Yurtimiz shaharlari haqida she'rlar  ( 66763 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


shoir  21 Oktyabr 2007, 19:50:18

TOSHKENT SHA’NIGA

Goho oddiy maskanday tuyuladi, ochiq gap,
Har kuni yashayverib ko‘nikib qolgan uying.
Toshkentim, ajib kentsan, muhtasham qo‘rg‘onsan zab,
Ming-minglab chaqirimdan ko‘rinib turar bo‘ying.

Necha-necha ellarda duch keldim turfa zotga,
Toshkan desang yugurar yuzlariga tabassum.
Toshkent so‘zi uyqashdir tinchlik bilan hayotga,
Toshkent desa anglanur mehr bilan tarahhum.

Shunday payt goh o‘ylayman: buning boisi nedur,
Nechun shoir tilidan tushmaydigan nazmsan!
Axir, bunda har bir g‘isht tarixdan mujda erur,
Beruniy ta’rif etgan ko‘hna shahri azimsan.

G‘afur G‘ulom so‘zini har lahzada yod etib,
Toshkentning kamolidan mening ham ko‘kda boshim.
Nega uning dovrug‘i olamni ketmas tutib,
Bu yerda ijod etsa dovrug‘li zamondoshim.

Toshkentdir kamon yasab degrezlarga bo‘lgan joy,
Bugun o‘zbek yurtining eng katta korxonasi.
O’n to‘rt go‘dak haykalin ko‘rgandirsiz hoynahoy,
O’sha turfa millatning Toshkent bo‘lgan onasi.

Jahon voqeotida sening ta’rifing shoyon,
Necha zotlar mehringdan ilhomu zavq olmishdir.
Men ham kamtar fuqarong,
madh eturman bu zamon,
Mening ham qatra qonim
tuprog‘ingda qolmishdir.
Hamisha ustuvor bo‘l, barqaror bo‘l hamisha,
Ey, ko‘hna Sharqimizning
hech so‘nmas mash’alasi.
Noming kabi mustahkam, poydor bo‘l hamisha,
Do‘stlik, baxt, muruvvatning
mangu boqiy qal’asi.
1982

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 19:52:46

QUYOSH SHAHRI

Eng teran chashmadek tinib, sizilib,
Asrlar qa’ridan keladi xabar:
Ikki ming yil burun chayla buzilib,
Qo‘rg‘on barpo bo‘ldi, yaraldi shahar.

Turon yulduzlarin silsilasida
Chaqnadi yana bir qo‘lbola quyosh.
Ulug‘ shaharlarning bo‘ysirasida
Abadiy o‘rnini topa olgan Shosh.

Toshkentim, oftobsan, Sharqda nur sochgan,
Quyoshdek tutilding necha boralar.
Tosh mag‘zing chaqolmay tamshanib qochgan
Necha Qutayba-yu, necha Dorolar...

O’zbekka maqtanish odatmas, garchand,
Bag‘rimni to‘lg‘azar ushbu kun g‘urur:
Toshkentu Buxoro, Xevoq, Samarqand,
Har biri jahonning bezagi bo‘lur.

Qalbing ko‘zi bilan nazar sol, Inson,
Mana bu Mingo‘rik, manov Ko‘kaldosh.
Moziyga bitsaydi zabon nogahon,
Erk deb qo‘zg‘alardi bunda har bir tosh.

Qadimiy Nasafda topdim tavallud,
Tanishdir Kushonning biyobonlari.
Ne baxtkim, dilimga soldi she’riy o‘t
Toshkentning sehrli xiyobonlari.

Farzandman, bag‘ringda kezurman men ham,
Sensan mening uchun maskan mo‘’tabar.
Toshkentdan boshlanur menga ham olam,
Dengizlardan nari, qit’alar qadar.

Ne-ne zilziladan chiqolgan omon.
Manglayi yarqiroq makonsan buyuk.
Baynalmilal ma’vo, asl qahramon,
Jahon tarixida noming bor suyuk.

