Tahorat va namoz hukmlari (Abu Hanifa (r.a.) mazhablariga muvofiq)  ( 143140 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 23 B


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:06:03

4.   Qazoi hojatni o‘tirgan holda bajarish, faqat o‘tira olmaydigan uzri bo‘lsa, turgan holda bajaradi.

5.   Qazoi hojat vaqtida, istinjo holatida bosh kiyim bilan Allohdan va maloikalardan hayo qilgan holda o‘tirish.

Qabr ustiga qazoi hojat qilish yoki keng dala, biror bino ichi, qiblaga yuzlanib yo orqa qilib o‘tirish makruhi tahrimiydir, ya’ni haromga yaqin makruh. To‘xtab turgan oz suvga hojat qilish haromdir, agar to‘xtab turgan suv ko‘p bo‘lsa, unga hojat qilish makruhi tahrimiydir. Agar suv oquvchi bo‘lsa, unga hojat qilish makruhi tanzihiy bo‘ladi. (Bu suvga peshob qilsa bo‘ladi, degani emas. Faqat bu yerda masala sifatida keltirilmoqda.) Suvxonalarga, suv oqib keladigan yerlarga, insonlar yuradigan, salqinlab o‘tiradigan, to‘planadigan joylarga qazoi hojat qilish makruhdir. Yana hojat vaqtida gapirishlik, tili bilan Alloh taoloni zikr qilishlik, quyosh yoki oyga yuzlanib o‘tirishlik ham makruhdir. Istinjo, deb najosat chiqadigan o‘rinlarni suv bilan tozalashga, istijmor esa tosh bilan tozalashga aytiladi. Bu erkaklarga va ayollarga sunnati muakkadadir. Lekin najosat maxrajga, ya’ni najosat chiqadigan o‘ringa dirham miqdoridan ko‘proq yoyilgan bo‘lsa, kesakning o‘zi kifoya qilmaydi, balki suv bilan yuvish vojib bo‘ladi. Buni chap qo‘l bilan qilish mustahab amaldir. Kesak ishlatib, so‘ng suv bilan yuvish faqat biri bilan kifoyalangandan ko‘ra afzal hisoblanadi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:06:21

Tahorat va uning hukmlari

Alloh taolo: «Ey iymon keltirganlar, namozga tursanglar, yuzinglarni yuvinglar va qo‘linglarni tirsagigacha (qo‘shib) yuvinglar va boshinglarga mash tortinglar va oyog‘inglarni to‘pig‘igacha (qo‘shib) yuvinglar», deb aytgan (Moida surasi, 6-oyat).

«Ali (karramallohu vajhahu): «Ey Ibn Abbos, sizga Rasulullohning (s.a.v.) qay tarzda tahorat qilganlarini ko‘rsataymi?» deganlarida, Ibn Abbos: «Ha», dedilar. Shunda u zot idishni qiyshaytirib (suvni) qo‘llariga oqizib, uni yuvdilar. Keyin o‘ng qo‘llarini kirgizib, undagi suvni narigisiga quyib kaftlarini yuvdilar. So‘ngra og‘izni va burunni yuvib, keyin qo‘llarining barcha qismini idishga solib, bir hovuch suv olib, yuzlariga ishqaladilar. Keyin o‘ng kaftlarida bir hovuch suv olib, peshonalariga quydilar. Va u yuzlaridan oqib tushdi. Keyin bilaklarini tirsaklarigacha uch marta yuvdilar. So‘ngra boshlari va quloqlari ustiga mash tortdilar. Keyin qo‘llarini jamlab bir hovuch suv olib, suv barcha qismiga yetishi uchun oyoqlariga quydilar. Keyingi oyoqlarini ham shunday qildilar» (Abu Dovud va boshqalar rivoyati).

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:06:48

Tahoratning durust bo‘lish shartlari

1.   Yuvilishi farz bo‘lgan har bir a’zoni qoldirmasdan yuvishlik.

2.   A’zolarga suv yetishidan to‘sadigan narsalarning bo‘lmasligi. Suvdan to‘sadigan narsalar: yog‘, xamir, mum, ayollar tirnoqlariga qo‘yadigan lak va hokazolar.

