Muallif Mavzu: Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 116925 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 1 Mehmon ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

Laylo

  • Mehmon
Demak, axloqlarning onalari va asoslari to‘rtta bo‘lib, ular hikmat, shijoat, iffat va adolatdir. Hikmatdan murod nafsning jamiki ixtiyoriy ishlarda xatolikdan to‘g‘rilikni ajrata oladigan bir holatidir. Adolatdan murod nafsning g‘azab va shahvatga siyosat qilib turadigan, ularni hikmat taqozo qiladigan narsalarga undaydigan, hikmat taqozosiga ko‘ra erkin qo‘yadigan va ushlab turadigan holatidir. Shijoatdan murod g‘azabning quvvati ro‘yobga chiqishida va tiyilishida aqlga bo‘ysungan bo‘lmog‘idir. Iffatdan murod shahvat quvvatining aql va shariat tarbiyasi bilan tarbiyalanganidir. Mana shu to‘rt asosning to‘g‘ri bo‘lishidan barcha chiroyli xulqlar hosil bo‘ladi. Zero, aql quvvatining to‘g‘ri bo‘lishidan tadbirning chiroyi, zehnning yaxshiligi, fikrning o‘tkirligi, gumonning to‘g‘ri chiqishi, ishlarning nozik nuqtalari va nafsning xufyona ofatlarini sezish hosil bo‘ladi. Unga chuqur ketishdan esa makr, hiyla, aldoqchilik va ayyorlik sodir bo‘ladi. Unga beparvolikdan tentaklik, g‘amorat, jinniliklar sodir bo‘ladi. G’amoratdan murod o‘ylashga imkon bo‘lgan holda ishlarda tajribasizlikdir. Goho insonning bir narsani qo‘yib, boshqa narsaga o‘ralashib qolish holati ham bo‘ladi. Ahmoqlik bilan jinnilikning farqi shunday: ahmoqning maqsadi to‘g‘ri bo‘ladi, lekin uning tutgan yo‘li buzuqdir. Uning uchun maqsadga yetkazadigan yo‘lni tanlashda to‘g‘ri fikr bo‘lmaydi. Ammo jinni ixtiyor qilinishi kerak bo‘lmagan narsalarni ixtiyor qiladi, uning asl ixtiyori buzuq bo‘ladi

Laylo

  • Mehmon
Shijoatlilik xulqidan saxiylik, jasurlik, qahramonlik, nafsni sindirish, aziyatlarni ko‘tarish, halimlik, sabotlilik, g‘azabni yutish, viqorlilik, do‘stlashish va shularga o‘xshash maqtovli xulqlar sodir bo‘ladi. Ammo shijoatda haddan oshishdan maqtanchoqlik, o‘zini katta olish, qattiq g‘azablilik, takabbur va xudbinlik hosil bo‘ladi. Unga beparvo bo‘lishdan xorlik, sharmandalik, qayg‘u, tahqirlanish, o‘zini past sanash, vojib bo‘lgan haqni olishdan o‘zini ushlab turishlar sodir bo‘ladi.

Iffatlilik xulqidan saxiylik, hayo, sabr, kechirish, qanoat, omonatdorlik, muloyimlik, yordam berish, ichki go‘zallik va ta’ma qilmaslik hosil bo‘ladi. Ammo unda chuqur ketishga yoki beparvolikka moyil bo‘lishdan esa hirs, ochko‘zlik, uyatsizlik, axloqsizlik, isrofgarchilik, hafsalasizlik, riyokorlik, sharmandalik, dilxushlik, laganbardorlik, hasadgo‘ylik, ichqoralik, boylar oldida xor bo‘lish, kambag‘allarni xaqir sanash va boshqa narsalar hosil bo‘ladi.

