9. Oy yoki quyosh tutilganda o‘qiladigan namoz. Quyosh tutilgan vaqtda ikki yoki to‘rt va yo undan ko‘proq namoz o‘qish sunnatdir. Afzali bir yoki ikki salom bilan to‘rt rakat o‘qimoqlikdir. Kamida esa ikki rakatli nafl namoz ko‘rinishida o‘qiladi. Bu namoz jamoat bo‘lib, azon va iqomatsiz, qiroatni jahriy qilmay va xutba o‘qimasdan ado qilinadi. Insonlarni jamoatga to‘plash uchun jamoat namoziga, deb chaqiriladi.
Quyosh tutilganda o‘qiladigan namozni juma namozida imomlik qiladigan kishi imom bo‘lib o‘qib berishi lozim. Agar u bo‘lmasa, sultonning ruxsati bilan tayin qilingan kishi o‘qib berishi kerak. Agar bular ham bo‘lmasa, insonlar o‘zlari yolg‘iz-yolg‘iz bo‘lib, o‘z manzillarida o‘qishadi. Ushbu namozning birinchi rakatida Fotihadan so‘ng Baqara surasi kabi uzun, ikkinchi rakatida Oli Imron surasi kabi uzun qiroatni zam qilishlik sunnatdir. Agar rakatdagi qiroatlarni yengil qilsa, namozdan keyingi duoni uzun qiladi. Hadisi sharifda kelishicha, muhimi insonlar quyosh tutilgan vaqtda namoz va duo bilan mashg‘ul bo‘lishlari kerak. Agar qiroatni uzun qilsalar, duoni qisqa qiladilar, duoni uzun qilsalar, qiroatni qisqa qiladilar. Toki quyoshning tutilishi yo‘qolguncha namoz va duoga mashg‘ul bo‘ladilar. Ruku’-sajdalarni ham behad uzun qilishadi. Imom qiblaga yuzlanib o‘tiradi va xohlagancha duo qiladi, odamlar esa duoga qo‘l ochib omiyn, deb turadilar.
Oy tutilganda o‘qiladigan namoz ham xuddi quyosh tutilganda o‘qiladigan namoz kabidir. Lekin bu namozni o‘qish mustahab bo‘lib, uni masjidda yig‘ilib, jamoat holida o‘qish shariatda yo‘lga qo‘yilmagan, balki har kim o‘z uyida yolg‘iz-yolg‘iz bo‘lib ado qiladi. Quyosh va oy tutilganda o‘qiladigan namozlar biror dahshatli voqea sodir bo‘lganda ham o‘qiladi. Misol uchun qattiq zilzilalar, bir voqea sabab ko‘pchilikning o‘lib ketishi, shiddatli shamollar, kunduz kuni atrofni qo‘rqinchli qorong‘ulik o‘rab olishi va shu kabi vahimaga soladigan hodisalar sodir bo‘lishi bilan namoz o‘qish, gunohlardan chetlanish, insonlar o‘zlarini to‘g‘rilashlari va najot topishlari uchun sabab bo‘ladigan ibodatlarga qaytishlari odatiy holdir. Ibodatlardan uzoqlashib, gunoh ko‘chasiga kirib qolgan bandani Rabbisiga qaytarib, Unga yaqinlashtiradigan eng yaxshi ibodat bu namozdir.