Muallif Mavzu: Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 117198 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 2 Mehmonlar ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

Laylo

  • Mehmon
Alloh azza va jalladan bizni to‘g‘ri yo‘lga ilhomlantirishini, ayblarimizni ko‘rsatib qo‘yishini, ayblarimizni davolash bilan mashg‘ul qilib qo‘yishini, kamchiliklarimizdan xabardor qiladigan kishilarga tashakkur aytishga muvaffaq qilishini O’zining fazli va ehsoni bilan so‘raymiz.

Uchinchisi - o‘z ayblarini dushmanlari tilidan bilib olish. Chunki g‘azab ko‘zi (ya’ni, dushmanning g‘azablangan vaqtdagi qarashi) kamchiliklarni oshkor qilib yuboradi. Ehtimol, insonning ayblarini zikr qiluvchi, ginachi dushmanidan foyda ko‘rishi doim uni maqtaydigan va ayblarini berkitadigan, tilyog‘lamachi do‘stidan foydalanishidan ko‘proqdir. Lekin inson tabiati dushmanning so‘zini yolg‘onga chiqaradigan va u gapirayotgan so‘zni hasadgo‘ylikka yo‘yadigan qilib yaratilgan. Ammo ko‘zi ochiq inson dushmanining so‘zidan foydalanib qolishdan voz kechmaydi, chunki uning kamchiligi dushmanlarining tillari bilan ochilishida shak yo‘q.

Laylo

  • Mehmon
To‘rtinchisi - insonlarga qo‘shilib yurish. Xalq o‘rtasida yomonlangan har bir narsani o‘z nafsidan axtarsin va uni ana shu yomonlikka nisbat bersin. Chunki mo‘min mo‘minning oynasidir. Boshqa kishining aybi orqali o‘z aybini ko‘rib oladi. Tabiatlar havoyi nafsga ergashishda bir-biriga yaqinligini ham biladi. Tengdoshlardan biri nima bilan sifatlansa, ikkinchisi ham shu sifatning aslidan yoki undan ham kattaroqdan yo o‘sha sifatning biror narsasidan ham xoli bo‘lmaydi. O’z nafsini tekshirsin va uni boshqalar yomonlaydigan narsalardan poklasin. Mana shularning o‘zi sizga odob berishga kifoya qiladi. Agar insonlarning har biri boshqalarda yomon ko‘radigan narsalarini tark qilganlarida edi, ular odob beruvchilardan behojat bo‘lishardi.

Iso alayhissalomga «Sizga kim odob-axloqni o‘rgatgan?» deyishdi. Shunda u kishi: «Menga odobni hech kim o‘rgatgan emas, (balki) nodon kishining nodonligini ayb deb ko‘rdim, undan saqlandim», dedilar. Bularning hammasi taqvodor, ziyrak, nafsning ayblarini ko‘ruvchi, dinda nasihatgo‘y, o‘z nafsini poklab bo‘lgan, Alloh taoloning ibodatgo‘y bandalarini poklash bilan mashg‘ul bo‘lib, ular uchun nasihatgo‘y bir shayx topa olmagan kishilarga aytilgan yo‘ldir. Ammo kim o‘ziga mana shunday shayxni topgan bo‘lsa, u o‘ziga bir tabib topibdi. Uni mahkam ushlasin va shu tabib kasalidan xalos qiladi. Yaqiniga kelib qolgan halokatdan qutqaradi.

