Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 125998 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 33 B


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:55:37

Vuhayb ibn Vird aytdilar: «Iblis Zakariyo alayhissalom o‘g‘illari Yahyo alayhissalomga ko‘rindi. U Yahyo alayhissalomga «Men sizga nasihat qilishni xohlayman», dedi. U kishi: «Sening nasihatingga ehtiyojim yo‘q, lekin odam farzandlari haqida xabar ber», dedilar. Shayton: «Ular bizning nazdimizda uchga bo‘linishadi. Ulardan birinchisi biz uchun eng qattig‘idir. Chunki ulardan birining oldiga boramiz-da, uni fitnalantirib, endi unga o‘rnashganimizda istig‘for va tavbaga tayanadi va erishgan barcha narsamizni fasod qiladi. So‘ngra unga yana qaytib kelamiz. U yana tavbasiga qaytadi. Biz undan noumid bo‘lmaymiz-u, lekin hojatimizga ham yeta olmaymiz. Undan juda qiyinchilik ko‘ramiz. Ammo ikkinchi toifasi qo‘limizda go‘daklaringizning qo‘lidagi to‘p kabidir. Ularni xohlagan tomonimizga otamiz. Ularning nafslariga o‘zimiz kifoya qilamiz. Uchinchi toifasi sizga o‘xshaganlardir. Ya’ni, Alloh taolo tomonidan saqlab qo‘yilganlar bo‘lib, ulardan biror narsaga qodir bo‘lmaymiz», dedi».

Shayton nima uchun ba’zi kishiga ko‘rinib, ba’zi kishiga ko‘rinmaydi? Agar inson shaytonni bir suratda ko‘rsa, u shaytonning haqiqiy suratimi yoki inson uchun shu suratda ko‘rinadimi? Agar haqiqiy suratida bo‘lsa, qanday qilib har xil suratlarda ko‘rina oladi? Qanday qilib u bir vaqtning o‘zida ikki makonda va ikki xil suratda ko‘rinadi? Hatto uni ikki kishi ikki xil suratda ham ko‘radi, deydigan bo‘lsangiz, bilingki, farishta uchun ham, shayton uchun ham ikki xil surat bor. Ana shu suratlar haqiqiy suratlaridir. Bu suratlarni ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:55:49

Faqatgina payg‘ambarlik nuri bilan ko‘rish mumkin. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham Jabroil alayhissalomni o‘z suratlarida faqat ikki marotaba ko‘rganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). U zot sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan o‘zlarini asl suratlarida ko‘rsatishlarini so‘raganlar va Baqi’ degan joyda ko‘rishishga va’dalashishgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga Jabroil alayhissalom Xiro tog‘ida ko‘rinib, mashriqdan mag‘ribgacha bo‘lgan ufq tomonni berkitib qo‘yganlar. Ikkinchi marotaba o‘z suratlarida Me’roj kechasida sidratul muntahoning oldida ko‘ringanlar. U zotni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ko‘pincha odam suratida, ya’ni Dahiyat al-Kalbiy degan sahobaning timsolida ko‘rganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Bu sahoba yuzlari chiroyli kishi edi. Ko‘pchilikning aytishicha, qalb egalaridan bo‘lgan ahli mukoshafalarga ham shayton o‘z suratida ko‘rinadi. Ularga uyg‘oq vaqtlarida ko‘rinadi. Uni ko‘zlari bilan ko‘rishadi va gapini quloqlari bilan eshitishadi. Mana shu suratining haqiqiy ko‘rinishidir.

Ko‘p solih kishilarga uyqularida ham ko‘rinadi. Uyg‘oqligida ko‘radigan inson uyquda bo‘ladigan narsalarni ko‘rishdan hislar dunyo bilan band bo‘lishi man qilmaydigan darajaga yetgan insondir. Demak, boshqalar uxlaganda ko‘radigan narsalarni u uyg‘oqligida ko‘radigan bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:56:32

Umar ibn Abdulazizdan rivoyat qilindi: «Bir kishi Robbidan odam farzandining qalbidagi shaytonning o‘rnini ko‘rsatmog‘ini so‘radi. Haligi kishi uyqusida billur toshga o‘xshagan bir kishining jismini ko‘rdi. Uning tashqarisidan ichi ko‘rinib turardi. Shaytonni esa bir qurbaqa suratida ko‘rdi. Haligi billur toshga o‘xshagan kishining chap tomonida, qulog‘i bilan yelkasining o‘rtasiga o‘tirib olgan edi. Shaytonning ingichka uzun xartumi bor edi, uni haligi kishining chap yelkasi tomonidan qalbiga kirgizib vasvasa qilardi. Agar Alloh taoloni eslasa, u uzoqlashardi».