Ishchisan, olimsan, arbobsan, me’mor,
Senga ham muntazir boqar yer yuzi.
Tinchlik degan joyda Toshkent ruhi bor,
Toshkent degan joyda osoyish so‘zi.

Ne ulug‘ tarixlar kechdi boshingdan,
Xislating ne erur - olam biladi:
Bugun har burjingdan, har bir toshingdan
Faqat do‘stlik degan sado keladi.

Yiroq afrikalik sargashta adib,
Bombay g‘azalxoni shoshar sen tomon.
Ezgu niyatlarning bayroqdori deb,
Seni sharaflaydi zaminu zamon.

Sen quyosh shahrisan, faxrimsan azal,
Omon bo‘l hamisha o‘zbeki yerim.
Sensan munis, mushfiq Sharqimga haykal,
Tuhfa bo‘la qolsin senga shu she’rim!
1983

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


JaviK  21 Oktyabr 2007, 23:50:43

Anjanliklar chaqaloqni ham
Sizlashadi Anjanchasiga
Nonday shirin
yumshoqlik bilan
 So`zlashadi Anjanchasiga

Ota meros anjirli bog`lar
oqlangan uy
tandir — o`choqlar!
Shaxrixony taqib pichoqlar
Yurishadi anjanchasiga
 
Bog`larida askiya bazim
Zo`ri edi Abdulxay Maxsim
So`z mag`zini qilishib xazm
Kulishadi anjachasiga

Xar guzarda bitta choyxona
Otamlashgan nuqta choyxona
Asakada cho`ntak choyxona
Choylashadi Anjanchasiga

"œ Bog`im Borga "œ zo`lar o`ynaydi
sho`xrog`idan  ayt deb qo`ymaydi
Qorin to`yar ko`ngil to`ymaydi
Shinavanda anjanchasiga

Savdogarlar pulni saqa deb
Yurt kezishar bola — chaqa deb
Ishanovring bizga aka deb
Kiydiradi anjanchasiga

Bilmaganlar Dardoqqa kelsin
Oyim shirmonbuloqqa kelsin
Devziradan qo`ling o`rgilsin
Oshlashadi anjanchasiga

Musofirlik Boburdan meros
shoirlari  bevafo biroz
Musofirlik Boburdan meros
Hofizlari bevafo biroz
Topaman deb poytaxtda ezoz
Yashasaxam Toshkanchasiga
Kuylashadi anjanchasiga

Anjanliklar fe`li shunaqa
Mehmon navoz eli shunaqa
 Afrikalik Parijlikni ham
Oshna deydi anjanchasiga             


Qayd etilgan


shoir  26 Oktyabr 2007, 15:02:14

Deydilar: - Chaqnagan qaysi yurt erur,
Buyuk sohibqiron sochgan ziyodan.
Javob berdilarki, - Hech so‘nmas bu nur,
Taralgan eng avval Qashqadaryodan.
Dedilar:. Qaysi el bedor doimo,
Zavq olar mehnatdan, suluv dunyodan.
Javob berdilarki,. Shoir, ulamo,
San’atkorlar chiqqan Qashqadaryodan.
Dedilar:. Jahonga buyuk yurtboshi,
Parvoz aylagandi qaysi ma’vodan.
Javob berdilarki,. Hurlik quyoshi,
Qalqqandi dastavval Qashqadaryodan.
Dastavval, dastavval Qashqadaryodan!
1999

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  26 Oktyabr 2007, 15:18:19

FAXR

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashi sessiyasida o‘qilgan she’r

Kimdir maqtanadi san’ati bilan,
Birov ilmu fanga rag‘bati bilan.
Kimdir she’ri bilan maqtansa, kimdir
Maqtanar mol-dunyo, davlati bilan.

Kimdir o‘rmonlarin ko‘kka ko‘tarsa,
Kimdir gerdayadi shaxmati bilan.
Ularning bari-ku insonga xosdir,
Birma-bir kelgaydir navbati bilan.

