Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 177078 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 B


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:35:08

Qachonki, vasvasalarning hammasini daf qilib, nafsini o‘sha kalimaga qaytarsa, vasvasalar unga quyidagi so‘zlar tomonidan keladi: «U nima, Alloh, degan so‘zimizning ma’nosi nima, nega u iloh va ma’bud bo‘lgandir?» Mana shu paytda fikrlash eshigini ochadigan xayollar uni qamrab oladi. Ba’zida unga shaytondan kufr va bid’at vasvasalar ham kelib qoladi. Modomiki, ana shularni yomon ko‘rib, ularni qalbidan yo‘q qilish uchun yeng shimarib turgan bo‘lsa, vasvasalar unga zarar qilmaydi.

Bu vasvasalar ikkiga bo‘linadi. Birinchisida Alloh taoloning unday narsalardan pokligi aniq bilinadi. Lekin shayton ana shu narsalarni qalbiga tashlayveradi va xotirasida aylantiraveradi. Bu vasvasani yo‘qotish sharti unga parvo qilmaslik, Alloh taoloning zikriga qochish, bularni o‘zidan daf qilishi uchun Allohga iltijo qilish kerak. Alloh taolo aytadi:

«Agar sizni shayton tomonidan bo‘lgan vasvasa yo‘ldan urmoqchi bo‘lsa, Allohdan panoh so‘rang! Albatta U eshitguvchi, bilguvchidir» (A’rof surasi, 200-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:35:21

Yana aytadi:
«Taqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biron vasvasa ushlasa, (Allohni) eslaydilar-da, bas, (to‘g‘ri yo‘lni) ko‘ra boshlaydilar» (A’rof surasi, 201-oyat).

Ikkinchisida muridni shakka tushirib qo‘yadi. Shu paytda murid shayxiga murojaat qilishi lozim. Hatto qalbidagi sustkashlikni ham, g‘ayratni, boylikka burilib qolishni ham, irodasidagi rostgo‘yliklarni ham shayxiga zohir qilmog‘i darkor. Boshqalardan esa uni berkitmog‘i, undan biron kishini xabardor qilmasligi lozim. So‘ng shayxi uning holatiga qaraydi. Uning ziyrakligi va donoligi to‘g‘risida o‘ylab ko‘radi. Agar uni tashlab qo‘ysa yoki fikrlashga buyursa, o‘zi Haqning haqiqatini tushunishni bilsa, uni fikrlashga burib qo‘yishi, hatto uning qalbiga o‘zi uchun haqiqati bilinadigan nur tashlanguncha fikrlashni lozim tutishga buyurishi kerak. Agar bunday narsalarga uning kuchi yetmasligini bilsa, qalbi ko‘tara oladigan nasihat va eslatmalardan hamda uning fahmiga yaqin dalillar bilan uni qat’iy e’tiqodlarga qaytaradi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:35:29

Shayx hushyor bo‘lishi, unga mehribonlik qilishi lozim bo‘ladi, chunki bunday holatlar yo‘li halokatli va o‘rinlari xatarlidir. Qancha-qancha riyozat bilan mashg‘ul muridlarga buzuq xayollar g‘olib kelib qoladi, uni daf qilishga kuchlari yetmaydi. Shu bilan ularga yo‘l berkiladi. Keyin bekorchilik bilan mashg‘ul bo‘lib, muboh yo‘llarga kirib ketishadi. Bu esa juda katta halokatdir.

Qaysi bir inson zikr uchun yolg‘izlanib, qalbidan mashg‘ul qiluvchi aloqalarni daf qila olsa ham, bunga o‘xshash fikrlardan xoli bo‘lolmaydi. Chunki u xatar kemasiga mingan. Agar shu xatardan salomat bo‘lsa, u din egalaridan bo‘ladi. Agar xato qilsa, halok bo‘luvchilardan bo‘ladi. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «O’zingizga keksalarning dinini lozim tuting», deganlar (Ibn Tohir «Tazkira» kitobida bu hadis odamlar ichida mashhur, lekin aslini topa olmadim, degan). U iymonning asli va zohiriy e’tiqodni taqlid yo‘li bilan, yaxshi amallarga mashg‘ul bo‘lish bilan o‘rganishdir. Chunki bulardan burilib ketishning xatari ko‘p. Shuning uchun shayxga muridini kuzatib yurishi vojib deyiladi. Agar murid ziyrak va sezgir bo‘lmasa, zohiriy e’tiqodlarga ega bo‘lmasa, uni zikr va fikr bilan mashg‘ul qilmaydi. Balki uni zohiriy amallarga va mutavotir vazifalarga qaytaradi. Yoki barakotlar uni ham o‘z ichiga olishi uchun tafakkurga yolg‘izlangan kishilarga xizmat qilish bilan mashg‘ul qiladi. Chunki jang maydonida jihod qilishdan ojiz kishi qiyomat kunida mujohidlar jamoasida tirilmoq va barakotlaridan nasibalanish uchun jihod qilayotgan qavmni sug‘orib va otlariga qarab turishi lozim bo‘ladi, garchi ularning darajalariga yetmasa ham.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:35:39

