Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 863753 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 96 97 98 99 100 101 102 103 104 105 106 ... 128 B


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:09:53

36-bob. Tamattu’ haqida

Imron raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam zamonlarida tamattu’ qildik, uning joizligi to‘g‘risida Qur’on (oyat) ham nozil bo‘ldi. Bir kishi, bir paytlar o‘zboshimchalik qilib, og‘ziga kelganini aytgan erdi (ya’ni, tamattu’ qilmoqni man’ etgan erdi)».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:15:02

37-bob. Olloh taolo: «Bu - ahli Masjid ul-Haromda bo‘lmaganlar uchundir!» - deydir

Ikrima raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Ibn Abbos raziyallohu anhudan haj mut’asi to‘g‘risida so‘raganlarida, ul kishi bunday deb javob berdilar: «Muhojirlar, ansorlar va Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ayollari Hajjat ul-Vido’da hajga ehrom bog‘lashdi, biz ham hajga talbiya aytdik. Makkaga kelganimizda, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qurbonlikka jonliq atab olib kelganlardan tashqari, barchangiz hajga qilgan niyatingizni o‘zgartirib, umraga talbiya aytingiz!»- dedilar. Biz Ka’bani tavof aylab va Safo va Marvada sa’y qilib, so‘ng ayollarimiz yoniga keldik-da, kiyimlarimizni kiyib oldik. Janob Rasululloh: «Kimki qurbonlikka atab jonliq olib kelgan bo‘lsa, jonlig‘ini qurbonlik qiladirgan joyga olib borib, so‘ymaguncha, ehromini yechmasin!» -dedilar. Keyin, bizga Tarviya kechasi hajga talbiya aytmoqni buyurdilar. Biz haj udumlarini bajarganimizdan keyin, Ka’bani tavof aylab, Safo va Marvada sa’y qildik. Shu birlan hajni tugatdik, faqat qurbonlikka atalgan jonliqni zabh (so‘yish) qilmoq qolgandi, xolos. Olloh taolo aytganidek, «(Kimga)... qurbonlikka jonliq olib kelmoq muyassar bo‘lmagan ersa...», kimki jonliq topolmagan ersa, haj vaqtida uch kun, uyiga qaytgandan keyin, yetti kun ro‘za tutg‘aydir. Qurbonlikka bir qo‘y kifoyadir. Bir yilda ikki udumni - haj va umrani ado etingiz! Chunkim, Olloh taolo bu haqda o‘z Kitobida nozil qilgan va bu payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sunnatlari hamdir! Janob Rasululloh Makka ahlidan boshqa kishilarga bemalol (cheklovsiz) haj qilmoqqa ruxsat berganlar. Olloh taolo: «Bu (hukm) -ahli Masjid ul-Haromda bo‘lmaganlar uchundir!»- deydir. Olloh taolo zikr etgan haj oylari: Shavvol, Zulqa’da va Zulhijja. Kimki mana shu oylarda hajdan bahramand bo‘lsa, qon chiqarmog‘i (qurbonlik qilmog‘i) yoki buning evaziga ro‘za tutmog‘i lozim bo‘lur. Bundan tashqari, u haj davomida shaloq so‘zlar aytmasligy, xotiniga yaqinlashmasligi, fisqu fasod qilmasligi va janjallashmasligi kerak».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:15:32

38-bob. Makkaga kirayotganda g‘usl qilmoq haqida

Nofi’ raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Ibn Umar raziyallohu anhu Makkaga kiradigan bo‘lsalar, talbiya aytmoqdan to‘xtab, Zu Tuvan degan yerda yotib qolar erdilar. Ertasiga o‘sha yerda bomdod o‘qirdilar va g‘usl qilardilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ham shunday qilardilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:15:56

39-bob. Makkaga kunduzi yo kechasi kirmoq haqida

Nabiy sallallohu alayhi va sallam Zu Tavanda tong ottirib, so‘ng Makkaga kirdilar. Ibn Umar raziyallohu anhu ham shunday qilar erdilar.

Nofi’ raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Zu Tuvanda qolib, tong ottirdilar, so‘ng Makkaga kirdilar. Ibn Umar raziyallohu anhu ham shunday qilar erdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:16:06

40-bob. Makkaga qaysi tomondan kiriladir?

