Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 176950 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 33 B


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:09:56

Alloh taolo aytadi:
«(U taqvodor zotlar) yaxshi-yomon kunlarda infoq-ehson qiladigan, g‘azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato-kamchiliklarini) avf etadigan kishilardir» (Oli-Imron surasi, 134-oyat).

Alloh taolo g‘azablarini yo‘q qilguvchilar, deb aytmadi. G’azab va shahvatning ikkalasidan birontasi ham aqlga g‘olib kelmaydigan, balki aql ikkisini nazorat qilib, ularga g‘olib keladigan darajada mo‘‘tadillik haddiga qaytarish mumkin. Xulqni o‘zgartirishdan murod ham shudir. Chunki ba’zan shahvat insonda shu darajada bo‘ladiki, aql uni buzuqliklarga jur’atli bo‘lishdan qaytara olmaydi, so‘ngra tarbiya bilan mo‘‘tadillik haddiga qaytadi. Bu xulqni o‘zgartirish mumkinligiga dalolat qiladi. Tajriba va kuzatishlar bunga shak-shubhasiz dalolat qiladi. Xulqlarda ko‘zda tutilgani o‘rtachasidir. Ikki tarafi emas. Masalan, saxiylik shar’an maqtalgan xulqdir, u esa isrofgarchilik bilan ziqnalikning o‘rtasidadir.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:10:22

Alloh taolo bu xislatni maqtab aytadi:
«Ular infoq-ehson qilgan vaqtlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (balki ehsonlari) ana shu (xasislik bilan isrofning) o‘rtasida - mo‘‘tadil bo‘lur» (Furqon surasi, 67-oyat).

Yana Alloh taolo aytadi:
«(Baxillik bilan) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang, (isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yozib ham yubormang» (Al-Isro surasi, 29-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:10:56

Shuningdek, taom shahvatida ham ochko‘z va qattiq bo‘lmasdan, o‘rtacha bo‘lish talab qilingan.

Yana Alloh taolo aytadi:
«Yenglar, ichinglar, faqat isrof qilmanglar, zotan U isrof qilguvchi kimsalarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat).

Alloh taolo g‘azab to‘g‘risida shunday deydi:
«Kofirlarga qahrli, o‘z oralarida (mo‘minlar bilan) esa rahm-shafqatlidirlar» (Fath surasi, 29-oyat).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Ishlarning yaxshisi o‘rtachalaridir» (Bayhaqiy rivoyati). Bu so‘zda bir sir va haqiqat bor. Bu saodat dunyo to‘siqlaridan qalb salomat bo‘lishiga bog‘liqdir.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:11:15

Alloh taolo aytadi:
«Magar Alloh huzuriga toza dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)» (Shuaro surasi, 89-oyat).

Baxillik va isrofgarchilik dunyo to‘siqlaridandir. Qalb esa har ikkisidan ham salomat bo‘lishi kerak. Ya’ni, dunyoga iltifot qiluvchi isrofgarchilikka va qizg‘onchiqlikka haris bo‘lmasligi kerak. Chunki qizg‘onchiqlikka haris bo‘lgan kishining qalbi u tomonga burib qo‘yilganidek, isrofga haris bo‘lgan kishining qalbi ham isrofgarchilikka burib qo‘yilgan bo‘ladi. Endi qalbning yetuk bo‘lishi shu sifatlarning ikkisidan ham xoliligi, tozaligi bilan bo‘ladi. Iliq suv issiq ham, sovuq ham emas, balki ikkisining o‘rtasida bo‘lib, ikkalasidan ham xoli bo‘lgandekdir. Xuddi shuningdek, saxiylik isrofgarchilik bilan ziqnalikning o‘rtasida, shijoat qo‘rqoqlik bilan o‘zini tutolmay qolishning o‘rtasida va iffatlilik esa ochko‘zlik bilan qattiqlikning o‘rtasidadir. Boshqa xulqlar ham shunga o‘xshashdir. Ishlarning ikki tomoni (ya’ni, juda past ketish va juda haddan oshish) yomonlangan. Har bir xulqning o‘rtachasi matlubdir. U esa mumkin ishlardandir. Lekin yo‘l ko‘rsatuvchi shayxlar muridlarining oldida boshdan g‘azabni xunuk qilib ko‘rsatishi, qizg‘onchiqlikni yomonlashi, unga shulardan birortasiga ruxsat bermasligi lozim. Chunki agar muridga shulardan ozginasiga ruxsat bersa, u shu ruxsatni baxilligi va g‘azabini saqlab qolishda bahona qilib oladi va shayxining ozginaga ruxsat berganini ijozat etilgan miqdor deb o‘ylaydi.

