Ilm va ziyo > She'riyat

O'zbek va millat haqida she'rlar

(1/5) > >>

shoir:
O’ZBEK PAXTASI

Dunyoda qutlovlar bor
Biri biridan go‘zal,
Dunyoda tabriklar bor
Biri biridan ezgu.
Va lekin bu olamda
Topilmas hech bir mahal
Ona-yurt qutlovidan
Balandroq biror tuyg‘u.

Shu mo‘’jaz hayotimni
El-yurtga bog‘labman to,
Bir ketmonchi o‘g‘liday
Unga eshman, tirikman.
Kahrabo tizimchaning
Donasi kabi go‘yo
Mustahkam shu qatorning
Taqdiriga sherikman.

Tong bilan jahon bo‘ylab
Bir xabar qoqdi qanot,
O’zbek yana o‘z so‘zin
Ustuvor do‘ndiripti.
Betimsol taloto‘pda
Muzaffaru bosabot,
O’zbek yana do‘ppisin
Qiyalab qo‘ndiripti.

Million yillik so‘z erur
Paxta bizning lug‘atda,
Jo‘yaklarda boshlangan
Onalar to‘lg‘oq dardi.
Mabodo o‘simlikka
Zabon bitsa, albatta,
Paxta navi eng avval
O’zbekcha gapirardi.

Odati nurin sochar
Olamga har kun quyosh,
Bag‘rida ne sirlar bor,
Sig‘maydi tasavvurga!
Shu bir chanoq paxta ham
Zohirdan ma’sum, yuvosh
Va lekin zahmatlari
Sig‘mas ongga, shuurga.

Dunyoda insonlar bor,
Mayda bir armon sabab,
Bir-birin yoqavayron,
Tuproqqa qorishadi...
Olamning egnin butlash .
O’zbekka shudir matlab,
Shu armon, deb cho‘ng xalqim
Bir umr olishadi.

Bizning uygan xirmonga
Chambar qilsang chechakdan,
Yulduzlar shabnam misol
Bo‘ladi unga inju.
Bolasi uyda qolgan
Mushtipar kelinchakdan
Xizrsifat cholgacha .
Barchaning mehnati bu!

Xalqim, sensan ellarga
To‘kin dasturxon tuzgan,
Ne’mating o‘zingga ham
Barqaror bo‘lsin, deyman.
Uygan bu xirmoning ham
Quyoshga qo‘lin cho‘zgan
Muhtasham haykalingga
Poydevor bo‘lsin, deyman!
1981

Abdulla Oripov

shoir:
O’ZBEGIM TOJIK BILAN

Do‘stu qardoshdir azaldan
O’zbegim tojik bilan,
Ikkisi bir bayt g‘azaldan
O’zbegim tojik bilan.

Qay yo‘sin aylay qiyos men
Bul shirin do‘stlik so‘zin,
Totlidir boldan, asaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Baxtga yor doim Navoiy toki
Jomiy bor ekan,
Biz ular qo‘ygan tamaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Fahm etib boqsang agarda,
Biz qo‘sha sayyoramiz,
Bu Ali so‘zlar Zuhaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Bir egatning boshi senu
Bir egatning boshi men
Yer ekib tinmas hamaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Bul qadrdon ikki do‘stga
Xohishimdir, to abad
Topsa bir ma’no masaldan,
O’zbegim tojik bilan.
1982

Abdulla Oripov

shoir:
O’ZBEKMAN

Yangi bir asrning ostonasi bu,
Yetishdim umrimning qutlug‘ yoshiga.
Tilimda shukrona, dilimda g‘ulu,
Tarix sarkotibin keldim qoshiga:

- Mana, men - O’zbekman, qo‘limda tu
Va barcha a’molim bitilgan kitob.
Shuning ichidadir borim va yo‘g‘im,
Shuning ichidadir men uchun oftob.

O’zbekman, inshoolloh, iymonim butun
Tilim qisiq emas bashariyatdan.
Kimgadir tengdirman, kimdandir ustun
Zuvalam qorilgan samimiyatdan.

O’zbekman, gohida iqbolim kulib,
Gohida o‘zimdan chiqqan ofatim.
Dunyoni olsam-da jahongir bo‘lib,
Go‘dak yig‘isiga yo‘qdir toqatim.

