Tahorat va namoz hukmlari (Abu Hanifa (r.a.) mazhablariga muvofiq)  ( 218787 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 23 B


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:46:56

4.   To‘xtamasdan uch qadam yursa. Lekin oldi saf ochiq bo‘lsa, bir ruknda bir yoki ikki qadam bilan oldinni to‘ldirish joiz.
5.   Namozga tegishli bo‘lmagan so‘zni xoh u tushunarli bo‘lsin, xoh tushunarsiz bo‘lsin, bir yoki ikki harf miqdorida talaffuz qilsa.
6.   Ruku’ va sajdasi bor namozlarda qahqaha bilan kulsa. Qahqaha, deb
yonidagi odam eshitadigan darajadagi kulgiga aytiladi. Namozdagi bu kulgi
bilan namozga qo‘shilib, tahorat ham buziladi.
7.   Uzrsiz yo‘talsa.
8.   Qur’onni buzib o‘qisa. Agar Qur’onning ma’nosi qo‘pol buzilsa, u namozni qaytarib o‘qish vojib bo‘ladi. Qo‘pol buzish, degani jannat o‘rniga do‘zaxni, mo‘min o‘rniga mushrikni, hidoyat o‘rniga zalolatni va shu kabi akslarni qiroat qilib yuborishga aytiladi. Misol uchun Zumar surasining 73-oyatidagi «Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga haydaldilar» o‘rniga «jahannamga haydaldilar» jumlasini aytib qo‘yib, shu rakatda o‘sha xatosini to‘g‘rilamasdan namozni ado etsa, u namoz buzilgan bo‘ladi. Ammo o‘sha rakatning o‘zida xatosini to‘g‘rilasa, namozi durust bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:47:18

9.   Namozda turib ozmi-ko‘pmi suv ichsa yoki ovqat yesa.
10.   Suv yo‘qligi uchun tayammum qilib namoz o‘qiyotgan kishi tahorat qilish uchun yetarli suvga qodir bo‘lib qolsa.
11.   Namoz o‘qiyotgan chog‘ida mahsiga tortgan mashning muddati o‘tib ketsa.
12.   Bomdod namozini o‘qiyotganda quyosh chiqib ketsa. Iyd namozini o‘qiyotganda quyosh zavolga og‘sa. Juma namozi o‘qilayotganda asr vaqti kirib qolsa ham, shu o‘qilayotgan namozlar buziladi.
(Demak, shu holatlarda quyosh nayza bo‘yi ko‘tarilishini kutadi va qazo bo‘lgan bomdodni o‘qiydi, quyosh zavolga og‘gach esa, iyd namozini tark qilib, peshin namozini o‘qiydi. Asr vaqti kirib qolgan bo‘lsa, juma namozini buzib, o‘rniga qazo bo‘lgan peshinni o‘qiydi... - tarj.)
13.   Namoz asnosida o‘zini bilmay qoladigan darajada hushidan ketsa. Bu holatda namoz buzilishi bilan birga tahorat ham sinadi. Ushbu masala yuqorida o‘tgan edi.
14.   Bitta namozda erkak kishi bilan ayol kishi safda barobar turib qolsa, ayolning namozi buziladi. Agar imom shu ayolga o‘zining imomligini niyat qilsa, bu o‘rinda imomning ham namozi buziladi, bu ayol xoh mahram bo‘lsin, xoh mahrami bo‘lmasin, farqi yo‘q.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:47:32

13.   Namozga tegishli bo‘lmagan so‘z gapirsa. Qasddan bir kishiga salom bersa yoki salomga alik olsa, beuzr ingrab, kamida ikki harfli ovoz chiqarsa, tovush chiqarib yig‘lasa ham, namoz buziladi, lekin yig‘lashi oxirat tashvishi bilan bo‘lsa, zarari yo‘q. Aksa urib alhamdulillah, degan kishiga javob qaytarsa, imomdan boshqaning qiroatini to‘g‘rilasa, namozdan tashqaridagi kishining qiroatini to‘g‘rilash uchun aytgan kalomini qabul qilib, unga ergashsa ham, namoz buziladi. Yana gapga garchi zikr bilan bo‘lsa ham, javob qaytarsa, namoz botil bo‘ladi. Misol uchun bir kishi mag‘lub bo‘ldi, desa-yu, namozda turgan kishi unga javoban alhamdulillah, desa yoki «Bir musulmon olamdan o‘tibdi», desa, unga javoban «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un», desa ham, namoz buziladi.

