Badan agar sog‘lom bo‘lsa, tabibning ishi sog‘liqni saqlovchi qonunni tayyorlashdir. Agar kasal bo‘lsa, uning ishi sog‘liqni jalb qilishdir. Shuningdek, nafsingiz ham agar tarbiyali, toza va sof bo‘lsa, siz shu poklikni saqlash uchun unga yana qo‘shimcha quvvat jalb qilib, sofligi ziyodaligiga erishish uchun harakat qilmog‘ingiz lozim. Agar sof va komil bo‘lmasa, u holda nafsingiz uchun o‘sha komillik va soflikni jalb etishga harakat qilmog‘ingiz lozim.
Badanning mo‘‘tadilligini buzuvchi kasallik keltirib chiqaruvchi illatlar faqat uning ziddini qilish bilangina davolanadi. Ya’ni, agar issiqlikdan (ya’ni, isitma) bo‘lsa, u sovuqlik bilan, agar sovuqlikdan bo‘lsa, issiqlik bilan davolanadi. Shuningdek, qalb kasalligi hisoblangan nuqson ham ziddi bilan davolanadi. Johillik kasalligi ta’lim olish bilan, baxillik dardi saxiylik bilan, kibr dardi kamtarlik bilan, ochko‘zlik dardi ishtaha qilinadigan narsalardan majburan bo‘lsa ham, o‘zni tiyish orqali davolanadi. Kasal badanni davolash uchun dorining achchiqligiga chidash va (badan uchun) shubhali narsalarda o‘zni qattiq tiyish lozim. Xuddi shuningdek, qalb kasalligini davolash uchun (yaxshilikka) harakat qilish va sabr achchiqligini ko‘tarish lozim. Balki (bunday sabr) eng to‘g‘risidir. Chunki badanning kasalligidan o‘lish bilan qutulinadi.