Tahorat va namoz hukmlari (Abu Hanifa (r.a.) mazhablariga muvofiq)  ( 218866 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 B


Laylo  26 Oktyabr 2007, 07:07:36

2. Qazosi o‘qiladigan namozlar:
Uxlab qolish, esidan chiqish, g‘aflatda qolish, boshini qimirlata olmaydigan darajada kasal bo‘lish kabi uzrlar bilan namoz o‘z vaqtida ado qilinmasa, uning qazosini o‘qish vojib bo‘ladi. Qazo namozlarini o‘qishni beuzr kechiktirish joiz emas. Rizq topishga harakat, farz ilmlarini talab qilish, o‘ta och qolgan kishilarning ovqatlanib olishi, nihoyatda charchagan kishining uxlab olishi kabilar qazo namozlarini kechiktirishning uzrlari hisoblanadi. Nafl namozlarining o‘rniga qazolarni o‘qish afzaldir. Lekin sunnati ravotiblarni tark qilmagan ma’qul. Agar qazoni kechiktirish beuzr bo‘lsa, o‘sha qazoni o‘qimaguncha undan gunoh ko‘tarilmaydi. Xuddi namoz ham tavbasiz qabul bo‘lmaganidek, namozni qazo qilgan kishiga ham tavba lozim bo‘ladi. Tavbaning shartlaridan biri gunohni tark qilish edi. Qazo namozlarini uzrsiz o‘qimay yurgan kishi gunohni tark qilmayotgan tavba qiluvchiga o‘xshaydi. Demak, uning tavbasi maqbul emas.

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 07:08:26

Qazo namozlari qanday o‘qiladi?

Shariatda ahli tartiblar, degan martabadagi insonlar bo‘lib, ular vitrdan tashqari olti vaqt namozni ketma-ket qazo qilmagan bo‘lishadi. Shular qazo namozlarini o‘qimoqchi bo‘lishsa, tartibga rioya qilishlari kerak. Misol uchun ahli tartib kishi bomdod, peshin, asr, shomni uzr bilan qazo qilib qo‘ygan bo‘lsa, avval bomdodni, keyin peshinni, undan so‘ng asrni, keyin esa shomni o‘qishi vojib bo‘ladi va hokazo. Agar bomdodning qazosini o‘qimay, peshinning qazosini o‘qisa, peshin buziladi va bomdodning qazosini o‘qigach, yana peshinni qaytadan o‘qishi vojib bo‘ladi. Ahli tartib vitrga ham rioya qiladi. Ya’ni, uni o‘qimasdan bomdodni o‘qishi durust emas. Ammo, qachonki, qazo namozlarning soni vitrdan tashqari olti vaqtga yetsa, endi u kishidan tartibga rioya qilish vojibligi soqit bo‘ladi. Shunda ham tartib bilan qazolarni o‘qisa ma’qul, lekin xohlaganini oldin, xohlaganini keyin o‘qishiga ixtiyori bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 07:08:35

Tartibning vojibligi yana ikki holatda soqit bo‘ladi:

1.   Vaqt ziq bo‘lib qolganda qazoni o‘qisa, o‘z vaqtida o‘qiladigan namoz ham qazo bo‘lsa, shunda tartib soqit bo‘ladi va qazo bo‘lmagan namozni oldin, qazo bo‘lganini keyin o‘qib qo‘yadi.

2.   Qazo bo‘lgan namozni esdan chiqarib qo‘ysa-da, keyingi namozni o‘qisa ham, tartib soqit bo‘ladi. Misol uchun bomdodni qazo qilib qo‘yganligi esidan chiqib, peshinni o‘z vaqtida o‘qib qo‘ysa, peshindan so‘ng bomdodning qazosini o‘qib qo‘yadi. Peshinni esa qaytarib o‘qimaydi. Ammo bomdodni qazo qilganligi yodida bo‘la turib, peshinni o‘qigan bo‘lsa, bu peshinni bomdodning qazosini o‘qigandan so‘ng qaytarib o‘qib qo‘yadi. Chunki bunda tartibga amal qilish soqit bo‘lmagan hisoblanadi.

