O'zim jannatda-yu, do'zaxda ko'nglim,
Yalpizjon, sen o'sgan o'tloqda ko'nglim.
Sen jilg'a bo'yida sarg'aygan singlim,
Men ummonda senga mushtoq og'angman.
Ko'zimdan yosh oqar yuzingdan o'psam,
Qaniydi bir umr poyingda cho'ksam,
Dilingga dilimni dardini to'ksam -
Vodiysidan ajrab qolgan vohangman.
Men shoir emas, men nazmboz kosib,
She'rim shuhratimga emas munosib.
Bir lutf tufayli ming g'aflat bosib,
Arig'iga sig'may qolgan nahangman.
Osmonin tusi yo'q bu taxtni netgum,
Rayhonin isi yo'q bu baxtni netgum,
Bosh olib yoningga keladi ketgum,
Dalangdan olamga bir sadaqangman!..
Ey oq ko'nglim mening, ey ko'k ko'ylagim,
Bo'yingga bo'yimni kelar tenglagim,
Kuylasam faqat sen sabab kuyladim,
Yaprog'ingdan yerga tomgan ohangman.
(Muhammad Yusuf)