Mashhur tarixiy shaxslar haqida she'rlar  ( 21602 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


shoir  23 Oktyabr 2007, 11:44:11

BOBUR

Men-ku, oddiy odam,
Shundoq bo‘lsa ham
Shukr, bas, degancha g‘animlarim bor.
Shart emas ularga ta’rif chinakam,
Biri jununsifat, birovi hushyor.

Biroviga yoqmas jindek jur’atim,
Biroviga yoqmas men yurgan yo‘lak.
Nogoh biror joyda chiqsa suvratim
Biri uxlay olmay qiynalsa kerak.

Biz shunday o‘tamiz,
Ya’ni kun ko‘rib...
Maydagina kuchsiz, maydagina zo‘r.
Hayotning mana shu burjidan turib,
Men Sizni o‘yladim, hazrati Bobur.

Siz - zobit, dastini cho‘zgan dunyoga,
Siz - shoir, mangu bir alanga yoqqan.
Nainki bandalar, Sizning siymoga
Ne-ne saltanatlar kek bilan boqqan.

Bahodirlik ichra yor Sizga Humoy,
Siz ulug‘ zotlarning izin bosgan er.
Nazmiy sajdagohda Sizga, hoynahoy,
Imomlikka o‘tgay faqat Alisher.

Ha, yolg‘iz she’r qoldi, boshqasi, abas,
Yetti iqlim aro doston naqlingiz.
Ne baxt, parchin bo‘lib toj degan qafas,
Bizga yetib keldi olmos aqlingiz.

Ayting, ne topdingiz Siz kezib dunyo,
Hanuz boqisharlar sho‘rishga to‘lib.
Shoirsiz, yaxshisi, qolingiz, Mirzo,
Mushfiq yurtingizda bir shoir bo‘lib.
1983

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  23 Oktyabr 2007, 11:46:30

OYBEK HAQIDA QO’SHIQ

Qalbi pok mardona elning,
Sen aziz farzandisan.
Ganju mulkka bergisiz el,
Gavhari, dilbandisan.
Har kalimang ma’rifatning
Ufqida oydek to‘lib,
El aro topding sharaf sen,
Ustoz Oybek bo‘lib.
Shan hayoting odamiylik
Xayru soflikdan nishon,
Chaqnadi she’ringda nurli
E’tiqod birlan imon.
Goh Navoiy suhbatingda,
Goh Torobiy, Yo‘lchi goh,
Sen sevikli davrim o‘g‘li
Begumon, beishtiboh.
Xizmatingdan, hikmatingdan
Elu yurt mangu rizo,
O’chmagay, noming asrlar
So‘ngidan bergay sado.
1986

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  24 Oktyabr 2007, 18:48:16

AHMAD ZOIRNI TINGLAB...

Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin bir
So‘zlayin ezgulik, shafqat otidan.
To barpo bo‘libdi ko‘hna bu jahon,
Karvonlar oh chekar yovlar zotidan.

Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin bir
Ona Sharq sehri bor jihozlaringda.
Senda yig‘lab borar Sa’diy navjuvon
Rudakiy mehri bor bayozlaringda.

Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin bir
Chashmi zilol bo‘lib dardingni olay.
Yo bir yaproq misol bo‘lay soyabon,
So‘ngra xazon yanglig‘ yo‘lingda qolay.

Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin bir
Umidli bu jahon g‘amga bo‘lmas g‘arq.
Izingdan termulib qolmay to nolon,
Qumliklar bag‘rida g‘oyib bo‘lma, Sharq.
1987

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  24 Oktyabr 2007, 18:49:25

SHAROF RASHIDOV XOTIRASIGA

Marhumlar hayotdan erurlar yiroq,
Demakki, yiroqlar xushomaddan ham.
Makru nayranglarin qo‘ymaydi biroq,
Toki hayot ekan Nobakor Odam.

Ularning turfa xil odatlari bor,
Avval ganjlarini ko‘mgay tuproqqa.
So‘ng birdan o‘zlarin his etib nochor,
Gavharim qayda deb tushgay titroqqa.

Dunyoda har kimga qismat yor emish,
Kimdir toj kiygaydir, kimlardir kuloh.
Go‘yoki Alisher sizga ham dermish:
"œSiyrating darveshu suvratingdir shoh".

Ezgulik niqobin yuziga tortgan
Manfur bir maydonda surgandingiz ot.
Kimdir o‘z padarin bir pulga sotgan,
Qo‘l-oyoq kishanda, talangan bisot.

O’ychan ko‘zingizda ne g‘am bor edi,
Kelajakmidi yo moziyning shoni?
O’zbek-ku, bir erkka intizor edi,
Sizni ado qildi ming bir armoni.