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Makkaga Saniyyat ul-Ulyo (Makkaning yuqori tomonidagi yo‘l) orqali kirib, Saniyyat us-Suflo (Makkaning quyi tomonidagi yo‘l) orqali (Makkadan chiqib ketar erdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:16:22

41-bob. Makkaning qaysi tomonidan chiqiladir?

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Makkaga Kado’ degan joy orqali, Bathodagi Saniyyat ul-Ulyo yo‘li bo‘ylab kirib borar erdilar, qaytishda ersa, Saniyyat us-Suflo yo‘li orqali chiqib ketar erdilar».

Imom Buxoriy rivoyat qiladirlar: «Uning ismi Musaddad (ya’ni, to‘g‘ri, rostgo‘y) erdi. Odamlar uni ismi jismiga monand, deb ta’rif qilishar erdi. Yahyo ibn Sa’id Yahyo ibn Mu’iynga bunday deb aytgan erkan: «Men Musaddadning uyiga borsam, hadis aytib berar erdim, ul bunga juda munosib odam erdi. Qog‘ozga ko‘chirib qo‘yilgan hadislar menda turadirmi yokim unda turadirmi, mening uchun farqi yo‘q erdi (unga shunchalik ishonar erdim)».

Oisha raziyallohu anho: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Makkaga kelganlarida uning yuqori tomonidan kirib, quyi tomonidan chiqdilar»,-deydilar.

Oisha raziyallohu anho: «Janob Rasululloh Makka fath bo‘lgan yili shaharga Kado’ tomondan kirib, uning yuqori tomonidagi Kudodan chiqdilar»,- deydilar. Hishom raziyallohu anhu: «Urva ikkalasidan ham, Kado’dan ham, Kudodan ham kiraverar erdilar, lekin ko‘pincha uylariga yaqin bo‘lgan Kado’dan kirar erdilar»,- deydilar».

Hishom rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Makka fath bo‘lgan yili shaharga yuqori tomondagi Kado’dan kirdilar. Urva ham ko‘pincha Kado’dan kirardilar, chunki u uylariga yaqinroq edi».

Hishom rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Makka fath bo‘lgan yili shaharga Kado’ orqali kirdilar, Urva ersa ikkalasidan ham, Kado’dan ham, Kudodan ham kiraverar erdilar, lekin ko‘pincha uylariga yaqin bo‘lgan Kado’dan kirar erdilar». Imom Buxoriy: «Kado’ va Kudo boshqa-boshqa joydir»,- deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:16:46

42-bob. Makka birlan undagi binoning fazilati haqida

Olloh taolo bu xususda bunday deydir: «Biz Ka’bani odamlar uchun har yili to‘planadirgan joy qilib berdik va unga tinchlik-omonlik baxsh etdik, shundoq erkan, Ibrohim Maqomini o‘zingizga namozgoh qilib olingiz! Biz Ibrohim va Ismoilga «Uyimni (Baytullohni) tavof va e’tikof etguvchilar uchun hamda ruku’ va sajda qilmoq uchun pokiza qilingiz!» deb topshirdik. Ibrohim: «Yo rabbiy, bu yurtni tinchlik-omonlik maskaniga aylantirg‘il, uning Ollohga iymon keltirgan, oxirat kuniga ishongan ahliga ne’matingni bisyor qilgil!» - deb iltijo qilgan erdi. Olloh taolo: «Kim kofir bo‘lsa, kam ne’mat berg‘aymen, so‘ng ularni do‘zax azobiga mubtalo qilg‘aydirmen»,- degan. Oxirat qanchalik dahshatlidir! Eslangiz, Ibrohim va Ismoil Ka’baning poydevorini qurayotib: «Yo rabbimiz, ushbu binomizni qabul aylag‘il, haqiqatan sen o‘zing eshitguvchi, bilguvchi zotdirsen! Yo rabbimiz, bizni o‘zingga bo‘yin eggan musulmon banda qilg‘il, zurriyotimizni ham musulmon ummat qilg‘il, bizga hajda ado etmog‘imiz lozim bo‘lgan udumlarni ko‘rsatg‘il (aytg‘il), bizning tavbalarimizni qabul etg‘il, haqiqatan sen o‘zing tavbamizni qabul qilg‘uvchi mehribon zotdirsen!»-deyishgan».

