Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 125994 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 33 B


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:50:20

Keyin farishta shaytonga qattiq hamla qiladi va: «Naqd lazzatga ergashib, oqibatni unutganlargina halok bo‘ldilar. Ozgina lazzat bilan qoniqib, jannat lazzati va uning abadul-abad ne’matlarini tark qilasanmi? Yoki shahvatdan tiyilish, sabr qilish azobini qiyin sanab, do‘zax azobini oson deb bilasanmi? Insonlarning o‘z nafslaridan g‘aflatda bo‘lishlari va havoyi nafsga ergashib shaytonga yordam berishlari bilan aldanasanmi? Vaholanki, boshqalarning ma’siyati sendan do‘zax azobini yengillatmaydi. Menga xabar ber-chi, agar qattiq issiq kunda insonlarning hammasi quyosh tig‘ida issiq joyda turgan bo‘lsa, sening esa salqin uying bo‘lsa, odamlar bilan issiqda turib ularga yordamlasharmiding yoki issiqdan qochib salqin uyingda o‘tirarmiding? Endi qanday qilib insonlarga quyoshdan qo‘rqib teskari ish qilasan-u, nima uchun do‘zax issiqligidan qo‘rqib ularga teskari ish qilmaysan?» Mana shu payt nafs farishtaning gapiga bo‘ysunadi. Xullas, qalb doimo ikki qo‘shin o‘rtasida to unga eng munosibi g‘olib kelgunicha beqaror va o‘zaro tortishuvda bo‘ladi.

Agar qalbdagi g‘olib sifatlar yuqorida zikr qilingan shaytoniy sifatlar bo‘lsa, unga shayton g‘olib keladi. Qalb Alloh taoloning jamoalari va avliyolaridan yuz o‘girib, shayton jamoalariga moyil bo‘ladi. Bu bilan shayton jamoasiga va o‘z dushmanlariga yordam beruvchi bo‘ladi. A’zolariga qadarda bitilganiga ko‘ra Alloh taolodan uzoq bo‘lishga sabab ishlar joriy bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:50:32

Agar qalbga farishtalar sifati g‘olib kelgan bo‘lsa, qalb shaytonning ig‘vosiga va uning naqd narsaga undashiga, unga oxirat ishini yengil sanashiga quloq solmaydi. Balki Alloh taoloning jamoasiga moyil bo‘ladi va qazoi qadarda bitib qo‘yilgan narsaning taqozosi bilan uning a’zolarida toat zohir bo‘ladi. Mo‘minning qalbi Rahmonning barmoqlaridan ikki barmoq orasidadir. Ya’ni, mana shu ikki askarning o‘rtasida talash bo‘lib turishdadir. Ya’ni, bir jamoadan ikkinchi jamoaga ko‘chishda va o‘zgarishdadir. Ammo farishtalar jamoati bilan doim sobit turish yoki shayton jamoasi bilan doim birga bo‘lish, bu ikki tomonga ham juda noyob hollarda bo‘ladi. Bu toat va ma’siyatlar g‘ayb xazinalaridan shahodat olamiga qalb uychasining vositasi bilan zohir bo‘ladi. Chunki qalb malakut olami xazinalaridandir. U ham agar zohir bo‘lsa, qalb arboblariga avvalda qazoyi qadarda bo‘lgan narsalarni bildiradigan alomatlar bo‘ladi.

Kim jannat uchun yaratilgan bo‘lsa, toat qilish sabablari unga oson qilib qo‘yiladi. Kim do‘zax uchun yaratilgan bo‘lsa, unga osiy bo‘lish sabablari oson qilib qo‘yiladi va unga yomon do‘stlar hukmron qilib qo‘yiladi. Qalbiga shaytonning hukmi tashlab qo‘yiladi. Chunki shayton har xil hukmlar bilan ahmoqlarni «Albatta Alloh rahmlidir, parvo qilaverma, insonlarning hammasi ham Allohdan qo‘rqavermaydi. Sen ularga xilof qilma, hayot hali oldinda, to‘xtab tur, ertaga tavba qilarsan», degan gapi bilan aldaydi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:50:54

Ularga va’dalar beradi va orzular qildiradi. Shayton ularga faqat aldashni va’da qiladi. Ya’ni, ularga tavbani va’da qiladi, ularga mag‘firatni orzu qildiradi, natijada Alloh taoloning izni bilan mana shu hiylalar va ular o‘rnida joriy bo‘ladigan narsalar tufayli ularni halok qiladi. Ularning qalblarini aldashni qabul qilishga keng, haqni qabul qilishga esa tor qilib qo‘yadi. Bularning har biri ham Alloh taolodan bo‘lgan qazoi qadar bilandir. Alloh taolo aytadi:

«Alloh kimni hidoyat qilishni istasa, uning ko‘nglini Islom uchun keng qilib qo‘yar. Kimni adashtirishni istasa, uning ko‘nglini xuddi osmonga ko‘tarilib ketayotgandek tor va tang qilib qo‘yar» (An’om surasi, 125-oyat).

