Tahorat va namoz hukmlari (Abu Hanifa (r.a.) mazhablariga muvofiq)  ( 143386 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 23 B


Laylo  24 Oktyabr 2007, 05:59:02

Agar quduqdan topilgan o‘limtik hayvonning kattaligi mushukdek yoki kaptardek va shunga o‘xshash hayvonlardek bo‘lsa, undan qirq chelak suvni chiqarib tashlash vojib, oltmish chelak suv chiqarib tashlash esa mustahab bo‘ladi. Agar o‘limtikning kattaligi chumchuq yoki sichqon hajmidek bo‘lsa, quduqdan yigirma chelak suv chiqarish vojib, o‘ttiz chelak suv chiqarib tashlash esa mustahabdir. Yuqorida sanab o‘tilgan hayvonlar to‘g‘risida xabar orqali hujjat vorid bo‘lganligi uchun ular o‘rtasida katta-kichikligining farqi yo‘q.

(Ya’ni, chaqaloqning o‘limi bilan keksaning o‘limi bir, deb hisobga olinadi. Shu o‘rinda jo‘ja bilan tovuqning, kuchuk bilan itning, qo‘zi bilan qo‘chqorning ham farqi yo‘q...- tarj.)

Ammo zikr qilinmagan hayvonlar o‘limtigi quduqdan topilsa, o‘z turidagilarning kattasiga hisob qilinadi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 05:59:14

Agar quduqqa hayvon tushib ketsa-yu, tirik chiqarib olinsa, uning asliga qaraladi. Asli najosat bo‘lsa, imkon qadar hamma suv chiqarib tashlanadi. Imkon bo‘lmasa, ikki yuz chelak chiqarish vojib, uch yuz chelak chiqarish esa mustahabdir. Asli najosat bo‘lgan hayvon cho‘chqadir.

Agar tushib ketgan hayvonning asli cho‘chqaga o‘xshash najosat bo‘lmasa-yu, badanida g‘aliza najosat bo‘lsa ham, hukmi yuqoridagidek bo‘ladi. Ammo badanida najosat bo‘lmasa, suvni chiqarib tashlash vojib emas, lekin qalb xotirjamligi uchun yigirma chelak suv chiqarib tashlansa, yaxshi bo‘ladi. Bu gap quduqqa tushgan hayvonning og‘zi suvga tegmaganda e’tiborga olinadi. Ammo hayvonning og‘zi suvga tegsa, endi uning so‘lagi e’tibori bilan undan qolgan qoldiq suv hisobga olinadi. Qoldiq suvlar haqidagi so‘zlar yuqorida o‘tdi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 05:59:27

Tushishi bilan suv najosat bo‘lmaydigan narsalar

Quduqqa tushishi bilan uni najosat qilmaydigan hayvonlarga jasadida qon oqadigan tomiri bo‘lmagan hayvonlar kiradi. Misol uchun pashsha, ari va hokazolar. Yana saqlanishlikning imkoni yo‘q narsalarning oz miqdordagisining quduqqa tushishligi uni najosat qilmaydi. Qo‘yning qumaloqlari, tuya yoki sigirlarning tezaklariga o‘xshash. Bularning kam-ko‘pligi qaragan kishining e’tibori bilan bilinadi. Ya’ni, qaragan kishi ko‘p, desa, quduq najosat bo‘ladi, kam, desa, najosat bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:00:23

Najosat

Najosat ikki qismga bo‘linadi:

1.   Haqiqiy najosat -hubusdir, bularga oldi va orqadan keladigan narsalar, qon, mast qiluvchi ichimliklar, cho‘chqa go‘shti va hokazolar kiradi.

2.   Hukmiy najosat - hadasdir, ya’ni g‘usl va tahorat qilish vojib bo‘lgan vaqtdagi betahoratlikdir.

Haqiqiy najosatham ikkiga bo‘linadi:

1.   G‘aliza (og‘ir) najosat - bularga qon, insonning oldi va orqasidan chiqadigan najosatlar, mast qiluvchi ichimliklar, o‘limtik hamda cho‘chqaning go‘shti, terisi va hokazolar kiradi.