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladirlar: «Ka’ba qayta qurilayotganda Nabiy sallallohu alayhi va sallam birlan Abbos tosh tashimoqqa bordilar (keldilar). Abbos Nabiy sallallohu alayhi va sallamga: «Izoringni yechib, yelkangga qo‘yib olg‘il!» - dedilar. Janob Rasululloh shunday qilgan erdilar, ko‘zlari tinib, boshlari aylanib, chalqancha yiqilib tushdilar. Keyin: «Izorim qani, olib beringiz!» - dedilar. Izorlarini olib berishgan erdi, o‘ranib oldilar».

Nabiy sallallohu alayhi va sallamning zaifalari Oisha raziyallohu anho rivoyatqiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam menga: «Qavming Ka’bani qayta qurgan vaqtda Ibrohim qurgan poydevorni pasaytirganlarin bilmasmisen?» - dedilar. Men: «Yo Rasululloh, Ibrohim qurgan poydevorni asliga keltirib qo‘ymasmisiz?» - dedim. Janob Rasululloh: «Agar qavming yaqindagina kofir bo‘lmaganda erdi, shundoq qilgan bo‘lur erdim»,- dedilar».

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Agar Oisha raziyallohu anho bu hadisni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitgan ersalar, unda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hijr (devor) yaqinidagi ikki ustunni silab, o‘pmaganlar, deyolmasman, chunki Ka’baning poydevori Ibrohim davridagidek qilib, asliga keltirilmagan».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Men Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan: «Ka’ba devori ichkariga olinadirmi?» - deb so‘radim. Janob Rasululloh: «Ha»,- dedilar. Men: «Nechuk ular devorni Ka’ba ichiga olmaganlar?»-dedim. Janob Rasululloh:  «Qavmingga nafaqa kamlik qilgan»,- dedilar. Men: «Nechun eshigi baland qilib qurilgan?» - dedim. Janob Rasululloh: «Qavming o‘zlari istagan kishilarni kiritib, istamaganlarini qo‘ymaslik uchun shundoq qilishgan. Agar qavming johiliyadan chiqib, endigina islomga qadam qo‘ygan bo‘lmaganida, devorni buzib, Ka’ba ichkarisiga olar erdim, eshigini ersa, yerga yopishtirib (ostonasini past qilib) qurar erdim, lekin ularning qalblari inkor qilmog‘idan (fe’llari aynib, islomdan qaytib qolmoqlaridan) cho‘chig‘aydirmen».-dedilar».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: Agar qavming yaqindagina kofirlikni tark etib, endigina islomga qadam qo‘ygan bo‘lmaganida erdi, men Ibrohim alayhi-s-salot va-s-salom davridagi poydevorni tiklab. Ka’bani qayta qurgan bo‘lar erdim. Quraysh ahli binoni past qurib qo‘ydi. Men orqadan ham eshik qurgan bo‘lar erdim»,- dedilar».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyadan chiqib, endigina islomga qadam qo‘ygan bo‘lmaganida, men Ka’bani shaksiz buzmoqqa amr qilur erdim, undan nimaiki tashqariga olib chiqib qurilgan bo‘lsa, ichkariga olar erdim, mavjud eshik ostonasini pasaytirib, yana ikkita - mashriq va mag‘rib tomondan eshiklar ochar erdim. Imoratning poydevorini Ibrohim alayhi-s-salot va-s-salom davridagidek qilib qurar erdim»,- dedilar.