Erksevar ellarning orzusin yoqlab,
Xayol dengizida tunlar suzgansiz.
Istiqlol so‘zini yurakda saqlab,
Siz qafas ichida gullar tuzgansiz.

Shoirman, bo‘ynimda she’rning gunohi,
Sohibin asraydi Saltanat makkor.
Ochko‘z, amalparast kimsalar gohi
Adolat menman deb topgay e’tibor.

Ularning dastidan notinch el, zamon,
Tanimay qolursan oq-qorani ham.
Chalg‘itib kelganlar topganda imkon,
Hattoki Temuru Boyqaroni ham.

Odildir - kim elni boshlagan baxtga,
O’zi o‘tda yonib, yo‘lni ochganlar.
Lekin intilarkan toj ila taxtga,
Vo ajab, ko‘pincha dordan qochganlar.

Qulluq, Sharof ota, ming bora qulluq,
Boqiy O’zbekiston sizga ham yodgor.
Bugun u istiqlol shavqiga to‘liq,
Xizmatingiz eslar takror va takror.

Ilohi, har kimga bersinu to‘zim,
But bo‘lsin Vatanning metin qo‘rg‘oni.
Sizni qo‘llab turar O’zbegim - o‘zim,
Va, yurtning posboni - jasur o‘g‘loni!

Sulton bo‘lmasangiz, Sharof ota, gar,
Yashardingiz qalam qo‘ldoshi bo‘lib.
Poklikka, vafoga timsol muqarrar,
Xursanoy ayaning yo‘ldoshi bo‘lib.
1992 yil 2 noyabr

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  26 Oktyabr 2007, 15:14:12

SHUKUR BURHON

Azamat bir chinor,
Ayqirgan daryo.
Undan nariroqda salobatli tog‘.
Tepada poyonsiz haybatli samo,
Atrofda ufqqa tutash dala, bog‘.

Chinor soyasida ulug‘ mo‘ysafid
Sokin kuzatadi yeru osmonni.
U Shukur Burhondir, goho shu taxlit
Tasavvur qilaman O’zbekistonni.
1994

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  26 Oktyabr 2007, 15:14:25

ABDULLA QODIRIYNING SO’NGGI SABOG‘I

Biringiz Otabek, biringiz Kumush,
Doim yashnab tursin sevgingiz bog‘i.
Haqiqiy muhabbat bilmasin so‘lish,
Ustoz Qodiriyning bu ilk sabog‘i.

Adib yuragida alamlar qat-qat,
Lekin bittasi bor, o‘chmasdir dog‘i:
Jonni tik ozodlik yo‘lida faqat,
Bu esa ustozning so‘nggi sabog‘i.
1994

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  26 Oktyabr 2007, 15:14:39

SHOIRA ZULFIYA OPAMIZGA

O’tgan yillar uchun chekmang xijolat,
Uzr so‘raybermang yuragingizdan.
Xijolatin tortsin o‘zi tabiat,
Tabiat uzrini so‘rasin sizdan.

Zahmatkash, mehnatkash shu qalam bilan,
Buyuk asrimizning siz ham naqlisiz.
Davrga goh quvonch, goh alam bilan,
Baho bermoqlikka siz ham haqlisiz.

Tabarruk bir yoshga yetibsiz omon,
Allohim kun bersa adog‘i bo‘lmas.
Agar yuraklarni zabt etsa inson,
Undayin umrning sanog‘i bo‘lmas.

Qorong‘u tunlarda olovli so‘zni,
Kimki mash’al qilsa tole unga yor.
Baxtli ayolman deb atabsiz o‘zni,
Sizday shoiri bor xalq ham baxtiyor.
1995

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  26 Oktyabr 2007, 15:14:57

FAZOGIR SOLIJON

Nyu-York. Amerikaning "œIndevor" kosmik kemasi Floridadagi "œMise kanaveral" kosmodromidan osmonga uvaffaqiyatli ko‘tarildi... Ushbu kema ekipaji a’zolari orasida Qirg‘izistonda tug‘ilgan o‘zbek millatiga mansub Solijon Sharipov ham bor. (O’zA xabaridan)

Osmonda bir o‘zbek uchib yuribdi,
Fazogir Solijon, gapning sirasi.
Yulduzlar vasliga boqib turibdi
Mirzo Ulug‘bekning chin nabirasi.

Turkiy dunyomizga yana bitta zeb,
Solijon samoni ko‘rgali ketdi.
Bobom yulduzlari joyidami, deb
Ularning holini so‘rgali ketdi.
1998 yil, yanvar

Abdulla Oripov

Qayd etilgan