O’zbekman, qanchalik jafo chekmayin,
O’zimga haq bo‘ldim, o‘zimga haqman.
Yashadim yovlarga bo‘yin egmayin,
Bu kun o‘z erkiga erishgan xalqman.

Istiqlol, ketma yurt peshonasidan,
Tole, tark etmagin bizni ilohim.
Mana, yangi asr ostonasidan
O’tdim. Bismillohir rahmonir rohiy
2000

Abdulla Oripov

shoir:
O’ZBEK ONASI

Mushtipar ham o‘zing, buyuk ham o‘zing,
Kuyinchak ham o‘zing, kuyuk ham o‘zing,
Olamga tatirlik suyuk ham o‘zing,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Seni To‘maris deb, maqtaganim bor,
Sen Temur beshigin tebratgan bedor,
Sensan Bibixonim, Nodirai zor,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Vatanni Ona deb bekor aytilmas,
Ona buyurganda yo‘ldan qaytilmas,
Sen o‘zing Ka’bamsan, Baytul muqaddas,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Boshingdan nimalar o‘tmadi axir,
Vatandek taqdiring bo‘ldi goh taxir,
Bobur shoh bo‘lsa-da, qoshingda faqir,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Kelajak toychog‘u toyingizdadir,
Jannat ham, albatta poyingizdadir,
Vatan-ku, Siz turgan joyingizdadir,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Sizga ta’zim qilib turibman bu payt
Sizga baxshidadir eng shohona bayt,
Aziz Yurtboshingga duolaring ayt,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.
1999 yil, 6 mart

Abdulla Oripov

shoir:
XALQ

Hamma narsa o‘tadi, mansab, shonu shavkat ham,
Shirindan shirin qolur, talxdan esa qolur talx.
Bir kuni tuproq bo‘lur, tengsiz shamsi tal’at ham,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Gohida ko‘zda yoshu gohida xandon bo‘ldik,
Gohida bolg‘a bo‘lsak, gohida sandon bo‘ldik,
Axiyri kulib tole, sohibi davron bo‘ldik,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Nomingni qaro degan - paxtaginam, senmisan,
Lo‘ppi deya yutganim - laxtaginam, senmisan,
Avaxtada bosh urgan taxtaginam, senmisan?!
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

O’zbekning peshonasin po‘latdan yaratmishdir,
Yumushini malomat, zahmatdan yaratmishdir,
Bir so‘z bilan aytganda - mehnatdan yaratmishdir,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Tinglasang tuganmaslik afsonasi bor bu el,
Sarkardasi, shoiri, taronasi bor bu el,
Ming oqilga arzirlik devonasi bor bu el,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Farishta emasdirmiz, ushbu gapim sir emas,
Har uchragan eshonu, har sallalik pir emas,
Lekin dasturxon haqqi, ko‘nglimiz hech kir emas,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Janggohlarda jon bergan bobolarni unutmang,
Moshoq terib non bergan momolarni unutmang.
E’tiqod, iymon bergan duolarni unutmang,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Amalparast, lo‘ttiboz bo‘lmagan qachon axir,
Sak bir nima yemasa og‘zi bo‘larmish taxir,
Bizning barchamiz shohmiz, bizning barchamiz faqir!
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

O’tganlarni yod etmoq qolgandir shariatdan,
Inson sharafi yuksak millatu tariqatdan,
O’zbekka bul fazilat yuqmishdir tabiatdan.
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Olimmi yo paxtakor, kim bo‘lmasin - odamdir,
Ya’ni Alloh bandasi - har biri bir olamdir,
O’zbegim o‘z volidam, o‘zbegim o‘z otamdir,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Ayon gapki, adolat elning ko‘z, qoshi bo‘lur.
Urgani un oshi-yu, so‘ksa so‘k oshi bo‘lur,
Yurt og‘irin tortolgan asli yurt boshi bo‘lur,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Kattakon yo‘lga chiqding, yo‘ldoshing bo‘lay, xalqim,
Farzandingman, qo‘llaysan, qo‘ldoshing bo‘lay, xalqim,
Hasrating ko‘p dilingda, dildoshing bo‘lay, xalqim,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
1994

Abdulla Oripov

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version