Agar g‘azab va qizg‘onchiqlikning aslini yo‘qotishga qasd qilib, buni oshirib yuborsa-yu, lekin mo‘‘tadillikka qaytgani sababli tutoqishini sindirishgagina erishsa, uning uchun to‘g‘ri yo‘l istalgan miqdor hosil bo‘lgunicha uni tag-tugi bilan yo‘qotishni qasd qilib turmog‘idir. Shayx bu sirni muridiga zohir qilmaydi, chunki bu ahmoqning aldanish o‘rnidir. Negaki, uning g‘azabi ham, qizg‘onchiqligi ham haq deb o‘ylaydi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:11:42

Husni xulqqa batamom erishtiradigan sabablar bayoni

Husni xulq aql quvvatining mo‘‘tadilligi, donolikning yetukligi, g‘azab va shahvat quvvatining mo‘‘tadilligi hamda ularning aqlga va shariatga itoatkorligi bilan bo‘lishini bildingiz.

Bu mo‘‘tadillik ikki xil yo‘l bilan hosil bo‘ladi. Birinchisi - inson aqli komil, xulqi chiroyli holda tug‘ilgani uchun ilohiy oliyjanoblik va fitriy yetuklik bilan shahvat va g‘azab hukmronligidan qutuladi. Ya’ni, shahvat va g‘azab aql va shariatga bo‘ysunuvchi mo‘‘tadil yaratilib, ta’lim olmasdan olimga va tarbiya olmasdan odobliga aylanadiki, Iso ibn Maryam alayhissalom va Yahyo ibn Zakariyo alayhissalomlarga o‘xshaydi. Boshqa payg‘ambarlar ham xuddi shuningdek bo‘lishgan. Ular tabiatida va fitratida harakat va o‘rganish orqali erishiladigan narsalar bo‘lishi ehtimoldan uzoq emas. Ko‘pincha go‘dak rostgo‘y, saxiy va jur’atli qilib yaratiladi. Ba’zan esa buning aksi bo‘lib, bu xulqlar unda odat qilib olish va yaxshi xulqlilarga qo‘shilish bilan hosil bo‘ladi. Ba’zan esa o‘rganish bilan hosil bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:11:53

Ikkinchisi - bu xulqlarni harakat va tarbiya bilan qo‘lga kiritishdir. Ya’ni, nafsni matlub xulqlar taqozo qiladigan amallarga majburlashdir. Masalan, qaysi bir inson nafsida saxiylik xulqini hosil qilmoqchi bo‘lsa, uning saxiylik fe’li molni infoq-ehson qilish bilan shug‘ullanishga o‘zini majburlaydi. Doim nafsidan shuni talab qiladi va shunga o‘zini majburlab, nafsi bilan kurashishda barqaror bo‘ladi. Hatto ana shu xulq uning tabiatiga aylanadi hamda infoq-ehson qilish unga osonlashib, saxiyga aylanadi. Shuningdek, kibri g‘olib kishi agar o‘zida kamtarlik xulqini hosil qilishni xohlasa, uning kamtar kishilarning fe’llari bilan uzoq muddat shug‘ullanmog‘i va bu to‘g‘rida nafsiga kurashmog‘i, kamtarlik uning bir xulqiga aylangunicha shunga o‘zini undamog‘i lozim bo‘ladi. So‘ngra unga kamtar bo‘lish unga osonlashadi. Boshqa shar’iy maqtalgan xulqlar ham mana shu yo‘l bilan hosil bo‘ladi.