3.   Tahoratga kirishishdan oldin tahoratga to‘sqinlik qiluvchi har qanday nopokliklardan holi bo‘lishlik. Peshob tomayotgan vaqtda, burun qonayotganda ularni to‘xtatmasdan qilingan tahorat durust bo‘lmaydi, chunki ular (bavl va qon) tahoratga to‘sqinlik qiluvchi nopokliklardandir.

Lekin burni doim to‘xtamasdan qonaydigan, peshobi ham to‘xtamasdan tomib turadigan kishining tahorati va namozi uzr sababidan durust bo‘ladi. Faqat shu shart bilanki, uzrli odam har bir namozning vaqti uchun alohida tahorat qiladi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:07:49

Tahoratning farzlari

Yuqorida zikr qilingan oyati karimaga ko‘ra, tahoratning farzlari to‘rttadir:

1.   Yuzni bir marta yuvmoqlik. Yuvish, degani suv tegishi lozim bo‘lgan o‘rinlardan suvni oqizmoqlikdir. Yuzning chegarasi uzunasiga soch chiqqan joidan jag‘ning ostigacha, kengligi esa ikki quloq yumshog‘ining orasigacha bo‘lgan o‘rindir.

2.   Ikki qo‘lni tirsaklari bilan qo‘shib bir marta yuvishlik.

3.   Boshning to‘rtdan biriga bir marta mashtortish.

4.   Ikki oyoqni ham oshig‘i bilan qo‘shib bir marta yuvishlik. Oyoqning oshig‘i qadamdan yuqorida, to‘piqdan pastdagi bo‘rtib ko‘rinib turgan suyakdir.

Tahorat qiladigan kishi agar tirnoqlari uzun bo‘lsa, uning ostiga suv yetkazishi va yana ko‘zi atrofiga yig‘ilib qoladigan kirlarni olib, ostiga suv tekkizishi ham shartdir.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:08:41

Tahoratning sunnatlari

1.   Tahoratni «Bismillah...» bilan boshlamoq.
2.   Tahorat qilmoqlikka yoki hadasni o‘zidan ketkazishga niyat qilmoq. (Uning o‘rni qalbdir, ulamolar qalbni uyg‘otish uchun nutq qilish mahbub, deyishadi.)
3.   Tahoratni boshlashdan avval ikki qo‘lni bo‘g‘inigacha uch marta yuvib olmoq.
4.   Tahoratni misvok ishlatish bilan boshlamoq.
5.   Suv bilan og‘izni g‘arg‘ara qilmoq.
6.   Burniga ham uch marta suv olib qoqmoq.
7.   Og‘iz bilan burunga suvni yaxshilab, hatto miya achishguncha olish ham
sunnatdir. Lekin ro‘zador odamning ro‘zasi ochilish ehtimoli borligi uchun
burunga miya achishguncha va og‘izga ham tamoqdan o‘tay, deguncha suv olish makruh
hisoblanadi.
8.   Har bir a’zoni uch martadan yuvmoq.
9.   Soqol qalin va yuzni berkitadigan darajada bo‘lsa, pastidan yuqoriga xilol qilish ham sunnatdir. Bu yuzni uch bor yuvgandan so‘ng bajariladi. Ammo soqol siyrak va yuzni berkitmaydigan bo‘lsa, unda suvni soqolning ostiga yetkazish vojib bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:09:09

9.   Qo‘l va oyoq barmoqlari orasiga bir marta mash tortmoq.
10.   Boshninghammasiga bir marta mashtortmoq.
11.   Ikki quloqqa ham boshga mash torgandagi nam qo‘l bilan mash tortmoq.
12.   Yuvish talab qilingan o‘rinlarni suv bilan ishqalamoq.
13.   Tahoratning orasiga boshqa ish aralashtirmasdan paydar-pay bajarmoq.
14.   Oyati karimadagi tartib kabi tahorat qilish ham sunnatdir. Ya’ni, qo‘ldan oldin yuzni, boshga mash tortishdan oldin qo‘lni, oyoqni yuvishdan oldin boshga mash tortishni bajarmoq.
15.   Qo‘l va oyoqlarni o‘ng tomonidan yuvmoq.
16.   Bo‘yinga mash tortmoqlik ham sunnat, lekin xalqumga tortish bid’atdir.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:09:25