Laylo

  • Mehmon
Chiroyli xulqlarning onalari mana shu to‘rt fazilatdir. Ya’ni, hikmat, shijoat, iffat va adolat. Qolganlari ularning bo‘laklaridir. Bu to‘rt narsada mukammal to‘g‘ri bo‘lishga faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetganlar. U kishidan keyingi insonlar esa unga yaqin va uzoq bo‘lishda bir-birlaridan farq qilishadi. Bu xulqlarga yaqinlashgan har bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinlashgani miqdorida Alloh taologa ham yaqindir. Bu xulqlarni mukammal jamlagan har bir kishi xalqning o‘rtasida itoat qilinadigan podshoh bo‘lishga haqlidir. Xalqning hammasi unga murojaat qiladi. Barcha ishlarida unga ergashadi. Endi qay bir inson bu xulqlarning hammasidan ajrab, uning ziddi bilan sifatlanadigan bo‘lsa, shaharlardan ham, bandalarning ichlaridan ham chiqib ketishga loyiq bo‘ladi. Chunki u uzoqlashtirilgan, la’natlangan shaytonga yaqinlashadi. Yaxshi xulqli inson muqarrab farishtaga yaqin bo‘lib, unga ergashilmog‘i va yaqinlashilmog‘i lozim bo‘lganidek, endi uning uzoq qilinishi lozim bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, o‘zlari yaxshi xulqlarni mukammal qilish uchun yuborilgandirlar. Alloh taolo mo‘minlarning sifatlarini sifatlashda buxulqlarga ishora qilgan:

«Haqiqiy mo‘minlar Alloh va Uning payg‘ambariga iymon keltirib, so‘ngra (hech qanday) shak-shubha qilmagan va molu jonlari bilan Alloh yo‘lida kurashgan zotlardir. Ana o‘shalargina (o‘z iymonlarida) sodiq bo‘lgan zotlardir» (Hujurot surasi, 15-oyat).

Laylo

  • Mehmon
Alloh va Uning rasuliga shubha qilmasdan iymon keltirish quvvatli ishonch, bu esa aqlning samarasi hamda haqiqiy hikmatdir. Mol bilan kurashish shahvat quvvatini ushlab turishga olib keladigan saxiylikdir, jon bilan kurashish esa g‘azab quvvatini aqlning shartiga ko‘ra va mo‘‘tadillik chegarasida ishlatishga olib keladigan shijoatdir. Alloh taolo sahobalarni sifatlab aytadi:

«Muhammad Allohning payg‘ambaridir. U bilan birga bo‘lgan (mo‘min)lar kofirlarga qahrli, o‘z oralarida (mo‘minlar bilan) esa rahm-shafqatlidirlar» (Fath surasi, 29-oyat).

Qahr qilishdagi mukammallik ham, rahmdil bo‘lishdagi mukammallik ham hamma vaqt bo‘lmaydi. Bu oyatda qahrning ham, rahmdillikning ham alohida o‘rni borligiga ishora bordir. Bu bob xulq ma’nosining, uning chiroylili yoki xunukligi va uning ruknlari, samaralari, bo‘limlari bayonida bo‘ldi.

Laylo

  • Mehmon
Xulqlarning tarbiya yo‘li bilan o‘zgarish qabul qilishi bayoni

Bilingki, albatta qaysi bir kishida ishyoqmaslik ustun kelgan bo‘lsa, uning nafsni poklash va xulqlarni tuzatish bilan mashg‘ul bo‘lishi, mashq hamda harakat qilishi og‘ir bo‘ladi. Uning nafsi bu ishlar o‘zining qosirligi, kamchiligi va niyatning nopokligi tufayli bo‘layotganini qabul qilmaydi hamda u xulqlarni o‘zgartirib bo‘lmaydi, deb o‘ylaydi. Chunki tabiatlar o‘zgarmaydi, deydi. Bunga ikki narsani dalil qiladi. Birinchisi - albatta tashqi a’zolar zohiriy ko‘rinish surati bo‘lganidek, xulq botiniy suratdir. Tashqi xilqatni o‘zgartirishning imkoni yo‘q, chunki bo‘yi past odam o‘zini uzun bo‘yli qilmoqqa qodir bo‘lmaydi. Novcha kishi ham o‘zini pakana qilmoqqa qodir emas. Xunuk kishi o‘z suratini chiroyli qilishga qodir bo‘lmaydi. Ichki xunuklik ham xuddi shu tarzda yuritiladi.

Ikkinchisi - ular aytishadiki, husni xulq shahvat va g‘azabni yo‘q qilib yuboradi. Uzoq vaqt urinish bilan shuni tajriba qilib bildikki, shahvat va g‘azab tabiat taqozo qilgan narsalardandir. Chunki u odamdan hargiz ajralmaydi. U bilan (ya’ni, xulq bilan) mashg‘ul bo‘lish vaqtni behuda zoe qilishdir. Chunki maqsad qalbning naqd nasibalarga iltifot qilishini to‘xtatishdir. Buning bo‘lishi mumkin emas, deyishadi. Biz esa: «Agar xulqlar o‘zgarishni qabul qilmaydigan bo‘lsa, nasihatlar, ma’ruzalar va tarbiyalar behuda ketgan bo‘lar edi», deymiz.

