Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 177044 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 B


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:24:02

Bular muboh narsalarning ofatlaridan biri, uning orqasida esa bundan ham kattaroq ofatlar bor. O’sha kattaroq ofatlardan biri shuki, nafs dunyoda ne’matlanishga xursand bo‘ladigan, unga suyanadigan, u bilan nihoyatda kibrlanib, xotirjam bo‘lish darajasiga tushadi. Hatto kayfi tarqamaydigan darajadagi mast kishiga o‘xshab qoladi. Dunyoga bundayin muhabbat va quvonish tomirlarga singib ketadigan zahri qotildir. Bu holda qalbdan qo‘rquv, qayg‘urish, o‘lim va qiyomat qo‘rqinchlarini eslash chiqib ketadi. Bu esa qalbning o‘limidir. Alloh taolo aytadi:

«Hayoti dunyoning o‘zigagina rozi bo‘lib, faqat o‘sha bilan xotirlari jam bo‘lgan kimsalar - ana o‘shalarning joylari kasb qilib o‘tgan gunohlari sababli do‘zaxdir» (Yunus surasi, 7-8-oyatlar).

Yana Alloh taolo aytadi:
«Bu hayoti dunyo oxirat oldida faqat bir arzimas matodir» (Ra’d surasi, 26-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:24:20

Yana Alloh taolo aytadi:
«Bilinglarki, bu hayoti dunyo faqat (bir nafaslik) o‘yin-kulgi, zeb-ziynat, o‘rtalaringizdagi o‘zaro maqtanish va molu dunyo hamda farzandlarni ko‘paytirishdir, xolos» (Hadid surasi, 20-oyat).

Mana shularning hammasi dunyoni yomonlashdir. Alloh taolodan dunyodan salomat qilishni so‘raymiz.

Qalb arboblaridan (ya’ni, qalbi ochiq kishilardan) o‘ta ehtiyotkorlari xursand hollarida qalblarini dunyoviy oldi-berdi bilan sinab ko‘rishgan va shunda qalblarini qoraygan, nafratga loyiq, Alloh zikridan va qiyomat zikridan ta’sirlanishda sust holda topishgan. Yana qalblarini qayg‘uli hollarda ham sinab ko‘rishgan va uni yumshoq, muloyim, sof, zikr ta’sirini qabul qiluvchi holda topishgan. Shunda najot topish doimiy qayg‘uda, xursandchilik va takabburlik sabablaridan uzoq bo‘lishda ekanini bilishdi. Va qalblarini lazzat o‘rinlaridan ajratib olishdi, qalblarini shahvatlarning halolidan ham, haromidan ham sabr qilishga odatlantirishdi. Uning haloliga hisob, haromiga iqob, shubhalariga esa itob borligini ham bilishdi. Itob ham azobning bir turidir.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:24:30

Kimning qiyomat kunida hisob-kitobi qattiq qilinsa, u azoblanibdi. Qalb arboblari esa o‘zlarini qiyomat azobidan qutqarishdi va shahvatlarga asir, qullikdan xalos bo‘lishdi. Alloh zikriga ulfat, Uning toati bilan mashg‘ul bo‘lib, haqiqiy hurlikka, dunyo va oxiratdagi doimiy podshohlikka yetishdi.

Burgutni vahshiylikdan itoatga, odobli bo‘lishga o‘rgatish uchun tarbiyalashga qasd qilinganida nima lozim bo‘lsa, qalblariga ham shunday muomala qilishdi. Burgut avval qorong‘u uyga qamab qo‘yiladi, ko‘zi ham to‘sib qo‘yiladi. Shunda u havoda uchishdan mahrum bo‘ladi. Va ozodlikda tabiatan o‘rganib qolgan narsalarini unutadi. So‘ng unga go‘sht berish bilan mehribonlik ko‘rsatiladi. Hatto egasiga o‘rganib qoladi. Bu shu darajaga yetadiki, agar uni chaqirsa, ovozini eshitgan vaqtida darhol oldiga keladi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:24:38

Nafs ham shunga o‘xshashdir. Avvalo uning qulog‘i va ko‘zini odatda o‘rganib qolgan narsalaridan to‘sish uchun yolg‘izlik, uzlat bilan ajratilsagina, egasiga va uning gapiga o‘rganadi. So‘ngra unga Allohga sano aytish, zikr, keyin xilvat joyda duo qilish odatlantiriladi. Mana shunda dunyoga va boshqa shahvatlarga ulfatlik o‘rniga Alloh azza va jallaning zikriga ulfat bo‘lish qalbga g‘olib keladi. Bu holat dastlabki vaqtlarda shogirdlarga og‘ir tuyuladi, keyinroq u bilan lazzatlanadigan bo‘lib qolishadi.