Zikr va fikr uchun yolg‘izlangan muridni goho manmansirash, riyokorlik, o‘zi uchun kashf bo‘layotgan holatlarga va zohir bo‘lgan boshlang‘ich karomatlarga sevinishdan iborat ko‘p to‘siqlar to‘xtatib qo‘yadi. Shu holatlardan birontasiga burilib qaraganda, u bilan nafsi mashg‘ul bo‘lganda, bu uning yo‘lida nuqson va to‘siq bo‘ladi. Aksincha, murid umri davomida o‘z holatini dengizlar oqizib kelinganida ham o‘zini qondirolmaydigan va doimiy chanqoq kishidek lozim tutmog‘i kerak. Muridning dastmoyasi xalqdan Haqqa va xilvatga o‘tishdir.

Sayyohlardan biri aytadi: «Xalqdan uzilib ketgan abdollarning biriga: «To‘g‘rilikning yo‘li qanday?» dedim. U kishi: «Dunyoda go‘yo yo‘ldan o‘tib ketayotgan kishiga o‘xshagan bo‘lmog‘ing», dedi. Yana u kishiga: «Meni shunday amalga dalolat qilingki, unda qalbimni doim Alloh bilan birga topay», dedim. U kishi: «Xalqqa qarama, chunki ularga qarash zulmatdir», dedi. «Buning iloji yo‘q», dedim. U kishi: «Ularning gapini eshitma, chunki ularning gapi qalbni qoraytiradi», dedi. «Menga buning ham iloji yo‘q», dedim. U kishi: «Ular bilan muomala qilma, chunki ular bilan muomala xavotirlidir», dedi. Men: «Men ularning oralaridaman, ularga muomala qilmaslikning iloji yo‘q», dedim. U kishi: «Ular bilan birga turma, chunki ular bilan birga turish halokatdir», dedi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:35:48

Men: «Mana shuni bir sabab, desa bo‘ladi», dedim. U kishi: «Ey inson, g‘ofillarga qaraysan, johillarning kalomlarini eshitasan, battollar bilan muomala qilasan-u, qalbingni doim Alloh taolo bilan birga topmoqni xohlaysan, bu aslo bo‘lmaydigan narsadir», dedi».

Demak, riyozatdan maqsad inson qalbini doim Alloh taolo bilan birga topmog‘idir, bu faqat boshqalardan xolilik bilangina bo‘ladi, boshqalardan xoli bo‘lish esa faqat uzoq vaqt kurashish bilan bo‘ladi. Agar uning qalbi Alloh taolo bilan birga bo‘lsa, uning uchun Parvardigorning ulug‘ligi zohir bo‘ladi. Yana unga haq porlaydi va Alloh taoloni sifatlashga til ojiz, balki hech ham to‘la sifatlay olmasligi zohir bo‘ladi. Agar muridda mana shulardan birortasi paydo bo‘lsa, uning yo‘lida turadigan eng katta to‘siq uni va’z-nasihat qilgan holda gapirib yubormog‘i va uni insonlarga bildirish uchun chiqmog‘idir. Shu paytda nafs undan shunday lazzat topadiki, keyin bunday lazzat bo‘lmaydi. Ana shu lazzat uni kashf bo‘lgan narsalarning ma’nolarini qanday keltirish to‘g‘risida, u haqda gapiriladigan lafzlarni chiroyli qilish to‘g‘risida, uni tartibma-tartib aytish to‘g‘risida, uni hikoyalar bilan, Qur’on va xabarlarning dalillari bilan ziynatlash to‘g‘risida, unga qalblar va quloqlar moyil bo‘lishi uchun gapirish san’atini chiroyli qilish to‘g‘risida fikr yuritishga chaqiradi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:35:57

