Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan kelib: «Din nima, ey Rasululloh?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Husni xulq», dedilar. U kishi o‘ng tomonlaridan kelib yana: «Din nima, ey Rasululloh?» dedi. U kishi yana: «Husni xulq», dedilar. So‘ngra chap tomonlaridan kelib: «Din nima, ey Rasululloh?» dedi. U zot yana: «Husni xulqdir», dedilar. So‘ngra orqalaridan kelib: «Din nima, ey Rasululloh?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga o‘girilib: «Tushunmayapsanmi, din-g‘azab qilmasliging», dedilar (Muhammad ibn Nasr Marvaziy rivoyati). Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «Baxtsizlik nima, ey Rasululloh?» deyildi. «Yomon xulq», dedilar (Imom Ahmad rivoyati, sahih emas).
Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «Menga nasihat qiling», dedi. «Qaerda bo‘lsang ham, Allohdan qo‘rq», dedilar. U kishi: «Yana ziyoda qiling», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yomonlik orqasidan yaxshilik qil, u yomonlikni o‘chiradi», dedilar. U kishi: «Yana ziyoda qiling», dedi. «Insonlarga chiroyli xulq bilan muomalada bo‘l», dedilar (Imom Termiziy rivoyat qilgan va hasan, sahih, degan).