Laylo

  • Mehmon
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: «Axloqlaringizni chiroyli qilinglar», degan bo‘lmas edilar (Abu Bakr ibn Bilol rivoyati). Hayvonning xulqini o‘zgartirish mumkin bo‘lgan holda qanday qilib bu odamda inkor qilinadi? Zero, burgut yovvoyilikdan qo‘lga o‘rgatiladi, it yeyishga bo‘lgan ochko‘zlikdan odobga va o‘zini ushlab turishga, ot esa asovlikdan yuvoshlikka va bo‘ysunishlikka o‘rgatiladi. Bularning hammasi xulqlarni o‘zgartirishdir.

Bularning hammasidan pardani ochib tashlovchi gap quyidagicha: borliq ikkiga bo‘linadi. Birinchisi - asli va qismlariga ko‘ra inson hamda uning ixtiyoriga daxli yo‘q narsalar. Masalan, osmon, yulduzlar, hatto badanning ichki va tashqi a’zolari hamda boshqa hayvonlarning a’zolari. Qisqasi, har bir mukammal bo‘lgan mavjud narsalarning (inson va uning ixtiyoriga) aloqasi yo‘q. Ikkinchisi - noqis holda topilgan narsa, lekin sharti topilganidan keyin unda mukammallikni qabul qiladigan holat mavjud qilingan. Uning sharti goho bandaning ixtiyoriga bog‘liq bo‘ladi. Chunki xurmo danagi olma emas va xurmoning o‘zi ham emas. Lekin u bir holatda yaratilganki, agar u ozgina parvarish qilinsa, xurmo daraxtiga aylanishi mumkin. Hatto parvarish bilan ham aslo olmaga aylanmaydi. Agar danak ixtiyor bilan ta’sirlanib, ba’zi holatlarni qabul qilib, ba’zisini qabul qilmaydigan bo‘lsa, demak, shahvat va g‘azab ham xuddi shuningdekdir. Agar g‘azab va shahvatni asari qolmas darajada butkul yo‘qotishni xohlaydigan bo‘lsak, bunga aslo qodir bo‘lolmaymiz. Agar u ikkisini yuvosh qilish, tarbiya va kurashish bilan bo‘ysundirishni xohlasak, albatta unga qodir bo‘lamiz. Biz ana shunga buyurilganmiz. Ana shu najot topishimizning va Alloh taologa yetishishimizning sababiga aylangan. Ha, xilqatlar har xil, ba’zisi tez, ba’zisi esa sekin qabul qiladigan bo‘ladi. Uning ikki xil bo‘lishiga ikki sabab bor.

Laylo

  • Mehmon
Birinchisi - asl yaratilishdagi tabiiy quvvat va uning insondan ajralmasligi. Chunki shahvat, g‘azab va kibrlik quvvatlari insonda mavjuddir. Lekin ularning masalasi qiyinrog‘i va o‘zgartirishga bo‘ysunmaydiganrog‘i - bu shahvat quvvatidir. Chunki u avvalroq mavjud bo‘lgan. Zero, go‘dak bola yaratilishining avvalidayoq unga shahvat ham qo‘shib yaratiladi. Yetti yillardan keyin unda g‘azab yaratiladi. Shundan keyin unda oq-qorani ajratish quvvati yaratiladi.

Ikkinchisi - albatta xulq goho unga muvofiq ko‘p amal qilish, unga itoat qilish bilan va unga chiroyli rozi bo‘linishiga e’tiqod qilish bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Bu to‘g‘rida insonlar to‘rt xil martabada bo‘ladilar: avvalgisi - haq bilan botilning va chiroyli bilan xunukning o‘rtasini ajrata olmaydigan, balki qanday yaratilgan bo‘lsa, o‘shandoq qolgan, jamiki e’tiqodlardan xoli va hatto lazzatlarga ergashish bilan ham shahvati kamolga yetmagan, xom bir inson. Bu odam tuzatishni juda tez qabul qiluvchi bo‘ladi. Faqat u bir muallimga, murshidga, o‘z nafsidan bo‘lgan, uni harakatga undaydigan ichki bir undovchiga muhtoj bo‘ladi, shunda uning xulqi tez vaqt ichida chiroyli bo‘ladi.