Laylo

  • Mehmon
Qalb kasalliklarini davolashdagi yo‘l – shahvatlarga ergashishni tark qilish ekaniga shar’iy dalillar va qalb ko‘zi ochiq kishilardan naql qilingan dalillar bayoni

Bilingki, agar yuqorida zikr qilgan narsalarimiz to‘g‘risida e’tibor nazari bilan fikr qilsangiz, qalb ko‘zlaringiz ochiladi. Yana siz uchun qalblarning illati, kasalliklari, ilm va ishonch nuri bilan uning davolari ham zohir bo‘ladi. E’tibor bilan fikr qila olmasangiz, o‘rganish va taqlid qilishga haqli kishiga taqlid qilish yo‘liga ko‘ra ishonishingiz va tasdiq qilishingiz lozim. Chunki ilm uchun daraja, ya’ni yuksalish bo‘lgani kabi iymon uchun ham daraja, ya’ni yuksalish bordir. Ilm iymondan keyin hosil bo‘ladi. Alloh taolo aytadi:

«Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko‘tarur» (Mujodala surasi, 11-oyat).

Qaysi bir inson shahvatlarga xilof qilish Alloh azza va jallaga eltuvchi yo‘l ekanini tasdiq qilsa-yu, uning sababi va sirini bilmasa ham, u iymon keltirgan kishilardandir. Agar yuqorida zikri kelgan shahvat yordamchilaridan xabardor bo‘lsa, u ilm ato qilingan zotlardandir. Har ikkisiga ham Alloh taolo jannatni va’da qilgan.

Laylo

  • Mehmon
Mana shu ishga iymon keltirishni taqozo qiladigan narsalar Qur’onda, sunnatda va ulamolar so‘zlarida hisobsizdir. Alloh taolo aytadi:

«Nafsini havoyi xohishlaridan qaytargan bo‘lsa, u holda faqat jannatgina (uning uchun) joy bo‘lur» (Van-noziot surasi, 40-41-oyatlar).

Yana aytadi:
«Ana o‘shalar Alloh dillarini taqvo uchun imtihon qilgan (ya’ni, taqvo imtihonidan o‘tgan) zotlardir» (Hujurot surasi, 3-oyat).

Aytiladiki: «Ularning qalblaridan shahvatlar muhabbati sug‘urib olingandir».

Laylo

  • Mehmon
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Mo‘min kishi beshta og‘irlikning (ya’ni, qiyinchilikning): unga hasad qiladigan mo‘minning, uni yomon ko‘radigan munofiqning, u bilan urishadigan kofirning, uni adashtiradigan shaytonning, u bilan tortishadigan nafsning qarshisidadir» (Abu Bakr ibn Bilol rivoyati). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nafsning tortishuvchi dushman ekanligini, u bilan kurashish vojibligini bayon qilganlar.

Rivoyat qilinishicha, Alloh taolo Dovud alayhissalomga vahiy qildi: «Ey Dovud, ashoblaringizni shahvatlaridan ko‘ra yeyishlaridan ehtiyot qiling va qo‘rqiting, chunki dunyo shahvatlari bilan bog‘langan qalblarning aqllari Mendan to‘silgandir». Iso alayhissalom aytadilar: «Naqd bo‘lgan shahvatni ko‘rmayotgan, g‘oyibdagi va’da qilingan narsa uchun tark qilgan kishiga jannat bo‘lsin».

Laylo

  • Mehmon
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam jihoddan qaytib kelgan qavmlariga «Xush keldingiz, sizlar kichkina jihoddan katta jihodga keldingiz», dedilar. Shunda: «Ey Rasululloh, katta jihod nima?» deyishdi. «Nafsga jihod qilish», dedilar u zot (Bayhaqiy rivoyati). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Mujohid Alloh azza va jallaga itoat qilishda nafsiga jihod qilgan kishidir» (Imom Termiziy rivoyat qilgan va sahih, degan). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Nafsingga aziyat berishdan o‘zingni tiy, uning Allohga osiy bo‘lishdagi istagiga ergashma, agar shunday qilmasang, qiyomat kuni sen bilan xusumatlashadi. Sening ba’zi (a’zoying) ba’zi (a’zoyingni) la’natlaydi. Magar Alloh taolo kechirgan va satr qilgan bo‘lsa, la’natlamaydi» (hadis bundan boshqacha lafzda kelgan).

