Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 177059 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 33 B


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:39:52

Baxillikning sifatlaridan biri mol jamlash uchun bozorlarni kezishga o‘ch bo‘lishdir. Bozorlar esa shaytonlarning to‘planadigan joylaridir. Abu Amomaning rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Iblis yerga tushgan vaqtda «Ey Robbim, meni yerga tushirding va dargohingdan quvding, endi menga bir uy qilib ber», dedi. Alloh taolo unga: «Hammom», dedi. «Menga majlislar joyi qilib ber», dedi. Alloh taolo: «Bozorlar va yo‘llarda (odamlar) to‘planadigan joylar», dedi. «Menga taom qilib ber», dedi. Alloh taolo: «Sening taoming Alloh ismi zikr qilinmagan narsalar», dedi. «Menga ichimlik qilib ber», dedi. Alloh taolo: «Har bir mast qiluvchi narsa», dedi. «Menga muazzin qilib ber», dedi. Alloh taolo: «Ashulalar», dedi. «Menga Qur’on (ya’ni, o‘qigani kitob) qilib ber», dedi. Alloh taolo: «She’r», dedi. «Menga yozuv qilib ber», dedi. Alloh taolo: «(Badanga) naqsh (tatuirovka) qilish», dedi. «Menga gap qilib ber», dedi. Alloh taolo: «Yolg‘on», dedi. «Menga tuzoqlar qilib ber», dedi. Alloh taolo: «Ayollar», dedi» (Tabaroniy rivoyati, sanadi juda zaif).

Yana uning katta eshiklaridan biri yo‘llarni va xohishlarni mutaassiblik bilan mahkam ushlab olish, xusumatchilarga (nisbatan ko‘nglida) gina saqlash, ularga past nazar bilan qarash va haqir sanashdir. Mana shular obidlarni ham, fosiqlarni ham halok qiluvchi narsalardir. Chunki insonlarga ta’na qilish, ularning kamchiliklarini zikr qilish bilan mashg‘ul bo‘lish insonga fitrat qilib berilgan yirtqichlik sifatlaridan biridir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:41:04

Shayton o‘sha narsalarni haq, deb xayoliga keltirsa va tabiatiga ham muvofiq kelsa, undan halovat topishi qalbida ustunlik qiladi. U xursand va shod bo‘lib, o‘sha narsa bilan shug‘ullanishga butkul kirishib ketadi. O’zini din yo‘lida harakat qilayotgan kishi, deb o‘ylaydi. Vaholanki, u shaytonga ergashish yo‘lidan ketyapti. Masalan, shunday odamlardan birining Abu Bakr roziyallohu anhu yo‘llarini mahkam ushlab olganini ko‘rasiz. Zero, o‘zi harom yeyuvchi, ortiqcha gaplar va yolg‘onga tilini bo‘sh qo‘ygan, har xil fasod ishlarga beriluvchidir. Agar uni Abu Bakr roziyallohu anhu ko‘rganlarida dushmanining avvalgisi bo‘lardilar. Vaholanki, hazrat Abu Bakrning do‘stlari u kishining yo‘llarini o‘zlariga yo‘l qilib olgan, u kishining siyratlariga ko‘ra yura olgan, ikki jag‘ining o‘rtasidagi narsani (ya’ni, tilini) saqlay olgan kishidir. Tillarini befoyda so‘zlardan tiyib yurish uchun og‘izlariga mayda tosh solib olish Abu Bakr roziyallohu anhu siyratlaridandir. Bu xira kimsaning Abu Bakr siyratlariga ko‘ra hayot kechirmay, u zotni yaxshi ko‘rishni va do‘st tutishni da’vo qilishi qayoqda? Yana boshqa bir xiraning Ali roziyallohu anhu yo‘lini mahkam ushlab olganini ko‘rasiz. Vaholanki, Ali roziyallohu anhuning zuhd (dunyodan yuz o‘girishlari) va siyratlari shunday ediki, xalifalik paytlarida o‘zlariga uch dirhamga bitta ko‘ylak xarid qilib, yengini bilaklarigacha qirqib oldilar. Bu fosiqni esa ipak kiyimlar kiyib olgan va haromdan topgan mollari bilan ziynatlangan holda ko‘ramiz. Vaholanki, u Ali roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rishni da’vo qiladi. Zero, hazrat Ali qiyomat kuni unga xusumatchi kishilarning eng birinchisi bo‘ladilar.