Keyinchalik unda sodir bo‘layotgan shu fe’l unga rohat bag‘ishlaydi. Saxiy kishi sarflayotgan molini sarflash bilan lazzat oladi, majburan sarflayotgan kishi bunday bo‘lmaydi. Kamtar kishi esa kamtarlikdan lazzat oladi. Modomiki, nafs o‘ziga chiroyli odatlarning hammasini odat qilib, yomon ishlarning hammasini tark qilmasa, chiroyli ishlarga ishtiyoqli kishining tirishqoqligidek g‘ayrat ko‘rsatmasa, undan baxramand bo‘lmasa, xunuk ishlarni yomon ko‘rib, undan nafratlanmasa, unda diniy xulqlar o‘rnashmaydi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:12:14

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘zim quvonchi namozda qilindi», deganlar (Nasaiy rivoyati). Ibodatlar va ta’qiqlangan narsalarni tark qilish, agar u majburan va qiynalib sodir bo‘lsa, nuqsondir. U bilan mukammal saodatga erisha olmaydi. Ha, chiroyli xulqlarga nafs bilan kurashgan holda intilish yaxshi. Lekin bu kurash nafsning yomon xulqlarni tark qilishi ustida bo‘ladi, yaxshi xulqlarni ixtiyoriy qilish ustida bo‘lmaydi. Shuning uchun Alloh taolo aytadi:

«Albatta u (namoz o‘qish) og‘ir ishdir. Magar o‘zlarining Parvardigorlariga ro‘baro‘ bo‘lishlarini va shubhasiz Uning huzuriga qaytuvchi ekanliklarini biladigan shikastanafs zotlarga (og‘ir emasdir)» (Baqara surasi, 45-oyat).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Allohga rozi bo‘lish darajasida ibodat qilgin (ya’ni, rozi bo‘lib ibodat qil). Agar qodir bo‘lmasang, karih ko‘radigan narsangga sabr qilishda (ya’ni, ibodat karih ko‘rinsa, unga sabr qilsang) ko‘p yaxshilik bordir» (Tabaroniy rivoyati). Husni xulq uchun belgilangan saodatga yetishda toatdan lazzatlanish va ma’siyatni yomon ko‘rish bir vaqtda sodir bo‘lib, boshqa vaqtda sodir bo‘lmasligi kifoya qilmaydi. Balki doim va umr bo‘yi bo‘lmog‘i lozim. Umr qancha uzun bo‘lsa, fazilat ham shuncha mahkamroq va mukammalroq bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan saodat haqida so‘ralganida u zot sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taoloning toatida uzoq yashash», dedilar (Qattoiy rivoyati).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:12:24

Shuning uchun payg‘ambarlar va avliyolar o‘limni yomon ko‘rganlar. Chunki dunyo oxirat ekinzoridir. Umrning uzun bo‘lishi bilan birga ibodatlar ko‘p bo‘lsa, savob ko‘proq, nafs pokizaroq, tozaroq va xulqlar esa kuchliroq va mustahkamroq bo‘ladi. Ibodatlardan ko‘zlangan maqsad uning qalbga ta’sir qilishidir. Albatta uning ta’siri ibodatlarda bardavom bo‘lish bilan kuchayadi. Bu xulqlarning g‘oyasi nafsdan dunyo muhabbati uzilib, Alloh taoloning muhabbati mustahkam o‘rnashmog‘idir. Shunda biror narsa unga Alloh taologa yo‘liqishdan ko‘ra suyukliroq bo‘lmaydi. Molining hammasini faqat Allohga yo‘liqtiradigan yo‘llarga ishlatadi. Uning g‘azab va shahvati ham o‘ziga bo‘ysundirilgan bo‘lib, ularni ham faqat Alloh taologa yaqinlashtiradigan o‘rinlarda ishlatadi. Mana shularning hammasi shariat va aql tarozisida o‘lchash bilan hosil bo‘ladi. Shundan so‘ng u qilayotgan ishlariga xursand bo‘luvchi va undan lazzat oluvchi bo‘ladi.

