Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 864176 marta o'qilgan) Chop etish



Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:50:37

29-bob. Ramazon kuklari kunduzi xotinga yaqinlik qilib qo‘ysa-yu, buning kafforati uchun beradirgan hech narsasi bo‘lmasa....

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Biz Nabiy sallallohu alayhi va sallam birlan birga o‘tirgan erdik. Shu payt, bir kishi kelib: «Yo Rasululloh, men halok bo‘ldim!» - dedi. Janob Rasululloh: «Senga ne bo‘ldi?» -dedilar. Boyagi kishi: «Ro‘za holimda kunduz kuni o‘z xotinimga yaqinlik qilib qo‘ydim»,- dedi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bir qul ozod qilmoqqa qurbing yetg‘aydirmi?» - deb so‘radilar. O’: «Yo‘q, qurbim yetmag‘aydir»,- dedi. Janob Rasululloh: «Ikki oy ketma-ket ro‘za tuta olurmisen?»-dedilar. U: «Yo‘q»,-dedi. Janob Rasululloh: «Bo‘lmasa, oltmish kishiga taom bera olurmisen?»-dedilar. U: «Yo‘q»,- dedi-da, jim qoldi. Shu asnoda Nabiy sallallohu alayhi va sallamga bir katta savatda to‘la xurmo keltirib qolishdi. Shunda, Janob Rasululloh: «Boyagi odam qani?» - deb so‘radilar. U: «Shu yerdaman»,- dedi. Janob Rasululloh: «Mana bu xurmoni olib, kambag‘allarga ehson qilg‘il»,- dedilar. U: «Yo Rasululloh, Ollohga qasam ichib ayturmenkim, Madinada mening xonadonimdan kambag‘alroq xonadon yo‘q»,- dedi. Janob Rasululloh tabassum qildilar, hatto muborak og‘izlaridagi tishlari ham ko‘rinib ketdi: «Undoq bo‘lsa, xurmoni olib borib, oilangga yedirg‘il»,- dedilar».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:50:48

30-bob. Ramazon kuni xotiniga yaqinlik qilib qo‘ygan kishi, oilasi muhtoj bo‘lsa, beradigan kafforatini oilasiga yediradimi?

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam huzurlariga bir kishi kelib, Ramazonda o‘z ahliyasi birlan jinsiy aloqa qilib qo‘yganini aytdi. Janob Rasululloh: «Qilgan gunohing evaziga qul ozod qilmoqqa qodirmisen?»-deb so‘radilar. U kishi: «Yo‘q»,- dedi. Janob Rasululloh: «Ikki oy ketma-ket ro‘za tutmoqqa qodirmisen?» - deb so‘radilar. U yana: «Yo‘q»,-deb javob berdi. Janob so‘radilar: «Oltmish kishiga taom bermoqqa qodirmisen?» U kishi: «Yo‘q»,- dedi. Shu payt, Nabiy sallallohu alayhi va sallamga bir savat xurmo hadya qilindi. Janob: «Bu xurmoni o‘z nomingdan muhtojlarga yedirg‘il!» -dedilar. U kishi: «Yo Rasululloh, Madina shahrida mening oilamdan ham muhtojroq oila bormi?» - dedi. «Undoq bo‘lsa, buni o‘z oilangga yedirg‘il!» - dedilar Rasululloh».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:51:02

31-bob. Ro‘zadorning qon oldirishi va qayt qilishi haqida

Abu Hurayra: «Agar ro‘zador qayt qilsa, ro‘zasi ochilmaydir, chunki bu holda ovqat ro‘zadorning oshqozonidan chiqadir, unga kirmaydir»,- deydilar. Abu Hurayraning boshqa bir rivoyatlarida «Ro‘zador qayt qilsa, ro‘zasi ochiladir», deb aytilgan, lekin avvalgisi to‘g‘ri. Ibn Abbos va Ikrima: «Ro‘za qoringa kirgan narsadan ochiladir, chiqqan narsadan ermas»,- deydilar. Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu  ro‘za  bo‘la  turib,  kunduzi  qon  oldirar  erdilar,  so‘ng  kechasi oldiradirgan bo‘ldilar. Abu Muso ham kechasi qon oldirardilar. Sa’d, Zayd ibn Arqom va Ummu Salamalar ro‘za bo‘la turib, kunduzi qon oldirishgani haqida rivoyat qilingan. Bukayr Ummu Alqama: «Oisha raziyallohu anho huzurlarida ro‘za holimizda qon oldirar erdik, lekin ul kishi bizni bundan qaytarmas erdilar»,- deydilar. Hasan Basriy va boshqalar: «Kishi ro‘za holda qon oldirsa, qon olganning ham, oldirganning ham ro‘zasi ochilg‘aydir», - deb rivoyat qilishadi.

Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam ehromda bo‘lgan chog‘larida va ro‘za tutgan paytlarida qon oldirganlar»,- deb rivoyat qiladirlar.

Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam ro‘za hollarida qon oldirar erdilar»,- deydilar.

Sobitulbunoniy Anas raziyallohu anhudan: «Ro‘zadorning qon oldirishini yoqtirmas erdingizlarmi?» - deb so‘radilar. U kishi: «Ha, qon oldirgandan so‘ng, madori qurib qolishini yoqtirmas erdik»,- deb aytdilar.

