Tahorat va namoz hukmlari (Abu Hanifa (r.a.) mazhablariga muvofiq)  ( 157184 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 23 B


Laylo  25 Oktyabr 2007, 07:34:23

Masjid odoblari:

1.   Masjidga o‘ng oyoq bilan kirib, chap oyoq bilan chiqish;
2.   Kirish-chiqishda sunnatda vorid bo‘lgan ma’sur duolarni o‘qish. Masjidga kirayotgandagi duo:
«Bismillahi, allohumma solli ‘ala sayyidina Muhammadin va ‘ala olihi va sahbihi va sallam. Allohumma iftah liy abvaba rohmatika». (Ma’nosi: «Allohning ismi bilan boshlayman. Allohim, sayyidimiz Muhammad alayhissalomga va u zotning oila a’zolariga hamda sahobalariga salovot-u salomlar bo‘lsin. Allohim, menga rahmat eshigingni ochgin».)

Masjiddan chiqayotgandagi duo:
«Bismillahi, allohumma solli ‘ala sayyidina Muhammadin va ‘ala olihi va sahbihi va sallam. Allohumma inniy as’aluka min fazlika». (Ma’nosi: «Allohning ismi bilan boshlayman. Allohim, sayyidimiz Muhammad alayhissalomga va u zotning oila a’zolariga hamda sahobalariga salovot-u salomlar bo‘lsin. Allohim, men Sendan fazlingni so‘rayman».)

Qayd etilgan


Laylo  25 Oktyabr 2007, 07:34:40

3.   Masjidga kirganda namoz o‘qish makruh bo‘lmagan vaqt bo‘lsa, ikki rakat tahiyyotul masjid namozini o‘tirmasdan oldin o‘qib olish;
4.   Masjidga tahoratli kirib, o‘zini turli najosatlardan pok tutish;
5.   Imom odamlarga masjidda va’z-irshod qilib, ularga ta’lim berayotgan bo‘lsa, ovozini ko‘tarmaslik;
6.   Xutba o‘qilayotganda jim turish. Chunki xutbaga quloq solib, diqqatini berib turish vojibdir;
7.   Namoz o‘qiyotgan kishining oldidan kesib o‘tmaslik, xususan, juma kunlari odamlarning yelkalaridan oshib oldingi safga yorib o‘tmaslik lozim. Chunki bular haromga yaqin makruhlardandir;
8.   Poklikka rioya qilish;
9.   Masjidga badbo‘y hid bilan kirmaslik. Misol uchun piyoz, sarimsoq, nos,
sigaret kabi narsalarni iste’mol qilib, so‘ng masjidga kirsa, o‘zidan
kelayotgan sassiq hid bilan namozxonlarga ozor beradi. Bu ham haromga yaqin
makruhlardan hisoblanadi;
10.   Masjidda viqor va osoyishtalik bilan yurmoqlik. Xovliqish va shoshqaloqlikdan saqlanish lozim. Agar jamoatga yoki biror rakatga kech qolayotgan bo‘lsa ham, shoshilmaslik darkor. Sekin-astalik bilan jamoatga kelib qo‘shiladi (eta olmagan rakatlarini yuqorida bayon qilganimizdek o‘qib qo‘yadi);
11.   Safardan qaytgan kishining ham dastlab masjidga tushishi masjid odoblaridandir.

Qayd etilgan


Laylo  25 Oktyabr 2007, 07:34:57

Masjidda bajarish makruh bo‘lgan amallar

Ular quyidagilardir:
1.   Masjidning ichidan uzrsiz yo‘l qilib olish makruh.
2.   Masjidda uxlash makruh, ammo e’tikof o‘tiruvchi yoki joyi yo‘q musofirning masjidda uxlashi makruh emas.
3.   E’tikof o‘tiruvchi kishilardan boshqalar uchun masjidda ovqatlanish makruh;
4.   Zikr-tasbehlarda ovozni ko‘tarib namozxonlarga xalaqit berish yoki uxlaganlarni uyg‘otib yuborish makruh. Agar namoz o‘qiyotgan kishiga xalaqit bermasa, uxlab yotganlarni uyg‘otib yubormasa, masjidda jahriy Qur’on o‘qib, Allohni zikr qilishlik afzaldir. Chunki jahriy zikrda zokirning qalbi uyg‘oq turadi, uyqusi qochib, ibodatni sergaklik bilan ado etadi.
5.   Masjidga dunyo ishlaridan bo‘lgan gap-so‘zlarni gaplashish uchun kirishlik makruh;
6.   Masjidda oldi-sotdi qilishlik makruh.

