Tahorat va namoz hukmlari (Abu Hanifa (r.a.) mazhablariga muvofiq)  ( 148245 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 23 B


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:34:33

Ikkinchi rakatda yana «Bismillah...»ni, surai Fotiha, keyin Qur’ondan bilganicha kamida qisqa oyatlardan uch oyat yoki uzun oyatlardan bir oyat o‘qiladi. Keyin birinchi rakatdagi kabi ruku’ va sajdalar qilinadi. Ikkinchi sajdani qilib bo‘lgach, chap oyoq qadamini to‘shab, uning ustiga o‘tiriladi, o‘ng oyoq qadamining barmoqlari qiblaga yuzlangan holda tik qilinadi. Nazar esa quchog‘ida bo‘ladi. Ushbu holda tashahhud duosini o‘qiydi. U quyidagichadir:

«Attahiyyatu lillahi vassolavatu vattoyyibat, assalamu ‘alayka ayyuhan nabiyyu va rohmatullohi va barokatuh. Assalamu ‘alayna va ‘ala ‘ibadillahis solihiyn. Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan ‘abduhu va rasuluh». (Ma’nosi: «Salomlar, duolar va yaxshiliklarning barchasi Alloh uchundir. Ey Payg‘ambar, sizga salom va Allohning rahmati-yu barakoti bo‘lsin. Bizlarga va Allohning solih bandalariga ham salom bo‘lsin. Allohdan boshqa iloh yo‘q, deb guvohlik beraman. Va yana Muhammad Allohning bandasi va rasuli, deb guvohlik beraman».)

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:34:49

Tashahhudda «la ilaha»ga kelganda o‘ng qo‘lning ishora barmog‘i ko‘tariladi, «illalloh»ga kelganda barmoq tushiriladi.

(Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) qachon namozda o‘tirsalar, o‘ng kaftlarini o‘ng sonlari ustiga qo‘yar, panjalarini tugib, bosh barmoq yonidagi barmoq bilan ishora qilar edilar. Chap kaftlarini esa chap kaftlari ustiga qo‘yar edilar.

Agar namoz bomdod kabi ikki rakatli bo‘lsa, tashahhuddan keyin salovotu Ibrohimiyya o‘qiladi. U esa quyidagichadir:

«Allohumma solli ‘ala Muhammadin va ‘ala ali Muhammad, kama sollayta ‘ala Ibrohiyma va ‘ala ali Ibrohiym, innaka hamiydum majiyd. Allohumma barik ‘ala Muhammadin va ‘ala ali Muhammad, kama barokta ‘ala Ibrohiyma va ‘ala ali Ibrohiym, innaka hamiydum majiyd» . (Ma’nosi: «Allohim, Ibrohim alayhissalomni va u zotning oilalarini yaxshilik va rahmatda qilganing kabi Muhammad alayhissalomni va u zotning oilalarini ham yaxshilik va rahmatda qil. Albatta, Sen maqtovli, ulug‘ Zotsan. Allohim, Ibrohim alayhissalomni va u zotning oilalarini barakotli qilganingdek, Muhammad alayhissalomni va u zotning oilalarini ham barakotli qil. Albatta, Sen maqtovli, ulug‘ Zotsan».)

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:35:10

So‘ngra ma’sur duodan o‘qiydi:
«Allohumma inniy a’uzu bika min ‘azobi jahannama va min ‘azobil qobri va min fitnatil mahya val mamati va min sharri fitnatil masihid dajjal». (Ma’nosi: «Ey Allohim, jahannam azobidan, qabr azobidan, tiriklik va o‘lim fitnasidan, masihi dajjolning fitnasi yomonligidan Sening panohingga qochaman».) So‘ngra o‘ng yelkaga yuzlanib «Assalomu alaykum va rahmatulloh», deb salom beriladi. Keyin chap tomonga ham xuddi shu kabi salom berilishi bilan namozdan forig‘ bo‘linadi. Ammo namoz shom kabi uch rakatli bo‘lsa, tashahhud duosi yakunlanib, takbir aytgan holda uchinchi rakatni o‘qimoq uchun turiladi.