Shunga o‘xshash goho uyg‘oqlikda ham ko‘z bilan ko‘riladi. Batahqiq, ba’zi mukoshiflar shaytonni bir o‘laksaning ustida cho‘nqayib o‘tirgan it suratida, insonlarni shu o‘laksaga chaqirayotganini ko‘rishgan ekan. O’laksa esa dunyoning misolidir. Bu shaytonni haqiqiy suratida ko‘rishga kiradi. Chunki qalbda malakut olamiga muvofiq tarzda bir haqiqat zohir bo‘lmog‘i lobuddir. Ana shu paytda uning (ya’ni, malakut olamining) asari shahodat va mulk olamiga muvofiq tarzda zohir bo‘ladi, chunki malakut olami bilan shahodat olami bir-biriga bog‘liqdir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:56:43

Qalb uchun ikki yo‘l borligini bayon qilgan edik. Biri g‘ayb olamiga oid bo‘lib, u ilhom va vahiy kiradigan o‘rindir. Yana biri shahodat olamiga oiddir. Bu olam tomonidagi yo‘lda insondan zohir bo‘ladigan narsa xayoliy suratdir. Chunki shahodat olamining hammasi xayolotlardir. Lekin xayol goho shahodat olamining zohiriga his bilan qarashdan hosil bo‘ladi. Ana shunda surat ko‘rilgan narsaga muvofiq kelmasligi ham mumkin. Hatto bir shaxsni chiroyli suratda ko‘radi, vaholanki uning botini iflos va ichki olami qabih bo‘ladi. Chunki shahodat olami chalkashligi ko‘p olamdir. Ammo malakut olamining qalblarga nur taratishidan xayolda hosil bo‘ladigan surat esa ana shu surat sifatining xuddi o‘zi va unga muvofiq bo‘ladi. Chunki malakut olamida surat sifatga tobe va unga muvofiq bo‘lib, shak-shubhasiz yomon sifat yomon surat bilan ko‘rinadi. Demak, shayton it, qurbaqa, cho‘chqa va shunga o‘xshash boshqa suratda ko‘rinadi. Farishta esa chiroyli suratda ko‘rinadi. Xullas, ana shu surat sifatlarning nishoni va haqiqatda uning aniq nusxasidir. Shuning uchun uyqudagi maymun va to‘ng‘iz iflos insonga dalolat qiladi. Qo‘y esa ko‘ngli to‘g‘ri insonga dalolat qiladi. Tush va ta’bir boblarining hammasi xuddi shuningdek bo‘ladi. Bular ajoyib sirlardir. Ya’ni, qalb ajoyibotlarining sirlaridir. Buni muomala ilmida zikr qilish loyiq bo‘lmaydi. Maqsad shayton va farishtalar qalb arboblariga ko‘rinishiga ishonmoqlikdir. Goho uyquda bo‘lganidek, tasvirlash va o‘xshatish yo‘li bilan, goho haqiqat yo‘li bilan bo‘ladi. Ko‘pincha bu sifatga o‘xshash surat bilan tasvirlash orqali bo‘ladi. Bu sifatning ayni o‘zi emas, balki uning tasviridir. Lekin u haqiqatda ko‘z bilan ko‘rib, bu ko‘rishi tufayli atrofidagilardan uxlayotgan kishidek ajrab turadi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:57:22

Bandaning jazolanishga olib keladigan qalb vasvasalari, xohishlari, o‘y-xayollari, qasdlari va bulardan avf qilinib-kechiriladiganlari