Laylo

  • Mehmon
Ikkinchisi - yomon ishlarning yomonligini aniq bilgan, lekin yaxshi amallarni odat qila olmagan, balki yomon ishlari unga chiroyli ko‘ringan, shahvatiga bo‘ysunganligi va shahvati unga g‘olib kelib, to‘g‘ri fikrdan yuz o‘girgani uchun uni (ya’ni, yomonlikni) qilib yuradigan kishi. Lekin shunday bo‘lsa ham, o‘z amalidagi kamchilikni biladi. Bunday insonning ishi avvalgisidan ko‘ra qiyinroqdir. Zero, unga vazifalar ko‘payib ketgan. Chunki u avvalo nafsida o‘rnashib qolgan fasod ishlar odatini yo‘qotishi, so‘ngra nafsiga yaxshilik sifatlarini ekmoqligi kerak. Qisqasi, bu inson nafsiga jiddu jahd, harakat va qat’iyat bilan tursa, u ham tarbiya qabul qilish o‘rni hisoblanadi. Uchinchisi - yomon xulqlarni albatta qilish lozim, u ma’qul ishlardan va albatta u haqdir, chiroylidir, deb e’tiqod qilgan, ana shu yomon xulqlar bilan tarbiya topgan inson. Bunday odam xulqini tuzatishdan bosh tortishi ham mumkin. Uning faqat ba’zi bir holatdagina tuzatilishiga umid qilinadi. Bunga adashish sabablarining ko‘payib ketgani sababdir. To‘rtinchisi - buzuq fikrga binoan ulg‘aygan va tarbiyasi shunga yo‘naltirilgan kishi. U fazilat yomon ishlarni ko‘paytirishda, nafslarni halok qilishda, deb biladi. Yomon ishlari bilan faxrlanadi. Shular qadrimni ko‘taradi, deb gumon qiladi. Bu esa martabalarning eng qiyinrog‘idir. Bunga o‘xshash narsalar to‘g‘risida aytilganki, qarilikdagi tarbiya o‘zini qiynash, ayblardan tozalanish o‘zini azoblashdir. Bulardan birinchisi faqat johil kishidir. Ikkinchisi johil va adashgandir. Uchinchisi johil, adashgan va fosiqdir. To‘rtinchisi johil, adashgan, fosiq va o‘ta yovuzdir.

Laylo

  • Mehmon
Ammo bundaylarning o‘zlariga dalil qilib olgan boshqa fikrlari shunday: odam, modomiki, tirik ekan, shahvat, g‘azab, dunyoni yaxshi ko‘rish va shunga o‘xshash boshqa xulqlar undan uzil-kesil yo‘q bo‘lmaydi. Bu ba’zi bir toifa kishilarda voqe bo‘lgan xatolikdir. Ular o‘ylaydilarki, kurashishdan maqsad bu sifatlarni butkul yo‘qotib, o‘chirib tashlashdir. Qandayin xato fikr! Chunki shahvat bir foyda uchun yaratilgan. U inson tabiati uchun zarur. Agar taomga bo‘lgan shahvat (ya’ni, xohish) yo‘q qilinsa, inson halok bo‘ladi. Agar jimo’ shahvati yo‘q qilinsa, nasl uzilib qoladi. Agar g‘azab butkul yo‘q qilinsa, inson o‘zidagi halok qiladigan narsalarni daf qila olmay nobud bo‘ladi. Modomiki, shahvatning asli yo‘q bo‘lmasa, shubhasiz, shahvatga yetaklaydigan dunyoga muhabbat ham yo‘q bo‘lmaydi. Hatto ana shu holat qizg‘onchiqlikka undaydi. Maqsad bu sifatlarni butkul olib tashlash emas, balki oshirib yuborish va e’tiborsizlikning o‘rtasi hisoblangan mo‘‘tadillikka qaytarishdir.

Laylo

  • Mehmon
G’azab sifatida ko‘zda tutilgani hamiyatdir. Bu qattiq g‘azablanib o‘zini bilmay qolishdan va qo‘rqoqlikdan xolilik bilan bo‘ladi. Qisqasi, o‘z nafsida kuchli bo‘lish, shu bilan birga aqliga bo‘ysunish maqsadga muvofiqdir. Shuning uchun Alloh taolo aytadi:

«Muhammad Allohning payg‘ambaridir. U bilan birga bo‘lgan (mo‘min)lar kofirlarga qahrli, o‘z oralarida (mo‘minlar bilan) esa rahm-shafqatlidirlar» (Fath surasi, 29-oyat).

