«Aniqki, ularning ko‘plariga so‘z (ya’ni, azob haqidagi hukm) haq bo‘lgandir. Bas, ular iymon keltirmaslar» (Yosin surasi, 7-oyat).
«Kufr yo‘lini tutgan kimsalar esa xoh siz, (ey Muhammad alayhissalom), ularni (Alloh taolo azobidan) qo‘rqiting, xoh qo‘rqitmang, ularga barobardir - iymon keltirmaydilar» (Baqara surasi, 6-oyat).
Ba’zi shahvatlarga berilib, ahvoli shunday bo‘lgan ko‘pgina qalblar ba’zi narsalardan parhez qiladi-yu, lekin chiroyli yuzni ko‘rganda ko‘ziga va qalbiga ega bo‘lolmaydigan, aqli yengiltaklik qiladigan va qalbining to‘g‘oni tushib ketgan kishiga o‘xshaydi. Yoki martaba, ulug‘lik va boshliqlik o‘rinlarini ko‘rganda o‘zini ushlab turolmaydigan, bularga erishish sabablari zohir bo‘lganida o‘zini ushlab turish uchun tayanchi qolmagan kishiga o‘xshaydi yoki biror aybi zikr qilinib haqir sanalganda g‘azabi kelib, o‘zini boshqara olmaydigan kishiga o‘xshaydi. Yoki bir dirham yo bir dinor olishga qodir bo‘lib turganida o‘zini tutolmaydigan, hatto uning ortidan go‘yo hayajonlanib aqldan ozgan kishiga o‘xshab yuguradigan, natijada dirham va dinorni deb sha’n-shavkat va taqvoni unutib qo‘yadigan kishiga o‘xshaydi. Mana shularning hammasi havoyi nafsning tutuni qalbga ko‘tarilib, oqibatda uning nurlari o‘chib qorong‘ilashib ketgani uchundir. Undan hayo, muruvvat va iymon nurlari ham o‘chib ketadi. Keyin qalb shaytonning murodini hosil qilishga harakat qiladigan bo‘lib qoladi.