«Agar sizlarga Alloh yor bo‘lsa, hech kim sizlardan g‘olib bo‘lmas. Va agar U Zot sizlarni yordamsiz qo‘ysa, Undan so‘ng hech bir zot sizlarga yordamchi bo‘lmas» (Oli-Imron surasi, 160-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:51:20

Hidoyat qiluvchi ham, adashtiruvchi ham Allohdir, U xohlagan narsasini qiladi, iroda etgan narsasi bilan hukm qiladi, Uning hukmini qaytaruvchi ham, Uning qazosini orqaga suruvchi ham yo‘qdir. Jannat va uning ahlini yaratib, ularni toat bilan amal qildirib qo‘ydi. Do‘zax va uning ahlini yaratib, ularni gunohlar bilan amal qildirib qo‘ydi. Xalqqa jannat ahlining ham, do‘zax ahlining ham alomatlarini bildirib qo‘ydi. Alloh taolo kalomida aytdi:

«Shak-shubhasiz,   yaxshilar   (ya’ni,   mo‘minlar   jannat) ne’matlaridadirlar. Shak-shubhasiz, fisq-fujur qilguvchi kimsalar (ya’ni, Qur’on va payg‘ambarni yolg‘onchi qilguvchi, jazo kuni va qayta tirilishni inkor qilguvchi kimsalar) do‘zaxdadirlar» (Infitor surasi, 13-14-oyatlar).

Yana Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda Alloh taolo aytadi: «Bular jannatda bo‘ladilar, Men parvo qilmayman. Bular esa do‘zaxda bo‘ladilar, Men parvo qilmayman» (Imom Ahmad va Ibn Hibbon rivoyatlari). Haq va molik Alloh oliydir, U qilgan narsasi haqida so‘ralmaydi, ular (xalq) so‘raladilar.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:51:32

Endi qalb ajoyibotlarini zikr qilishda mana shu ozgina miqdor bilan kifoyalanamiz. Chunki uni chuqur tadqiq qilish muomala ilmiga to‘g‘ri kelmaydi. Albatta qalb ajoyibotlaridan muomala ilmlarini chuqur bilish va uning sirlaridan xabardor bo‘lish uchun zarur miqdorda zikr qildik. Bu miqdor bilan zohiriy tomonlarga qanoat qilmaydigan, po‘st bilan mag‘izni ajratmaydigan, balki sabablarning haqiqatini nozik nuqtalarigacha bilishga qiziqadigan kishilar foydalangaylar. Tavfiq Allohdandir.

«Qalb ajoyibotlari kitobi» tugadi. Hamd va tashakkur Allohga bo‘lsin. Bu kitobdan so‘ng «Nafsning riyozati va xulqlarni o‘nglash kitobi» keladi. Yolg‘iz Allohga hamd bo‘lsin, tanlab olingan bandalarning har biriga Alloh salovot yuborsin!

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:52:19

NAFSNI TARBIYALASH, AXLOQNI TUZATISH VA QALB KASALLIKLARINI DAVOLASH HAQIDAGI MUHLIKOT QISMIDAN

IKKINCHI KITOB


Ishlarni o‘z tadbiri bilan tasarruf etib turgan, maxluqotning jismini to‘g‘ri, suratini chiroyli qilgan, inson suratini ham chiroyli shakl va o‘lchamda ziynatlab qo‘ygan, uning shakli va o‘lchami borasida ziyoda va nuqsonli bo‘lishidan saqlagan, xulqlarni chiroyli qilishni bandaning ijtihodi va harakatiga topshirib qo‘ygan, yana bandani qo‘rqitish va ogohlantirish bilan xulqlarini tuzatishga undagan, O’z tavfiqi va osonlashtirishi bilan xos bandalariga xulqlarini tuzatishni yengil qilgan, ularni mushkul va mashaqqatli narsalarni yengil qilish bilan taqdirlagan Zotga hamdlar bo‘lsin!

A’zolarining har bir chizig‘idan payg‘ambarlik nurlari zohir bo‘lib turadigan, xislatlaridan va ko‘rinishlaridan Haqning haqiqati aks etib turadigan, Allohning bandasi, Uning payg‘ambari, habibi va tanlab olgani, Uning xursandlik xabarini beruvchisi va qo‘rqituvchisi bo‘lgan Muhammad alayhissalomga hamda Islom yuzini kufr zulmati va qorong‘iligidan poklagan, botilning vositalarini yanchib tashlab, uning ozi yoki ko‘pi bilan o‘zlarini kir qilmagan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oilalariga va ashoblariga salovotlar bo‘lsin.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:52:28

Hamdu sanodan so‘ng so‘z boshlab aytamizki, chiroyli xulq payg‘ambarlar sayyidining sifatidir va siddiqlarning eng afzal amalidir. Darhaqiqat, chiroyli xulq dinning yarmi, obidlarning riyozatlari natijasi va taqvodorlarning sa’y-harakatlari samarasidir.