Uchinchi rakatda ham «Bismillah...» aytilib, so‘ng Fotihaning o‘zi o‘qiladi, keyin yuqoridagidek ruku’ va sajda qilinadi. So‘ngra qa’dai oxirda o‘tirib tashahhud, salovoti Ibrohimiyya va duolar o‘qiladi-da, salom berib namoz yakunlanadi. Agar namoz peshin, asr va xuftonning farzlari kabi to‘rt rakatli bo‘lsa, uchinchi rakatning ikkinchi sajdasidan so‘ng to‘rtinchi rakatga turiladi.

To‘rtinchi rakatda ham «Bismillah...»ni aytib, keyin Fotiha surasi o‘qiladi, so‘ng ruku’ va sajda qilinib, oxirgi qa’daga o‘tiriladi. Tashahhud va salovoti Ibrohimiyya hamda ma’sur duo o‘qilib, salom berish bilan namoz yakunlanadi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:36:06

Namozning farzlari, uning shartlari va ruknlari

Yuqorida bayon qilganimizdek, namoz maxsus ko‘rinishda ado qilinadigan so‘zlar va fe’llardan iborat ekan, mana shu namozdagi so‘zlar va amallarning barchasini qilishlik yoki qilmaslikdagi hukm bir xil emas. Bularda shunday so‘zlar va fe’llar borki, uni bajarmay turib namoz durust bo‘lmaydi. Ular namozning farzlari, deyiladi. Ya’ni, shunday amallar va so‘zlar borki, ularni bajarishning hukmi farz bo‘lmasa-da, lekin vojib hisoblanadi. Bular namozning vojiblari, deyiladi. Yana namozda shunday fe’llar va so‘zlar borki, ularsiz namoz durust bo‘lsa-da, lekin ularni bajarish sunnat hisoblanadi. Chunki Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu amallarni aksar vaqtlarda bajarib, faqat ba’zida qilmaganlar. Bular namozning sunnatlari, deyiladi.

Namozga kirishdan oldingi farzlar shartlar, deyilsa, namoz ichidagi farzlar esa ruknlar, deyiladi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:36:32

Namozning shartlari

Namozningtashqarisidagi shartlari oltitadir:
1.   Katta yoki kichik tahoratsizlikdan pok bo‘lish. Junub yoki betahorat kishining namozi durust bo‘lmaydi.

2.   Badan, kiyim va joyning najosatdan pok bo‘lishi. Bir tomoni najosat, boshqa tomoni pok bo‘lgan gilam yoki ko‘rpachalarda o‘qilgan namoz durust bo‘ladi. (Agar to‘nning astari qo‘shib tikilmagan, ya’ni to‘n bilan astar o‘rtasi ajragan bo‘lsa, shu to‘nning bir tomoniga najosat tekkani bilan najosat tegmagan tomonida namoz o‘qish joiz bo‘ladi. Ammo to‘nga astar qo‘shib qavilgan bo‘lib, uning bir tomoniga najosat tegsa, endi uning har ikki tomonida ham namoz o‘qish durust bo‘lmaydi. Agar kiyimdagi najosatni yuvadigan narsaning yo‘qligi sababli imkoni bo‘lmasa, shu kiyimi bilan namozini o‘qiydi. Hatto kiyimining to‘rtdan uch qismiga najosat yetgan bo‘lsa ham, yalang‘och namoz o‘qimaydi, bundan-da ko‘proq qismida najosat bo‘lsa ham, yalang‘och o‘qigandan ko‘ra, shu kiyim bilan o‘qigan afzal hisoblanadi. Keyinchalik imkoniyat topilibkiyimini tozalagach, o‘sha namozini qaytaribo‘qimaydi... - tarj.)

