125-bob. Soch oldirmasdan ilgari jonliq so'yish haqida.
Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan: «Jonlig‘ini so‘ymoqdan oldin sochini oldirib qo‘ysa, ne bo‘lg‘aydir?» -deb so‘rashdi. Janob Rasululloh: «Hechqisi yo‘q, zarari yo‘q»,- deb javob qildilar».
Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Bir kishi Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan: «Tosh otmasdan burun tavof qilib qo‘yibdirmen, endi ne bo‘lg‘aydir?»-deb so‘radi. Janob Rasululloh: «Hechqisy yo‘q, hechqisi yo‘q»,-dedilar. «Jonlig‘imni so‘ymasdan oldin soch oldirib qo‘yibdirmen»,- degan erdi, «Zarari yo‘q»,- deb javob qildilar. «Tosh otmasdan burun jonlig‘imni so‘yib qo‘yibdirmen»,- deganida ham «Hechqisi yo‘q»,- dedilar».
Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamga bir kishi: «Kech kirganda tosh otibdirmen?» - dedi. Janob Rasululloh: «Zarari yo‘q»,- dedilar. «Qurbonlik qilmasdan burun soch oldirib qo‘yibdirmen»,- dedi. Janob Rasululloh: «Hechqisi yo‘q»,- dedilar».
Abu Muso raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Men, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Bathodaliklarida, huzurlariga bordim. «Haj qildingmi?» - dedilar. «Ha»,- dedim. «Nimaga ehrom bog‘lading?» - dedilar. «Nabiy sallallohu alayhi va sallam nimaga ehrom bog‘lagan bo‘lsalar, o‘shanga»,- dedim. «Yaxshi qilibdirsen, borib Ka’bani tavof etg‘il, so‘ng Safo va Marvada sa’y aylag‘il!»-dedilar. Keyin, Baniy Qays qabilasiga mansub bir ayolning oldiga bordim, u sochimni tozaladi, so‘ng hajga ehrom bog‘ladim. Keyin men Hazrat Umar xalifa bo‘lgunlariga qadar, «Sizlar ham shunday qilingizlar!» deb boshqalarga fatvo berib yurdim. Hazrat Umar xalifa bo‘lganlarida buni aytgan erdim, ul kishi: «Agar Qur’onni olib o‘qisak, boshlagan ishimizni nihoyasiga yetkazmoq, Janob Rasulullohning sunnatlariga rioya etmrq buyurilganlig‘ini anglag‘aydirmiz, chunkim Rasululloh qurbonlikka atalgan jonliqlarini zabh qilmagunlaricha ehromlarini yechmaganlar»,- deb aytdilar».