Tahoratning odoblari

1.   Yerdan yuqoriroq o‘ringa o‘tirib tahorat olmoq.
2.   Tahorat paytida qiblaga yuzlangan bo‘lmoq.
3.   A’zolarni yuvishda boshqa kishidan yordam so‘ramaslik, lekin ojizligi va kasalligi sababli yordam so‘rasa, durust bo‘ladi.
4.   Muboh so‘zlarni tark qilmoq.
5.   Og‘izga o‘ng qo‘l bilan suv olmoq, burunga ham o‘ng qo‘l bilan suv olib, chap qo‘l bilan qoqmoq.
6.   A’zoning yuvilishi farz bo‘lgan o‘rinni yana ham ko‘proq yuvib, hadisda kelganidek, qiyomatdagi oqlik va qashqani uzaytirmoq.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:10:22

6.   Kengroq uzukni tahorat vaqtida harakatlantirib qo‘ymoq ham odobdir, ammo uzuk tor bo‘lsa, uning ostiga suv tegishi uchun harakatlantirish shart bo‘ladi.
8.   Tahoratdan so‘ng qiblaga yuzlanib tik turgan holatda shahodat kalimalarini va ma’sur duolarni o‘qimoq:

«Ashhadu anla ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluhu. Allohumma ij’alniy minat tavvabiyna vaj’alniy minal mutatahhiriyn».

(Ma’nosi: «Guvohlik beraman, Allohdan boshqa iloh yo‘q, U yolg‘izdir, Uning sherigi yo‘q va guvohlik beramanki, Muhammad (s.a.v.) Uning bandasi va elchisidir. Allohim, meni tavba qiluvchilardan va poklanuvchilardan qil» (Imom Muslim va Termiziy rivoyatlari).

9. Modomiki, makruh vaqtlar bo‘lmasa, tahoratdan so‘ng ikki rakat namoz o‘qib qo‘yish ham odobdandir.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:10:36

Nafl namozlarni o‘qish makruh hisoblanadigan vaqtlar quyidagilar:
1.   Subhi sodiq kirgandan so‘ng to quyosh chiqquncha.
2.   Quyosh chiqishni boshlagandan to bir nayza bo‘yi ko‘tarilguncha, qariyb bu yarim soatga boradi. (Shu paytda namoz o‘qish haromdir. Agar farzni bo‘lsa ham. Hatto bomdodni qazo qilgan odam shu vaqtni o‘tkazibkeyin o‘qiydi... - tarj.)
3.   Kunduzning o‘rtasida, ya’ni quyosh tikkaga kelganda, taqriban bu vaqt peshindan yarim soat oldin bo‘ladi. Bu zavol vaqti, deyiladi. (Shu orada o‘qilgan namoz ham haromdir.)
4.   Asr namozi o‘qib bo‘lingach, to shomgacha bo‘lgan vaqtda nafllar makruhdir.
5.   Quyoshning nuri ketgan vaqtdan to shomgacha o‘qilgan namoz ham haromdir, bu taqriban quyosh botishidan yarim soat oldingi vaqt hisoblanadi. (Ammo o‘sha kunning asrini o‘qimagan bo‘lsa, uni quyoshning yarmi botayotgan bo‘lsa ham o‘qib oladi... - tarj.)

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 06:10:56

Tahoratning makruhlari

Quyidagi ishlar tahoratda makruhi tanzihiy hisoblanadi:
1.   Suvni isrof qilish.
(Hatto uch marta yuvish sunnat bo‘lgan o‘rinlarni ikki marta yoki uch marta yuvganligi o‘rtasida shak qilib qolsa, modomiki, ikki marta yuvgan bo‘lsa ham, uch marta yuvganlikka hisob qiladi. Chunki shu o‘rinda ikki marta bilan kifoyalansa zarari yo‘q, ammo to‘rt marta bo‘lib ketsa, bid’at va isrof hisoblanadi. Endi bundan saqlangan ma’quldir... tarj.)
2.   Suvni o‘ta kam ishlatishlik.
(Hatto yuvish lozim bo‘lgan yerlarga suvning oqib bormasligi va u joylarni nam qo‘l bilan ishqalab, shu bilan kifoyalanish ham makruhdir... -tarj.)

Qayd etilgan