Mushafga qarab turib namozda qiroat qilsa, najosat ustiga sajda qilsa, insonlardan so‘raladigan narsani namoz ichida duo qilib so‘rasa ham, namoz buziladi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:48:52

Namozdagi makruh amallar

Makruh amallar sodir bo‘lishi bilan namoz buzilmasa-da, lekin u nuqsonli bo‘lib ado etiladi. Shuning uchun namozxon ulardan saqlangani ma’qul.
1.   Namozning vojiblaridan birini qasddan tark qilishlik. Misol uchun surai Fotihani o‘qimaslik yoki maxfiy o‘qiladigan namozlarni imomning jahriy o‘qishi, qa’dada tashahhudni o‘qimaslik va hokazo.
2.   Namozning sunnatlaridan birini qasddan tark qilishlik. Misol uchun sano duosini o‘qimaslik, ruku’ va sajdadagi tasbehlarni tark etishlik.
3.   Farz namozlarining bir rakatida yoki ikki rakatida qasddan bitta surani takror o‘qish. Ammo nafl namozlarida bir surani takror qiroat qilish makruh emas.
4.   Mushafning tartibiga teskari qiroat qilish. Masalan, birinchi rakatda Nos surasini zam qilib, ikkinchi rakatda Falaq surasini zam qilish.
5.   Qisqa mufassal suralardan ikki rakatga orada bir surani tashlab qiroat qilish. Misol uchun birinchi rakatda Ixlos surasini zam qilib, ikkinchi rakatda Nos surasini o‘qishlik. Shu orada Falaq surasining qolib ketishi makruhdir.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:49:21

6.   Kiyimni beuzr to‘g‘rilash, barmoqlarini qarsillatish, badanining ba’zi joylarini behuda o‘ynash, chunki bu xushu’ga xalal beradi. Qa’dada ikki oyog‘ini tik qilib, tovonlarining ustiga o‘tirish.
7.   Boshini u yoq-bu yoqqa qaratish.
8.   Xoh peshob bo‘lsin, xoh katta tahorati bo‘lsin, uni majburan ushlab turish. Chunki bu ham namozxondagi xushu’ni ketkazadi.
9.   Ko‘zlarni behuda yumib olish. Agar kamoli xushu’ bilan yumsa, makruh hisoblanmaydi.
10.   Jamoat namozlarida ortdagi safda namoz o‘qisa-yu, uning oldida bo‘sh joy bo‘lsa, ana shu bo‘sh joyni to‘ldirmaslik ham makruh.
11.   Sajda qiladigan o‘rinda yoki ikki yonida yo kiyimida jonli hayvonning surati bo‘lishi. (Orqasida yoki oyog‘i ostida bo‘lsa, makruh hisoblanmaydi. Shuningdek, nihoyatda kichik yoki boshi yo‘q bo‘lsa ham, makruh emas. Qiblaga yuzlanib turgan yoki o‘tirgan kishining orqasida namoz o‘qishlik durust bo‘ladi, ammo qiblaga teskari o‘girilib o‘tirgan kishining to‘g‘risida ham namoz o‘qish makruhdir... - tarj.)

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:49:39

12.   Alanga yoki cho‘qqa qarab ham namoz o‘qish makruh. Ammo mehrobda chiroq bo‘lishining makruhligi yo‘qdir.
13.   Namoz o‘quvchi oldidan biror yo‘lovchining o‘tishi ehtimoli bo‘la turib, sutra qo‘ymasdan namoz o‘qish ham makruhdir. Sutra, deganda odamlarning namozxon oldidan o‘tishini man qiluvchi ellik, oltmish santimetrlar chamasidagi, yo‘g‘onligi kamida barmoqcha keladigan yog‘och tushuniladi. (U namozxonning sajda qiladigan tomoniga sanchib qo‘yiladi, bo‘lmasa, qiblaga to‘g‘ri qilib yotqizib qo‘yiladi. Imomning oldiga qo‘yilgan sutra jamoatga ham kifoya qiladi... - tarj.)
14.   Namoz asnosida osmonga tikilish. Janoza namozlarida ham takbirlar aytilganda osmonga tikilish makruhdir.
15.   Ovqattayyor bo‘lib, ishtaha tusab turganda namoz o‘qish.
16.   Sajdada bilaklarni yerga tekkizib turish.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:49:54