Qayd etilgan


Laylo  25 Oktyabr 2007, 07:35:12

7.   Tahoratini ushlab turolmaydigan, masjidni najosat qilib qo‘yish ehtimoli bo‘lgan go‘daklarning ham masjidga kirishi makruh.
8.   Masjidga tupirish va burun qoqish ham makruh.
9.   Yo‘qotgan narsasini masjidda e’lon qilish ham makruh.
10 Masjidda she’r aytish ham makruh. Ammo haqqa da’vat qilishlik, hikmatli so‘zlar bilan Allohning ne’matini eslatish, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) sifatlarining zikri, taqvodorlarning sifatlari va shunga o‘xshash mavzular bo‘lsa, shu she’rdan da’vat asnosida foydalanish yaxshidir.
11.   Masjid ichida tilanchilik qilish yoki tilanchiga pul berish ham makruh.
12.   Masjidda tahorat qilish ham makruh. Ammo masjid hovlisida alohida tahorat uchun joy tayyorlangan bo‘lsa, u yerda tahorat qilish makruh emas.

Qayd etilgan


Laylo  25 Oktyabr 2007, 07:39:26

Vitr namozi

Vitr namozi uch rakatni bir salom bilan tugatadigan namoz bo‘lib, uni xuftondan keyin o‘qish vojibdir. Vitrning hamma rakatida surai Fotiha bilan qo‘shib, qisqa bir sura (yoki uzun oyatdan bir oyat, qisqa oyatlardan uch oyatni) zam qilish lozimdir. Birinchi rakatda Fotihadan keyin A’lo surasini, ikkinchi rakatda Kafirun surasini, uchinchi rakatda Ixlos surasini zam qilish sunnat amallardan hisoblanadi. Ushbu ko‘rinishni qilib yurish mustahab bo‘lsa-da, doim qilmagan ma’qul. Chunki avom xalq buni vojib, deb tushunib qolishi mumkin. Vitrda ham xuddi shom namozidagi kabi ikkinchi rakatdan so‘ng qa’da o‘tirib, tashahhud o‘qiladi va takbir bilan uchinchi rakatga turiladi. Uchinchi rakat o‘qib bo‘lingach esa, ikki kaft qiblaga yuzlantirilib, quloq barobar ko‘tariladi. Shu bilan birga boshlanishidagi kabi takbir ham aytiladi, bu takbirni aytish esa vojibdir. Takbirdan so‘ng esa ikki qo‘lini bog‘lab kindik ostiga qo‘yadi va ma’sur bo‘lgan qunut duosini maxfiy o‘qiydi.

Qunut duosi ushbudir:
«Allohumma inna nasta’iynuka va nastahdiyka va nastag‘firuka va natubu ilayka va nu" minu bika va natavakkalu ‘alayka va nusniy ‘alaykal xoyro kullah, nashkuruka va la nakfuruka va naxlahu va natruku may yafjuruk. Allohumma iyyaka na’budu va laka nusolliy va nasjudu va ilayka nas’a va nahfidu narju rohmataka va naxsha ‘azabaka inna ‘azabakal jidda bilkuffari mulhiq». (Ma’nosi: «Ey Rabbim, Sening yordam berishingni, hidoyat qilishingni, gunohlarni kechishingni so‘rayman. Senga tavba qildim, iymon keltirdim va Senga suyandim. Yaxshiliklarning barchasi bilan Seni sifatlaymiz. Senga shukr qilamiz, noshukrlik qilmaymiz. Senga fojirlik qilganlardan chetlashamiz. Ey Rabbim, Senga ibodat, namoz, sajda etamiz. Va Sening yo‘lingda sa’y-harakat qilib, rahmatingni umid qilamiz. Azobingdan qo‘rqamiz. Albatta, haq azobing kofirlarga ro‘para qilinuvchidir».) Ibn Abu Shayba rivoyati.