Ba’zan shayton unga: «Albatta bu ishing Alloh taolodan g‘aflatdagi o‘lik qalblarni tiriltirishdir. Sen Alloh bilan xalq o‘rtasidagi vositachisan, bandalarini Unga chaqirib berasan, bu ishingda sen uchun bir nasiba ham yo‘q va nafsing uchun unda bir lazzat ham yo‘q», deb xayol qildiradi. Yana shaytonning hiylasi tengdoshlari ichida undan ko‘ra kalomi chiroyliroq va so‘z boyligi ko‘proq, avom xalq qalbini jalb qilishga kuchliroq kishilar borligida zohir bo‘ladi, chunki (tengdoshlaridagi peshqadamlikka) uning ichida hasad chayoni harakatlanadi. Agar qalbida gapini odamlarga qabul qildirish hiylasi qo‘zg‘algan bo‘lsa, agar uning harakatlantiruvchisi haq, ya’ni to‘g‘ri yo‘lga Alloh taoloning bandalarini da’vat qilishga harislik bo‘lsa, bu bilan uning xursandchiligi yanada ko‘proq bo‘ladi. «Bandalarini tuzatish uchun menga yordamlashgan kishi bilan meni quvvatlab qo‘ygan va menga madad bergan Zotga hamd bo‘lsin», deydi. Bu quyidagi holatga o‘xshaydi: hech kimi yo‘q bir o‘likni dafn qilish ishlari yuklangan va gardaniga shar’an tayinlab qo‘yilgan kishiga yordam berish uchun bir kishi kelib qoladi. U esa yordamchi kelganiga xursand bo‘ladi va o‘ziga yordam berayotgan kishiga hasad qilmaydi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:36:21

G’aflatdagi kishilarning qalblari o‘likdir, voizlar esa ogoh qiluvchi, ularni tiriltiruvchidir. Voizlarning ko‘payishida rohatlanish va bir-biriga yordam berish bor. Bu holatga qattiq xursand bo‘lish lozim. Bunday xursandlikning topilishi juda kam. Murid bundan juda ehtiyot bo‘lishi lozim. Chunki bu - yo‘lning avvalgi eshiklari ochib berilgan kishilarga io‘lni to‘sib qo‘iishda shaitonning eng katta tuzog‘idir. Chunki dunyo hayotini ixtiyor qilish insondagi tabiatdir. Shuning uchun Alloh taolo aytadi:

«Yo‘q, sizlar, (ey kofirlar), hayoti dunyoni ustun qo‘yursizlar» (A’lo surasi, 16-oyat).

So‘ngra Alloh taolo yomonlik inson tabiatida avvaldan borligini, bu o‘tgan kitoblarda ham zikr etilganini bayon qilib aytadi:

«Darvoqe’, bu (surada mazkur bo‘lgan pand-nasihatlar) avvalgi (payg‘ambarlarga nozil bo‘lgan) sahifalarda - Ibrohim va Muso sahifalarida ham bordir» (A’lo surasi, 18-19-oyatlar).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:36:32

Bu muridning riyozat yo‘llari va Allohga yo‘liqishga yetishdagi tarbiyasidir. Ammo turli sifatdagi riyozatning tafsiloti tez orada keladi. Chunki insonga ko‘proq g‘olib keladigan sifatlar bu - uning qorni, farji va tilidir, ya’ni shularga taalluqli shahvatlardir. So‘ngra shahvatlarning himoyasi uchun askar kabi bo‘lgan g‘azabdir, modomiki, inson qorin, farj shahvatlarini yaxshi ko‘rib, ularga ulfat bo‘lsa, dunyoni yaxshi ko‘radi. Dunyoga esa faqat mol va martaba bilan ega bo‘ladi. Agar mol va martabani talab qilsa, unda kibr, manmansirash, boshliqlik paydo bo‘ladi. Agar shular zohir bo‘lsa, uning nafsi dunyoni butkul tark qilmaydi. Dindan rahbarlik qilishi mumkin bo‘lgan joyini mahkam ushlaydi. Unga aldanish g‘olib keladi.

Shuning uchun bu ikki kitobni taqdim etganimizdan keyin, Xudo xohlasa, muhlikotning qismini sakkiz kitob bilan to‘ldiramiz. Bular -«Qorin va farj shahvatlarini sindirish kitobi», «Til ofatlari kitobi», «G’azab, gina va hasadni sindirish kitobi», «Dunyoni yomonlash va uning aldashi tafsiloti kitobi», «Mol muhabbatini sindirish va baxillikni yomonlash kitobi», «Riyo va amalparastlikni yomonlash kitobi», «Kibr va ujubni yomonlash kitobi», «Aldanish o‘rinlari kitobi»dir. Bu muhlikotlarni zikr qilish, undagi muolaja yo‘llarini o‘rgatish bilan «Rub’ul muhlikot»dan maqsadimiz oxiriga yetadi, inshaalloh. Chunki avvalgi kitobda zikr qilgan narsalarimiz halok qiluvchi va najot toptiruvchilarning koni bo‘lmish qalb sifatlari uchun sharh edi, xolos. Ikkinchi kitobda zikr qilgan narsalarimiz esa xulqlarni tuzatish yo‘llari va qalb kasalliklarini davolashga to‘liq ishoradir. Ammo uning tafsilotlari esa keyingi sakkizta kitobda keladi, inshaalloh.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:36:42