Sufyon Savriy aytadilar: «Nafsimdan ko‘ra qiyinroq biror narsani muolaja qilmadim, bir marta foydamga, bir marta esa zararimga bo‘ldi». Abul Abbos al-Muvsiliy o‘z nafslariga aytardilar: «Ey nafsim, yo dunyoda podshohlarning o‘g‘illari bilan ne’matga burkanib yurmaysan, yo oxiratning talabida ibodatgo‘ylar bilan harakat qilmaysan, go‘yo seni jannat bilan do‘zaxning o‘rtasida ushlanib qolgan holingda ko‘ryapman, ey nafsim, uyalmaysanmi?!» Hasan Basriy aytadilar: «Qattiq yuganlashga hurkovuch otdan ko‘ra ham nafs muhtojroqdir».

Laylo

  • Mehmon
Yahyo ibn Maoz ar-Roziy aytadilar: «Nafsingga riyozat qilichlari bilan jihod qilgin. Riyozat esa to‘rt xil bo‘ladi: ovqatlanish juda oz miqdorda bo‘lmog‘i, uyquning ham juda yengil bo‘lmog‘i, so‘zlashishning hojatdan ziyoda bo‘lmasligi, xalqning hammasidan aziyatni ko‘tarish. Taomni ozaytirishdan shahvatlarning o‘lishi hosil bo‘ladi. Uyquning ozligidan sof irodalar paydo bo‘ladi. So‘zning ozligidan ofatlardan salomatlik hosil bo‘ladi. Aziyatlarni ko‘tarishdan maqsadlarga yetiladi. Bandaga jafo ko‘rgan vaqtda halimlik qilishdan va aziyatga sabr etishdan ko‘ra qattiqroq narsa yo‘q. Agar nafsda shahvat va gunohlarga xohish harakatlanib, shu sababli ko‘p gapirish ilinji qo‘zg‘olib qolsa, taomni ozaytirish qilichlarini tajahhudga turish va uyquni kamaytirish qinidan sug‘urasan hamda e’tiborsizlik va kamgaplik qo‘llari bilan uni urasan. Shunda zulm va o‘ch olishdan to‘xtab, boshqalarning orasida ham uning kulfatidan tinch bo‘lasan. Nafsingni shahvat zulmatidan poklab, halok qiluvchi ofatlaridan qutulasan. Shu paytda pokiza va ruhiy yengil bo‘lib, yaxshiliklar maydonida javlon urib yurasan. Maydonda qochib yurgan ot kabi toat yo‘llarida sayr qilasan. Yana o‘zini pokiza tutib bo‘stonda yurgan podshoga o‘xshab sayr qilasan». Yana aytdilar: «Insonning dushmani ham uchtadir: uning dunyosi, shaytoni va nafsi. Dunyodan unda zohidlik qilish bilan saqlan. Shaytondan unga xilof qilish bilan saqlan. Nafsdan shahvatlarni tark qilish bilan saqlan».

Laylo

  • Mehmon
Ba’zi hukamolar aytadilar: «Qaysi bir insonga nafsi ega bo‘lib olsa, nafsining xohishlarini yaxshi ko‘rishda asirga va havosining zindonida mahbusga aylanadi hamda mag‘lub holda uning tizgini nafsining qo‘lida bo‘ladi, uni xohlagan tomonga tortadi. Uning qalbini foydali narsalardan to‘xtatib qo‘yadi».

Ja’far ibn Hamid aytadilar: «Ulamolar va hukamolar (oxirat) ne’mati faqat (dunyo) ne’matini tark qilish bilangina topilishiga ittifoq qilishgan». Abu Yahyo al-Varroq aytadilar: «Kim a’zolarini shahvatlar bilan rozi qilsa, qalbiga nadomat daraxtini ekibdi». Vuhayb ibn Vird aytadilar: «(Ovqatlanishda) nonga yana boshqa narsani ziyoda qilish (ya’ni, qo‘shib yeyish) shahvatdandir». Yana aytadilar: «Kim dunyo shahvatlarini yaxshi ko‘rsa, u xorlikka tayyorlanaversin».