Bu ko‘krakdan ajratilgan go‘dakka o‘xshashdir. Bu holat go‘dakka qiyin. Chunki u bir soat ham undan ajramagan. Shuning uchun ko‘krakdan ajratilgan vaqtda uning yig‘isi va sabrsizligi kuchayadi. Yana sut o‘rniga beriladigan ovqatdan yuz o‘girishi ham kuchayadi. Lekin u birdaniga bir kun-bir kun sutdan to‘xtatilsa, sabr qilishdagi mashaqqat qiyinlashib, ochlik g‘olib kelsa, majburan ovqatni yeydi. Keyinchalik ovqat yeyish unga ixtiyoriy bo‘lib qoladi. Agar u ko‘krakka qaytariladigan bo‘lsa ham, qaytmaydi. Natijada ko‘krakni tark qiladi va sutni yoqtirmay qoladi, taomga o‘rganadi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:24:50

Hayvonot ham shundaydir, ya’ni avval egardan, yugandan va uni minishlaridan hurkib turadi. Shularga u majburlanadi. Avval u zanjir va tushovlar, egardan bosh tortadi. So‘ngra shu darajada o‘rganib qoladiki, agar u o‘sha yerga tashlab ketilsa, tushovsiz bo‘lsa-da, qochib ketmay turaveradi. Nafs qushlar, hayvonlar tarbiyalangandek tarbiyalanadi. Uni tarbiyalash qarashdan (ya’ni, harom narsalarga) va dunyo ne’matlariga quvonishga o‘rganishdan man qilishi bilan bo‘ladi. Hatto o‘lim bilan yo‘q bo‘ladigan har bir narsadan man qilishi bilan bo‘ladi. Zero, unga aytildiki: «Xohlagan narsangni yaxshi ko‘r, albatta undan ajralasan. Kim agar ajrashi lozim narsani yaxshi ko‘rsa va undan ajragani uchun g‘amgin bo‘lsa, qalbini undan ajralmaydigan narsa bilan mashg‘ul qilsin. U esa Alloh taolo zikridir, chunki Allohning zikri qabrda ham unga hamroh bo‘ladi, undan ajramaydi. Bularning hammasi ozgina kun sabr qilish bilan mukammal bo‘ladi. (Ozgina kun, deyilishining sababi) oxirat hayotining uzunligiga qaraganda umr juda ozdir. Qay bir oqil kishi bo‘lmasin, albatta u bir yil yoki bir umr foydalanish uchun safardagi, hunar o‘rganishdagi va boshqa narsalardagi bir oylik mashaqqatlarga chidashga rozi bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:26:00

Oxirat abadiyati oldida umrning hammasi dunyo umrining oldidagi bir oydan ozroqdir. Umr bo‘yi sabr qilish va kurashish lozim. «Qavm subh bo‘lib, o‘zidan mudroq uyqulari ketganida tungi sayrni maqtaydi», degan edilar Ali roziyallohu anhu. Har bir insonning holati har xil bo‘lganiga ko‘ra, kurash va riyozat yo‘llari ham har xil bo‘ladi. Kurash har bir inson xursandlikka sababchi dunyoviy narsalarni tark qilmog‘idir. Yo mol bilan, yo martaba bilan, yo va’zlarining qabul qilinishi bilan, yo qozilikdagi va hokimlikdagi ulug‘ligi bilan, yo mudarrisligi va tushuntirishida ergashuvchilarining ko‘pligi bilan xursand bo‘ladigan kishi avval xursandligiga sababchi narsani tark qilmog‘i lozim. Chunki agar uni mana shu ishlarning birortasidan man qilib, unga oxiratda bo‘ladigan savobing shu ishni qilmasliging bilan kamayib qolmaydi, deyilsa va u kishi buni yomon ko‘rsa, bundan og‘rinsa, demak, u dunyo hayotiga quvonib, unga xotirjam bo‘lib qolgan kishilardandir. Bu uni halok qiluvchidir. Agar inson xursandchilikni tark qiladigan bo‘lsa, insonlardan uzlat qilsin, o‘z nafsi bilan yolg‘iz qolsin, qalbini Alloh taolo zikridan va U to‘g‘rida fikr qilishdan boshqa narsa bilan mashg‘ul bo‘lmasligi uchun kuzatib tursin. Nafsida zohir bo‘ladigan shahvat va vasvasalarga yo‘l qo‘ymasin. Ular paydo bo‘lishi bilan kelib chiqish sabablarini yanchib tashlasin. Chunki har bir vasvasaning kelib chiqish sababi bo‘ladi. U faqatgina ana shu sabab va unga bo‘lgan aloqani uzish bilan yo‘q bo‘ladi. Qolgan umr davomida ham mana shu narsani lozim tutsin. Bu jihodning oxiri esa faqat o‘lim bilan tugaydi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:26:07