2.   Xafifa (engil) najosat - bularga qo‘y, mol va tuya kabi go‘shti yeyiladigan hayvonlarning peshobi, go‘shti yeyilmaydigan qushlarning tezaklari kiradi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:01:58

Avf qilingan najosatlar

Agar g‘aliza najosat ko‘pi bilan bir dirham miqdorida quyuq bo‘lsa, shu bilan o‘qib qo‘yilgan namoz durust bo‘ladi. (Uni qaytarib o‘qish shart emas.) Bir dirham taxminan uch grammga to‘g‘ri keladi. (Bir dirham miqdoridan ko‘p bo‘lsa, najosatini tozalab, namozini qaytadan o‘qiydi. ) Agar najosati g‘aliza siydikka o‘xshash suyuq bo‘lsa, insonning kafti kengligicha miqdordagisi bilan namoz durust bo‘ladi. Kaft kengligidan ko‘proq bo‘lsa, namozini qayta o‘qiydi. (Ignaning uchi kabi) oz miqdorda sachragan siydik kechirimlidir, chunki undan saqlanish qiyin. Qassobga zarurat sababidan yetgan oz miqdordagi qon ham kechirimlidir. Ko‘chalardagi loyga aralashib ketgan najosat ham saqlanishning imkoni yo‘qligi uchun kechirimlidir.

Najosati xafifadan avf qilingani kiyimning yoki badanning to‘rtdan biriga yetganidir. Bu aytilgan narsalar kiyim, badan va makonga o‘xshash narsalar xususidadir. Oqish xususiyati bor narsalarga najosat tushsa, u xoh og‘ir, xoh yengil bo‘lsin, baribir najosat hisoblanadi. Shuningdek, tushgan najosatning vazni ham, sathi ham bu o‘rinda e’tiborsizdir.

Qush va kabutar kabi go‘shti yeyiladigan qushlarning tezagi pokdir.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:02:14

Najosatni tozalash yo‘l-yo‘rig‘i

1.   Najosat tekkan kiyim kamida bir marta yuvish bilan, ko‘rinadigan najosat bo‘lsa, ayni o‘zini ketkazish bilan tozalaniladi. Bu oqar suvda yoki ustidan suv quyish bilan bo‘lishi kerak. Ammo najosatli kiyim biror idishga solib yuvilsa, uni idishdan olib, uch marta ustidan suv quyib, har suv quygandan so‘ng yaxshilab siqish bilan tozalanadi. Agar kiyimdagi najosat peshobga o‘xshash ko‘rinmaydigan bo‘lsa, yuvayotgan odam toza bo‘ldi, deb qanoat hosil qilgunicha yuviladi.

2.   Yerdagi najosatning ustidan uch martagacha toza suv quyiladi va har safar bir parcha toza latta bilan artib tashlanadi. Agar najosatli yerga ko‘p suv quyilib, najosatning asari qolmasa, u yer ham namoz o‘qish uchun pok bo‘ladi. Bular qattiq yerlarda shundaydir. Ammo najosatli yer yumshoq, suv quyganda shimib ketadigan bo‘lsa, undagi najosatning asarini ketkazish bilan tozalaniladi.

Yer qurishi bilan ham pok bo‘ladi. Uni suv bilan tozalash shart emas. U yerda namoz o‘qish joiz. Lekin tayammum uchun pok bo‘lmaydi. Chunki bu yer o‘zi pok bo‘lsa-da, boshqani poklay olmaydi. Tahoratda o‘zi pok va boshqani ham poklovchi suv shart qilinganga o‘xshash, tayammumda ham o‘zi pok va poklashlik qobiliyati bor tuproq shart qilingan.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:02:39

3.   Badandagi najosat qonga o‘xshash ko‘rinadigan bo‘lsa, u ayni o‘zini
ketkazishlik bilan, peshobga o‘xshash ko‘rinmaydigan bo‘lsa, yuvuvchi gumonining
g‘olibi bilan tozalanadi. Uch marta yuvish bilan ko‘pincha toza bo‘ldi, degan
gumon g‘olib bo‘ladi.

4.   Najosat bo‘lgan narsa kuydirilib kulga aylansa, toza bo‘ladi.

5. Zaytun, zig‘r, paxta kabi suyuq o‘simlik moylariga najosat tushgan bo‘lsa, uch marta suv quyib, shu suvni chiqarib yuborish bilan poklanadi. Yoki yog‘ni bir teshik idishga solib, teshik berkitib olinadi-da, ustidan suv quyiladi. Keyin yog‘ suvning yuzasiga chiqqanda u harakatlantirilib, suv chiqib ketishi uchun teshik ochib qo‘yiladi. Shu amal uch marta bajariladi. Agar yog‘ qattiq bo‘lsa, najosat tekkan o‘rinni kesib olib tashlab yuboriladi. (Qolgani esa iste’mol qilinaveradi.)

