Urush va tinchlik haqida she'rlar  ( 50726 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  26 Oktyabr 2007, 15:12:04

SO’NGGI URUSH

... Nahotki insoniyat o‘z kashfi bilan o‘zini o‘zi vayron etadi.
Javoharla’l NERU

Bir qadam qo‘ysang bas - naryog‘i o‘lim,
Bir qadam qo‘ysang bas. shaksiz halokat.
Odamzod boshida turibdi shu zum
Qazoyi muallaq, mudhish falokat.

Entikib ketadi nogoh yuragim,
Mash’um bu so‘zlarni tinglaganim dam.
Bugun faqat toshlar befarqdir, balkim,
Bugun, balki, faqat bulutlar beg‘am.

Asrlar so‘ngida yaralgan inson
Nahot endi o‘zin aylasa barbod.
Nahot oxiratga yuz bursa jahon,
Nahot karomatlar haq chiqsa, nahot.

Navoiy abasdir, Pushkin ham abas,
Rim yo‘q, Samarqand yo‘q, dahshat, alhazar!
Moziydan biror nom qolarmidi, bas,
Kelajakning o‘zi bo‘lmasa magar.

O, odam, har nega topinding nechun,
Ayt, u yaradimi biror-bir korga!
Falloh manglayidan o‘q yeydi bugun,
Sig‘inib turgan chog‘ parvardigorga.

Yo‘q, bu pok dillardan yiroq malomat,
Bu - bani odamga ko‘rgulik, sho‘rish.
Bu - sho‘rlik zaminga chang solgan ofat,
Bu - do‘zax, bu - o‘lim, bu - so‘nggi urush.

Alhazar, olamda nainki odam,
Hayotning o‘zi ham kirsa qabrga.
Koinot qa’rida zamindan u dam
Nahot eshitilsa so‘nggi qasirg‘a.

Nahotki, tangri ham, iblis ham ko‘r-kar,
Osiy banda bilan ketsa jonhalak.
Ayt-chi, sobit kuching bor bo‘lsa magar,
Bizni ne murodda yaratding, falak?!

Bu bari - asrimiz kashf etgan balo,
Bu - yovuz sarmoya, ko‘ru kar, so‘qir.
Boshimiz ustida turibdi guyo
Bir soch tolasiga bog‘langan shamshir.

Ummon ortidagi mitti qiz Smit
Jahon taqdiri deb jar solar bu choq.
Hayhot, o‘shal joyda qaysidir palid
Uning qismatiga qayraydi pichoq.

Munis O’zbegimning osoyish chog‘in,
Kuylamoq menga ham baxtdir bazavol.
Kurashlarda o‘tgan farzandlar dog‘in
Unutmoqni lekin kim qilar xayol.

Har kim ona deydi mushfiq yerini,
Oh, ne g‘am, onani kulfatda ko‘rish.
Mayli, shoir yozsin so‘nggi she’rini,
Faqat, bo‘lmasa bas, so‘nggi bu urush!
1983

Abdulla Oripov

Qayd etilgan