Bundaylar haqida taxminim shunday: bir kishi boshqa bir inson uchun aziz bo‘lgan, ko‘zining qorachig‘i va qalbining parchasi farzandini tutib ura boshlasa, (badanini) parchalab tashlasa, sochlarini yulib, qaychi bilan qirqsa-da, shunday holatda bolaning otasini yaxshi ko‘rishini da’vo qilsa, bolani otasi oldida kaltaklagan nima bo‘ladi?

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:43:56

Din va shariat Abu Bakr (r.a.), Usmon (r.a.), Umar (r.a.), Ali (r.a.) hamda boshqa sahobalarning hammalariga ham ahli-bolalaridan-u o‘z nafslaridan-da yaxshiroqdir. Shariat gunoh hisoblagan amallarni qiluvchi kishilar esa shariatni parchalaydigan, shahvat qaychilari bilan kesib tashlaydigan, bu ishlari bilan Alloh va uning do‘stlarining dushmani Iblisni do‘st tutadiganlardir. Qiyomat kuni sahobalar va Allohning do‘stlari oldida ularning hollari qanday bo‘lishini ko‘rasiz. Agar parda ko‘tarilib, o‘sha insonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ummatlari ichidagi sahobalar nimalarni yaxshi ko‘rishini bilganlarida, o‘z ishlari qabih bo‘lgani uchun sahobalarning zikrini tillariga olmoqdan uyalishardi. So‘ngra shayton ularning xayoliga kim Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumlarni yaxshi ko‘rgan holida olamdan o‘tsa, unga do‘zax yaqinlashmaydi, degan fikrni keltiradi. Boshqa kishiga esa kim Ali roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rgan holida olamdan o‘tsa, unga xavf bo‘lmaydi, deb xayol qildiradi. Vaholanki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdek zot ham o‘zlarining bir parchalari bo‘lgan qizlari Fotima roziyallohu anhoga ham «Amal qil, chunki men seni Alloh taolo (tarafidan kelgan) biror narsadan ozod qilolmayman», deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Bu biz keltirgan misol havoyi nafslar qatoridandir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:44:17

Shofe’iy, Abu Hanifa, Molik va Ahmad ibn Hanbal va boshqa imomlar (rahmatullohi alayhim)ga ham mutaassiblik qilib yopishib olgan kishilarning hukmlari xuddi shu kabidir. Bir imom mazhabini da’vo qilgan kishilarning hammasi ham ularning hayot tarziga muvofiq yashamaydi. O’sha imom qiyomat kunida shunday insonlarning xusumatchisi bo‘ladi va unga aytadi: «Mening mazhabim amal qilish uchun edi, til bilan gapirish emas edi. Til bilan gapirish amal qilish uchun bo‘ladi, aljirash uchun emas. Senga nima bo‘ldiki, mening mazhabimdagi amalda menga xilof qilding, men uni tutib Allohga yaqinlashdim, so‘ngra mazhabimni yolg‘onchi holda da’vo qilding».