Toshkentda haykal bor bir oilaga,
Shon topmish yetimga shafqati bilan.
Ahli Kesh maqtansa arziydi - Temur
Jahonni zabt etdi sarvati bilan.

O’zbekning boshidan zar sochsin dunyo,
Topdi u rizqini zahmati bilan.
Uning asosidir - buyuk bobolar
Bizga ibrat bo‘ldi mehnati bilan.

Bizdek nochorlar-ku yerga qaraymiz,
Kimdir osmon bo‘ldi savlati bilan.
Qashqadaryo xalqi faxr etar doim
Islomi yaratgan shavkati bilan.
1998 yil, iyun

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  26 Oktyabr 2007, 15:24:46

QORAQALPOG‘IM

Men o‘zbek, sen esa qoraqalpoqsan,
Turklar dunyosida sen ham urvoqsan,
Gar men tuproq bo‘lsam, sen ham tuproqsan,
O’zbekka azaliy qarindosh, inim.

Orol bo‘ylarida topganding orom,
Sholi, baliq edi senga rizqu kom,
Nahot endi yo‘qdir to‘lg‘izilgan jom,
Nahot qolding yolg‘iz, ko‘zda yosh, inim.

Mana - bu Ibroyim, Tulebbergan bu,
Qoraqalpoq baxtin tilab yurgan bu,
Yaratgandan haqqin so‘rab turgan bu,
Iloyo boshginang bo‘lsin tosh, inim.

Seni qo‘llab turar ulug‘ mamlakat,
Yurtboshi yaxshilik tilaydi faqat,
Niyating hamisha bo‘lsin ijobat,
Ham yo‘ldosh, ham qo‘ldosh, ham sirdosh inim.

Umidvor yashaymiz doril zamonda,
Birimiz Nukusda yoki Qo‘qonda,
Umuman aytganda O’zbekistonda,
Senga bo‘lajakmiz ko‘zu qosh, inim.
1993

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


JaviK  02 Dekabr 2007, 08:23:32

VATANIM

Men dunyoni nima qildim,
O`zing yorug` jahonim,
O`zim xoqon,
O`zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg`izim,
Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O`zing mening ulug`lardan
Ulug`imsan, Vatanim"¦

Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham o`zing mehri —
Ilig`imsan, Vatanim.

Sen Mashrabsan,
Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirini duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko`ringan da’vo qilgan,
Ming bir yog`i ochilmagan
Qo`rig`imsan, Vatanim.

Sen Ho`jandsan,
Chingizlarga
Darvozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig`i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko`rgan cho`pon
Cho`lig`imsan, Vatanim.

Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin — Qurdistonda,
Boburing — Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig` deb
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to`qson olti
Urug`imsan, Vatanim"¦

O`g`lim desang osmonlarga
G`irot bo`lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo`lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug`beging quchgayman,
G`ichir-g`ichir tishimdagi
So`lig`imsan, Vatanim"¦

O`tgan kuning — o`tgan kundir,
O`z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo`lin bog`lab,
Dilin dog`lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug`imsan, Vatanim.

Yoningda qon yig`lagan bir
Shoiringga qarab qo`y,
Gar Qo`qonga yo`ling tushsa,
Detdomlarni so`rab qo`y.
Hech bo`lmasa Usmon hokin
Keltirmoqqa yarab qo`y,
Olislarda qurib qolgan
Qudug`imsan, Vatanim"¦

Sen — shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
O`glim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo`ynimdagi iftixorim,
Bo`ynimdagi tumorim,
O`zing mening ulug`lardan
Ulug`imsan, VATANIM !

Muhammad yusuf

Qayd etilgan


Robiya  10 Yanvar 2008, 11:58:53

              "œBuxoro"
     Normurod Narzullayev
Mehrimiz oqadi Zarafshon bo’lib,
Zarafshon zariga burkangan o’lkam.
Nur bo’lib kiramiz har uyga kulib,
Baxsh etamiz hayot, yasharish, ko’klam.


