(Harbiy xizmat qilayotgan yigitlar istiqomatni niyat qilisha olmaydi. Chunki ularni bir yerda ko‘p muddat turishlik ixtiyorlari o‘zlarida emas. Shuning uchun ular xizmat safarida ikki yil yursalar ham, namozlarini qasr qilib o‘qishadi... - tarj.)
Agar kishi safar qilib, yashab turgan joyidan tashqariga chiqsa va biror narsasi esiga tushib uyiga qaytsa, to yashash joyiga kirguncha musofirligi botil bo‘lmaydi. Chunki u safar niyatidan qaytgani yo‘q.
Vatan ikki qism bo‘ladi
1. Asliy vatan. Asliy vatan, deb inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan yoki uylanib, o‘sha joydan o‘ziga vatan qilgan yoki o‘zi u yerda tug‘ilmagan bo‘lsa-da, doimiy ish joyi bo‘lib qolgan makonga, garchi u yerda xotini bo‘lmasa ham, asliy vatan, deyiladi. Kishining asliy vatani shu kabi boshqa vatan hosil qilmasa, soqit bo‘lmaydi. Misol uchun bir kishi Namanganda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa, bu uning asliy vatani hisoblanadi. Endi shu inson Toshkentga borib, o‘sha yerda uylansa yoki biror uy sotib olib doimiy yashashni qasd qilsa, bu yer uning asliy vataniga aylanadi. Endi u Toshkentdan tug‘ilib o‘sgan sobiq vatani Namanganga safar qilsa, modomiki, Namanganda kamida o‘n besh kun turishni niyat qilmasa, musofir hisoblanadi. Chunki asliy vatanini keyingi asliy vatan botil qilyapti. Bir asliy vatanni ikkinchi asliy vatan botil qilishi uchun ular o‘rtasida safar masofasi bo‘lishligi shart emas. Misol uchun kishi Chustda tug‘ilib o‘sdi, keyin uylanibmi yoki doimiy yashash uchunmi, Namanganga ko‘chib o‘tdi. So‘ngra u safar qilib Toshkentga yo‘l oldi. U Chustga yo‘l-yo‘lakay kirsa ham, namozini qasr o‘qiydi. Chunki uning asliy vatani bo‘lmish Chust Namanganga ko‘chib o‘tishi bilan botil bo‘lgan. Shuning uchun uning musofirligi Namangandan hisoblanadi. Lekin Namangan bilan Chust o‘rtasida safar masofasi yo‘q.