Bu shayton eshiklarining kattasidir. Ana shu bilan shayton insonlarning ko‘pini halok qilgan. Darsxonalar ham Allohdan qo‘rqinchlari oz, dinni yaxshi tushunmaydigan, dunyoga rag‘bati kuchli, ortidan yurishni talab qiladigan qavmlar qo‘liga topshirib qo‘yildi. Vaholanki, ular orqalaridan xaloyiqni ergashtirishga ham, martabalarini ko‘tarishga ham faqat mutaassiblik bilan erishganlar. Ana shu narsalarni qalblarida pinhon tutib, xaloyiqni bundagi shayton hiylalaridan ogohlantirishmadi. Balki hiylalarni ro‘yobga chiqarishda shaytonga o‘rinbosarlik qilishdi. Odamlar shu yo‘sinda dinlari asoslarini unutdilar. Batahqiq, mutaassiblarning o‘zlari ham halok bo‘lishdi, boshqalarni ham halok qilishdi. Alloh taolo bizning ham, ularningham tavbalarini qabul qilsin!

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:44:30

Hasan Basriy aytadilar: «Bizga yetib keldiki, Iblis: «Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatlariga gunohlarda vasvasa qildim, belimni istig‘for aytish bilan sindirishdi. Shunda ularga istig‘for aytilmaydigan gunohlarni vasvasa qildimki, bular havoyi nafslardir», dedi». Batahqiq, Iblisi mal’un ushbu so‘zni to‘g‘ri aytdi, chunki ular qilayotgan ana shu ishlarini gunohlarga tortadigan sabablardan ekanini bilishmaydi-yu, qanday qilib unga istig‘for aytishsin?!

Yana shayton hiylalarining kattalaridan biri insonning odamlar o‘rtasida mazhablar to‘g‘risida kelib chiqqan ixtilof va tortishuvlar bilan ovora bo‘lib, o‘z nafsi haqida beparvo bo‘lib qolishidir. Abdulloh ibn Mas’ud aytdilar: «Bir qavm Alloh taoloni zikr qilib o‘tirganida ularning oldiga majlislaridan turg‘azish va oralarini ajratib tashlash uchun shayton keldi. Lekin u bunga qodir bo‘lolmadi. Ularga yaqin boshqa bir majlisga bordi. Ular dunyo gaplaridan suhbatlashishar edi. Ularning oralarini buzdi, bir-birlari bilan urishib ketishdi. Shayton bularning urishishlarini xohlamagan edi. Allohni eslayotgan kishilar majlisdan turishdi. Urishayotganlarning orasini ajratish bilan birga majlislaridan ham tarqab ketishdi. Shaytonning urishtirishdan maqsadi ham mana shu edi».

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:44:45

Yana uning eshiklaridan biri ilm bilan shug‘ullanmagan va undan baxra olmagan avom xalqni Alloh zoti va sifatlari hamda aqllari yetmaydigan ishlar to‘g‘risida tafakkur qilishga undashdir. Natijada shayton ularni dinning asli haqida tortishuvga boshlaydi yoki ularning xayollariga Alloh to‘g‘risida har xil gumonlarni soladi. Alloh taolo bunday gumonlardan oliydir. O’sha inson bunday xayollar bilan kofir yoki bid’atchiga aylanib qoladi. Vaholanki, o‘zi qalbiga tushgan bunday xayollardan xursand va shod holda buni ma’rifat va idrok, deb o‘ylaydi hamda bu narsalar o‘zining ziyrakligi va aqlining ziyodaligi bilan kashf bo‘ldi, degan fikrga boradi. Insonlarning eng ahmog‘i o‘z aqliga qattiq e’tiqod qiluvchisidir. Insonlarning eng aqllisi esa nafsini ko‘p ayblab, ulamolardan ko‘p so‘raydiganidir.

