* * *
Vahb ibn Munabbahning rivoyat qilishlaricha, Tavrotda quyidagilar yozilgan: «Kim dunyoda zodi rohilani tayyorlasa, qiyomat kuni Allohning do‘sti bo‘ladi. Kim g‘azabini tark qilsa, Allohning yonida bo‘ladi. Kim dunyoda chiroyli yashashni tark qilsa, qiyomat kuni Allohning azobidan omonda bo‘ladi. Kim hasadni tark qilsa, qiyomat kuni xaloyiq oldida maqtovga sazovor bo‘ladi. Kim riyosatni tark qilsa, qiyomat kuni Jabbor, Molik sifatli Zot huzurida aziz bo‘ladi. Kim dunyoda ortiqcha narsalarni tark qilsa, yaxshilar orasida ne’matlanadi. Kim dunyoda xusumatni tark qilsa, qiyomat kuni najot topganlardan bo‘ladi. Kim dunyoda baxillikni tark qilsa, qiyomat kuni xaloyiqning boshida zikr qilinadi. Kim dunyoda rohatni tark qilsa, qiyomat kuni shod bo‘ladi. Kim dunyoda haromni tark qilsa, qiyomat kuni nabiylar qo‘shnisi bo‘ladi. Kim dunyoda harom narsalarga qarashni tark qilsa, qiyomat kuni Alloh uning ko‘zini jannatda shodlantiradi. Kim dunyoda boylikni tark qilib kambag‘allikni ixtiyor qilsa, qiyomat kuni Alloh taolo valiylar va nabiylar bilan birga qayta tiriltiradi. Kim dunyoda insonlarning hojatlarini chiqaruvchi bo‘lsa, Alloh taolo dunyo va oxiratda uning hojatlarini chiqaradi. Kim qabrida yo‘ldosh bo‘lishini xohlasa, kechasi qorong‘uda turib namoz o‘qisin. Kim Rahmon Arshining soyasida bo‘lishni xohlasa, zohid bo‘lsin. Kim hisobi yengil bo‘lishini xohlasa, o‘ziga va birodariga nasihat qilsin. Kim farishtalar ziyorat qilishini xohlasa, taqvodor bo‘lsin. Kim jannatda xursand bo‘lishni xohlasa, kechasi va kunduzi Allohni zikr qilsin. Kim jannatga hisob-kitobsiz kirishni xohlasa, Allohga nasux tavbasini qilsin. Kim boy bo‘lishni xohlasa, Alloh taqsimlab qo‘ygan narsaga rozi bo‘lsin. Kim faqih bo‘lishni xohlasa, Allohdan qo‘rquvda bo‘lsin. Kim hakim bo‘lishni xohlasa, olim bo‘lsin. Kim insonlardan omonda bo‘lishni xohlasa, insonlarni faqat yaxshilik bilan zikr qilsin. «Nimadan xalq qilindim va nimaga xalq qilindim?» deb ibratlansin. Kim dunyo va oxiratda sharafni xohlasa, dunyoning ustiga oxiratni ixtiyor qilsin. Kim Firdavsni va foniy bo‘lmaydigan ne’matni xohlasa, umrini dunyo fasodlarida zoe qilmasin. Kim dunyo va oxiratda jannatni xohlasa, saxiylikni lozim tutsin, chunki saxiylik jannatga yaqin va do‘zaxdan uzoq qiladi. Kim qalbi mukammal nur bilan munavvar bo‘lishini xohlasa, tafakkur va ibratlanishni lozim tutsin. Kim badani sabrli, tili zokir, qalbi xushu’li bo‘lishini xohlasa, mo‘min-mo‘minalar, muslim-muslimalar haqqiga ko‘p istig‘for aytishni lozim tutsin!»
Alloh taologa behisob hamdu sanolar, Uning rasuliga, u zotning ahli baytlariga va ashoblariga salovotu durudlar bo‘lsin.