Agar kishi qancha qazo qilganligining adadini bilmasa, gumoni g‘olib bo‘lguncha miqdorni hisoblab, o‘shani o‘qish bilan o‘z zimmasidan qazolarni soqit qilib qo‘yishligi kerak. Shu bilan birga qaysi zamondagi namozni o‘qiyotganligini niyatida tayin qilib qo‘yishi ham lozim bo‘ladi. Misol uchun «Avvalgi qolib ketgan peshin namozimni o‘qishni niyat qildim» yoki «Oxirgi qolib ketgan peshin namozini o‘qishni niyat qildim», deydi.

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 07:08:48

Qazo namozlarini o‘qishlik joiz bo‘lmaydigan vaqtlar

Uchta vaqtda qazo namozlarini o‘qishlik joiz emas:
1.   Quyosh chiqayotgan vaqtdan to bir nayza bo‘yi ko‘tarilgunga qadar. Bu taqriban yarim soatni o‘z ichiga oladi.
2.   Qiyom vaqti. Quyosh tikkaga kelgan vaqtdan to yarim soat o‘tgunga qadar. Buning tafsiloti oldin o‘tgan edi.
3.   Quyosh botayotgan vaqtdan boshlab to botib ketgunga qadar. Bu ham taqriban yarim soatni o‘z ichiga oladi.

Mana shu uch vaqtdan boshqa paytlarda qazo namozini o‘qish joiz bo‘ladi, garchi bomdod namozi bilan asr namozini o‘qigandan so‘ng ham qazolarni o‘qish mumkindir. Lekin ushbu bomdoddan keyingi va asrdan so‘nggi vaqtlarda mutlaq nafllarni o‘qishlik ma’qul emas. U nafllar xoh tahiyyotul masjid bo‘lsin xoh tahoratdan keyin o‘qiladigan nafl bo‘lsin farqi yo‘q. Baribir makruh bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 07:09:16

Kasal kishining namozi

Islom yengillik dinidir. Bu dinda musulmonlar noilojlikka solib qo‘yilmaydi. Ular qodir bo‘lmaydigan ibodatlarga buyurilmaydi. Shu bilan birga Islomda namozga qattiq e’tibor beriladi va uni ado qilish uchun turli choralar topib beriladi. Aslida kasal kishiga agar toqati ko‘tarsa, namozni biz yuqorida zikr qilib o‘tgan suratda ado qilishi uchun ruxsat beriladi. Ammo qiyom turishdan ojiz bo‘lsa yoki kasali kuchayib ketishidan xavf qilsa yo shifoning kechikishiga shu qiyom turishi sabab bo‘lsa, u holda o‘tirib namoz o‘qiydi. Lekin ruku’ va sajdalarni to‘la qiladi. Agar ruku’ va sajdaga ham qodir bo‘lmasa, xuddi tashahhudda o‘tirgani kabi chap oyog‘ini to‘shab, o‘ng oyog‘ini tik qilgan holda o‘tiradi. Bu eng afzalidir. Agar bunga ham qodir bo‘lmasa, xohlagan suratda o‘tiradi va ruku’ hamda sajdalarni boshi bilan ishora qiladi. Bunda ruku’ uchun boshini ozroq egsa, sajda uchun ko‘proq egadi.
 
Agar sajdaga ojiz bo‘la turib ruku’ga qodir bo‘lsa ham, baribir ikkisi uchun ishora qiladi. Sajdaga imkoni yo‘q kasalning ishora bilan qilgan sajdasi kifoya qiladi. Ammo uning sajda qilishi uchun biror narsani yuzi barobar ko‘tarib qo‘yish joiz emas. Imo-ishora bilan namoz o‘qishlik tik turgan holda ham, o‘tirgan holda ham durustdir. Lekin kasal kishining o‘tirib, imo-ishora bilan namoz o‘qishi afzal hisoblanadi. Agar sajda qilishga ojiz bo‘lsa, undan qiyom turishlik ham soqit bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 07:09:25

