4. Qazoi hojatni o‘tirgan holda bajarish, faqat o‘tira olmaydigan uzri bo‘lsa, turgan holda bajaradi.
5. Qazoi hojat vaqtida, istinjo holatida bosh kiyim bilan Allohdan va maloikalardan hayo qilgan holda o‘tirish.
Qabr ustiga qazoi hojat qilish yoki keng dala, biror bino ichi, qiblaga yuzlanib yo orqa qilib o‘tirish makruhi tahrimiydir, ya’ni haromga yaqin makruh. To‘xtab turgan oz suvga hojat qilish haromdir, agar to‘xtab turgan suv ko‘p bo‘lsa, unga hojat qilish makruhi tahrimiydir. Agar suv oquvchi bo‘lsa, unga hojat qilish makruhi tanzihiy bo‘ladi. (Bu suvga peshob qilsa bo‘ladi, degani emas. Faqat bu yerda masala sifatida keltirilmoqda.) Suvxonalarga, suv oqib keladigan yerlarga, insonlar yuradigan, salqinlab o‘tiradigan, to‘planadigan joylarga qazoi hojat qilish makruhdir. Yana hojat vaqtida gapirishlik, tili bilan Alloh taoloni zikr qilishlik, quyosh yoki oyga yuzlanib o‘tirishlik ham makruhdir. Istinjo, deb najosat chiqadigan o‘rinlarni suv bilan tozalashga, istijmor esa tosh bilan tozalashga aytiladi. Bu erkaklarga va ayollarga sunnati muakkadadir. Lekin najosat maxrajga, ya’ni najosat chiqadigan o‘ringa dirham miqdoridan ko‘proq yoyilgan bo‘lsa, kesakning o‘zi kifoya qilmaydi, balki suv bilan yuvish vojib bo‘ladi. Buni chap qo‘l bilan qilish mustahab amaldir. Kesak ishlatib, so‘ng suv bilan yuvish faqat biri bilan kifoyalangandan ko‘ra afzal hisoblanadi.