Zam suraga ikkinchi rakatda al-o‘oshiya surasini o‘qishlik mustahabdir. Imom qiroatdan forig‘ bo‘lgandan keyin ruku’dan oldin yana takbiru zavoidlar boshlanadi. Har bir takbiru zavoidlar aytilganda qo‘llarini ko‘tarishlik sunnat amaldir. Uchta takbirdan so‘ng to‘rtinchi takbirga qo‘lni ko‘tarmasdan ruku’ qilishlik uchun takbir aytiladi. Keyin ruku’ va sajdalarni bajarishadi. Qa’dada tashahhud, salovotu Ibrohimiyya va ma’sur duolar o‘qib salom beriladi. Shu bilan namoz tomomiga yetadi. Iyd namozlarining ushbu ko‘rinishi boshqalaridan a’loroqdir. Ba’zi ko‘rinishlarida takbirlar uchtadan ko‘proq aytiladi, ba’zilarida esa ikkinchi rakatdagi qiroatdan oldin takbiru zavoidlar aytiladi. Demak, bu kabi o‘qishlik ham joizdir. Agar imom takbirlarni ziyoda aytsa, imomga ergashuvchilar unga ergashishlari vojib bo‘ladi. Agar imomga ergashuvchi imomga qiyom holatida yetsa-yu, lekin takbirlarga yeta olmagan bo‘lsa, o‘zi yolg‘iz tik turgan holida takbir aytib qo‘yadi. Agar imomga bir rakat kechikib yetishgan bo‘lsa, u salom bergandan keyin turib, o‘zi qiroat qiladi, keyin takbiru zavoidlarni aytadi, so‘ngra ruku’ qiladi. Agar imomga ergashuvchi imomni ruku’ qilgan holida topsa, tik turgan holatda takbiru tahrimani aytadi, imom ruku’dan boshini ko‘targuncha uchta takbirni aytib olishga ko‘zi yetsa, uni aytadi-da, keyin ruku’ qiladi, mabodo, yetolmaslik ehtimoli bo‘lsa, takbiru tahrimadan keyin ruku’ qiladi va ruku’ holida qo‘llarini ko‘tarmay, takbir aytadi. Agar zavoidlarni tugatmasdan oldin imom ruku’dan boshini ko‘tarsa, endi undan takbiru zavoidlar soqit bo‘ladi. Chunki imomga ergashishlik vojibdir. Agar imomga ruku’dan keyin iqtido qilgan bo‘lsa, takbirlarni imomga ergashgan holda aytmaydi, balki imom salom bergach, o‘rnidan turib, yeta olmay qolgan rakatni o‘qiydi va shunda o‘zi zavoidlarni ham ado qilib qo‘yadi.