(Najosat tekkan narsani yuvib-siqishning iloji bo‘lmasa, qatron qilinadi. Misol uchun bir piyolaga yoki kosaga najosat tekkan bo‘lsa, uch marta yuvilib, har gal tomchi suv unda qolmagunicha bir joyga qo‘yiladi, lekin yuvib, suvini biror narsa bilan artib olish qatron hisobiga kirmaydi. Shu o‘rinda darz ketgan idishlarni ishlatish makruhligini ham aytib o‘tish lozimki, agar ularga najosat tegsa, qatron orqali ham tozalab bo‘lmaydi. Pichoq, qilich va shunga o‘xshash narsalarga najosat tegsa, u ishqalash bilan pok bo‘ladi. Gilam, palosga o‘xshagan narsalarning ustidan bir kecha va kunduz suv oqizib qo‘yilsa, pok bo‘ladi... - tarj.)

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:03:05

6.   Najosat bo‘lgan hovuz bir tomonidan toza suvni oqizib, ikkinchi tomonidan chiqarib yuborish bilan poklanadi. Ko‘p miqdorda suv saqlanadigan idishlarning ham bir tomonidan suv quyib, ikkinchi tomonidan oqizib yuboriladi.

Quduq, ko‘l va hammomning ham suvi bir tomonidan toza suv kirgizib, ikkinchi tomonidan chiqarib yuborilsa, tozalanadi. Xuddi shu singari najosat bo‘lgan yog‘ning bir tomonidan o‘z jinsidagi toza yog‘ni oqizib, ikkinchi tomonidan chiqarib yuborilsa, toza bo‘ladi.

7.   Oyoq kiyimiga tekkan quyuq najosat quruq bo‘lsa, uni ishqalab aslini ketkazish bilan poklanadi. Ammo peshobga o‘xshash suyuq najosat tekkan bo‘lsa-yu, agar qurib qolgan bo‘lsa ham, faqat yuvish bilan poklanadi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:05:09

8.   Kiyimda odamning qurigan maniysi bo‘lsa, ishqalab aslini ketkazish bilan poklanadi. Agar asli ketsa-yu, uning izi qolsa, zarari yo‘q. Ammo ho‘l bo‘lsa, uni faqat yuvish bilan tozalash vojib. Qurigan najosat yuvish yoki ishqalash bilan aslini ketkazib tozalaniladi. Uni kesak, qog‘oz bilan tozalab bo‘lmaydi. Chunki kesak va shu kabilar qurigan najosatni o‘rnidan ko‘chirib ololmaydi.

9.   O’limtik hayvonlarning terisi oshlash bilan pok bo‘ladi. Cho‘chqa bilan insonning terisi oshlansa ham, pok bo‘lmaydi. Chunki insonning asli mukarramdir, cho‘chqaning asli, ya’ni ayni o‘zi najasdir.

10.   O’zi najosat bo‘lsa-yu, boshqa salohiyatli narsaga aylansa ham, pok bo‘ladi. Misol uchun mast qiluvchi ichimliklar sirkaga, kiyikning qoni mushkka aylansa. Najosatni poklashda niyat shart qilinmaydi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:05:50

Qazoi hojat va istinjo odoblari

Hojatxonaga kirayotgan kishi uchun quyidagilar odob hisoblanadi:

1.   Kirishdan oldin ushbu duoni o‘qish:
«Allohumma inniy a’uzu bika minal xubsi val xobais».
(Ma’nosi: «Ey Rabbim, erkak va ayol shaytonning yomonligidan panoh tilayman».)

2.   Hojatxonaga chap oyog‘i bilan kirib, o‘ng oyog‘i bilan chiqish.

3.   Chiqqandan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi:
«G’ufronaka, alhamdulillahillaziy azhaba ‘annil azaa va ‘ofaniy».
(Ma’nosi: «Gunohlarimni kechirgan, meni xotirjam qilgan va mendan aziyatni ketkazgan Allohga hamd bo‘lsin».)

Qayd etilgan