3. O’zi pok, ammo hadasdan poklay olmaydi (ya’ni, betahorat odam u suvda tahorat qilsa, tahoratli bo‘la olmaydi), lekin hubusdan (ya’ni, najosatdan) bu suv bilan poklanish mumkin. Bularga tahoratdan tushgan suvlar kiradi. Ba’zan tahorati bor odam ham tahorat qiladi. Shundagi ishlatilgan suv ham, g‘usldan tushgan suv ham obi musta’mal, ya’ni ishlatilgan suv, deyiladi va ularning hukmi tahoratsizlikni ketkazish uchun ishlatilgan suvning hukmi bilan bir xil. Ya’ni, o‘zi pok, ammo hadasdan poklay olmaydi. Bularga o‘simliklardan siqib chiqarilgan suvlar ham kiradi. Misol: gul suvi, qovun sharbati.
4. Najosat suvlar. Bularga o‘zi oz bo‘lib, to‘xtab turgan va unga asari ko‘rinmasa-da, najosat aralashgan yoki o‘zi oquvchi bo‘lib, unga najosat aralashgan hamda asari unda zohir bo‘lgan suvlar kiradi. Najosatning asari, deganda ta’mi yoki rangi va yo hidi nazarda tutiladi. Shuningdek, ko‘p suvga najosat aralashib, uning biror sifatini o‘zgartirsa ham, shu suv najosat hisoblanadi. Ammo najosat tushgan-u, lekin suvning sifati, ya’ni ta’mi, hidi, rangi o‘zgarmagan bo‘lsa, bu suv najosat hisoblanmaydi. Ko‘p suv, deganda dengiz, anhor, ariq, kanal, to‘g‘on suvlari nazarda tutiladi. Shuningdek, to‘rt tomoni yuz gazli bo‘lgan hovuz suvlari ham yoki aylanasiga o‘ttiz olti gazli joyni o‘z ichiga oladigan suvlar ham undan hovuchlab olganda osti ko‘rinib qolmaslik sharti bilan ko‘p suvlarga kiradi. Bundan kamlari esa oz suvlardir.
5. O’zi pok, ammo poklashligida shubha bo‘lgan suvlar. Bularga eshak yoki xachirdan qolgan suvlar kiradi. Zero, bularning so‘laklari pokdir! Bu yerda shak xachirning go‘shti harom yoki mubohligi to‘g‘risida kelgan ikki bir-biriga zid xabar sababidandir. Agar poklash uchun boshqa suv bo‘lsa, shaklik suvdan foydalanilmaydi. Biroq boshqa suv bo‘lmasa, bu suv bilan tahorat qilinadi-da, yana tayammum ham qilib olinadi.