Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 177039 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 33 B


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:47:46

Boshqa xabarlar va zikr to‘g‘risida vorid bo‘lgan oyatlar ham bunga dalildir.

Abu Hurayra aytadilar: «Mo‘min kishining shaytoni bilan kofir kishining shaytoni uchrashib qoldi. Kofirning shaytoni yog‘ bosib semirib ketgan, kiyim ham kiyib olgandi. Mo‘minning shaytoni esa ozg‘in, chang, ranjigan, sochlari to‘zg‘igan va yalang‘och edi. Kofirning shaytoni mo‘minning shaytoniga «Nima bo‘ldi senga, ozg‘insan?» dedi. Mo‘minning shaytoni javob qilib: «Men shunday kishi bilan birgamanki, ovqat yegan vaqtida Allohning nomini aytadi, men och qolaman. Suv ichsa, Allohning nomini aytadi, men chanqoqligimcha qolaman. Kiyim kiygan vaqtida ham Allohning nomini aytadi, men yalang‘och qolaman. Agar yog‘lansa ham, Allohning ismini aytadi, men sochim to‘zg‘igan holda qolaman», dedi. Shunda kofirning shaytoni: «Lekin men bularning birortasini ham qilmaydigan bir kishi bilan birgaman. Men uning taomiga ham, sharobiga ham, kiyimiga ham sheriklik qilaman», dedi».

Muhammad ibn Vosi’ har kuni subh namozidan keyin aytar edilar: «Ey Allohim, albatta Sen bizga ayblarimizni ko‘ruvchi bir dushmanni hukmron qilib qo‘yding, biz ularni ko‘rmasak-da, ular bizni ko‘radi. Ey Allohim, uni rahmatingdan noumid qilganingdek, bizdan ham uni noumid qilgin. Uni avfingdan umidsiz qilganingdek, bizdan ham uni umidsiz qil, rahmating bilan uning orasini uzoq qilganingdek, biz bilan uning o‘rtasini ham uzoq qilgin. Albatta Sen har bir narsaga qodir Zotsan».

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:48:05

Yana aytadilarki, bir kuni masjid yo‘lida u kishiga shayton ko‘rinib: «Ey Vosi’ning o‘g‘li, meni taniyapsanmi?» dedi. U kishi: «Sen kimsan?» dedilar. U: «Men Iblisman», dedi. U kishi: «Nima xohlaysan?» dedilar. Shayton: «Allohdan panoh so‘rab qilayotgan bu duoingni hech kimga bildirmasligingni va senga duchor bo‘lmaslikni xohlayman», dedi. Shunda u kishi: «Allohga qasamki, bu duoni xohlagan biron kishimdan man qilmayman, istaganingni qilaver», dedilar.

Abdurahmon ibn Abu Laylodan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qiyotganlarida shayton qo‘lida bir parcha olov bilan oldilarida turib olardi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qiroat qilardilar va panoh so‘rardilar. Lekin u ketmasdi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oldilariga Jabroil alayhissalom keldilar va u kishiga: «Yaxshi kishi ham, yomon kishi ham undan o‘tib ketolmaydigan Alloh taoloning mukammal kalimalari bilan yerga kiradigan va undan chiqadigan, osmondan tushadigan va unga ko‘tariladigan narsalarning yomonligidan, kecha va kunduz fitnalari hamda balo-ofatlaridan panoh so‘rayman, illo yaxshilik bilan keluvchi tungi mehmondan emas, ey Rahmon, deb ayting», dedilar (Ibn Abud-Dunyo). Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shularni aytgan edilar, uning alangasi o‘chib, yuzi bilan yiqildi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:52:54