17.   Qo‘l va oyoq barmoqlarini sajda va boshqa o‘rinlarda qibladan boshqa
tomonga o‘girish.
(Dastlabki takbirda kaftlarni qiblaga qaratmaslik, xushu’ni ketkazadigan har bir amalni bajarish, sajda qiladigan o‘rinni mayda toshlardan namoz ichida turib bir necha bor tozalashlik, lekin bir marta bo‘lsa, makruh emas, peshonasiga yopishgan tuproqni artishlik, sallasi yoki telpagi bilan peshonasini berkitib olish va o‘shaning ustiga sajda qilish, kiyimini yelkasiga tashlab olishlik, sajdaga borayotganda shimini qo‘li bilan ko‘tarishlik, imomning alohida makonda turishligi, ammo imomning qadami jamoat turgan xonada bo‘lib, sajdasi boshqa xonaga o‘tsa, makruh bo‘lmaydi, ish kiyimi bilan namoz o‘qishlik, beuzr bosh kiyimsiz namoz o‘qishlik, chunki Payg‘ambarimiz (s.a.v.) biror marta bosh kiyimsiz namoz o‘qimaganlar, ammo o‘zini xor tutgan holda (ya’ni, hajda yoki umrada) bosh kiyimsiz o‘qishligi makruh emasdir. Shu bilan birga masjidlarning eshigini beuzr qulflab qo‘yishlikham makruhdir, lekin o‘g‘riningxavfi bo‘lsa zarari yo‘q... - tarj.)

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:50:24

Namozni buzish joiz va vojib bo‘lgan o‘rinlar

1. Halokatning oldini olish uchun, garchi farz namozi bo‘lsa-da, buzishlik vojib bo‘ladi. Misol uchun bir kishi suvga cho‘kayotganligini bilsa yoki bir hayvon hujum qilsa, xoh u o‘ziga, xoh boshqa kishiga, xoh namoz o‘qiyotgan odamga, xoh tashqaridagiga bo‘lsin, shu halokatning oldini olish uchun namozini buzadi.

2.   Bir dirham miqdoridagi molini o‘g‘ridan himoya qilish uchun, garchi farz namozini bo‘lsa ham, buzishlik joizdir. Bir dirham Suriyaning pulida o‘ttiz besh qirsh miqdoricha keladi. (Bizning O’zbek so‘mimizda 3250 so‘mga to‘g‘ri keladi. 2005-yil...- tarj.)

3.   Ota yoki ona farzandini namoz o‘qiyotganini sezmay turib chaqirsa, farzand agar nafl namoz o‘qiyotgan bo‘lsa, faqat shu nafl namozni buzishlik joizdir. Ammo ota yoki ona farzandni namoz o‘qiyotganini bilib turib chaqirsa, farzand namozini buzishi joiz emas.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:51:01

Azon va iqomat

Shariatda azon, deb namoz vaqtining kirganligini e’lon qiladigan maxsus kalimalarga aytiladi. Ular quyidagicha:

Bomdod namozi uchun aytilgan azonga «Hayya ‘alal falah, hayya ‘alal falah»dan keyin «Assolatu xoyrum minannavm, assolatu xoyrum minanavm»ni qo‘shib aytishlik sunnat amallardan hisoblanadi. Buning ma’nosi «Namoz uyqudan afzal», deganidir. Bomdod uyqu va g‘aflat vaqti bo‘lganligi uchun bu kalima faqat shu namozdagi azonga xoslangan.

Farz namozlaridan oldin muazzin iqomat aytadi. Bu ham xuddi azon kabi bo‘lib, faqat «Hayya ‘alal falah»dan keyin «Qod qomatis solah»ni ziyoda qiladi.

Qayd etilgan


Laylo  24 Oktyabr 2007, 07:51:17

Azon va iqomatning hukmi

Besh vaqt farz namozlari va juma namozi uchun azon hamda takbir aytishlik erkaklarga ta’kidlangan sunnatdir. Xoh ular o‘z vaqtida ado etilayotgan namozlar bo‘lsin, xoh vaqti o‘tib ketgan qazo namozlari bo‘lsin, xoh jamoat namozi bo‘lsin, xoh yolg‘iz o‘quvchining namozi bo‘lsin, xoh safarda va yo muqimda bo‘lsin, bu farz namozlarining barida azon bilan takbir aytmoqlik sunnat amallardan hisoblanadi. Bir namoz uchun mahallada aytilgan bir azon kifoya qiladi. (Yana shuningdek, bir kunlik qazo namozlarini o‘quvchi kishi uchun ham bir majlisda bitta azon kifoya qiladi, qolganlarini takbirning o‘zi bilan o‘qisa ham joizdir... - tarj.)

Qayd etilgan