Husni xulq alomatlarining bayoni

Bilingki, har bir inson o‘z aybidan bexabardir. Agar katta gunohlarni tark qilguncha nafsi bilan ozgina kurashib qolsa, nafsimni pokladim va xulqim chiroyli bo‘ldi, endi kurashishga hojat qolmadi, deb gumon qiladi. Shuning uchun husni xulqning alomatlarini izohlash lozim. Chunki husni xulq iymondir. Yomon xulq esa munofiqlikdir. Alloh taolo O’z kitobida mo‘minlarning ham, munofiqlarning ham sifatlarini zikr qilgan. Shu sifatlarning hammasi husni xulq va yomon xulqning samarasidir. Husni xulq zikr qilingan oyatlarni bilishingiz uchun ulardan keltiramiz. Alloh taolo aytadi:

1. «Darhaqiqat mo‘minlar najot topdilar. 2. Ular namozlarida (qo‘rquv va umid bilan) bo‘yin eguvchi kishilardir. 3. Ular behuda-foydasiz (so‘z va amallardan) yuz o‘giruvchi kishilardir. 4. Ular zakotni (ado) qilguvchi kishilardir. 5. Ular avratlarini (haromdan - zinodan) saqlaguvchi kishilardir. 6. Magar o‘z jufti halollaridan va qo‘llaridagi cho‘rilaridangina (saqlanmaydilar). Bas, ular malomat qilinmaslar. 7. Endi kim shundan o‘zgani (ya’ni, zino va shu kabi shariati islomiyada harom qilingan boshqa narsalarni) istasa, bas, ana o‘shalar haddan oshguvchilardir. 8. Ular (ya’ni, mo‘minlar) o‘zlariga ishonilgan omonatlarga va (o‘zgalarga) bergan ahdu paymonlariga rioya qilguvchi kishilardir. 9. Ular (barcha) namozlarini (vaqtida ado etib, qazo bo‘lishdan) saqlaguvchi kishilardir. 10-11. Ana o‘shalar Firdavs (jannati)ga merosxo‘r bo‘lguvchi vorislardir. Ular o‘sha joyda mangu qolurlar» (Mo‘minun surasi, 1-11-oyatlar).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:26:26

Yana Alloh taolo aytadi:
«(Ular) tavba qilguvchilar (Allohning O’zigagina) ibodat qilguvchilar, shukr qilguvchilar, ro‘za tutguvchilar, ruku’-sajda qilguvchilar, yaxshilikka buyurguvchilar, yomonlikdan to‘xtatguvchilar va Alloh belgilab qo‘ygan qonun-qoidalarga doimiy rioya qilguvchi (mo‘minlar)dir. (Ey Muhammad alayhissalom), bu mo‘minlarga jannat xushxabarini yetkazing!» (Tavba surasi, 112-oyat.)

Yana Alloh aytadi:
«Faqat Alloh (nomi) zikr qilinganida qalblariga qo‘rqinch tushadigan, Uning oyatlari tilovat qilinganida iymonlari ziyoda bo‘ladigan va yolg‘iz Parvardigorlarigagina suyanadigan kishilar haqiqiy mo‘mindirlar» (Anfol surasi, 2-4-oyatlar).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:26:41

Yana Alloh taolo aytadi:
«Rahmonning (suyukli) bandalari yerda tavozu’ bilan yuradigan, johil kimsalar ularga (bema’ni) xitoblar qilgan vaqtida ham «Omon bo‘linglar», deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 63-oyat).

Qaysi bir insonga o‘zining holi mavhum bo‘lsa (ya’ni, qandayligini bilmasa), o‘z nafsini yuqoridagi oyatlarga ro‘para qilsin. Unda bu sifatlarning hammasi topilishi xulqining chiroyli ekani alomatidir. Bu sifatlarning hammasi yo‘q bo‘lishi xulqining yomon ekani alomatidir. Unda ushbu sifatlarning ba’zisigina topilishi husni xulqning ham ba’zisigagina ega bo‘lganiga dalolat qiladi. Unday kishi bor sifatini asrab, yo‘qlarini esa hosil qilish bilan mashg‘ul bo‘lsin.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:26:55

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mo‘minni ko‘p sifatlar bilan sifatlaganlar. Bu sifatlarning hammasi bilan chiroyli xulqlarga ishora qilib aytadilarki: «Mo‘min kishi o‘z nafsiga yaxshi ko‘rgan narsasini birodari uchun ham yaxshi ko‘radi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kim Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisini hurmat qilsin», deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Yana Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshilikni gapirsin yoki jim tursin» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Mo‘minlarning sifatlari husni xulq ekanligini ham zikr qilib aytdilarki: «Mo‘minlarning iymonda yetukroqlari ularning xulqda chiroyliroqlaridir». Yana aytdilar: «Agar mo‘minni jim turgan (ko‘p gapirishdan o‘zini tiygan) va viqorli holda ko‘rsangizlar, unga yaqinlashinglar, chunki unga hikmat talqin qilib turiladi». Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi bir insonni qilgan yaxshiliklari xursand qilsa va yomonliklari xafa qilsa, u mo‘mindir», dedilar (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyatlari).

Qayd etilgan