Hasan Basriy aytdilar: «Menga xabari yetdiki, Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib: «Albatta sizga jinlardan biri Ifrit hiyla qiladi. Uxlashga yotayotganingizda «Oyatal kursiy»ni qiroat qiling», dedilar (Ibn Abud-Dunyo). Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mening oldimga shayton keldi. U men bilan uzoq tortishdi. Uning xalqumidan ushlab oldim. Meni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, hatto qo‘limda tilining suvi (so‘lagi)ning sovuqligini sezmagunimcha uni qo‘yib yubormadim. Agar birodarim Sulaymon alayhissalomning duolari bo‘lmaganida u masjidga tashlab qo‘yilgan holda tong ottirardi» (Ibn Abud-Dunyo). Yana Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar Umar bir yo‘ldan yursa, albatta shayton Umar yurgan yo‘lning boshqasidan yuradi» (Imom Buxoriy va Muslim boshqa lafz bilan rivoyat qilishgan). Buning sababi qalblar shayton o‘tlaydigan narsalar va shahvatlardan iborat ovqatlaridan pok va tozadir. Agar shayton zikr qilishning o‘zi bilan Umar roziyallohu anhudan daf bo‘lganidek, sizdan ham daf bo‘lishini umid qilsangiz, albatta bu mahol ish bo‘ladi. Siz bunda go‘yo oshqozonini ovqat bilan to‘ldirib olib, parhez qilmay dori ichgan kishining dori foyda qilishidan umidvor bo‘lganiga o‘xshab qolasiz. Vaholanki, dori oshqozonni ovqatdan tozalab, parhez qilgandagina foyda beradi. Zikr - dori, taqvo esa parhezdir. U qalbni shahvatlardan tozalaydi. Agar u faqat zikr bilan mashg‘ul qalbga tushsa, taomdan xoli oshqozonga dori tushishi bilan kasallik daf bo‘lganidek, shayton ham daf bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:53:27

Alloh taolo aytadi:
«Albatta bunda (ogoh) qalb egasi bo‘lgan yoki o‘zi hozir bo‘lgan holda (ya’ni, sidqidildan) quloq tutgan kishi uchun eslatma-ibratlar bordir» (Qof surasi, 37-oyat).

Alloh taolo yana aytadi:
«U (shaytonga esa) o‘zini do‘st tutgan kimsani albatta yo‘ldan ozdirish va do‘zax azobiga yo‘llash yozib qo‘yilgandir - hukm qilingandir» (Haj surasi, 4-oyat).

Kim garchi tili bilan Allohni eslasa ham, shaytonga o‘z amali bilan yordam bersa, u shaytonning do‘stidir. Hadis «Albatta zikr shaytonni haydaydi», deb mutlaq vorid bo‘lgan (ya’ni, dilda bo‘lgan zikr deb qayd qilinmagan), desangiz va shariatdagi umumiy narsalarning aksari din ulamolari naql qilgan shartlar bilan xoslanganligini tushunmasangiz, o‘zingizga qarang. Xabar ko‘z bilan ko‘rishga o‘xshamaydi. O’zingiz o‘ylang, zikr va ibodatingizning eng oliysi namozdir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:53:39

Agar namozda bo‘lsangiz, shayton qalbingizni bozorlarga, butun olamning hisob-kitobiga va o‘jar kishilarga javob topishga qanday tortib ketishini kuzating. U sizni dunyoning vodiylariga va halokatli joylariga olib boradi, hatto qaerdaligini unutib qo‘ygan ortiqcha dunyo matolaringiz ham namozda esga tushadi. U (shayton) qalbingizga namoz o‘qiyotganingizda bostirib keladi. Namoz qalblar mezonidir. Namozda qalbning yaxshilik va yomonliklari zohir bo‘ladi. Namoz dunyo shahvatlari bilan to‘la qalblardan qabul bo‘lmaydi. Shak-shubhasiz shayton sizdan (zikr qilsangiz ham) qochmaydi, balki parhez qilmasdan iste’mol qilgan doringizning ba’zan sizga zarari ko‘p bo‘lganidek, uning ham vasvasasi ziyoda bo‘ladi. Agar shaytondan xalos bo‘lishni xohlasangiz, avval taqvo bilan parhezda bo‘ling. So‘ngra zikr dorisini uning orqasidan ulab yuboring. Ana shunda shayton Umar roziyallohu anhudan qochgani kabi sizdan ham qochadi. Shuning uchun Vahb ibn Munabbah aytadilar: «Allohdan qo‘rq, ichingda shaytonni do‘st tutib, ya’ni unga itoat qilib, zohiringda uni so‘kma». Ba’zilar aytishdi: «Saxiyning (Alloh taoloning) saxovatini bila turib Unga osiy bo‘lgan kishidan va mal’unning (shaytonning) adashganini bila turib unga itoat qilgan kishidan hayratda qolasan».