Laylo

  • Mehmon
Rivoyat qilinishicha, Yusuf alayhissalom yer xazinalariga ega bo‘lganlaridan keyin Azizning xotini (ya’ni, Zulayho) a’yonlari bilan birga keladigan kunlari u kishini tepalikda kutib o‘tirdi. U kishi mamlakatning buyuklaridan o‘n ikki ming kishi ichida otga minib kelardilar. Ayol Yusuf alayhissalomga qarab: «Podshohlarni osiyliklari tufayli qul qilib qo‘ygan va qullarni O’ziga itoat qilganlari uchun podshoh qilib qo‘ygan Zotni poklayman», dedi. Albatta hirs va shahvat podshohlarni qulga aylantiradi. Bu esa buzg‘unchilarning jazosidir. Sabr va taqvo qullarni podshohga aylantiradi. Yusuf alayhissalom gaplarini Alloh taolo xabar beradi:

«Darhaqiqat, kimda-kim Allohdan qo‘rqib sabru qanoat qilsa, albatta Alloh bunday chiroyli amallarni qiluvchi kishilarning ajru mukofotini zoe qilmas» (Yusuf surasi, 90-oyat).

Laylo

  • Mehmon
Junayd aytadilar: «Bir kun kechasi uyqum qochdi. O’z vazifamni qilgani turdim. Lekin oldingi halovatni topa olmadim. Uxlashni xohladim. Ammo uxlay olmadim. O’tirdim va o‘tirishga ham toqat qilolmadim. Tashqariga chiqdim. Bir kishi chakmonga o‘ralgan holda yo‘lda xorlanib yotardi. Meni sezib: «Ey Abul Qosim, menga vaqt ajratsangiz», dedi. Men: «Ey xo‘jam, kelishingizni va’dalashmagan edik», dedim. Shunda u kishi: «To‘g‘ri, lekin Alloh azza va jalladan men uchun qalbingizni harakatlantirmog‘ini so‘radim», dedi. Men u kishiga: «Batahqiq shunday bo‘ldi (ya’ni, uyqum qochib bezovtalandim). Menda nima hojatingiz bor?» dedim. Shunda u kishi: «Nafsning kasalligi qachon tuzaladi?» dedi. Men: «Agar nafs havosiga xilof bo‘lsa», dedim. Shunda u kishi nafslariga yuzlanib: «Eshitib ol. Mana shunday deb senga yetti marta javob berdim. Sen esa faqat Junayddan eshitaman, deb turib olding. Mana undan eshitding», dedi va jo‘nab ketdi. Men u kishini tanimadim».

Yazid ur-Raqoshiy: «Dunyoda mendan sovuq suvni uzoq qilinglarki, shoyad undan oxiratda mahrum bo‘lmasam», dedilar. Bir kishi Umar ibn Abdulazizga aytdi: «Qachon gapirsam bo‘ladi?» U kishi: «Jim turishni xohlagan vaqtingda», dedilar. Yana: «Qachon jim turay?» deb so‘radi haligi kishi. «So‘zlashni xohlagan vaqtingda», dedilar.

Laylo

  • Mehmon
Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Kim jannatga mushtoq bo‘lsa, dunyoda shahvatlardan yuz o‘giradi». Molik ibn Dinor bozorlarda aylanib yurar ekanlar, agar u yerda ko‘ngillari tusaydigan narsa ko‘rsalar, o‘z nafslariga: «Sabr qil, seni bulardan faqat mendan ulug‘ligingdan man qilyapman», derdilar.

Demak, ulamolar va hukamolar oxiratning saodatiga faqat nafsni xohishidan qaytarish hamda shahvatlarga xilof ish bilan yo‘l topish mumkinligiga ittifoq qilishgan. Bunga iymon keltirish vojib. Ammo shahvatlarning qaysilarini tark qilish va qaysilarini tark qilmaslik tafsilotini faqat oldin keltirib o‘tgan narsalarimizdan bilish mumkin.