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:51:16

32-bob. Safarda ro‘za tutmoq va tutmaslik haqida

Abu Avfo raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga safarda erdik. Janob Rasululloh bir kishiga: «Iftor qilmog‘im uchun ulovdan tushib, sutni suvga (yokim talqonni suvga) aralashtirib berg‘il!»-deb buyurdilar, Ul kishi: «Quyoshning nurlari hali so‘ngani yo‘q-ku?!»-dedi. Janob Rasululloh ikkinchi marta buyurdilar. Boyagi kishi yana: «Quyoshning nurlari hali so‘ngani yo‘q-ku?!» - dedi. Janob Rasululloh uchinchi marta buyurganlaridan keyin, u ulovdan tushib, sutni suvga aralashtirib berdi. Janob Rasululloh o‘shandan ichib, og‘iz ochdilar. So‘ng, muborak qo‘llari birlan kun botar tomonga ishora qilib, «Agar qorong‘ulik mashriq tomondan tusha boshlasa, ro‘zador og‘iz ochg‘aydir»,- dedilar».

Oisha raziyallohu anho: «Hamza ibn Amrulaslamiy: «Yo Rasululloh, men har doim, har kuni ro‘za tutg‘ayman»,- deb aytdi»,- deydilar.

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Hamza ibn Amrulaslamiy Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan «Safarda bo‘lganimda ham ro‘za tutaverayinmi?» -deb so‘radi. Janob Rasululloh: «Xohlasang tutg‘il, xohlamasang, tutmag‘il!» - dedilar».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:51:28

33-bob. Agar kishi Ramazonda bir necha kun ro‘za tutib, so‘ng safarga chiqsa...

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazonda Makkaga safar qildilar. Shunda, Kadid degan joyga kelguncha ro‘za tutdilar, undan so‘ng ro‘za tutmadilar. Buni ko‘rgan odamlar ham ro‘za tutmay qo‘yishdi».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:51:38

34-bob.

Abuddardo’ raziyallohu anhu rivoyatqiladirlar: «Odamlar qo‘llarini boshlariga soyabon qiladirgan darajada havo isib ketadigan paytlarda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga safarga chiqar erdik. Bunday safarlarda Janob Rasululloh va Ibn Ruvohadan boshqa hech kim ro‘za tutmas erdi».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:51:47

35-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning «Jazirama issiqda safarga chiqqan odamning ro‘za tutmog‘i yaxshi ermas» deganlari haqida

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam safar chog‘ida bir to‘da kishilarning kimnidir Quyoshdan pana qilmoqqa urinishayotganini ko‘rib: «Ne qilmoqdasizlar?» - dedilar. Shunda, ular boyagi kishining ro‘zador ekanligini aytishdi. Janob Rasululloh: «Safarda ro‘za tutmoq yaxshi ermas»,- dedilar».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:51:58

36-bob. Nabiy sallallohu alayqi va sallamning sahobalari bir-birlariga ro‘za xususida ta’na qilishmas erdi

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam birlan birga safarda erdik. Ayrimlarimiz ro‘za tutgan va ayrimlarimiz ro‘za tutmagan erdik. Shunda, ro‘za tutmagan kishiga «Nega tutmag‘aysan?», deb yoki tutgan kishiga «Nega safarda ro‘za tutg‘aysan?», deb ta’na qilmas erdik».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:52:11

37-bob. Safarda ro‘za tutgan kishining «Odamlar mendan ibrat olsin», deb oshkora og‘iz ochganligi haqida

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazon oyida Makkaga qarab safarga chiqdilar. Asfon degan yerga yetguncha necha kun ketgan bo‘lsa, shuncha kun ro‘za tutdilar. O’sha yerga yetgandan so‘ng, Janob Rasulo‘lloh suv keltirmakni buyurdilar. Suv keltirishgach, odamlar ko‘rsin, deb ataylab baland ko‘tarib ichdilar. Keyin, Makkaga yetguncha ro‘za tutmadilar. Bu voqea Ramazonda bo‘lgandi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam safarda ko‘pincha ro‘za tutardilar va ba’zan tutmay ham yurardilar. Shuning uchun bu galgi safarimizda xohlagan ro‘za tutdi, xohlamagan tutmadi».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:52:23

38-bob.

Ibn Umar va Salama ibn al-Akva’: «Olloh taoloning «Ro‘za tutmoqqa qurbi yetadirgan kishilar ro‘za tutmasalar, bir kunlik ro‘za evaziga bir miskin to‘yadirgan taom bersinlar!» degan oyatini uning keyingi - «Kimki Ramazon oyi kelgach, ro‘za tutmoqqa qodir bo‘lsa, ro‘za tutsin... », degan oyati bekor qilgan»,- deyishadi. Muhammad sallallohu alayhi va sallamning sahobalari - Abu Laylo bunday deydilar: «Ramazon oyida ro‘za tutmoq haqidagi oyat nozil bo‘lganda biz ro‘za tutmoqqa juda qiynaldik, shunda ro‘za tutmoqqa qodir bo‘lmaganlarga bir kunlik ro‘za o‘rniga bir miskin to‘yadirgan miqdorda fidya (to‘lov) bermakka ruxsat etildi. Keyinchalik ersa, «Ro‘za tutganingiz taom berganingizdan afzalroqdir!» degan oyat nozil bo‘lib, avvalgi oyatni bekor qildi va bizga ro‘za tutmoq buyurildi».

Nofi’ rivoyat qiladirlar: «Ibn Umar raziyallohu anhu: «Ro‘za tutmaganlar har kungi ro‘zasi uchun bir miskin to‘yadirgan taom bersin!» degan oyatni o‘qib, « Bu oyat bekor qilingan»,- dedilar».

Qayd etilgan