Bilingki, bu maxfiy (ya’ni, tafsilotga muhtoj bo‘lgan) ishdir. Batahqiq, bu to‘g‘rida bir-biriga xilof oyatlar va xabarlar vorid bo‘lgan. Bularning o‘rtasini jamlash faqat shariat ilmini chuqur o‘rgangan ulamolargagina mushkul bo‘lmaydi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi: «Ummatimdan nafslariga gapirgan (ya’ni, xayollaridan o‘tkazgan) narsalari, modomiki, uni (tili bilan) gapirmasa yoki unga amal qilmasa, avf qilingandir», dedilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Abu Hurayra aytishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Albatta Alloh taolo bandaning nomai a’molini yozadigan farishtalarga: «Agar bandam bir gunohga qasd qilsa, uni yozmanglar. Agar uni qilsa, bitta gunoh yozinglar. Agar bir yaxshilikka qasd qilsa-yu, uni qilmasa, unga bitta savob yozinglar. Agar uni qilsa, unga o‘nta savob yozinglar», dedi». Imom Buxoriy va Muslim bu hadisni o‘z «Sahih»larida keltirishgan. Bu hadis qalb yomonlikni bajarishi va qasd qilishi avf etilishiga dalildir. Bu hadis boshqa lafz bilan ham kelgan, ya’ni: «Kim bir yaxshilikni qasd etsa-yu, uni qilmasa, buning uchun bir savob yoziladi. Kim bir yaxshilikni qasd etib uni qilsa, uning uchun yetti yuz baravargacha savob yoziladi. Kim bir gunohga qasd etib uni qilmasa, unga (gunoh) yozilmaydi. Agar qilsa, unga (bir gunoh) yoziladi». Yana boshqa lafzda aytilishicha, «Agar bir gunoh qilmoqni gapirsa-yu, uni qilmasa, Men uni kechiraman».

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:57:39

Bularning har biri kechirilishga dalolat qiladi. Ammo jazolashga dalolat qiladiganlari esa Alloh taoloning mana bu oyatidir:

«Ichingizdagi narsani xoh oshkor qiling, xoh yashiring, Alloh sizlarni o‘sha narsa bilan hisob-kitob qiladi va O’zi istagan kishini mag‘firat qilib, O’zi istagan kishini azoblaydi» (Baqara surasi, 284-oyat).

Yana Alloh taolo deydi:
«(Ey inson), o‘zing aniq bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dil - bularning barchasi to‘g‘risida (har bir inson) mas’ul bo‘lur (ya’ni, eshitgan, ko‘rgan va ishongan har bir narsasi uchun kishi qiyomat kunida javob beradi)» (Al-Isro surasi, 36-oyat).

Bu oyat dalolat qiladiki, albatta qalb ishi ham quloq va ko‘z ishiga o‘xshab, avf qilinmaydi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:58:04

«Guvohlikni yashirmangiz! Kim (guvohlikdan bosh tortish bilan) uni yashirsa, bas, albatta uning qalbi osiy - gunohkordir» (Baqara surasi, 283-oyat).

«Alloh sizlarni tillaringizdagi behuda qasamlaringiz sababli jazolamaydi. Balki (dillaringizdagi) mahkam tukkan qasamlar sababli (agar shunday qasamni buzsangiz) jazolaydi» (Moida surasi, 89-oyat).

Qalb amallarining paydo bo‘lishidan to a’zolarda zohir bo‘lgunichalik holati batafsil tushunilmas ekan, bizningcha bu masalada haqiqat ochilmaydi. Aytamizki, qalbga birinchi kelgan narsa - bu fikr (ya’ni, o‘y-xayol)dir. Masalan, bir ayolning surati va u yo‘lda orqada kelayotgani, agar unga qarasa, albatta uni ko‘rishi xayoliga kelmog‘i.

Ikkinchi - qarashga rag‘batining qo‘zg‘olishi tabiatidagi shahvatning harakatidir. Bu esa avvalgi o‘y-xayoldan hosil bo‘ladi, uni tabiatning moyilligi, deb nomlaymiz. Avvalgisini esa nafsning so‘zi, deb ataymiz.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:58:17

Uchinchisi - qalb buni bajarish lozim, ya’ni unga qarash kerak, deb hukm qilmog‘i. Chunki tabiat bir narsaga moyil bo‘lgan paytda o‘sha narsaga undovchi holatlar qo‘zg‘olmasa, himmat va niyat hosil bo‘lmaydi. Chunki uni goho hayo yoki qarashdan cho‘chish man qilib qo‘yadi. Bu undovchi narsalarning bo‘lmasligi gohida chuqur mulohaza yuritish tufayli bo‘ladi. Bu, ya’ni qalbning buni bajarish lozim, deb hukm qilishi har bir holatda aqlning hukmidir. Bu e’tiqod, deb nomlanib, o‘y-xayol va maylga ergashadi.