Qayd etilgan


Laylo  25 Oktyabr 2007, 07:43:29

Qunut duosini o‘qish vojibdir. Agar ushbu duoni bilmasa, to o‘rganguncha quyidagi duolarni ham o‘qib tursa bo‘ladi:
 
Agar qunut duosini o‘qish esidan chiqib ruku’ qilib qo‘ysa, uni o‘qish uchun yana orqaga qaytmaydi va ruku’da ham bu duoni o‘qimaydi, balki namozini davom ettiradi, namoz oxirida o‘ng tomoniga salom bergach, sahv (esdan chiqarganlik) sajdasini bajaradi.

Agar Fotihadan keyingi zam sura bilan qunut duosini esdan chiqarib, ruku’ga borgan bo‘lsa, u qiyomga zam sura bilan qunutni o‘qimoqlik uchun qaytadi. So‘ng yana ruku’ qilib namozini davom ettiradi, namoz oxirida esa sahv (esdan chiqarganlik) sajdasini qiladi. Iqtido qiluvchi ham imom kabi qunut duosini maxfiy o‘qiydi. Agar imom muqtadiy qunut duosini o‘qib bo‘lmasidan oldin ruku’ qilsa, qolgan joyini tark qilib, imomga ergashadi, chunki imomga ergashuvchi uchun qunutni oxiriga yetkazib qo‘yish mandub bo‘lsa, imomga ergashish vojibdir. Agar imomga ergashuvchi imomga uchinchi rakatning ruku’sida yetib iqtido qilsa, uchinchi rakatni topganligiga ko‘ra, hukmda u qunutni ham o‘qigan hisoblanadi va imom o‘qib o‘tgan qunutni imomga ergashuvchi qaytarishi shart emas. Namozxon vitrdan boshqa namozlarda qunutni o‘qimaydi, faqat shiddatli kunlarda bomdod namozining ruku’sidan qaytgach, o‘qishlik sunnatdir. Vitrda esa ruku’dan oldin o‘qiladi. Lekin qunut hamma vaqt ham o‘qilavermaydi. Shiddatli kunlardagi bomdodda qunutni imom jamoat bilan birga o‘qishligi sunnat. Agar imom qunutni jahriy o‘qisa, imomga ergashuvchi faqat omiyn, deb turadi.

Qayd etilgan


Laylo  25 Oktyabr 2007, 07:44:25

Agar hanafiy mazhabidagi azizlar shofe’iy mazhabidagi birodarlarga bomdod namozida iqtido qilsa, imom ruku’dan qaytgach, qunutni o‘qisa, imomga ergashishlik vojibligi uchun ikki qo‘lini yoniga tashlab jim turadi va imom namozni ado qilishiga qarab bu ham tugatadi. Vitrning vaqti shafaqdagi qizillik va oqlik yo‘qolganda kiradi. Vitrni xuftondan so‘ng o‘qishlik vojibdir. Chunki namozlar o‘rtasidagi tartibga rioya qilish ham vojibdir. Agar esidan chiqib xuftondan oldin vitrni o‘qib qo‘ysa, vitrni o‘qigan hisoblanadi. Xuftondan so‘ng uni qaytarib o‘qimaydi. Xuddi shuningdek, agar xufton bilan vitrni o‘z tartibida o‘qigan bo‘lsa-yu, keyin xuftonning buzilganligi bilinsa, shu xuftonning o‘zini qaytarib o‘qiydi, vitrni esa buzmaganligi uchun qaytarib o‘qimaydi. Chunki mana shu kabi uzr bilan tartibga amal qilishning vojibligi soqit bo‘ladi. Kechaning oxirida uyg‘onishga ishonchi bo‘lgan kishi uchun vitrni shu paytga kechiktirish afzaldir. Ammo uxlab qolish ehtimoli ko‘proq bo‘lsa, xuftondan keyin vitrni o‘qib olish ma’qul hisoblanadi. Kishi vitrni esidan chiqarib yoki qasddan va yo uxlab qolib vaqtida o‘qiy olmasa, uning qazosini o‘qish vojibdir. Tik turishiga qodir bo‘la turib vitrni o‘tirib o‘qish joiz emas. Tik turishga qodir bo‘la turib o‘tirgan holda sunnat va nafl namozlarini o‘tirib o‘qish joiz bo‘ladi. Chunki bu namozlarda qiyom vojib emas, balki sunnatdir. Ammo vitr namozi vojib bo‘lib, undagi qiyom turishlik ham vojibdir. Vitr namozi faqat ramazon oyidagina jamoat holida jahriy o‘qiladi. Ramazondan boshqa oylarda vitrni jamoat bo‘lib yoki jahriy o‘qishlik shariatda yo‘lga qo‘yilmagan.