Agar kasalga o‘tirish ham mashaqqat bo‘lsa, u o‘ng tomon bilan qiblaga yuzlangan holda yonboshlab yotadi, shu afzalidir. Bo‘lmasa, chalqanchasiga yotib, oyoqlarini qibla tomonga uzatadi, tizzasini esa bir oz bukib oladi. Boshni bir oz ko‘tarish uchun orqaga yostiq qo‘yiladi. Bu holat yonboshlashdan ko‘ra afzalroqdir. Shu holda imo-ishora qilib namozni o‘qiydi. Agar bunday turishga ham qodir bo‘lmasa, o‘ziga qulay bo‘lgan suratda o‘rnashib, ishora bilan namozini o‘qiydi. Agar sog‘lom kishi namoz asnosida kasal bo‘lib, alamdan qiyomga qodir bo‘lmay qolsa, o‘sha zahoti o‘tirib, ishora bilan namozni tugatadi. Agar o‘tirishga ham majoli kelmay qolsa, unda chalqanchasiga yotadi va namozni ishora bilan oxirga yetkazadi. Ishora faqat bosh bilan qilinadi. Agar boshini qimirlata olmay qolsa, ko‘z yoki qosh bilan ishora qilmaydi hamda qalbi bilan ham namozning arkonlarini ijro etmaydi, ushbu holda namozni kechiktiradi va tuzalgandan keyin esa qazosini o‘qib beradi. Agar shu holatda olti vaqt namozni o‘qiy olmagan bo‘lsa, unda tuzalgach, ularning qazosini ham o‘qimaydi. Chunki u bu holatda hushidan ketganning hukmida bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 07:09:36

Janoza namozi

Bir musulmon vafot topsa, uni bilgan musulmonlar uchun yuvib, kafanlab, janozasini o‘qib, dafn qilishlik farz kifoya bo‘ladi. Farzi kifoya, deb ba’zi musulmonlar bajarishi bilan qolganlaridan soqit bo‘ladigan amallarga aytiladi.

Agar kishi vafot topsa, bir parcha latta bilan jag‘ini boshiga mahkam bog‘lab qo‘yiladi, ko‘zlari berkitilib, bo‘g‘inlari yumshoqlik bilan bo‘shatiladi. Yerdan ko‘tarib, kiyimlarini yechib olinadi. Avratiga ko‘z tushmaydigan darajada kiyimlari qoldiriladi. Uni yuvib, kafanlashdan oldin haqiqatda o‘lganligini aniqlash uchun bir oz kutish zarurdir. Aniq bo‘lgach esa, uni yuvib, kafanlash va dafn qilishni tezlatish lozim. Janozani insonlarga e’lon qilish mustahabdir. Chunki janoza o‘quvchilar qancha ko‘paysa, shuncha yaxshi bo‘ladi. Marhumni tezda joyiga olib borish, unga hurmat hisoblanadi.

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 07:10:01

Mayyitni yuvish

Aslida mayyitning butun badanini bir marta yuvish farz hisoblanadi. Ammo uch marta yuvish esa sunnatdir. Mayyitni yuvish uchun quyidagilar shartlar topilishi kerak.
1.   Mayyit musulmon bo‘lishi kerak, kofirni yuvish shart emas.
2.   O’lik tug‘ilgan bo‘lmasligi kerak. Agar chala tug‘ilgan bolada tiriklik nishonasi bo‘lsa, undan yig‘i ovozi eshitilsa yoki biror harakati ko‘rilsa, u yuviladi. Ammo chala tug‘ilgan bolaning ba’zi xilqatlarigina paydo bo‘lgan bo‘lsa, g‘usl qilinmaydi, balki ustidan suv quyiladi va bir parcha lattaga o‘ralib, keyin ko‘milib, unga ism ham qo‘yiladi. Chunki u Qiyomat kunida tiriladi va o‘sha qo‘yilgan nomi bilan chaqiriladi.
3.   Jasadning yarmidan ko‘prog‘i mavjud bo‘lishi bilan birga boshi ham bo‘lishi kerak.