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:36:53

3. Avrat (uyat joylar)ning berk bo‘lishi.
Avrat, deb or qilinadigan narsaga aytiladi. Bunday nomlanishiga sabab shu o‘rinlarning ochilib qolishi sog‘lom tabiatli kishilar uchun or hisoblanishidandir. Ko‘zning nazarini ham bu joyga tushirmaslik lozim. Erkak kishining kindik ostidan tizzagacha bo‘lgan oralig‘i avratdir. Ayollarning yuzlari, kaftlari va qadamlaridan boshqa barcha a’zolari, hatto quloqlarining yonidan tushib turadigan sochlari ham avrat hisoblanadi. Namoz o‘quvchi ayol avratlarini quyuqroq kiyim bilan berkitishi shartdir. Agar kiyim badanning rangi yaqqol bilinadigan darajada nafis bo‘lsa, u bilan namoz o‘qish joiz emas. Namozda avratning berkitilishi talab qilinganidek, namozdan tashqarida ham uyat o‘rinlarni yopib yurish lozimdir. Bugungi kunda ko‘p odamlar ajnabiy kofirlarga taqlid qilib sport, suzish nomlari bilan avratlarini ochib yuribdilar. Bu ish insonlarga Alloh taoloning azobini mustahiq qilib qo‘yadigan harom amallardandir. Umumiy hammomlarda kishilar yalang‘och holda bemalol cho‘milishadi. Bu ham to‘xtatilishi lozim bo‘lgan harom ishlardandir. Ayol kishining ayol kishiga nisbatan avrati erkak kishining (erkak kishiga nisbatan) avrati kabidir. Ya’ni, muslima ayolning boshqa bir muslima ayoldan kindigi ostidan tizzasining ostigacha bo‘lgan oraliqni berkitishi shart bo‘ladi. Hatto shu o‘rinlarni o‘zining onasi yoki qizi yoxud opa-singlisining oldida ham ochib yurishi haromdir. (Ko‘chalardagi hamma insonlarning ko‘z o‘ngida ochiq yurishini hali bir chekkaga qo‘yib turing!!!) Lekin ko‘r-ko‘rona taqlid ummatni bugungidek pastkashlikka olib keldi.

Badandagi avratlarga qarash harom bo‘lganidek, ayol kishining kesilgan sochi, erkakning xatna qilingan a’zosiga qarash va tikilish ham haromdir. (Avrat a’zoning to‘rtdan birining uzrsiz ochilib qolishi namozni man etadi. Agar a’zo namoz ichida ochilib ketsa, darhol uni berkitib, namozini davom ettiradi. Son bir butun a’zo, to‘piq ham alohida a’zo, zakarning (olat) o‘zi yolg‘iz a’zo, ikki tuxumcha ham bir a’zo, ayol kishining sochi ham alohida bir a’zo hisoblanadi... -tarj.)

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:37:45

4. Qiblaga yuzlanish. Qibla, deb Ka’bai Muazzama tomonga aytiladi. Qiblaga yuzlanib namoz o‘qimoqchi bo‘lsa-yu, orqa tomonidan dushman yoki yirtqich hayvonning xavfi bo‘lsa, undan bu shart soqit bo‘ladi. (Shuningdek, kasal kishi ham qodir bo‘lgan tomoniga yuzlanib namozni ado qiladi. Qiblani topishdan ojiz qolgan kishi bir tomonni qibla, deb qasd qiladi. Qasd qilish, deganda kishining tevarak-atrofdagi omillardan foydalanib qiblani izlashiga aytiladi. Misol uchun daraxtlarning bargiga, quyosh chiqib-botishiga qarab, xullas, har makonning o‘ziga yarasha qiblani aniqlash omillari bo‘ladi. Shulardan foydalanib, imkon qadar qiblani qidiradi va g‘olib bo‘lgan gumoni bilan qibla shu tomonda, deb qasd qiladi. Agar qasd qilgan tomoni qibla bo‘lmasa ham, shu tomon qibla, deb qasd qilganligi sababli namozi durust bo‘lib, uni qaytarib o‘qimaydi. Ammo bir tomonni qibla, deb qasd qilmay namoz o‘qisa-yu, vaholanki, yuzlangan tomoni qibla bo‘lsa ham, namozi durust bo‘lmay, uni qaytarib o‘qiydi. Chunki qiblaning qay tomonda ekanligini bilmagan kishi uchun bir tomonni qibla, deb qasd qilishi shartdir... - tarj.)