Oisha roziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta shayton sizlardan biringizning oldiga kelib: «Seni kim yaratgan?» deydi. U: «Alloh taborak va taolo», deb javob beradi. Keyin shayton: «Allohni kim yaratgan?» deydi. Agar sizlardan biringiz o‘zida mana shunday holatni topsa, Alloh va rasuliga iymon keltirdim, desin, chunki mana shunday deyishi (shayton vasvasasini) ketkazadi», dedilar» (Imom Ahmad rivoyati). Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu vasvasaning davosi haqida bahs yuritishga buyurmadilar, negaki bu vasvasa insonlarning avomlarida bo‘ladi, ulamolarda emas. Albatta avomlarning haqqi unga iymon keltirib taslim bo‘lish hamda ibodat va tirikchiliklari bilan shug‘ullanib, ilmni ulamolarga havola qilmoqlaridir. Omi kishining ilm to‘g‘risida (bilmagan narsasini) gapirmog‘idan ko‘ra o‘g‘rilik yoki zino qilmog‘i o‘ziga yaxshiroqdir. Chunki u Alloh to‘g‘risida va din haqida puxta ilmga ega bo‘lmay gapirsa, suzishni bilmagan kishining dengiz qa’riga sho‘ng‘iganiga o‘xshab, o‘zi bilmagan holda kufrga tushib qoladi. Shaytonning aqida va mazhablarga taalluqli narsalardagi hiylalari sanoqsizdir. Albatta biz yuqoridagilarni bir misol o‘laroq keltirdik, xolos.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:45:06

Yana shayton eshiklaridan biri musulmonga nisbatan yomon gumon qilishdir. Bu to‘g‘rida Alloh taolo aytadi:

«Ey mo‘minlar, ko‘p gumon(lar)dan chetlaninglar! Chunki ayrim gumon(lar) gunohdir» (Hujurot surasi, 12-oyat).

Kim gumon qilish bilan boshqa bir kishiga yomonlikni ravo ko‘rsa, shayton uni o‘sha kishi haqida ko‘p g‘iybat qilishga undaydi. Natijada o‘zi halok bo‘ladi yoki g‘iybat qilgan kishisining haqini poymol etadi yoxud uni hurmat qilishda sustkashlik ko‘rsatadi va unga past nazar bilan qaraydi, o‘zini undan yaxshiroq deb biladi. Bularning har biri halok qiluvchi narsalardir. Shuning uchun shariat ayblovlarga aralashishdan qaytardi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Tuhmat o‘rinlaridan saqlaninglar», dedilar (asli yo‘q hadis). Hatto Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham shundan ehtiyot bo‘ldilar. Ali ibn Xusayndan rivoyat qilinishicha, Xuyya ibn Axtabning qizlari Sofiyya (r.a.) u kishiga shunday xabar bergan ekanlar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam masjidda e’tikof o‘tirgan edilar, u kishining oldilariga bordim.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:45:41

U zot bilan gaplashib o‘tirdim. Vaqt kech bo‘lib qolganida u yerdan qaytdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham men bilan ketdilar. U zotning oldilaridan ansorlardan ikki kishi o‘tdi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom berishdi. So‘ngra qaytib ketishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga nido qilib: «Bu ayol Xuyyaning qizi Sofiyya (r.a.)», dedilar. Ular: «Ey Rasululloh, sizga faqat yaxshi gumon qilamiz», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta shayton odam farzandining jismidagi qon yo‘lida yuradi va shayton sizlarga (yomon gumon) kirgizishidan qo‘rqdim», dedilar». Qarang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ikki ansoriyni dini uchun katta xatar bo‘lgan gumondan saqlabgina qolmadilar, ummatlari uchun xatarli bo‘lgan tuhmatdan ehtiyot bo‘lish yo‘llarini o‘rgatdilar. Hatto parhezkor, dindorligi bilan tanilgan olim ham yengiltaklik qilib manmansirashlik bilan: «Menga o‘xshagan kishilarga faqat yaxshi gumon qilinadi», deb aytmasin. Chunki insonlarning eng parhezkori, taqvodori va bilimdoniga ham hamma bir xil nazar bilan qaramaydi. Balki ba’zilari rozilik ko‘zi bilan, ba’zilari g‘azab ko‘zi bilan qaraydi. Shuning uchun shoir: «Rozilik ko‘zi har bir aybdan charchaydi, lekin g‘azab ko‘zi nuqsonlarni zohir qiladi» mazmunidagi she’rni aytgan.

