Ota-onasiga, muallimiga, odob o‘rgatuvchiga, o‘zidan katta yoshdagi kishilarga, xoh qarindosh bo‘lsin, xoh yot bo‘lsin, itoat qilishni, ularga ehtirom va ta’zim ko‘zi bilan qarashni, oldilarida o‘ynashni tark qilishni o‘rgatish lozim. Oq-qorani ajratish yoshiga yetganda namozni va tahoratni tark qilishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Ramazon oyining ba’zi kunlarida ro‘za tutishga buyurish, ipak liboslardan va tilladan uzoq qilish, shariatdan unga kerakli har bir narsani o‘rgatish, o‘g‘rilik, harom yeyish, xiyonat, yolg‘onchilik, fahsh va bolalarga qiziq tuyulgan har bir yomon ishlardan qo‘rqitish lozim. Agar uning ulg‘ayishi mana shunday tarzda bo‘lsa, balog‘at yoshiga yaqinlashganida bu ishlarning sirini bilishga qodir bo‘ladi.
Unga taomlar bir doriga o‘xshaydi, ular insonlarning Alloh azza va jallaga toat qilishga quvvatli bo‘lishida yordamchi, xolos, deb aytib turiladi. Yana dunyoning asli yo‘q, zero u doimiy emas, o‘lim uning ne’matlarini to‘xtatadi va dunyo doimiy qarorgoh emas, balki o‘tkinchi diyordir, oxirat esa o‘tkinchi diyor emas, balki doimiy qarorgohdir, o‘lim har bir soatda kutiladi, aqlli va dono kishi oxirat uchun dunyoda tayyorgarlik ko‘rgan kishidir, hatto uning Alloh taolo huzurida darajasi ulug‘ va jannatdagi ne’matlari ko‘p bo‘ladi, deb ta’kidlanadi.