Nafsning riyozati va xulqlarni tuzatish kitobi Allohning hamdi, Uning yordami va chiroyli tavfiqi bilan nihoyasiga yetdi. Bundan keyin, inshaalloh, «Ikki shahvatni sindirish kitobi» keladi. Allohning yolg‘iz O’ziga hamd bo‘lsin va sayyidimiz Muhammad alayhissalomga, u kishining oilalari va sahobalariga, yeru osmon ahlidan har bir tanlangan bandaga Alloh salovot-salom yuborsin. Mening tavfiqim faqat Allohning yordami bilandir, Unga tavakkul qildim va Unga qaytguvchidirman.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:47:42

MUNDARIJA

QALB AJOYIBOTLARINI SHARHLASH KITOBI

Muqaddima
Nafs, ruh (jon), qalb va aqllarning ma’nolari hamda bu lafzlar bilan nima iroda qilinganligini bayon etish to‘g‘risidagi bob
Qalb askarlarining bayoni haqida
Qalbning botiniy askarlariga oid misollar
Inson qalbining xususiyati to‘g‘risida
Qalb sifatlarining majmui va uning misollari bayonida
Qalbning xususan ilmlarga qo‘shilgandagi holati bayoni
Qalbning aqliy, diniy, dunyoviy va uxroviy ilmlarning qismlariga qo‘shilgandagi holati
Ilhomlanish bilan o‘rganish o‘rtasidagi va Haqni topishda so‘fiylik yo‘li bilan ko‘zi (ya’ni, farosati) o‘tkirlik yo‘li o‘rtasidagi farqning bayoni
Ikki maqom o‘rtasini his etib bilinadigan misollar farqi
Tasavvuf ahli ta’lim olmasdan va g‘ayrioddiy yo‘l bilan bilimni qo‘lga kiritishining to‘g‘riligiga shar’iy dalillar bayoni
Shayton vasvasa bilan qalbga hukmronlik qilmog‘i va vasvasa ma’nosi hamda uning g‘olib kelishi sabablari bayoni
Shaytonning qalbga kiradigan o‘rinlari tafsiloti bayoni
Bandaning jazolanishga olib keladigan qalb vasvasalari, xohishlari, o‘y-xayollari, qasdlari va bulardan avf qilinib-kechiriladiganlari
Alloh zikr qilingan paytda vasvasalar butkul yo‘q bo‘lib ketishi tasavvur qilinadimi yoki yo‘qmi?
Qalbning tez o‘zgarishi hamda qalblarning o‘zgaruvchanlik va sobit turishga taqsimlanishi bayoni

IKKINCHI KITOB

Nafsni tarbiyalash, axloqni tuzatish va qalb kasalliklarini davolash haqidagi muhlikot qismidan
Husni xulqning fazilati va yomon xulqning mazammati bayonida
Husni xulq va yomon xulqning haqiqatlari bayoni
Xulqlarning tarbiya yo‘li bilan o‘zgarish qabul qilishi bayoni
Husni xulqqa batamom erishtiradigan sabablar bayoni
Xulqlarni poklash yo‘lining tafsiloti bayonida
Qalblarning kasallik belgilari va uni sog‘liqqa qaytarish alomatlari bayoni
Inson o‘z nafsi ayblarini bilib oladigan yo‘l bayoni
Qalb kasalliklarini davolashdagi yo‘l - shahvatlarga ergashishni tark qilish ekaniga shar’iy dalillar va qalb ko‘zi ochiq kishilardan naql qilingan dalillar bayoni
Husni xulq alomatlarining bayoni
Go‘dak bolalarning ulg‘ayish vaqtlari avvalida tarbiyalash, ularga odob berish va xulqlarini chiroyli qilish yo‘llari bayoni
Irodaning shartlari, kurashishning boshlang‘ich holatlari, muridni riyozat yo‘lini tutishga ko‘niktirish bayoni

Qayd etilgan