Yomon xulqlar esa zahri qotil, shubhasiz halok qiluvchi, sharmandalikka boshlovchi, ochiq-oydin bemaza qiliqlar bo‘lib, olamlarning Robbiga yaqin bo‘lishdan uzoqlashtiruvchi va sohibini shaytonlar yo‘lida xizmatga kirgizib qo‘yuvchidir. Yana u Alloh taoloning yuraklargacha yetib boradigan tarzda yoqib qo‘yilgan do‘zaxiga ochilgan eshiklardir. Chiroyli xulqlar esa qalbdan jannat ne’matlariga va Rahmonga yaqin bo‘lish sari ochib qo‘yilgan eshiklardir.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:52:48

Xunuk xulqlar qalblarning xastaligi, nafslarning kasalligidir. Albatta u abadiy hayotni yo‘q qiladigan kasallikdir. Buning oldida jism hayotining o‘zigagina ta’sir qiladigan kasallik hech narsa bo‘lmay qoladi. Tabiblar qanday bo‘lsa ham, badanlarni davolash qoidalarini aniqlash bilan shug‘ullanishga qattiq kirishishgan. Holbuki, badan kasalligida faqat foniy hayotni yo‘qotish bo‘ladi, xolos. Kasalligida boqiy hayotni yo‘qotadigan qalb kasalliklarini muolaja qilish qoidalarini aniqlash bilan shug‘ullanish afzalroqdir. Tabobatning bu xilini o‘rganish har bir aql egasiga vojibdir.

Zero, biron-bir qalb kasalliklardan xoli emas. Agar e’tiborsizlik qilinsa, kasalliklar orqama-orqa kelib qalbga to‘planadi va namoyon bo‘ladi. Demak, banda qalb kasalliklarini va ularning sabablarini bilishda hushyor bo‘lishi, so‘ngra uni davolab tuzatishga harakat qilishi lozim. Uni davolash esa Alloh taoloning mana bu oyatidagi kalomidan bo‘lgan muroddir:

«Darhaqiqat, uni (ya’ni, o‘z nafsini - jonini iymon va taqvo bilan) poklagan kishi najot topdi» (Vash-shams surasi, 9-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:53:00

Uni davolashga e’tiborsizlik qilish esa mana bu oyatdan muroddir:

«Va u (jonni fisq-fujur bilan) ko‘mib xorlagan kimsa nomurod bo‘ldi» (Vash-shams surasi, 10-oyat).

Biz bu kitobda qalb kasalliklaridan bir nechasiga murojaat etib, ularning xususiyatlarini davolash tafsilotini keltirmasdan, balki uni butkul davolash to‘g‘risida qanday gaplar borligiga ishora qilamiz. Chunki uning tafsilotlari Muhlikot bobining boshqa kitoblarida keladi. Hozirgi maqsadimiz esa xulqlarni tuzatish va uning yo‘llarini osonlashtirish haqidagi har bir narsaga nazar qilishdir. Biz shularni zikr qilamiz. Buni tushunish oson bo‘lishi uchun badanni davolashni misol qilib keltiramiz. Bu esa chiroyli xulqning fazilatini va haqiqatini bayon qilish bilan ayon bo‘ladi. So‘ngra yana tarbiya tufayli axloqlar o‘zgarishni qabul qila olishini, husni xulqqa erishtiradigan sababni, xulqlarni tuzatishga va nafslarni tarbiyalashga olib boradigan yo‘llarning tafsilotini bilish vositalarini, qalb kasalliklarini ko‘rsatadigan alomatlarni, inson ayblarini bilib oladigan yo‘llarni, qalbni davolash yo‘li shahvatlarni tark qilishdan boshqa narsa emasligiga naqliy dalillarni, chiroyli xulq alomatlarini, go‘daklarni avvalgi chog‘larida tarbiyalash yo‘llarini, irodani va boshda qilinadigan harakatlarning shartlarini bayon qilish bilan ravshan bo‘ladi. Bu o‘n bir fasldan iborat bo‘lgan, maqsadlarimizni jamlay oladigan kitobdir, inshaallohu taolo.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:53:29

Husni xulqning fazilati va yomon xulqning mazammati bayonida

Alloh taolo payg‘ambari va habibiga maqtov aytgan holda va u kishidagi O’z ne’matini zohir qilgan holda aytadi:

«Albatta siz ulug‘ xulq ustidadirsiz» (Qalam surasi, 4-oyat).

Oisha roziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari Qur’on edi» (Imom Muslim rivoyati). Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan husni xulq haqida so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mana bu oyatni o‘qidilar:

«(Ey Muhammad alayhissalom), avf-marhamatli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring» (A’rof surasi, 199-oyat). So‘ngra Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «U (ya’ni, husni xulq) sizdan (bordi-keldini) uzib qo‘ygan kishiga silai-rahm qilishingiz, sizni mahrum qilgan kishiga berishingiz va zulm qilgan kishini avf qilishingizdir» (Ibn Mardavayh hasan sanad bilan rivoyat qilgan). Yana Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Albatta men chiroyli xulqlarni mukammal qilish uchun yuborildim», dedilar (Imom Ahmad rivoyati). Va yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kunida taroziga qo‘yiladigan narsalarning og‘irrog‘i Allohdan qo‘rqish va husni xulqdir» (Imom Termiziy rivoyat qilgan va sahih, degan).

Qayd etilgan