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:54:00

Alloh taolo aytadi:
«Parvardigorlaringiz: «Menga duo-iltijo qilinglar. Men sizlarga (qilgan duolaringizni) mustajob qilurman», dedi» (G’ofir surasi, 60-oyat).

Siz Unga duo qilasiz-u, U sizga (duoingizni) mustajob qilmayapti. Xuddi shuningdek, Allohni eslaysiz-u, shayton sizdan qochmaydi. Bular esa zikr va duoning shartlari yo‘qligi sababidir. Ibrohim ibn Adhamga «Bizga nima bo‘lgan, duo qilamiz-u, bizga ijobat etilmaydi. Batahqiq, Alloh taolo: «Menga duo-iltijo qilinglar, Men sizlarga (qilgan duolaringizni) mustajob qilurman», degan bo‘lsa?» deyilganida, u kishi: «Chunki qalblaringiz o‘likdir», dedilar. «Qalbimizni nima o‘ldirgan?» deyishdi. U kishi aytdilar: «Sakkiz xislat: birinchisi - Alloh taoloning haqqini bildingiz-u, lekin ularni ado qilmadingiz. Ikkinchisi - Qur’on o‘qidingiz-u, unga amal qilmadingiz. Uchinchisi - Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘ramiz, dedingiz-u, biroq sunnatlariga amal qilmadingiz. To‘rtinchisi - o‘limdan qo‘rqamiz, dedingiz-u, unga tayyorgarlik ko‘rmadingiz. Beshinchisi - Alloh taolo:

«Aniqki, shayton sizlarga dushmandir, bas, uni dushman tutinglar!» (Fotir surasi, 6-oyat) degan. Sizlar esa u bilan gunohlarda til biriktirdinglar. Oltinchisi - do‘zaxdan qo‘rqamiz, deb aytdingiz-u, ammo badanlaringizni do‘zaxdan asramadingiz. Yettinchisi - jannatni yaxshi ko‘ramiz, dedingiz, unga kirish uchun amal qilmadingiz. Sakkizinchisi -to‘shaklaringizdan turganingizda ayblaringizni orqaga otib yubordingiz va insonlarning ayblarini oldingizga yozib oldingiz. Robbingizning g‘azabini qo‘zg‘adingiz, qanday qilib U duolaringizni qabul qilsin?»

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:54:12

Turli gunohlarga chaqirguvchi bitta shaytonmi yoki har xil (ya’ni, ko‘p) shaytonmi? Bilingki, hayotingizda buni bilishning hojati yo‘q. Siz dushmaningizni daf qilish bilan shug‘ullaning. Uning sifati haqida so‘ramang. Berilgan qovun-tarvuzning yeng-u, ammo polizi haqida so‘ramang. Lekin xabarlarning dalolatini tekshirish bilan shaytonlar ko‘p askarlardan iborat ekani, ular gunohlarning har bir navi uchun xoslab qo‘yilgani va unga chaqirib turadigan shayton borligi zohir bo‘ladi. Ammo bu tekshirish yo‘lining zikri juda uzun. Albatta hodisalarning har xilligi sabablarning ham har xilligiga dalolat qiladi, deb zikr qildik. Masalan, olovning nuri va tutun qoraligining o‘zi sizga kifoya qiladi.

Ammo bu to‘g‘rida kelgan xabarlarda Mujohid aytadilar: «Iblisning besh bolasi bo‘lib, ularning har biriga o‘zining buyrug‘i bilan maxsus vazifalarni yuklab qo‘ygan. Ularning ismlari Subur, A’var, Mabsut, Dosim va Zilnaburlardir. Subur musibatlarga vakil bo‘lib, u insonga musibat yetgan vaqtda o‘ziga o‘lim tilash, yoqalarini yirtish, yuzlariga urish, johiliyat da’volarini qilishga chaqiradi. A’var esa zino sohibi bo‘lib, zinoga buyuradi va uni chiroyli qilib ko‘rsatadi. Mabsut yolg‘on sohibidir. Dosim kishi bilan uning oila a’zolari oldiga birga kiradi va unga oilasining har xil ayblarini ochadi hamda bu uni g‘azablantiradi. Zilnabur bozor sohibidir. Ana shular sababidan insonlar doim shikoyat qiladilar». Namozning shaytoni Xinzib, deyiladi. Tahoratning shaytoni esa Valhon, deb nomlanadi. Bu to‘g‘rida juda ko‘p xabarlar vorid bo‘lgan.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:54:30

