Esdan chiqarganlik sajdasi
Esdan chiqarganligi uchun qilinadigan sajda sajdai sahv, deyiladi. Uni bajarishning o‘ziga xos sabablari bor:
1. Agar namoz ruknlaridan biror ruknni esdan chiqarib kechiktirsa, sajdai sahv qiladi. Misol uchun namozni boshlab sano duosini o‘qigandan so‘ng qiroatni bir ruknni ado qilish miqdoricha o‘qimay kechiktirsa yoki qiroatni qilib bo‘lib, ruku’ qilishni kechiktirsa, yoyinki birinchi rakatni o‘qib bo‘lib, sajda qilgandan so‘ng ikkinchi rakatga turishni bir rukn ado qilish miqdoricha kechiktirsa va shu kabi ruknlarni kechiktirish sababi bilan sajdai sahv qilinadi. Bir rukn uch tasbeh yoki bir oyat uzun va yo uch oyat qisqa miqdoricha belgilanadi.
2. Namozdagi vojiblardan birini esdan chiqarib tark qilsa ham, sajdai sahv qiladi. Misol uchun surai Fotihani yoki undan keyingi surani, to‘rt rakatli yoki uch rakatli namozlardagi avvalgi qa’dani tark qilsa, sajdai sahv qiladi. Qa’daning avvalida o‘tirishlik farzda ham, nafl namozlarida ham vojibdir. Kimki avvalgi qa’dada o‘tirmay, qiyomda to‘liq turib ketsa, namozini davom ettiradi va namoz oxirida sajdai sahv qiladi. Chunki u vojibni tark qildi. Vojib tark bo‘lsa, uning o‘rni sajdai sahv bilan to‘ldiriladi. Agar shu qiyom holatiga turgandan so‘ng o‘rtadagi qa’dada o‘tirmaganligi esiga tushib qolsa-yu, keyin namozini davom ettirmay o‘tirsa, gunohkor bo‘ladi. Chunki u farzdan vojibga qaytgan hisoblanadi. Ba’zi ulamolar namoz buziladi ham, deyishadi, lekin namozi buzilmasa-da, sajdai sahv qiladi. Ammo avvalgi qa’dani o‘tirmasdan qiyomga turib ketmoqchi bo‘lsa-yu, qa’da o‘tirish kerakligi esiga tushib qolsa, o‘sha holatiga qaraydi, agar qa’daga yaqin bo‘lsa, o‘tiradi, tashahhudni o‘qib, keyin uchinchi rakatga turadi. Sajdai sahvni esa qilmaydi, lekin qiyomga yaqin bo‘lsa, qa’dani tark qiladi-da, qiyomga turadi va namozining oxirida sajdai sahv qiladi.