Alloh taolo mo‘minlarni qahr bilan sifatladi. Albatta qahr g‘azabdan sodir bo‘ladi. Agar g‘azab yo‘q bo‘lsa, albatta jihod ham yo‘q bo‘lardi. Endi qanday qilib g‘azab va shahvatni butkul yo‘qotishni qasd qilib bo‘ladi? Vaholanki, payg‘ambarlar alayhimussalom ham bulardan xoli bo‘lishmagan. Zero, Payg‘ambar alayhissalom aytganlar: «Albatta men ham basharman, bashar g‘azablanganidek men ham g‘azablanaman» (Imom Muslim rivoyati). Agar u kishining (s.a.v.) huzurlarida karih ko‘radigan narsalari haqida gapirilsa, g‘azablanardilar, hatto ikki yuzlari qizarib ketardi. Lekin faqat haqiqatni gapirar edilar. Payg‘ambar alayhissalomning g‘azablari u kishini haqdan chiqarib qo‘ymasdi.

Laylo

  • Mehmon
Alloh taolo aytadi:
«(U taqvodor zotlar) yaxshi-yomon kunlarda infoq-ehson qiladigan, g‘azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato-kamchiliklarini) avf etadigan kishilardir» (Oli-Imron surasi, 134-oyat).

Alloh taolo g‘azablarini yo‘q qilguvchilar, deb aytmadi. G’azab va shahvatning ikkalasidan birontasi ham aqlga g‘olib kelmaydigan, balki aql ikkisini nazorat qilib, ularga g‘olib keladigan darajada mo‘‘tadillik haddiga qaytarish mumkin. Xulqni o‘zgartirishdan murod ham shudir. Chunki ba’zan shahvat insonda shu darajada bo‘ladiki, aql uni buzuqliklarga jur’atli bo‘lishdan qaytara olmaydi, so‘ngra tarbiya bilan mo‘‘tadillik haddiga qaytadi. Bu xulqni o‘zgartirish mumkinligiga dalolat qiladi. Tajriba va kuzatishlar bunga shak-shubhasiz dalolat qiladi. Xulqlarda ko‘zda tutilgani o‘rtachasidir. Ikki tarafi emas. Masalan, saxiylik shar’an maqtalgan xulqdir, u esa isrofgarchilik bilan ziqnalikning o‘rtasidadir.

Laylo

  • Mehmon
Alloh taolo bu xislatni maqtab aytadi:
«Ular infoq-ehson qilgan vaqtlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (balki ehsonlari) ana shu (xasislik bilan isrofning) o‘rtasida - mo‘‘tadil bo‘lur» (Furqon surasi, 67-oyat).

Yana Alloh taolo aytadi:
«(Baxillik bilan) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang, (isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yozib ham yubormang» (Al-Isro surasi, 29-oyat).

Laylo

  • Mehmon
Shuningdek, taom shahvatida ham ochko‘z va qattiq bo‘lmasdan, o‘rtacha bo‘lish talab qilingan.

Yana Alloh taolo aytadi:
«Yenglar, ichinglar, faqat isrof qilmanglar, zotan U isrof qilguvchi kimsalarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat).

Alloh taolo g‘azab to‘g‘risida shunday deydi:
«Kofirlarga qahrli, o‘z oralarida (mo‘minlar bilan) esa rahm-shafqatlidirlar» (Fath surasi, 29-oyat).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Ishlarning yaxshisi o‘rtachalaridir» (Bayhaqiy rivoyati). Bu so‘zda bir sir va haqiqat bor. Bu saodat dunyo to‘siqlaridan qalb salomat bo‘lishiga bog‘liqdir.

Laylo

  • Mehmon
Alloh taolo aytadi:
«Magar Alloh huzuriga toza dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)» (Shuaro surasi, 89-oyat).

