Tahorat va namoz hukmlari (Abu Hanifa (r.a.) mazhablariga muvofiq)  ( 218849 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 23 B


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:23:09

Mash tortishning farzlari

Qo‘lning kichik barmoqlaridan uchtasi miqdoricha ikki qadamning ustiga nam qo‘l bilan silamoqlik mashning farzidir. Oyoqning ostiga yoki yonlariga mash tortish durust emas.

(Mash tortishlik sunnat amal hisoblansa ham, uning ichida xuddi sunnat namozlarining ichida farzlar bo‘lganga o‘xshagan farzi bor... - tarj.)

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:23:54

Mash tortishning sunnat ko‘rinishi

Qo‘llarni ho‘llab, o‘ng qo‘lning barmoqlarini o‘ng qadamning ustiga, chap qo‘lning barmoqlarini chap qadamning ustiga tekkizib qo‘yadi va ikki qo‘lini ham to‘pig‘igacha tortadi. Barmoqlar orasi bir oz ochiq bo‘ladiki, hatto qadamlarda mashdan so‘ng chiziqlar hosil bo‘lsin.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:26:21

Mash tortib yurish muddati

Muqim uchun mash tortib yurish muddati bir kecha-kunduz, ya’ni yigirma to‘rt soat bo‘lsa, musofir uchun uch-kecha kunduz, ya’ni yetmish ikki soat hisoblanadi. Bu vaqt tahorat singandan boshlab e’tiborga olinadi. Misol uchun bir kishi subhda tahorat oldi-da, mahsini kiydi va shu tahorati peshinda sindi. Demak, bunda u yangi tahorat qiladi, oyog‘iga mash tortadi va keyingi kunning peshin namozigacha oyog‘iga mash torta oladi, agar musofir bo‘lsa, uchinchi kunning peshinigacha mash tortishi mumkin.

Musofir, deb piyodaning o‘rtacha yurishi bilan uch kunlik yo‘lga qasd qilib chiqqan kishiga aytiladi. U taqriban sakson bir kilometrlik yo‘ldir.

Agar muqimning mash muddati tugamay, safarga chiqsa, uning mash tortish muddati musofirning mash tortish muddatiga aylanadi. Musofir bir kun o‘tib uyiga qaytsa, mahsisini yechib oyog‘ini yuvadi. Chunki mash tortish muddatning oxirgi vaqtiga qarab e’tibor qilinadi. Har tahorat singanda yangidan mash tortiladi. Mash tortmasdan o‘qilgan namoz qaytadan o‘qiladi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:26:37

Mashni buzuvchi amallar

1.   Tahoratni buzuvchi har bir amal mashni ham buzadi.
2.   G’usl vojib bo‘lgan kishilarga junub, hayz yoki nifos holatida mash tortish durust emas, balki ular oyoq kiyimini yechib yuvishadi.
3.   Bir qadamning aksar qismi mahsining to‘piqqacha bo‘lgan yeridan chiqib ketsa ham, ikki oyoq yechib yuviladi.
4.   Mash muddati tugasa ham, oyoq yechib yuviladi.

(Bir oyoq kiyimidagi yirtiqni jamlaganda oyoqning kichik barmoqlaridan uchtasi ko‘rinadigan miqdorga yetsa, u yechib yuviladi. Ammo ikki oyoq kiyimidagi yirtiqlar jamlanmaydi...- tarj.)