Laylo

  • Mehmon
Riyozatning foydasi va uning siri nafs qabrda bo‘lmaydigan narsalarning birortasidan foydalanmay, faqatgina zarurat miqdoricha foydalanishidir. Yeyish-ichishdan, nikohdan, libosdan, turar joydan va har bir kerakli narsalardan faqat hojat va zarurat miqdoricha kifoyalanadigan bo‘ladi, chunki agar keragidan ortiqcha narsa bilan o‘zini foydalantirsa, unga ulfat bo‘ladi, o‘rganib qoladi. Agar olamdan o‘tadigan bo‘lsa ham, o‘rganib qolgani sababli dunyoga qaytishni orzu qiladi. Dunyoga qaytishni oxiratdan hech bir nasibasi bo‘lmagan kishigina orzu qiladi. Bunday orzudan qutulish qalbning Allohning ma’rifati, Uning muhabbati bilan mashg‘ul bo‘lmog‘i va U to‘g‘rida tafakkur qilmog‘i, Unga uzil-kesil qaytmog‘i bilan bo‘ladi. Bunga esa Allohning yordami bilan erishiladi.

Dunyodan faqat zikr va fikr to‘siqlarini daf qiladigan narsalar uchun kifoyalaniladi. Kim mana shuning haqiqatini qilishga qodir bo‘lmasa, unga yaqinlashsin. Bu to‘g‘rida ham insonlar to‘rt xildirlar: avvalgisi - qalbi butkul Allohning zikriga g‘arq bo‘lgan kishi. Bunday odam dunyoga faqat yashash zaruratlaridagina boqadi, xolos. U siddiqlardandir. Bu martabaga uzoq vaqt riyozat qilish va juda uzoq muddat shahvatlaridan tiyilish bilan yetgan.

Laylo

  • Mehmon
Ikkinchisi - qalbi dunyoga g‘arq bo‘lgan, qalbida Alloh taolo uchun zikr qolmagan, faqat nafsigina (ya’ni, faqat tilida) Allohni zikr qilgan kishi. Bunday odam qalbi bilan emas, faqat tili bilan eslaydi, xolos. U halok bo‘lguvchilardandir.

Uchinchisi - dunyo bilan ham, din bilan ham mashg‘ul bo‘lgan kishi. Lekin qalbiga ko‘proq g‘olib kelgani dindir. Buning ham do‘zaxga kirishida shubha yo‘q. Ammo uning qalbiga Alloh taolo zikri g‘olib kelgani uchun undan tezda qutuladi.

To‘rtinchisi - yana har ikkisi bilan mashg‘ul bo‘lgan kishi. Lekin uning qalbiga ko‘proq dunyo g‘olib kelgan. Bu kishining do‘zaxda turishi ko‘proq bo‘ladi. Ammo u ham qalbida Alloh zikrining quvvatliligi va qalbining to‘ridan joy olgani uchun shubhasiz do‘zaxdan chiqadi, garchi dunyoning zikri qalbida g‘olibroq bo‘lsa ham. Ey Allohim, albatta Sendan bizni xor qilib qo‘yishingdan panoh so‘raymiz, albatta Sen panoh so‘raladigan Zotsan.

