Ilm va ziyo > She'riyat

Shoirlik va she'r haqida she'rlar

(1/2) > >>

shoir:
SHOIR UMRI

Daraxtni hamisha o‘raydi shamol,
Shoirni tashvishlar chulg‘ar hamisha.
Sen shoir umrini dema bezavol
Uning ham har oni tashvishga pesha.

Qara-ya, o‘tibdi qirq yil muttasil,
Yashabman yulduzlar ostida karaxt.
Oh, shoir umriga havas qilmagil,
U quyun ichida ungan bir daraxt.
1981

Abdulla Oripov

shoir:
YOZG‘UVCHILIKKA ARIZA
(Bir g‘alamis tilidan)

Meni nazariga ilmaydi birov,
Sizga shu gaplarni aytayin tikka.
Kecha bir davrada o‘ynadim garov,
Meni qabul qiling, yozg‘uvchilikka.

Har xil soyuzlar bor.
Masalan, kino,
Demangiz men o‘zni unga uraman.
Sabil texnikasi qiyinmish, ammo
Tomosha qilishni yaxshi ko‘raman.

Rassom bo‘lishlikka toqatim hech yo‘q,
Chunki zaril bunda g‘alat iste’dod.
Masalan, xo‘tikka o‘xshasin xo‘tik,
Sharmanda qiladi bundaqa ijod.

Bastakorlarda ham bor emish soyuz,
Bu ham to‘g‘ri kelmas, rostini aytsam.
Vijdonim yo‘l bermas, chidamaydi yuz,.
Qo‘shiq aytmaganman umrimda hech ham.

Shoirlik-chi, tegsin xudo urganga,
Sotib olayinmi tekin kulguni.
Dab-durust jumlalar qator turganda,
Teskari aytmoqlik shartmikan uni.

Yozg‘uvchilik esa, oh, bu g‘aroyib,
Mening talantimga shu soha nuqta.
Pastu balandlarga turfa, ajoyib
Maktublar bitganman g‘oyaviy puxta.

Xullas, o‘rtoq rais, aylangiz imdod,
Men sizga haq gapni aytaman tikka.
Ko‘pirib yotibdi menda iste’dod,
Meni qabul qiling yozg‘uvchilikka.
1981

Abdulla Oripov

shoir:
BOLALAR SHOIRLARIGA HAZIL

Soat bo‘ldi to‘rt yarim,.
Dedi Dilbarga Karim.
Buni eshitdi G‘ulom,
Salim bilan Dilorom,
Shoira-yu, Gulnoza,
Xadicha bilan Roza.
Alisher-u Baxtiyor,
Xurshid, Vitya, Ixtiyor,
Azim, Moyli, Dadashvoy,
Shukur, Ahmad, Adashvoy,
Mavluda-yu, Ilhomjon,
G‘ayrat, Sa’di, In’omjon,
Toshpo‘lat, Yulduz, Zohir,
Zarifa, Mahkam, Omon,
Miraziz, Safar, Rahmon,
Shavkat, Yo‘ldosh, Uzoqboy,
Bolta, Tesha, Tuzoqboy,
Eshmirza, Eldor, Jur’at,
Muqimiy bilan Furqat...
Endi soat besh yarim,.
Dedi Dilbarga Karim.
1981

Abdulla Oripov

shoir:
SHOIR QALBI

Yurtda ne muborak ishlar bo‘lg‘uvsi,
Undan shoir qalbi shavqqa to‘lg‘uvsi.

Chinor o‘tqazildi, tug‘ildi farzand,
Avval shoir qalbi bo‘lgay bahramand.

Sababi ma’lumdir buning, albatta,
Tug‘ildik shu Vatan, shu mamlakatda.

Uning har go‘shasi jahondir menga,
Toshloq yo‘llari ham ravondir menga.

Taralsa elimdan xushnud bir xabar,
Tabrik aylamog‘im, demak, muqarrar.

Mavjiga nogahon kimdir tosh otgay,
Zarbi yuragimning tubiga botgay.

Elim, qadamingni har dam kuzatdim,
Goh o‘ychan, gohida xurram kuzatdim.

Gar sen daryo bo‘lsang - irmog‘ingdirman
Lat yesang, og‘riqli barmog‘ingdirman.

Menda fazilatdan bo‘lsa bir nishon,
Sening olovingdan uchqun bu, ishon!

Savobing qosh ila ko‘zimnikidir,
Faqat gunohlarim o‘zimnikidir.
1998

Abdulla Oripov

shoir:
JANGDAN QAYTMAGAN SHOIRLARGA

Isming balki Sulton, balki Qodirsan,
Sen jangdan qaytmagan shahid shoirsan.
Lekin g‘olibsanki - safda hozirsan,
Sen saqlab qololgan jahoning menda.

Urush deganiga bo‘lsin ming la’nat,
Neki tirik bo‘lsa - aylagay g‘orat.
Sening qalaming ham sindirmish bevaqt,
Yetib-etolmagan armoning menda.

Beiz ketmadi, yo‘q, shahidlar qoni,
Quzg‘undan asradi mas’um dunyoni.
Agar ko‘kka yetsa tiriklar shoni,
O’zing orzu qilgan osmoning menda.

Har nechuk, shoirman - sen bilan jondosh,
To‘yingda to‘ydoshman, tirik yelkadosh.
Degayman, yosh umring o‘ylab, ey, qondosh,
Bitgum, bitilmagan dostoning menda.
1983

Abdulla Oripov

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version