Albatta shaytonlar ko‘p bo‘lganiga o‘xshash farishtalar ham ko‘pdir. «Shukr kitobi»da farishtalarning ko‘pligi to‘g‘risidagi sirni va ularning har biri alohida bir vazifa bilan xoslangani to‘g‘risida zikr qilganmiz. Abu Umoma al-Boxiliy aytishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Mo‘min kishiga bir yuz oltmishta farishta vakil qilingan, uni o‘zi qodir bo‘lmagan narsalardan himoya qilishadi. Ko‘z uchun yettita farishta bo‘ladi. Ular issiq kunda asal idishi pashshadan himoya qilinganidek, insonni himoya qilib turishadi. Agar ular sizlarga ko‘ringanlarida albatta ularni har bir vodiy va tog‘da ko‘rgan bo‘lardingiz. Har birlari qo‘llarini yozgan, og‘izlarini ochgan holatda turadilar. Agar banda bir lahza o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, albatta shaytonlar uni egallab olishadi» (Ibn Abud-Dunyo rivoyati, sanadi zaif).

Ayyub ibn Yunus ibn Yazid aytadilar: «Albatta inson farzandlari bilan birga jinlar farzandlari ham tug‘iladi. So‘ngra ular bilan birga ulg‘ayishadi, degan xabar bizga yetib keldi».

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:54:59

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Odam alayhissalom yer yuziga tushirilgan vaqtlarida «Ey Robbim, shayton bilan mening o‘rtamda dushmanlik paydo qilding. Agar uning zarariga menga yordam bermasang, unga kuchim yetmaydi», dedilar. Shunda Alloh taolo: «Siz uchun biron bir farzand tug‘iladigan bo‘lsa, unga bir farishta vakil qilib qo‘yiladi», dedi. Odam alayhissalom: «Ey Robbim, yana ziyoda qil», dedilar. «Bir gunohni bir gunoh, deb yozib, bir savobni esa o‘ntadan to xohlaganimcha mukofotlayman», dedi. «Ey Robbim, yanada ziyoda qil», dedilar. «Tavba eshigi, modomiki ruh jismda ekan, ochiqdir», dedi. Shunda Iblis ham: «Ey Robbim, bu bandangni mendan ulug‘ qilib qo‘yding, agar menga yordam bermasang, unga kuchim yetmaydi», dedi. Alloh taolo unga: «Agar Odamga bir bola tug‘ilsa, albatta sen uchun ham bir bola tug‘iladi», dedi. «Ey Robbim, yana ziyoda qil», dedi. «Ularning qon yuradigan joylarida yurasan va ularning qalblarini o‘zing uchun uy qilib olasan», dedi. «Ey Robbim, yanada ziyoda qil», dedi. «Ularga otliq va piyoda askarlaring bilan zarar keltir, ularning mollariga va bolalariga sheriklik qil, ularga va’dalar bergin», dedi. Ularga shayton faqat quruq va’dalar qiladi».

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:55:22

Abu Dardodan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taolo jinlarni uch xil toifa qilib yaratdi, bir toifasi ilon, chayon va yer hasharotlaridir. Yana bir toifasi havodagi shamolga o‘xshashdir. Yana bir toifasining ustida savob va jazo bor. Alloh taolo insonni ham uch toifa qilib yaratdi, bir toifasi Alloh taolo O’z kalomida aytganidek, hayvonlarga o‘xshaydi:

«Biz jin va insdan ko‘plarini jahannam uchun yaratganimiz muhaqqaqdir. Ularning dillari bor-u, anglay olmaydilar, ko‘zlari bor-u, ko‘ra olmaydilar, quloqlari bor-u, eshitmaydilar. Ular chorvalar kabidirlar, yo‘q, ular (beaql, befahmlikda) chorvalardan ham battardirlar» (A’rof surasi, 179-oyat).

Yana bir toifasining jismlari odam bolasining jismlari kabidir, ruhlari esa shaytonlarning ruhlaridir. Yana bir toifasi qiyomat kunida Alloh taoloning «soyasi» ostida bo‘ladi» (Ibn Abud-Dunyo rivoyati, sanadi zaif).

Qayd etilgan