55-bob. Umr bo‘yi ro‘za tutmoq xususida
Abdulloh ibn Amr ibn al-Os rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh nomi birla qasam ichurmenkim, butun hayotim bo‘yi kunduzi ro‘za tutib, kechasi ibodat qila olg‘aydirmen!»,- dedilar. Shunda men Janob Rasulullohga: «Otam-onam fidoyingiz bo‘lsin, xo‘p yaxshi aytdingiz-da!» - dedim. Janob: «Sen bundoq qilmoqqa qodir ermassen, shuning uchun ro‘za ham tutg‘il, og‘iz ham ochg‘il, kechasi turib, ibodat ham aylag‘il, uxlag‘il ham! Har oyda uch kun ro‘za tutsang bo‘lg‘aydir, chunkim har bir qilgan yaxshilig‘ingga o‘n barobar savob tekkaydir, bu ersa, umr bo‘yi senga ro‘za tutganlik savobini berg‘aydir»,- dedilar. Men: «Bundan ham ko‘proq ro‘za tutmakka qodirmen»,- dedim. Janob Rasululloh: «Bir kun ro‘za tutib, ikki kun . tutmag‘il!»- dedilar. Men: «Bundan ko‘prog‘iga ham qurbim yetg‘aydir»,- dedim. Janob Rasululloh: «Bir kun ro‘za tutib, bir kun tutmag‘il, Dovud payg‘ambar shundoq ro‘za tutganlar, ro‘za tutsang, shundoq ro‘za tutg‘il!»-dedilar. Men: «Yo Rasululloh, bundan ham yaxshiroq ro‘za tuta olg‘aymen»,-dedim. Janob Rasululloh: «Bundan yaxshisi yo‘qdir»,- dedilar».
Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Mening uzluksiz ro‘za tutmog‘imdan, tuni birla ibodat qilmogimdan Nabiy sallallohu alayhi va sallam xabar topibdirlar. O’shanda, Janob mening oldimga bir kishini yubordilarmi yokim ul kishiga o‘zim uchradimmi, yodimda yo‘q. Shunda, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Aytishlaricha, sen muttasil ro‘za tutar emishsen, tun bo‘yi uxlamay, ibodat qilar emishsen. Ro‘za tutg‘il, biroq vaqtida ovqatlang‘il, kechasi ibodat aylag‘il, ammo vaqtida uxlag‘il, chunkim, senda o‘zingning ham, ahlu ayolingning ham, ko‘zingning ham haqqi bordir (ko‘zingni deganlarida, «uni uyqusiz qoldirmoqqa haqqing yo‘qdir»,- demoqchilar)»,- dedilar. Men: «Mening bundan ham ko‘proq ibodat qilmakka quvvatim yetg‘aydir»,- dedim. «Undoq bo‘lsa, sen Dovud alayhissalomning tutgan ro‘zalarini tutgil!» - dedilar. Men: «Ul nechuk ro‘zadir?» - deb so‘radim. «Dovud payg‘ambar, bir kun ro‘za tutib, bir kun tutmas erdilar, janglarda dushman birlan yuzma-yuz kelsalar ham, qochmas erdilar (ya’ni, «Ro‘za ul kishini zaiflashtirmas erdi»,- demoqchilar)»,- deb javob berdilar. Men: «Yo Rasululloh, mening dushmandan qochmaslig‘imga kim kafil bo‘la olur?»-dedim».
Ato raziyallohu anhu: «Men Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning muttasil ro‘za tutmoq to‘g‘risida ne deganlarini bilmadim. Biroq, shuni eslarmenkim, uzluksiz ro‘za tutgan kishiga ro‘zaning hech qanday savobi bo‘lmag‘aydir, deb ikki marta takrorlagandirlar»,- deydilar.