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:26:54

Jarohatga mash tortish

Insonning biror a’zosi sinsa yoki kesilsa, ustidan taxtakach yo biror dori qo‘yib bog‘lansa, uni yechib yuvish og‘riqni kuchaytirsa yoxud davoni kechiktirsa, tahorat vaqtida shu jarohat bog‘langan joy ustiga mash tortiladi. Mahsiga mash tortishlik faqat tahoratda ruxsat qilingan bo‘lsa, jarohatga mash tortishlikka tahoratda ham, g‘uslda ham ruxsat etiladi. Mahsiga mash tortishning muqim va musofir uchun alohida muddati bor edi, lekin jarohatga tortiladigan mashning muddati belgilanmagan, modomiki, jarohatga suv tegsa, zarar bo‘lar ekan, u tuzalguncha mash tortish durust bo‘ladi. Mash jarohatning aksariga tortish bilan bo‘ladi, uning hamma yeri mash qilinishi shart emas. Jarohatga tortilgan mash yuvganning o‘rniga o‘tadi. Jarohatning bog‘ichini almashtirgan vaqtda yangidan mash tortib qo‘yish shart qilinmasa-da, lekin afzal hisoblanadi. Agar jarohat yechilganda tuzalmagan bo‘lsa, mashni davom ettiradi. Ammo jarohat yechilganda tuzalgan bo‘lsa, uning o‘rnini yuvish vojib bo‘ladi. (Agar jarohat sababidan boshqa a’zolarga ham suv tegishi zarar bo‘ladigan bo‘lsa, endi ukishi tayammum qiladi...- tarj.)

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:27:25

Tayammum va uning hukmlari

Biz yuqorida bildikki, namoz o‘qish, Qur’onni ushlash, masjidga kirish va shu kabi ibodatlar tahoratsiz yoki g‘uslsiz durust bo‘lmaydi. Tahorat yoki g‘usl esa o‘zi pok va poklovchi suv bilan qilinadi. Islomning bag‘rikengligi va yengilliklaridan yana biri pok suv yo‘q yoki suv bor-u uni ishlatish mumkin bo‘lmagan vaqtda musulmon kishining Rabbisiga qiladigan ibodati barakotidan, uning foydalaridan va yakka Allohga qilingan ibodat sababli hosil bo‘ladigan ruhiy ozuqadan mahrum qilib qo‘ymaslik uchun tahorat yoki g‘usl o‘rniga tayammum joriy qilindi. Alloh taolo shunday deydi: «Agar suv topa olmasangiz, pokiza tuproq bilan tayammum qilib, yuz va qo‘llaringizga surtinglar» (Niso surasi, 43-oyat).

Tayammum, deb tahorat niyati bilan yer jinsidan bo‘lgan pok narsaga qasd qilib, yuzga va ikki qo‘lga tirsaklari bilan qo‘shib mash tortmoqlikka aytiladi.

Sa’iyd, deb yer jinsidan bo‘lgan kesak, tosh, qumga o‘xshash narsalarga aytiladi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:28:15

Tayammum qilish lozim bo‘lgan sabablar

1.   Yarim soatlik yoki undan ko‘proq yo‘l orasida suvning yo‘qligi. Bu taxminan ikki chaqirimni tashkil etadi, bir chaqirim to‘qqiz yuz metrdir.
2.   Kasallikdan yoki uning ziyoda bo‘lishidan va yo davoning sekinlashidan tashvish bo‘lsa.
3.   Suv o‘ta sovuq bo‘lib, isitadigan sharoit bo‘lmasa va shu suv insonga aziyat yetkazib qo‘yadigan darajada bo‘lsa.
4.   Agar suvda tahorat qilsa-yu, o‘zi yoki sherigi va hatto hayvoni chanqab, halokatga uchrashi xavfi bo‘lsa.
5.   Hamma sharoitlar bor-u, lekin tahorat qilib kelguncha iyd yoki janoza namozlari o‘qib qo‘yilishi ehtimoli bo‘lsa ham, tayammum qilinadi. Chunki bu namozlar qazo bo‘lsa, o‘rniga o‘qiladigan namoz yo‘q. Ammo juma namoziga yeta olmasligini bilsa ham, tahorat qiladi, chunki agar juma qazo bo‘lsa, uning o‘rniga peshin o‘qilishi mumkin. Agar namoz qazo bo‘lishi ehtimoli yuzaga chiqsa, vaqtni ehtirom qilish yuzasidan tayammum bilan o‘qishi joiz. Lekin baribir tahorati yo‘q bo‘lsa, tahorat olib yoki junublik yetgan bo‘lsa, g‘usl qilib qaytadan o‘qiydi. Chunki tayammum qilishga sabab mavjud emas.

