Bozorlar esa shaytonlarning to‘planadigan joylaridir. Abu Amomaning rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Iblis yerga tushgan vaqtda «Ey Robbim, meni yerga tushirding va dargohingdan quvding, endi menga bir uy qilib ber», dedi. Alloh taolo unga: «Hammom», dedi. «Menga majlislar joyi qilib ber», dedi. Alloh taolo: «Bozorlar va yo‘llarda (odamlar) to‘planadigan joylar», dedi. «Menga taom qilib ber», dedi. Alloh taolo: «Sening taoming Alloh ismi zikr qilinmagan narsalar», dedi. «Menga ichimlik qilib ber», dedi. Alloh taolo: «Har bir mast qiluvchi narsa», dedi. «Menga muazzin qilib ber», dedi. Alloh taolo: «Ashulalar», dedi. «Menga Qur’on (ya’ni, o‘qigani kitob) qilib ber», dedi. Alloh taolo: «She’r», dedi. «Menga yozuv qilib ber», dedi. Alloh taolo: «(Badanga) naqsh (tatuirovka) qilish», dedi. «Menga gap qilib ber», dedi. Alloh taolo: «Yolg‘on», dedi. «Menga tuzoqlar qilib ber», dedi. Alloh taolo: «Ayollar», dedi» (Tabaroniy rivoyati, sanadi juda zaif).
Yana uning katta eshiklaridan biri yo‘llarni va xohishlarni mutaassiblik bilan mahkam ushlab olish, xusumatchilarga (nisbatan ko‘nglida) gina saqlash, ularga past nazar bilan qarash va haqir sanashdir. Mana shular obidlarni ham, fosiqlarni ham halok qiluvchi narsalardir. Chunki insonlarga ta’na qilish, ularning kamchiliklarini zikr qilish bilan mashg‘ul bo‘lish insonga fitrat qilib berilgan yirtqichlik sifatlaridan biridir.