Baxillik va isrofgarchilik dunyo to‘siqlaridandir. Qalb esa har ikkisidan ham salomat bo‘lishi kerak. Ya’ni, dunyoga iltifot qiluvchi isrofgarchilikka va qizg‘onchiqlikka haris bo‘lmasligi kerak. Chunki qizg‘onchiqlikka haris bo‘lgan kishining qalbi u tomonga burib qo‘yilganidek, isrofga haris bo‘lgan kishining qalbi ham isrofgarchilikka burib qo‘yilgan bo‘ladi. Endi qalbning yetuk bo‘lishi shu sifatlarning ikkisidan ham xoliligi, tozaligi bilan bo‘ladi. Iliq suv issiq ham, sovuq ham emas, balki ikkisining o‘rtasida bo‘lib, ikkalasidan ham xoli bo‘lgandekdir. Xuddi shuningdek, saxiylik isrofgarchilik bilan ziqnalikning o‘rtasida, shijoat qo‘rqoqlik bilan o‘zini tutolmay qolishning o‘rtasida va iffatlilik esa ochko‘zlik bilan qattiqlikning o‘rtasidadir. Boshqa xulqlar ham shunga o‘xshashdir. Ishlarning ikki tomoni (ya’ni, juda past ketish va juda haddan oshish) yomonlangan. Har bir xulqning o‘rtachasi matlubdir. U esa mumkin ishlardandir. Lekin yo‘l ko‘rsatuvchi shayxlar muridlarining oldida boshdan g‘azabni xunuk qilib ko‘rsatishi, qizg‘onchiqlikni yomonlashi, unga shulardan birortasiga ruxsat bermasligi lozim. Chunki agar muridga shulardan ozginasiga ruxsat bersa, u shu ruxsatni baxilligi va g‘azabini saqlab qolishda bahona qilib oladi va shayxining ozginaga ruxsat berganini ijozat etilgan miqdor deb o‘ylaydi.

Agar g‘azab va qizg‘onchiqlikning aslini yo‘qotishga qasd qilib, buni oshirib yuborsa-yu, lekin mo‘‘tadillikka qaytgani sababli tutoqishini sindirishgagina erishsa, uning uchun to‘g‘ri yo‘l istalgan miqdor hosil bo‘lgunicha uni tag-tugi bilan yo‘qotishni qasd qilib turmog‘idir. Shayx bu sirni muridiga zohir qilmaydi, chunki bu ahmoqning aldanish o‘rnidir. Negaki, uning g‘azabi ham, qizg‘onchiqligi ham haq deb o‘ylaydi.

Laylo

  • Mehmon
Husni xulqqa batamom erishtiradigan sabablar bayoni

Husni xulq aql quvvatining mo‘‘tadilligi, donolikning yetukligi, g‘azab va shahvat quvvatining mo‘‘tadilligi hamda ularning aqlga va shariatga itoatkorligi bilan bo‘lishini bildingiz.

Bu mo‘‘tadillik ikki xil yo‘l bilan hosil bo‘ladi. Birinchisi - inson aqli komil, xulqi chiroyli holda tug‘ilgani uchun ilohiy oliyjanoblik va fitriy yetuklik bilan shahvat va g‘azab hukmronligidan qutuladi. Ya’ni, shahvat va g‘azab aql va shariatga bo‘ysunuvchi mo‘‘tadil yaratilib, ta’lim olmasdan olimga va tarbiya olmasdan odobliga aylanadiki, Iso ibn Maryam alayhissalom va Yahyo ibn Zakariyo alayhissalomlarga o‘xshaydi. Boshqa payg‘ambarlar ham xuddi shuningdek bo‘lishgan. Ular tabiatida va fitratida harakat va o‘rganish orqali erishiladigan narsalar bo‘lishi ehtimoldan uzoq emas. Ko‘pincha go‘dak rostgo‘y, saxiy va jur’atli qilib yaratiladi. Ba’zan esa buning aksi bo‘lib, bu xulqlar unda odat qilib olish va yaxshi xulqlilarga qo‘shilish bilan hosil bo‘ladi. Ba’zan esa o‘rganish bilan hosil bo‘ladi.

 

Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (O'limni eslash kitobi)

Muallif Muslima_subhBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 96
Ko'rilgan: 51572
So'nggi javob 22 Iyul 2008, 09:39:38
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tavba kitobi)

Muallif Musannif AdhamBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 222
Ko'rilgan: 79762
So'nggi javob 20 Sentyabr 2008, 00:41:06
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ro‘za sirlari kitobi)

Muallif AbdulAzizBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 27
Ko'rilgan: 17114
So'nggi javob 29 Sentyabr 2008, 01:35:42
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Zakot sirlari kitobi)

Muallif AbdulAzizBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 65
Ko'rilgan: 26580
So'nggi javob 29 Sentyabr 2008, 02:15:22
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tafakkur kitobi)

Muallif AbdullоhBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 85
Ko'rilgan: 33354
So'nggi javob 31 Yanvar 2009, 02:23:23
muallifi AbdulAziz