So‘ng «Allohu akbar», deb ruku’ qiladi, ikki kafti bilan tizzasining ko‘zini ushlab, boshi bilan belini bir tekis qiladi va xotirjam holda uch marta «Subhona Rabbiyal ‘azim» («Ulug‘ Rabbim pokdir»), deydi. Ruku’ holida ikki qadamining ustiga qarab turadi. So‘ng belini ko‘tarib, «Sami’allohu liman hamidah» («Unga hamd aytgan kishini Alloh eshitdi»), deya tik turadi. Tik turgach esa, «Robbana lakal hamd» («Ey Rabbimiz, maqtov faqat Sen uchundir»), deydi. Yolg‘iz namoz o‘quvchi kishi ikkisini ham aytadi. Imom esa avvalgisi bilan kifoyalansa, iqtido qiluvchi keyingisining o‘zini aytadi. Ruku’dan qaytib, oz fursat xotirjam holda tik turiladi. Keyin takbir aytib sajdaga yiqiladi, yerga avval tizzalar, keyin kaftlar, so‘ng burun, oxiri peshona qo‘yiladi. Tirsaklarni yerga va ikki biqiniga tekkizmasdan, imkon boricha har bir a’zoni, xususan, oyoq barmoqlarini qiblaga yuzlantirib, xotirjam holda «Subhana Rabbiyal a’lo» («Oliy Rabbim pokdir»), deb uch marta aytadi. Keyin takbir aytib, sajdadan bosh ko‘taradi va chap oyoqni to‘shab, o‘ng oyoqning kaftini tik qilib, barmoqlarni qiblaga yuzlantirgan holda o‘tiradi, ikki qo‘l kaftlarining uchi tizza barobarida bo‘ladi, undan osilib tushib ketmaydi va tizzaga yetmay ham qolmaydi. Shu o‘tirgan holda xotirjamlik bilan « Rabbig‘firliy varhamniy » («Rabbim, meni kechirgin va menga rahm qilgin»), deydi. So‘ng ikkinchi sajda ham avvalgisidek qilinadi. Keyin bosh «Allohu akbar» («Alloh ulug‘dir»), deb ko‘tariladi, o‘tirmay, hech narsaga suyanmay, ikkinchi rakatni o‘qish uchun o‘rindan turiladi.