(Quduqda suv bor-u, lekin uni chiqarib olishga asbob yo‘q, bu o‘rinda ham tayammum qilinadi. Ammo suvni chiqarishga asbob bo‘lsa, tayammum qilinmaydi, agar jamoat ko‘p bo‘lib, har birlari tahorat olgunlaricha namoz vaqti chiqib ketsa ham. Chunki buholatda ham tayammum qilishga sabab topilmayapti. Suv bor yerda dushman yoki yirtqich hayvonning xavfi bo‘lsa ham, tayammum qilinadi... -tarj.)

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:29:06

Tayammumning shartlari

1.   Niyat qilmoq shart. Aslida tuproq kir ketkazuvchi narsa emas, balki o‘zi kir qiluvchi narsadir. Shu sababli tayammumda niyat shart. (Suv o‘zi poklovchi narsa bo‘lganligi uchun tahoratda niyat qilish farz emas. Ya’ni, niyatsiz tahorat qilib qo‘ygan kishining tahorati qabul bo‘ladi, lekin sunnatni tark qilgan bo‘ladi. Ammo tayammum niyatsiz qilinsa, farzni tark etgan bo‘ladi va betahoratliqdan chiqmaydi. Zero, tayammumning asl ma’nosi qasd bo‘lib, musulmon kishi suv topa olmasa, mana shuqasd bilan poklanadi... - tarj.)
2.   Tayammum qilish uchun yuqorida sanab o‘tilgan sabablardan birining bo‘lmoqligi ham shart.
3.   Tayammum qiluvchining a’zolarida mashni to‘sadigan uzuk va bilaguzukka o‘xshash narsalarning bo‘lmasligi ham shart.
4.   Tuproq, qum va toshga o‘xshash yer jinsidan bo‘lgan pokiza narsani qasd qilmoqlik ham shart. Agar toshning ustida chang bo‘lmasa ham zarari yo‘q, balki uning yer jinsidan hamda pok bo‘lishining o‘zi kifoya qiladi.
5.   Yuz va qo‘llarda joy qoldirmasdan mash tortishlik ham shart qilinadi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:29:37

Tayammumning ruknlari

Ular ikkitadir:
1.   Yer jinsidan bo‘lgan pok narsaga qasd qilib, qo‘lning kafti bilan ikki zarb urmoqlik;
2.   Birinchi zarbdan so‘ng qo‘lga, ikkinchi zarbdan so‘ng esa yuzga mash tortmoqlik.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:30:06

Tayammumning sunnatlari

«Bismillah...»ni aytmoq, zarbni kaftning ichi bilan qilmoq, qo‘ldagi changlarni silkitib tashlamoq, tartib bilan qilmoq, ya’ni avval yuzga mash tortib, keyin qo‘lga mash tortmoq, ketma-ket qilmoq, ya’ni niyat qilib tayammumni boshlagach, to tugaguncha boshqa amalni qo‘shmaslik, soqol va barmoqlar orasiga xilol qilmoqlik, keng uzuk bo‘lsa, uni qimirlatib ostiga mash yetkazmoq, ammo uzuk tor bo‘lsa yoki soatga o‘xshash narsalar bo‘lsa, ularni tayammumdan oldin yechib qo‘yish kerak, chunki ularning ostiga mash yetmaydi, mashni o‘ng qo‘ldan boshlamoq, bularning hammasi sunnat hisoblanadi.

Kaftlarning ichini yer jinsidan bo‘lgan pok narsaga bir zarb uradi va qo‘lning orqa-oldini aylantiradi, so‘ng qo‘lini siltab, yuziga tahoratda yuviladigan yeriga hech bir joy qoldirmay mash tortadi. Keyin yana qo‘lini ikkinchi bor zarb uradi, yuqoridagi ko‘rinishda aylantirib, changlarini qoqadi va ikki qo‘lining tirsagigacha qo‘shib kafti bilan mash tortadi. Mana shu tayammum bilan nafl va farz namozlaridan xohlaganicha o‘qiy oladi va tahoratli kishi hukmida bo‘ladi.

Qayd etilgan