Zarafshon diyorida nurafshon diyor,
Quyoshni ko’tarar bugun kaftida.
Mehnat va xizmatdan uning baxti yor,
Do’stlarin topgandir otash taftida.

Tuprog’i oltinu osmoni tiniq,
Jarqoq oloviga isinar Ural.
Boshdagi qorako’l antiqa, aniq,
Paxtakorga yo’ldosh va’da va alam.

Ko’rkam obidalar sanaydi asr,
Tarixga tarjimon qadim Registon.
Huvillab qolardi koshona, qasr —
Ega bo’lmasaydi hazrati Inson!

Shu inson ardoqlar zar tuprog’ini,
Shuhrati shoyondur bu jahon aro.
Do’stlarga ochgandir gul quchog’ini,
Sharqning dono shahri, go’zal Buxoro.

Sen — tirik tarixsan,mashhuri jahon,
Sen — ilmu hikmatsan, sen — Donish,Sino"¦
Sen — buyuk Ayniysan, sen — g’azal,doston,
Sen sirli olamsan, o’zing bir dunyo.

Neki xizmat bo’lsa, jondan marhabo,
Men bir nabirangiz — tolei quyosh.
Qo’llarim ko’ksimda, egajakman bosh,
Buyuring, bosh usti, Buxoro bobo!           

Qayd etilgan


Robiya  24 Yanvar 2008, 12:24:48

Quyosh shahri
Yotog’idan quyosh asta ko’tararkan bosh,
Ufq beti cho’g’lanadi, shafaqlanadi.
Birinchi bor tabassumin baxsh etar quyosh,
Bugun borliq uyg’onadi, chapak chaladi.

Chinorlarning uchlarida raqsga tushar nur,
Registonning to’rt yog’ida bahslar boshlanur:
Ranglar ko’pdir, ayt, bundami yo quyoshingda?

Minoralar o’tmishingga kattakon xitob,
Asrlarga bergung hali bo’yoqdan saboq.
Yulduz sanab, so’roqlarga topgansan javob,
Ulug’bekning ko’zi bilan yulduzlarga boq.

Mayin esgan shabbodalar bog’lar bo’yini,
Olib kelib tarqatadi, qo’shiqlar aytib.
Bir bor kezgan Obirahmat, Siyob bo’yini,
Suvlaridan ichgan odam ketmaydi qaytib"¦

Ma’zur tuting, qabul aylab hurmat — ta’zimini,
Sizga jindak gaplarim bor, mavlono Hofiz:
Ulug’ yurtim — shundoq go’zal shahri azimni
Baxsh etgansiz bir go’zalning xoliga, afsus"¦

Endi bo’lsa zamon boshqa, zamona boshqa,
O’xshashi yo’q shahrimni men ko’targum boshga.
Samarqand — chun bersalar ham bir olam dunyo,
Bermagayman, bermagayman, bermasman, aslo!

Normurod Narzullayev.


Qayd etilgan


Robiya  24 Yanvar 2008, 12:25:37

Qashqadaryo

Keksa emas, yosh daryosan,
Yoshligimga esh daryosan,
Ishi olg’a — besh daryosan.
Qashqadaryo,
Qashqadaryo!

Bolaligim belanchagi,
Daryolarning kelinchagi,
Mangu porloq kelajagi —
Qashqadaryo,
Qashqadaryo!

Sayr etaman sohilingni,
Belga o’rab kokilingni,
O’pa — o’pa gul qo’lingni,
Qashqadaryo,
Qashqadaryo!

Bosgan izing bog’ bo’ladi,
Sen-la ko’nglim tog’ bo’ladi,
Qalbim yashnab, chog’ bo’ladi,
Qashqadaryo,
Qashqadaryo!

Farzandingman,onadirsan,
Yurt ishqida yonadirsan,
Do’stga parvonadirsan,
Qashqadaryo,
Qashqadaryo!

Yo’llaringda karvon bo’lay,
Cho’llaringda darmon bo’lay,
Dillaringda omon bo’lay,
Qashqadaryo,
Qashqadaryo!

Normurod Narzullayev

Qayd etilgan