Yomon gumonlardan va yomonlarning tuhmatidan ehtiyot bo‘lish vojibdir. Chunki yomon kishilar insonlar haqida faqat yomon gumon qiladilar. Qachonki, bir inson ayb axtarib odamlarga yomon gumon qilayotganini ko‘rsangiz, bilingki, uning botini ham iflos, o‘sha ifloslik undan tomib turadi, boshqalarni ham o‘ziga o‘xshash ko‘radi. Mo‘min kishi uzrlarni axtarib ko‘radi, munofiq esa ayblarni.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:46:03

Bular shayton qalbga kiradigan eshiklarning ba’zilaridir. Ularning hammasini zikr qilishning imkoni yo‘q. Ammo mana shularning o‘zida ham boshqalarni ogohlantirishga kifoya qiladigan ibrat bor. Odam bolasidagi har bir yomon sifat albatta shaytonning quroli va uning (qalbga kirish) eshiklaridan boshqa narsa emas.

Shaytonni daf qilishning iloji bormi? Uni daf qilishda Alloh taoloning zikri va «La havla vala quvvata illa billah», deyish kifoya qiladimi? Bilingki, (shaytonni daf qilishda) qalb muolajasi uni yomon sifatlardan tozalab, (shaytonning kirish) eshiklarini berkitish bilan bo‘ladi. Bu zikri uzun jarayondir. Kitobimizning bu bobidan maqsadimiz esa halok qiluvchi sifatlarni bayon qilishdir. Bu sifatlarning har biri alohida bir kitob bo‘ladi. Bularning sharhi ham yaqin orada keladi. Agar bu sifatlarning ildizlarini qalbdan yulib tashlasangiz, shayton uchun qalbda yo‘llar va xatarlar bo‘ladi. U qalbga o‘rnasha olmaydi. Shaytonning bu kesib o‘tishini Allohning zikri to‘xtatib qo‘yadi. Chunki zikrning haqiqati qalbga u taqvo bilan obod qilinganidan, yomon sifatlardan poklanganidan so‘nggina o‘rnashadi. Bunday holatdan oldingi zikr hali yosh hisoblanib, uning qalbga egaligi bo‘lmaydi. Shayton hukmronligini daf ham qila olmaydi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:46:40

Shuning uchun Alloh taolo aytadi:
«Taqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biron vasvasa ushlasa, (Allohni) eslaydilar-da, bas, (to‘g‘ri yo‘lni) ko‘ra boshlaydilar» (A’rof surasi, 201-oyat).

Bu oyatda Allohni eslash bilan taqvodor kishilar xoslab keltirildi. Shaytonning misoli och bir itga o‘xshaydi. (Oldingizga kelgan vaqtida) agar sizda go‘sht yo non bo‘lmasa, u «Yo‘qol!» deyishingiz bilan ketadi, ovozning o‘zigina daf qila oladi. Agar sizda go‘sht bo‘lib, it ham och bo‘lsa, albatta u go‘shtga hujum qiladi va so‘zingizning o‘zi bilan daf bo‘lmaydi. Agar qalb xoli bo‘lsa, shayton nasibasidan mahrum bo‘lib, undan zikrning o‘zi bilan ketadi. Ammo qalbda shahvat ustunlik qilsa, zikrning haqiqatini qalbning atrofiga quvadi. Endi zikr ko‘ngil xilvatgohidan o‘ziga joy ololmaydi. U joyga esa shayton o‘rnashib oladi. Ammo havoyi nafs va yomon sifatlardan xoli bo‘lgan taqvodor kishilarning qalblariga esa shayton unda shahvatlar borligi uchun emas, balki zikrdan g‘aflatda bo‘lib, xoli qolinganligi uchun kiradi. Agar zikrga qaytsa, shayton yana uzoqlashadi.

Alloh taolo oyati bunga dalildir:
«(Ey mo‘min bandam), har qachon Qur’on qiroat qilsang, albatta quvilgan - mal’un shayton (vasvasasi)dan Alloh panoh berishini so‘ragin» (Nahl surasi, 98-oyat).

Qayd etilgan