Yana u zot alayhissalom aytdilar: «Mo‘min kishi uchun o‘z birodariga aziyat beradigan nazar bilan ishora qilishi halol bo‘lmaydi» (Ibn Muborak rivoyati). Yana Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon kishi uchun boshqa musulmonni qo‘rqitishi halol bo‘lmaydi», dedilar (Bazzor zaif sanad bilan rivoyat qilgan). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: «Albatta ikki hamroh Alloh azza va jallaning omonati bilan o‘tiradi. Ularning biri birodariga u yomon ko‘radigan narsani fosh qilmog‘i halol bo‘lmaydi» («Suhbat odoblari kitobi»da kelgan).
Ba’zilar husni xulq alomatlarini jamlashgan. Aytishlaricha, husni xulqlilik hayosi ko‘p, aziyati oz, ezguligi ko‘p, tili rostgo‘y, so‘zi oz, amali ko‘p, toyilishi oz va keraksiz gapi yo‘q, yaxshilik qiluvchi, bordi-keldi qiluvchi, viqorli, sabrli, shukr qiluvchi, rozi bo‘luvchi, halim, muloyim, pokiza, shafqatli bo‘lmog‘idir. La’natlovchi, so‘kuvchi, chaqimchi, g‘iybatchi, shoshqaloq, ginachi, baxil va hasadgo‘y bo‘lmaslik, ochiq yuzli, xushmuomala, Alloh yo‘lida yaxshi ko‘radigan va Alloh yo‘lida yomon ko‘radigan bo‘lish husni xulqdir.