Laylo

  • Mehmon
«Ruxsat berilgan narsalar bilan ne’matlanish muboh bo‘lsa, qanday qilib ne’matlanish Alloh azza va jalladan uzoqlashishga sabab bo‘ladi?» deydigan kishilar ham bor. Bu zaif fikrdir, chunki dunyoni yaxshi ko‘rish har bir xatoning boshi va har bir yaxshilikning habata bo‘lishi sababidir. Keragidan ortiq muboh narsa ham dunyoda uzoqlashishiga sabab bo‘ladi. Bu tez orada «Dunyoni yomonlash kitobi»da batafsil gapiriladi. Ibrohim al-Havvos aytadilar: «Bir marta Lukom tog‘ida yurgan edim. U yerda anor daraxtini ko‘rib qoldim. Juda anor yegim keldi. Undan bittasini oldim. Uni ikkiga bo‘lib ko‘rsam, nordon ekan. Uni tashlab yo‘limda davom etdim. Keyin xarob bir kishini ko‘rib qoldim. Uning ustiga arilar to‘planib olgandi. U kishiga salom berdim. U ham menga «Va alaykumussalom, ey Ibrohim», dedi. Shunda: «Meni qanday tanidingiz?» dedim. U kishi: «Kim Alloh azza va jallani tanisa, unga biror narsa yashirin bo‘lmaydi», dedi. Men: «Sizda Alloh azza va jalla bilan bo‘lgan bir holni, ya’ni Unga muqarrab ekaningizni ko‘ryapman. Allohdan mana bu arilardan himoya qilishini so‘rasangiz bo‘lardi», dedim. Shunda u kishi: «Sizda ham Alloh bilan birga bo‘ladigan bir holni, ya’ni Unga muqarrab ekaningizni ko‘ryapman. Siz ham Allohdan anorga bo‘lgan shahvatdan himoya qilishini so‘rasangiz bo‘lardi. Chunki anor chaqishining alamini inson oxiratda biladi. Arilarning chaqish alamini esa dunyoda biladi», dedi. Uni qoldirib yo‘limda davom etdim».

Laylo

  • Mehmon
Sirriy aytadilar: «Qirq yildan beri nafsim mendan nonni murabboga botirib yeyishni so‘raydi. Unga hali ham itoat qilmadim». Demak, qalb oxirat yo‘liga tushishi uchun isloh qilish uni faqat muboh narsalar bilan ne’matlanishdan man etish bilan mumkin. Chunki nafs ba’zi muboh narsalardan man etilmasa, harom narsalarni qilishga ham umidlanib qoladi. Kim tilini g‘iybatdan va ortiqcha gapirishdan saqlashni xohlasa, unda jim turishni o‘ziga lozim tutsin. Faqat Allohning zikridan va dindagi muhim narsalardan sukut saqlamaydi. Shunda unda hatto gapirish xohishi ham o‘ladi. U faqat haqni gapiradigan bo‘ladi va uning jim turishi ham, gapirishi ham ibodat bo‘ladi. Modomiki, ko‘z har bir chiroyli narsaga nazar tashlashni odat qilgan bo‘lsa, halol bo‘lmagan narsalarga qarashdan ham saqlanmaydi.
 
Boshqa istaklar ham shunga o‘xshashdir. Chunki qaysi narsa bilan halolni istasa, ana shu narsaning o‘zi bilan haromni ham istaydi. Shahvat bittadir. Uni haromdan man qilish esa bandaga vojibdir. Agar o‘zini shahvatlardan zarur miqdor bilan kifoyalanishga odatlantirmasa, shahvati unga ustun keladi.

 

Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (O'limni eslash kitobi)

Muallif Muslima_subhBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 96
Ko'rilgan: 51735
So'nggi javob 22 Iyul 2008, 09:39:38
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tavba kitobi)

Muallif Musannif AdhamBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 222
Ko'rilgan: 80032
So'nggi javob 20 Sentyabr 2008, 00:41:06
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ro‘za sirlari kitobi)

Muallif AbdulAzizBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 27
Ko'rilgan: 17172
So'nggi javob 29 Sentyabr 2008, 01:35:42
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Zakot sirlari kitobi)

Muallif AbdulAzizBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 65
Ko'rilgan: 26687
So'nggi javob 29 Sentyabr 2008, 02:15:22
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tafakkur kitobi)

Muallif AbdullоhBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 85
Ko'rilgan: 33505
So'nggi javob 31 Yanvar 2009, 02:23:23
muallifi AbdulAziz