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 07:10:17

4.   Shahid bo‘lmasligi kerak. Shahid, deb Allohning kalomi yer yuzida oily bo‘lsin, uchun kurashgan va jangda qatl qilingan kishiga aytiladi. Shahidni g‘usl qildirish shart emas. Chunki uni dushmanning qilichi poklagan bo‘ladi. Agar mayyitni yuvishga suv bo‘lmasa yoki mayyit yonib o‘lgan bo‘lsa-yu, suv quyish bilan badani titilib ketish ehtimoli bo‘lsa, uni tayammum qilib qo‘yish bilan g‘usl o‘rniga o‘tadi. o‘assol ham, boshqalar ham mayyitning avratiga qaramaydi. Uni biror parcha latta bilan berkitib qo‘yishlik vojibdir. Xuddi shuningdek, o‘lgan kishining avratini g‘assol ochiq qo‘l bilan ushlashligi joiz emas. Balki u qo‘liga maxsus bir lattani kiyib oladi va shu bilan avratlariga suv etkazadi. Shu sababli ham erkak kishi ayol kishini yoki ayol kishi erkak kishini yuvishi joiz emas

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 07:10:39

Marhumni g‘usl qilish sunnatlari, odoblari va makruhlari

Mayyitning butun badanini uch martaba yuvish sunnatdir. Ammo uch marta yuvish bilan badani pok bo‘lmasa, uni poklaguncha yuvish mumkin, shunda ham yuvishni toq qilgan ma’quldir. Misol uchun besh, yetti, to‘qqiz va hokazo.

Yana yuvish odoblaridan biri mayyitni balandroq o‘ringa, suv to‘planmaydigan joyga qo‘yishlikdir. Mayyitni bir oz iliqroq suv bilan yuvishlik afzal hisoblanadi.

Haj yoki umrada ehrom bog‘lagan holda vafot topgan kishini yuvishda suvga xushbo‘y narsalarni aralashtirmaydi. Chunki tirikligida ham xushbo‘ylikdan saqlanishi lozim edi. Ammo boshqa kishilarni yuvishda suvga xushbo‘y narsalarni aralashtirish, tozaroq bo‘lishi uchun sovun, shampunga o‘xshash narsalardan foydalanish yaxshi amallardandir. Mayyitni yuvishdan oldin avratini berkitadigan kiyimidan boshqa kiyimlarini yechib olgan ma’qul. Yana tirik odam g‘usl qilishdan oldin tahorat olishi kabi mayyitni ham avval tahorat qildirish g‘usl odoblaridan hisoblanib, lekin bunda mazmaza (og‘izga suv olib g‘arg‘ara qilish) va istinshoq (burunga suv tortish) tark qilinadi. Chunki bu mashaqqat tug‘diradi. Lekin g‘assol bosh barmoq bilan ko‘rsatgich barmoqlarini toza latta bilan o‘rab, ularni ho‘llaydi-da, shu bilan mayyitning tishlarini ishqalaydi va burunning ichini ham bir oz ho‘llaydi. Ushbu amallar mazmaza bilan ishtinshoq o‘rniga o‘tadi. Yana g‘usl odoblaridan biri g‘assolning ishonchli kishi bo‘lishidir. Ishonchli g‘assol mayyitni mukammal yuvadi va ko‘rgan yomon narsalarini berkitib, yaxshiliklarini zohir qiladi. Yuvilgan mayyitning badanini quritib qo‘yish ham g‘usl odoblaridandir. Chunki shunda kafan ho‘l bo‘lmaydi. o‘assol o‘likni yuvib bo‘lgach, o‘zi ham g‘usl qilib olsa yaxshi bo‘ladi. Lekin bu ba’zilar aytganidek, farz emas. Mayyitning soch-soqollarini tarash, mo‘ylov yoki tirnoqlarini olish va yana boshqa tuklarini yulish makruhdir. Mabodo, undan biror a’zo va yoki tuk uzilib tushsa, o‘sha a’zoni o‘zi bilan kafanga qo‘yib ko‘mishlik matlubdir. Kafanlab qo‘yilgandan so‘ng mayyitdan najosat chiqib badaniga yoki kafaniga tegsa, zarari yo‘q.

Qayd etilgan