Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam jihoddan qaytib kelgan qavmlariga «Xush keldingiz, sizlar kichkina jihoddan katta jihodga keldingiz», dedilar. Shunda: «Ey Rasululloh, katta jihod nima?» deyishdi. «Nafsga jihod qilish», dedilar u zot (Bayhaqiy rivoyati). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Mujohid Alloh azza va jallaga itoat qilishda nafsiga jihod qilgan kishidir» (Imom Termiziy rivoyat qilgan va sahih, degan). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Nafsingga aziyat berishdan o‘zingni tiy, uning Allohga osiy bo‘lishdagi istagiga ergashma, agar shunday qilmasang, qiyomat kuni sen bilan xusumatlashadi. Sening ba’zi (a’zoying) ba’zi (a’zoyingni) la’natlaydi. Magar Alloh taolo kechirgan va satr qilgan bo‘lsa, la’natlamaydi» (hadis bundan boshqacha lafzda kelgan).
Sufyon Savriy aytadilar: «Nafsimdan ko‘ra qiyinroq biror narsani muolaja qilmadim, bir marta foydamga, bir marta esa zararimga bo‘ldi». Abul Abbos al-Muvsiliy o‘z nafslariga aytardilar: «Ey nafsim, yo dunyoda podshohlarning o‘g‘illari bilan ne’matga burkanib yurmaysan, yo oxiratning talabida ibodatgo‘ylar bilan harakat qilmaysan, go‘yo seni jannat bilan do‘zaxning o‘rtasida ushlanib qolgan holingda ko‘ryapman, ey nafsim, uyalmaysanmi?!» Hasan Basriy aytadilar: «Qattiq yuganlashga hurkovuch otdan ko‘ra ham nafs muhtojroqdir».