Alloh taolo aytadi:
«Magar Alloh huzuriga toza dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)» (Shuaro surasi, 89-oyat).
Baxillik va isrofgarchilik dunyo to‘siqlaridandir. Qalb esa har ikkisidan ham salomat bo‘lishi kerak. Ya’ni, dunyoga iltifot qiluvchi isrofgarchilikka va qizg‘onchiqlikka haris bo‘lmasligi kerak. Chunki qizg‘onchiqlikka haris bo‘lgan kishining qalbi u tomonga burib qo‘yilganidek, isrofga haris bo‘lgan kishining qalbi ham isrofgarchilikka burib qo‘yilgan bo‘ladi. Endi qalbning yetuk bo‘lishi shu sifatlarning ikkisidan ham xoliligi, tozaligi bilan bo‘ladi. Iliq suv issiq ham, sovuq ham emas, balki ikkisining o‘rtasida bo‘lib, ikkalasidan ham xoli bo‘lgandekdir. Xuddi shuningdek, saxiylik isrofgarchilik bilan ziqnalikning o‘rtasida, shijoat qo‘rqoqlik bilan o‘zini tutolmay qolishning o‘rtasida va iffatlilik esa ochko‘zlik bilan qattiqlikning o‘rtasidadir. Boshqa xulqlar ham shunga o‘xshashdir. Ishlarning ikki tomoni (ya’ni, juda past ketish va juda haddan oshish) yomonlangan. Har bir xulqning o‘rtachasi matlubdir. U esa mumkin ishlardandir. Lekin yo‘l ko‘rsatuvchi shayxlar muridlarining oldida boshdan g‘azabni xunuk qilib ko‘rsatishi, qizg‘onchiqlikni yomonlashi, unga shulardan birortasiga ruxsat bermasligi lozim. Chunki agar muridga shulardan ozginasiga ruxsat bersa, u shu ruxsatni baxilligi va g‘azabini saqlab qolishda bahona qilib oladi va shayxining ozginaga ruxsat berganini ijozat etilgan miqdor deb o‘ylaydi.
Agar g‘azab va qizg‘onchiqlikning aslini yo‘qotishga qasd qilib, buni oshirib yuborsa-yu, lekin mo‘‘tadillikka qaytgani sababli tutoqishini sindirishgagina erishsa, uning uchun to‘g‘ri yo‘l istalgan miqdor hosil bo‘lgunicha uni tag-tugi bilan yo‘qotishni qasd qilib turmog‘idir. Shayx bu sirni muridiga zohir qilmaydi, chunki bu ahmoqning aldanish o‘rnidir. Negaki, uning g‘azabi ham, qizg‘onchiqligi ham haq deb o‘ylaydi.