To‘rtinchisi - qarashga qasd va niyatni mustahkam qilishdir. Buni bajarishni xohlab, unga niyat va qasd qilmoq, deb nomlaymiz. Bu qasdning gohida bir zaif asosi bo‘ladi. Lekin agar qalb avvalgi fikrga quloq solsa, hatto nafs bilan tortishuvi cho‘zilib, qasdni ta’kidlaydi va bu qasd qat’iy irodaga aylanadi. Agar iroda jazmga aylansa, gohida jazm qilgandan keyin pushaymon bo‘lib, amalni tark qiladi. Gohida bir ish sababli g‘aflatda qolib, uni qilmaydi, unga qaramaydi ham. Gohida esa bir narsa to‘sib qolib, uni qilishga qiynaladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:58:31

Mana shular amalni a’zolar bilan ado qilishdan oldingi qalbning to‘rt holatidir. Ya’ni, avval fikr (o‘y-xayol) - nafsning so‘zlashi, so‘ngra moyillik, keyin e’tiqod va oxiri esa qasd qilishdir. Aytamizki, banda fikr (o‘y-xayol) bilan jazolanmaydi, chunki bu ixtiyoriga kirmaydi. Shuningdek, moyillik va shahvatning qo‘zg‘olishi ham ixtiyoriy narsaga kirmaydi. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning quyidagi aytgan so‘zlaridan muroddir: «Ummatimdan nafslariga so‘zlagan (ya’ni, xayollaridan o‘tkazgan) narsalari avf qilindi».

Nafsning so‘zi nafsda paydo bo‘ladigan fikrlar bo‘lib, uni qilishga qasd etilmaydi. Ammo qasd va azm qilish nafsning so‘zi, deyilmaydi. Hattoki, nafsning so‘zi Usmon ibn Maz’undan rivoyat qilingan hadisga o‘xshashdir, ya’ni u kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga: «Ey Rasululloh, nafsim xotinim Havlani taloq qilishni aytyapti», dedi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Shoshilmagin, chunki nikoh sunnatimdir», dedilar (Imom Termiziy rivoyati). Yana u kishi: «Nafsim o‘zimni bichib olishimni aytyapti», dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Shoshilma, ummatimning bichilishi ro‘zani tirishqoqlik bilan tutishidadir», dedilar. Yana u kishi: «Nafsim rohib bo‘lishimni aytyapti», dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Shoshma, ummatimning rohibligi jihod va hajdir», dedilar. U kishi: «Nafsim go‘shtni tark qilishimni aytyapti», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Shoshilmagin, chunki men go‘shtni yaxshi ko‘raman. Agar go‘sht topsam, albatta uni yeyman. Agar Allohdan so‘rasam, menga uni taom qilib beradi», dedilar. Mana shu fikrlarni bajarishga qasd bo‘lmasa, u nafsning so‘zi, deyiladi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir ishni qilishga qasd qilganlarida azmlari bo‘lmasa, maslahat qilardilar.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:58:44

Ammo uchinchisi hisoblangan e’tiqod, ya’ni qalb uni bajarish lozim, deb hukm qilgani majburiy yoki ixtiyoriy bo‘lmog‘ining o‘rtasida yuradi. Holatlar bunda har xil bo‘ladi, undan ixtiyoriysi jazolanadi. Majburiysi jazolanmaydi. Ammo to‘rtinchisi, ya’ni o‘sha ishni bajarishni qasd qilish esa albatta jazolanadi. Lekin agar u ishni qilmagan bo‘lsa, unga qarab ko‘riladi. Agar uni Allohdan qo‘rqqanidan, yana o‘sha ishga qasd qilganiga pushaymonligidan tark qilgan bo‘lsa, unga bitta savob yoziladi, chunki uning qasdi gunoh bo‘lsa ham, lekin undan bosh tortishi va nafsi bilan kurashishi savobdir. Biror narsani tabiatiga muvofiq ravishda qasd qilish Alloh taolodan butkul g‘aflatda ekaniga dalolat qiladigan holatdir. Tabiatiga xilof holda nafsga qarshi kurashish bilan tiyilish uchun juda katta quvvatga muhtoj bo‘ladi. Uning tabiatiga xilof chiqishga tirishishi Alloh taolo uchun qilinadigan amaldir. Alloh taolo uchun amal qilish tabiatiga muvofiq holda shaytonga muvofiq kelishidagi tirishishdan kuchliroqdir. Mana shunda uning uchun bir savob yoziladi, chunki u o‘sha ishni qilishdan ko‘ra undan bosh tortishga bo‘lgan harakatini va qasdini ustun qo‘ydi. Agar o‘sha ishdan bir sabab bilan to‘silib qolsa yoki Allohdan qo‘rqqanligidan emas, balki bir uzr tufayli tark qilsa, unga bir gunoh yoziladi, chunki ishni qilishga qasdi qalbidan ixtiyoriy bir ishdir

Qayd etilgan