Mana shularning hammasini buzmoq Ibn Zubayr zimmasiga tushdi. Yazid raziyallohu anhu: «Men Ibn Zubayr Ka’bani buzib, yangidan barpo qilganining shohidi bo‘lganman, u hijrning (devorning) bir qismini Ka’ba ichkarisiga oldi, keyin men Ibrohim qurgan poydevor toshini ham ko‘rdim, u tuya o‘rkachiga o‘xshar erkan»,- deydilar. Jarir raziyallohu anhu bunday deydilar: «Men Yaziddan eski poydevorning qaerdaligini so‘radim. Ul kishi: «Hozir senga ko‘rsatg‘aymen»,-dedilar-da, meni hijr ortiga olib o‘tib, «U mana shul yerdadir»,- deb ko‘rsatdilar. Men poydevorning kengligini taxminan olti ziro’ (1 ziro’. 75 sm) deb chamaladim».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:17:20

43-bob. Muharram maskan fazilati

Olloh taoloning ikki oyati kariymasida bunday deyiladir: «Menga, shul shaharning rabbi - uni muharram etmish Olloh taologa ibodat aylamak amr qilindi, barcha narsalar uning mulkidir va menga musulmon bo‘lmoq (ham) amr qilindi», «Ayo, biz ularga har narsaning mevasi tortiq qilinajak amn maqomi bo‘lmish muharram maskandan joy ato qilmadikmi? Va lekin ularning ko‘plari (buni) bilishmag‘aydir (ko‘rnamaklik qilishg‘aydir)».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Makka fath bo‘lgan kuni: «Olloh muharram etgan bu maskanning (hatto) tikoni (ham) yulinmasligi, jonivorlari hurkitilmasligi, unda yo‘qolgan (birov yo‘qotgan) narsalar (ersa) e’lon qilmoq niyatidan o‘zga maqsadda olinmasligi lozimdir!» - deganlar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:18:14

44-bob. Makkadagi uylarni merosga berish, sotish va sotib olish haqida; Masjid ul-Haromdagilarning barchasi tengdir!

Olloh taolo oyati kariymasida bunday deydir: «Kofir bo‘lib, xalqni Olloh yo‘lidan qaytaradirg‘onlarni hamda mahalliy aholi va begonalar uchun biz teng huquqli ibodat maskani qilib bergan Masjid ul-Haromdan qaytaradirg‘onlarni, shuningdek, unda egrilik ila zulm qilmoqni istaganlarni zulm birla dardli azobga mubtalo qilg‘aydurmiz!»

Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Men' Janob Rasulullohdan: «Yo Rasululloh, qay yerga tushg‘aysiz, Makkadagi hoalingizgami?»-deb so‘radim. Janob Rasululloh: «Aqil bizga biror hovli va uy qoldirdimikin?» -dedilar. Aqil va Tolib otalari Abu Tolibdan meros olishgan bo‘lib, Ja’far va Ali ersa, hech qanday meros olishmagan erdi. Chunki ular musulmon bo‘lib, Aqil va Tolib kofir erdi. Umar ibn Xattob raziyallohu anhu: «Mo‘‘min kofirdan meros olmagaydir»,- der erdilar. Ibn Shihob Zuhriy: «Ular Olloh taoloning «Olloh taologa iymon keltirib va Olloh taolo yo‘lida vatanlarini tark etib, hijrat aylagan hamda molu jonlarini tikib, jihod qilgan bandalarga va muhojirlarga madadkor bo‘lib boshpana berguvchilar bir-birlariga merosxo‘rdirlar» degan so‘ziga amal qilishar erdi»,- deydilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:18:41

45-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning Makkaga tushishlari (borishlari) haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Makkaga bormoqchi bo‘lganlarida: «Xudo xohlasa, ertaga Baniy Kinona kufrga ahd qilgan yerga - Xayfga borg‘aydirmiz?» - dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Minoda ekanliklarida: «Ertaga, Nahr kuni biz Baniy Kinonaning Xayfiga - ular kofirlikka sadoqat bildirib, qasamyod qilgan yerga borg‘aydirmiz»,-dedilar. Shunda ul kishi Muhassabni (Minodagi tosh otadirgan joyni) nazarda tutdilar. O’sha yerda Quraysh va Kinona qabilalari Baniy Hishom va Baniy Abd ul-Mutallib (yoki Baniy ul-Mutallib) qabilalariga Muhammad sallallohu alayhi va sallamni ushlab topshirmagunlaricha o‘zaro qiz oldi-berdi va savdo-sotiq qilmaslikka ont ichishgandi».

Qayd etilgan