Endi namoz ko‘z quvonchi darajasiga yetishi va ibodatlar rohat berishi mumkin emas, deb bo‘lmaydi. Chunki odat bundan ham g‘aroyib ajoyibotlarni taqozo qiladi. Negaki, goho podshohlarni va ne’matga burkangan kishilarni doimiy qayg‘uda, pulsiz qolgan qimorbozning esa qimor va undagi narsalar bilan lazzatlanishi va xursandligi kuchayganini hamda qimorsiz insonlarning xursandligi unga juda og‘ir tuyulishini ko‘ramiz.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:12:36

Vaholanki, qimor ba’zan uning molini tortib oladi va uyini harob qilib, o‘zini nochor holda qoldiradi. Shunday bo‘lsa ham, u qimorni yaxshi ko‘radi. U bilan lazzatlanadi. Buning sababi uning qimorga uzoq vaqt ulfat bo‘lib va o‘zini unga burib qo‘ygani uchundir.

Kaptar o‘ynatuvchi ham shunga o‘xshashdir. Goho oyog‘ida tik turib kun bo‘yi quyosh issig‘ida qolib ketadi. U qushlar va ularning harakatiga, osmonda parvoz qilishiga qarab xursand bo‘lgani uchun zahmatni ham sezmaydi.

Yana bir ayyor, fojir kishining kaltaklanishga va yaradorlikka yo‘liqqaniga, qamchilarga va dorga osilishga ketayotganiga sabr qilish bilan faxrlanayotganini ko‘ramiz. U mana shunday azoblar bilan ham o‘zidan va azoblarga sabr qilishdagi matonatidan faxrlanib xursand bo‘ladi. Hatto shuni o‘z nafsi uchun obro‘ deb biladi. Qo‘lga olganlar uni boshqalardan olgan narsasiga iqror qilish uchun a’zolarini mayda-mayda qilib kesib chiqishadi. U esa tan olmaslikni yetuklik, shijoat va mardlik deb e’tiqod qilgani uchun qilmishlarini inkor qilib turaveradi. Shunchalik azoblarga yo‘liqsa-da, uning holati ko‘zining quvonchi va faxr sababiga aylanadi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:12:46

Xunasa kishining qoshini terib, yuzini bo‘yab, ayollar bilan birga yurib, o‘zini xotinlarga o‘xshatishdagi holatidan ko‘ra pastkashroq va xunukroq holat yo‘q. Bunday holatidan, xunasalikda mukammalligidan quvonib, hatto boshqa xunasalar ichida ana shu ishlari bilan faxrlanayotganini ko‘rasiz. Bunday faxrlanish, bir-biriga maqtanishlar podshoh va ulamolar o‘rtasida bo‘lganidek, sartarosh va farroshlar o‘rtasida ham bo‘ladi. Bularning barchasi odatlanish, shu ishlarda uzoq vaqt bir xil tarzda ishtirok etish natijasidir. Demak, agar nafs odatlanish bilan botil narsadan lazzatlanib, unga va boshqa yomonliklarga moyil bo‘lar ekan, u uzoq vaqt Haqqa qaytib, Uni qattiq lozim tutsa, qanday qilib Haqdan lazzatlanmasin. Nafsning qabih ishlarga moyil bo‘lishi inson tabiatidan tashqaridagi narsadir, u go‘yo insonning loy yeyishiga o‘xshaydi. Goho mana shu narsa ham ba’zi insonlarga odat bo‘lib qoladi. Ammo insonning hikmatga, Alloh taoloning muhabbatiga, ma’rifatiga va ibodatiga moyil bo‘lishi esa go‘yo uning taom va ichimlikka moyil bo‘lishiga o‘xshaydi. Darhaqiqat, ibodat va ma’rifatlar qalb tabiatining taqozo qilgan narsasidir. Chunki u robboniy buyruqdir.

Qayd etilgan