5.   Namoz vaqtining kirishi. Vaqti kirmay turib o‘qilgan namoz farz o‘rniga o‘tmaydi. Namozni vaqti kirgandan to chiqib ketgunga qadar ado qilishlik kerak. Agar vaqt tahoratni qilishlik va farz namozni edo etishlik miqdoricha qolgan bo‘lsa, mana shu tor fursatda faqat namozga harakat qilish vojib bo‘ladi, boshqa amallar bilan mashg‘ul bo‘lishlik harom hisoblanadi. Namozni o‘z vaqtidan shar’iy uzrsiz o‘tkazib yuborish ham haromdir. Shar’iy uzrlarga uxlab qolish, esdan chiqarishlar kiradi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:37:55

5.   Niyat qilishlik. Niyatning o‘rni qalbdir. Agar o‘qilayotgan namoz farz yoki vojib bo‘lsa, o‘sha namozni tayin qilib niyat etish matlubdir. Go‘yo bugunning peshini yoki asri va yo vitr, iyd namozlari va hokazo. Ammo nafl namozlarda xoh ular sunnati muakkada bo‘lsin, xoh boshqa bo‘lsin, tayin qilish shart emas, balki mutlaq namoz, deb niyat qilsa kifoyadir. Lekin bularda ham «Taroveh namozini niyat qildim» yoki «Peshinning sunnatini niyat qildim», deb tayin qilsa, ma’qulroq va ehtiyotliroq bo‘ladi. Imom o‘zining imomatligiga niyat qilishi sunnatdir. Lekin ayollarga imom bo‘layotganini tayin qilishi lozim. Imom esa namozdagi takbiri tahrimani aytishi bilan o‘zining ayollarga imomligini tayin qilgan bo‘ladi. Ammo imomga iqtido qiladiganlar «Mana shu imomga iqtido qildim», deb niyat qilishlari shartdir. Agar imomga iqtido qilishni niyatida qat’iy qilmasa, namozi durust bo‘lmaydi. Kimki yuqoridagi olti shartning birini tark qilsa yoki o‘rniga qo‘yib bajarmasa, namozi botil bo‘lib, uni qaytadan o‘qish vojib bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:39:11

Namozning ruknlari

Namozning ruknlari, ya’ni ichidagi farzlari ham oltitadir:
1.   Harom qiluvchi takbir. Harom qiluvchi takbir, deyilishiga sabab uni aytib namozga kirishi bilan kishiga namozdan tashqarida qilib yurgan, namozga taalluqli bo‘lmagan amallar harom bo‘lgani uchundir. Takbirni «Allohu akbar» lafzi bilan aytish vojibdir.

2.   Qiyom turish. Qiyom farz namozlarida qiroat qilinishi lozim bo‘lgan muddatda  turishlikdir. (Nafl namozlarda qiyom turish farz emas, balki qiyomga qodir bo‘la turib o‘tirib o‘qisa ham, namoz durust bo‘ladi. Lekin farz namozlarida qiyom turishga qodir bo‘lsa-yu, o‘tirib o‘qisa, namozi namoz hisobiga o‘tmaydi. Hatto hassasiga yoki devorga suyanib bo‘lsa ham, qiroat miqdoricha tik turishi lozim. Tik turishga umuman imkoniyati yo‘q kishidangina qiyom soqit bo‘ladi... - tarj.)

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:40:15

3.   Qiroat qilish. Qur’oni karimdan kamida qisqa oyatlardan uch oyat o‘qish yoki uzun oyatlardan bir oyat miqdoricha qiroat qilish. Farz namozlarning avvalgi ikki rakatida, vitr va nafl namozlarning har bir rakatida qiroat lozimdir. (Namoz o‘quvchi uchun Qur’oni karimdan hech bo‘lmaganda uch oyat qisqa yoki bir uzun miqdorida tajvidga muvofiq o‘zlashtirib yodlashi farzdir... - tarj.)

Imomga iqtido qiluvchi qiroat qilmaydi, balki jahriy namozlarda quloq solib, maxfiylarida jim turadi. Chunki imom tayin qilishdan maqsad jamoatning namozini ado qilib berishi uchundir. Imomga ergashuvchining imom orqasidan xoh Fotihani, xoh boshqa surani bo‘lsin, qiroat qilishi makruhi tahrimiydir.

4.   Ruku’ qilish. Ruku’ boshni egishlikdir. Ruku’ning komil bo‘lishi ikki qo‘lning tirsaklarini bukmay tizzani ushlab, bosh bilan belni bir tekisda egishlikda hosil bo‘ladi. Bu holat qiyom turishga qodir kishilar uchundir. Ammo o‘tirib o‘quvchilarning ruku’lari boshlarini tizzalariga tekkunga qadar egish bilan bo‘ladi.

Qayd etilgan