Qayd etilgan


Laylo  25 Oktyabr 2007, 07:45:00

Nafl namozi

Nafl namozi, deb kishi o‘z ixtiyori bilan farzga qo‘shimcha tarzda o‘qiydigan namozga aytiladi. Bu namozni Alloh taolo mo‘minlar zimmasiga farz kabi majburiy qilmagan, balki ixtiyoriy suratda ado etilsa, savob bo‘ladi.

Nafl namozlari ikki xil bo‘ladi:
1.   Besh vaqt farz namozlariga tobe bo‘lgan nafllar. Bular farzlardan oldin yoki keyin o‘qiladigan namozlar bo‘lib, ular sunnati ravotiblar, deyiladi.
2.   Besh vaqt namozlardan tashqari mustaqil o‘qiladigan namozlar. Bular jumlasiga zuho, tahajjud, hojat so‘rash va boshqa namozlar kiradi.

Qayd etilgan


Laylo  25 Oktyabr 2007, 07:45:13

Farz bilan birga o‘qiladigan sunnatlar

Bular ham o‘z o‘rnida ikki qismga bo‘linadi:
1.   Bajarishlik ko‘p bor ta’kidlangan sunnatlar. Bularga sunnati muakkadalar, deyiladi.
2.   Qilish ta’kidlanmagan sunnatlar.

Qayd etilgan


Laylo  25 Oktyabr 2007, 07:45:30

Ta’kidlangan sunnatlar

Ular quyidagilardir:
1. Bomdod namozining farzidan oldingi ikki rakat sunnat. Ushbu namozda Fotihadan so‘ng birinchi rakatga Kafirun surasini, ikkinchi rakatga Ixlos surasini zam qilishlik ham sunnat amallaridandir. Agar jamoat bomdodning farzini o‘qish uchun tursa-yu, kechroq kelgan kishi hali sunnatini o‘qimagan bo‘lsa, farzga yetib olishga ko‘zi yetsa, shu sunnatni o‘qimoqlikka kirishadi. Agar farzga ham yetolmaslikka ishonsa, sunnatni tark qiladi va jamoatga qo‘shiladi. Farzdan so‘ng esa sunnatning qazosini o‘qimaydi. Chunki bomdodning farzidan keyin nafl namoz o‘qishlik makruhdir. Agar jamoat farz namozini o‘qish uchun qo‘zg‘alsa, bomdodning sunnatidan boshqa namoz o‘qilmaydi. Chunki bomdoddagi sunnatni farzdan oldin o‘qishlik nihoyatda ko‘p ta’kidlangandir. Agar bir kishi uxlab qolib umuman bomdodni qazo qilsa, quyosh chiqib nayza bo‘yi ko‘tarilgandan so‘ng farzga qo‘shib, sunnatning ham qazosini o‘qiydi. Ammo bomdodning farzini o‘z vaqtida o‘qigan bo‘lsa-yu, sunnatini tark qilgan bo‘lsa, quyosh chiqqandan keyin ham bu sunnatning qazosini o‘qish shart emas.

Qayd etilgan